1957-yil 1 yanvarda Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida tug‘ilgan. 1974-yil o‘rta maktabni, 1980-yili Toshkent davlat universiteti biologiya-tuproqshunoslik fakultetini “agroximik-tuproqshunos” mutaxassisligini bo‘yicha tamomlagan. Oliy o‘quv yurtini tamomlagan, 1980-1982-yillarda yo‘llanma bo‘yicha Qashqadaryo zonal agroximlaboratoriyasida bosh-radiolog bo‘lib ishlagan. 1982-yil oktyabridan shu vaqtga qadar ilmiy tadqiqot ishlarida ishlab kelmoqda. Dastlab u Butunittifoq Paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti Qashqadaryo filialida “G‘o‘za va unga izdosh ekinlarni o‘g‘itlash” laboratoriyasida oliy maʼlumotli katta laborant, 1983-1985-yillarda O‘rta Osiyo o‘simliklarni himoya qilish ilmiy tadqiqot instituti kunduzgi aspiranturasida aspirant, 1986-yilda “G‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligi” laboratoriyasida kichik ilmiy xodim, 1989-yilda shu laboratoriyada katta ilmiy xodim, 1990 -1992-yillarda O‘rta Osiyo o‘simliklarni himoya qilish ilmiy tadqiqot institutida dastlab kichik ilmiy xodim, keyin katta ilmiy xodim vazifasida ishlagan. 1993-yilda O‘zbekiston Paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti Qashqadaryo filialini “G‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligi laboratoriyasi” da katta ilmiy xodim, 2003-yilda shu filialda ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 2011-yilda shu filialni direktori, 2016-2021-yillarda shu filialni ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasida ishlagan.
2022-yildan Janubiy Dehqonchilik ilmiy tadqiqot institutini “Organ-mineral o‘g‘itlar va agrokimyoviy yalpi tahlillar” laboratoriyasida boshliq vazifasida ishlab kelmoqda. O‘tgan yillarda (1982-1995 yy) biologiya fanlari doktori, professor B.Jumanov bilan Qashqadaryo viloyatida g‘o‘za va unga izdosh ekinlar agrobiotsenozidagi foydali va zararli hasharotlar biologiyasi bo‘yicha tadqiqotlar olib borib, O‘zbekiston fani uchun 14 ta, sobiq SSSR fani uchun 4 ta va jahon fani uchun 1 ta yangi hasharotlar turini aniqlashda faol qatnashgan. 1986-2021 yillar mobaynida q.x.f.d., professor I.M.Rahmatov bilan birgalikda “G‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligi” yo‘nalishida olib borgan ilmiy tadqiqotlari natijasida Qashqadaryo viloyatini tuproq-iqlim sharoitiga mos 3 ta ingichka tolali (Qashqadaryo-1, Qashqadaryo-5, Qashqadaryo-7) va 4 ta o‘rta tolali (O‘zPITI-2601, SP-2602, SP-2603, Shahrisabz-1) g‘o‘za navlarini yaratgan. Bu borada 2 ta navga (ingichka tolali Qashqadaryo-5 va o‘rta tolali O‘zPITI-2601) davlat patenti olingan. Ushbu navlar Qashqadaryo viloyatini 8 ta tumanida 12000 gektardan ortiq maydonda ekilgan. Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha falsafa doktorlik dissertatsiyasini 2018 yilda Toshkent Davlat agrar universiteti va Andijon Qishloq xo‘jaligi instituti huzuridagi DSs.27.06.2017.Qx.13.01 raqamli Ixtisoslashgan Ilmiy Kengashida “Qashqadaryo viloyati tuproq-iqlim sharoitiga mos g‘o‘zaning ingichka va o‘rta tolali navlarini yaratish va joriy etish” mavzusida 06.01.05-“Seleksiya va urug‘chilik” ixtisosligi bo‘yicha himoya qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirish qo‘mitasini g‘o‘za seleksiyasi, urug‘chiligi va parvarishlash agrotexnologiyalari mavzusidagi 6 amaliy va 5 ta innovatsion loyihalarida asosiy bajaruvchi vazifasida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan. O‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida olingan maʼlumotlar asosida 100 ortiq maqolalar va tezislar mahalliy va xorijiy jurnallarda va ilmiy to‘plamlarda chop etilgan. Uning maqolalari Rossiya, AQSH, Turkmaniston kabi davlatlarni nufuzli ilmiy nashrlarida chop etilgan. Bu borada g‘o‘za va unga izdosh ekinlarni parvarishlash agrotexnologiyasi, qishloq xo‘jaligi agrobiotsenozidagi zararli va foydali hasharotlar biologiyasi, tarqalishi va himoyasi, navlar urug‘chiligi bo‘yicha 10 dan ortiq tavsiyanomalar yozilgan. Hozirgi kunda Sh.B.Jumayev Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja beruvchi PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02 raqamli ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminarida va Janubiy Dehqonchilik ilmiy tadqiqot instituti ilmiy kengashida hamda «European Journal of Humanitiyes and Edusational Advansements» ilmiy jurnal tahririyatida faol ishtirok etmoqda. O’zbekiston Respublikasi Mustaqillining 30 yilligi ko’krak nishoni sohibi. Sh.B.Jumayevning ilmiy tadqiqot institutlaridagi keyingi 5 yillik faoliyati davomida 5 ta tavsiya qo‘llanma tayyorladi, 31 dan ortiq ilmiy maqola va materiallari ilmiy jurnallar hamda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar to‘plamlarida chop etildi. Sh.B.Jumayev 40 yildan ziyod ilmiy-pedagogik faoliyati davomida ko‘plab bakalavr, magistr va ilmiy darajali kadrlar tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Jumayev Sh.B. ilmiy tadqiqot institutlaridagi ilmiy kengashlarda, seminarlarda faol qatnashib, yosh ilmiy xodimlarni tayyorlashda ham faol ishtirok etib kelmoqda.