Olim

SALAYEVA MUBORAK SABUROVNA

Psixologiya fanlari nomzodi, dotsent

   Salayeva Muborak Saburovna 1971-yilning 5-may kuni Xorazm viloyati Urganch shahrida tug‘ildi. U Xorazm viloyati Urganch shahri xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 6-o‘rta ta’lim maktabini 1988-yil tamomlab, Xorazm davlat pedagogika universitetining rus tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishiga o’qishga qabul qilindi. Salayeva Muborak 1989-yil Urganch davlat universitetining jahon tillari filologiyasiga o‘qishga kirgan paytidan boshlab tirishqoq, qiziquvchan, intiluvchan, jamoatchi yosh talaba sifatida o‘zini ko‘rsatib, fakultetning faol talabalaridan biri bo‘lgan. O‘quv jarayonlarida ham barcha fanlarni a’lo darajada o‘zlashtirib, o‘z sohasi bo‘yicha chuqur bilimlarni egallaganligi sababli o’z faoliyatini 1994-yil Xorazm viloyati Urganch tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 1-o‘rta ta’lim maktabida rus tili va adabiyoti fani o’qituvchisi sifatida boshlagan. 1994-1995-yillarda Abdulla Avloniy nomidagi Respublika xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish markaziy institutida  “Amaliyotchi psixologlar” qayta tayyorlov kursida o’qigan. Mazkur o’qishni tugatgach 1995-yil o’z faoliyatini Xorazm viloyati xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish institutining pedagogika va psixologiya kafedrasida katta o’qituvchi lavozimida davom ettirgan. Salayeva Muborak o’z sohasi bo‘yicha ilmiy qiziquvchanligi, maqsad sari intiluvchanligi va tashkiliy ishlarda faol ekanligini ko’rsatdi. Bundan tashqari 1996-yil Respublika miqyosida o‘tkazilgan “Yil o‘qituvchisi” tanlovida faol ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni egallagan. 



   Salayeva Muborak 1999-2001-yillarda Toshkent davlat pedagogika universitetining kunduzgi bo’lim aspiranturasida o’qigan. Aspirantura davomida “O’zbek oilalarida ota-ona va farzandlar o’zaro munosabatlarining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari” mavzusidagi dissertatsiyasini yozib tugalladi. 2001-2005-yillarda Qori Niyoziy nomidagi O’zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutining “Ilmiy axborotlar prognostikasi” labaratoriyasida ilmiy xodim lavozimida ishlagan. 2003-2005-yillarda Qori Niyoziy nomidagi O’zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutinining  “Umumiy o‘rta ta’lim mazmunini kadrlar tayyorlash milliy modeli talablari asosida prognostika qilish” fundamental loyihasida  ishtirok etgan. Psixologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan “O’zbek oilalarida ota-ona va farzandlar o’zaro munosabatlarining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari” mavzuidagi dissertatsiyasini himoya qilgan. Shundan so‘ng Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining “Muhandislik pedagogikasi va psixologiyasi” (keyinchalik “Kasb ta’limi” deb nomlangan) kafedrasi mudiri lavozimida ishladi. Keyinchalik Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Olima Ispaniyaning PINDUS Journal of Culture, Literature, and ELT jurnalining tahrirchisi hamdir. Belarusiya Respublikasi Minsk shahridagi Xalqaro ta’lim texnologiyalari markazi (International Centre for Educational Technologies, ICET) 2022-yil 7-fevraldan 9-aprelgacha “Oson o‘rganish: bolalar bog‘chasi va maktabda neyropsixologiya” kursida stajirovkani a’lo darajada tamomlab sertifikatni qo‘lga kiritgan. Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishining 15 nafar iqtidorli talabalari bilan  ustoz-shogird tizimida “Ruhiyat olami” to‘garagi faoliyatini olib bormoqda hamda ularning ilmiy ishlariga rahbarlik qilib, ilmiy maqola va tezislarini respublika va xalqaro ilmiy konferensiyalarda hamda jurnallarda chop etilishiga ko’maklashib kelmoqda. Salayeva Muborak Saburovna bugungi kunda 80 tadan ortiq ilmiy ishlarning muallifidir.