Olim

YAXYAYEV XASHIM KASIMOVICH

Qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor

   X.K.Yaxyayev 1950-yil 3-oktabrda Yangiyo‘l tumani Zangi Ota qishlog‘ida dunyoga kelgan. 1967-1972 yillarda Toshkent Davlat pedagogika universitetining matematika fakultetida tahsil olgan. 1972-yil O‘zFA Kibernetika ilmiy-tadqiqot institutida muhandis lavozimida ish boshlab, 1975-1987 yillar mobaynida kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri lavozimlarida ishlagan. 1987-yilda O‘zbekiston o‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot institutiga ishga o‘tib, katta ilmiy xodim, sektor mudiri, laboratoriya mudiri, institut ilmiy kotibi lavozimlarida ishlagan. 2007-yildan 2015-yilgacha institut direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishladi. 2015-yildan loyiha rahbari lavozimlarida ishlagan. Hozirgi kunda “O‘simliklar karantini va himoyasi” ilmiy tadqiqot institutida yetakchi ilmiy xodim lavozimida ishlab kelmoqda. 1980-yilda «Sistemniy analiz, razrabotka metodov i algoritmov prognozirovaniya i upravleniya dinamikoy populyasiy selskoxozyaystvennix vrediteley» mavzusida nomzodlik va 2004-yilda «Razrabotka nauchnix osnov avtomatizatsii prognozirovaniya i upravleniya vrednimi ob’ektami selskoxozyaystvennix kultur» mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. 1989-yilda katta ilmiy xodim, 2018-yilda esa professor ilmiy unvonlarini olgan.



   X.K.Yaxyayev qishloq xo‘jaligi ekinlari zararli organizmlari rivojlanishi va tarqalishini prognozlashtirishning matematik modellari, algoritmlari va kompyuter dasturlarini  ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalashda avtomatlashtirish darajasini oshirish, axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini agrar sohada qo‘llash bo‘yicha izlanishlar olib borib, muhim natijalar olgan. X.K.Yaxyayev rahbarligida ishlab chiqilgan va kompyuterlar yordamida joriy etishga mo‘ljallangan muloqot tizimi zararkunandalar paydo bo‘lish vaqtini aniqlashni avtomatlashtirishga va o‘tkaziladigan himoya choralarini markazdan turib nazorat qilishga yo‘naltirilgan. Ushbu tizim viloyatlar o‘simliklarni himoya qilish markazlari faoliyatida tadbiq etilmoqda. X.K.Yaxyayev ilmiy faoliyati davomida 160 dan ortiq ilmiy maqola, shu jumladan 5 ta monografiya, 6 ta risola, 9 dasturiy ta’minotga intellektual mulk agentligining guvohnomalarini (patent) olgan, 11 ta ishlab chiqarishga tavsiyalar chop etgan. Uning rahbarligida 9 ta nomzodlik va 1 ta doktorlik dissertatsiyasi himoya qilingan.