Olim

ABDURAXMONOV KALANDAR XODJAYEVICH

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor

1992-yilda “Oʻzbekiston Respublika-sida xizmat koʻrsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvoni, 2015-yil Rossiya Federatsiyasining “Orden Drujby” hamda 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi “Doʻstlik” ordenlari kavaleri. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.



Mehnat staji 55-yil. 2017-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademikligiga saylangan iqtisodchi akademikdir. Iqtisodiyot fanlari doktori, professor.



Kalandar Abduraxmanov mamlakati-mizda va xorijda taniqli olim sifatida oʻz ilmiy faoliyatini iqtisodiyot nazariyasi, turizm menejmenti, ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tashkil etish va boshqarish muammolariga qaratgan.



U “Mehnat iqtisodiyoti va inson kapitali” ilmiy maktabini shakllantirgan olim sifatida 70 dan ortiq fan nomzodi va doktorlarning ustozi hisoblanadi.



K.Abduraxmanov 1968-yildan 2002-yilgacha Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida kafedra assistenti, dotsenti, kafedra mudiri va universitet prorektori lavozimlarida mehnat qildi. 2002-yildan Toshkent shahridagi G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining filiali rektori lavozimida ishlab kelmoqda.



Uning rahbarligida Toshkent shahridagi G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining filiali qisqa vaqt ichida Oʻzbekistondagi yetakchi oliy oʻquv yurtlari qatoridan oʻrin oldi.



K.Abduraxmanov Kadrlar tayyorlash milliy dasturini hayotga samarali tatbiq etish bilan birga ta’lim sohasidagi integratsion aloqalarni rivojlantirish boʻyicha tashkiliy va innovatsion faoliyatga, iqtisodiyot fani va amaliyoti rivojiga salmoqli hissa qoʻshmoqda.



Uning ilm-fan sohasidagi yutuqlari hisobidan aholini ish bilan bandligi Davlat dasturini ishlab chiqishda keng foydalanilmoqda. Rossiya Federatsiyasi gumanitar fanlari, tabiiy fanlar akademiyalarining haqiqiy a’zosi. 1998-yildan Oliy maktab Xalqaro akademiyasining haqiqiy a’zosi va shu akademiyaning ilmiy kotibi.



 



Professor K.Abduraxmanov koʻplab ilmiy asarlar muallifi sanaladi. Ularning umumiy hajmi 1700 bosma taboqdan oshadi. U rus, oʻzbek, ingliz tillaridagi yirik ilmiy monografiyalar, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalarini chop etgan. K.Abduraxmanov Rossiya Federatsiyasida 6 marotaba, Oʻzbekiston Respublikasida 5-marta qayta nashr etilgan va darslik sifatida mashhur “Mehnat iqtisodiyoti” kitobining muallifi hisoblanadi.



K.Abduraxmanov tomonidan tayyor-langan “Mehnat iqtisodiyoti”, “Tashkilot personalini boshqarish”, “Personal menejmentining nazariy asoslari”, “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish”, “Aholini turmush darajasi”, “Demografiya”, “Inson taraqqiyoti”, “Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi”, “Ijtimoiy soha iqtisodiyoti”, “Mehnat bozori” kabi darsliklar oʻzbek tilida bir necha bor nashr etildi.



2013-yili Osiyo mamlakatlari boʻyicha Hindiston poytaxti Dehli va Agra shaharlarida boʻlib oʻtgan kitoblar koʻrgazmasida ishtirok etdi va uning “Chelovecheskoye razvitiye” nomli kitobi koʻrgazmada mukofotli oʻrin egalladi.



  U tayyorlagan “Personalni boshqarish”, “Mehnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi”, “Aholini ijtimoiy muhofaza qilish”, “Mehnat bozori”, “Turizm menejmenti”, “Turizm marketingi va menejmenti”, “Inson taraqqiyoti” kabi darsliklari Germaniya, Malayziya, Indoneziya, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi davlatlarida chop etilgan.



Professor K.Abduraxmanov 2013-yil ikkita yirik “Management of Tourism” va “Management and marketing of Tourism” oʻquv qoʻllanmalarini Indoneziya va Malayziya davlatlarida, 2014-yil “Human development” darsligini ingliz tilida Germaniyada nashrdan chiqardi. “Chelovecheskoye razvitiye” oʻquv qoʻllanmasi Moskvada nashrdan chiqdi. Ular Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot fani amaliyotining rivojlanishida muhim sanalmoqda.



 



Uning rahbarligida birgina 2017-2021 oʻquv yillarida 7-marta Xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazildi. Shuni ham ta’kidlash joizki, akad. K.Abduraxmanovning ilmiy ishlari RINS va SСОPUS xalqaro ilm-fan manbalari indeksiga ham ega. U rahbarlik qilayotgan oʻquv yurtida oʻtiladigan darslarning 30 foizi ingliz tilida olib boriladi.



K.Abduraxmanovning xizmatlari Hukumat tomonidan bir necha bor taqdirlangan boʻlib, ular jumlasiga: Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq ta’limi xodimi, 1992-yil; “Oʻzbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” koʻkrak nishoni 2000-yil; “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15-yil” esdalik nishoni, 2006-yil; Rossiya Federatsiyasi oliy kasbiy ta’limi faxriy xodimi koʻkrak nishoni, 2006-yil; Rossiya Federatsiyasi “Pushkin medali” davlat mukofoti, 2008-yil; Indoneziyaning Gunadarma universiteti faxriy professori, 2012-yil; Rossiya Federatsiyasi “Orden Drujby” davlat mukofoti, 2015-yil, “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 25-yil” esdalik nishoni 2016-yil, “Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25-yil” esdalik nishoni 2017-yil, Oʻzbekiston Respublikasi “Doʻstlik” ordeni davlat mukofoti 2020-yil, “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 30-yil” esdalik nishoni 2021-yil, “Aleksandr Nevskiy” ordeni 2021-yil, “Kasaba uyushmalari kuniga 1-yil” esdalik nishoni 2021-yil, “TDIU 90 yilligiga bagʻishlangan” esdalik nishoni 2021-yil, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “1-darajali Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni 2022-yil, «Inson huquqlari himoyasi uchun» koʻkrak nishoni 2022-yil, “Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 30- yil” esdalik nishoni 2022-yil va hokazolar kiradi.



K.Abduraxmanov xorijiy davlatlarning ilmiy va jamoatchilik faollari bilan integratsion aloqalarni oʻrnatish boʻyicha jamoat ishlariga jiddiy ahamiyat beradi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi ilmiy jamoatchiligida yuqori mavqega ega boʻlganligi sababli K.Abduraxmanov Oʻzbekiston – Rossiya  Doʻstlik Jamiyati raisining birinchi oʻrinbosari etib saylandi. Shuningdek, u Oʻzbekiston – AQSH Doʻstlik Jamiyati prezidiumining a’zosi, Oʻzbekiston – Indoneziya doʻstlik jamiyatining faol a’zosi, “Personalni boshqarish”, qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya komissiyasi tomonidan ilmiy nashrlar toʻplamiga kiritilgan Rossiya chiqariladigan “Nauka i praktika” jurnalning tahrir hay’ati a’zosi, Respublika ichida chop etiladigan 7 ta yetakchi iqtisodiy jurnallar tahrir hay’ati a’zosi, mamlakatimizda mashhur “Biznes-ekspert” jurnali tahrir hay’ati raisi, YUNESKO ning Ijtimoiy islohotlarni boshqarishning Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha tartibga solish qoʻmitasi a’zosi va Jahon xalqaro geografiya jamiyati a’zosi hisoblanadi.



K.Abduraxmanov “Bozor islohotlari sharoitida mehnat iqtisodiyoti va sotsioligiyasi” sohasidagi yangi iqtisodiy nazariya va amaliy tavsiyalarni shakllantiradigan ilmiy maktabning asoschisi hisoblanadi.



Oʻzbekiston iqtisodiyoti va taraqqiyoti yuksalishini keng qamrovli aholiga, maktab oʻquvchilariga, oliy oʻquv yurti talabalari ilmiy xodimlariga yanada koʻproq ma’lumot tarzda yetkazishda oʻz asarlari, maqolalari bilan ommaviy axborot vositalarida yoritib turadi.



Respublikamizda oʻtkaziladigan barcha saylovlarda xorijiy mamlakatlardan tashrif buyuradigan xalqaro kuzatuvchilarga mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanish yutuqlari bilan tanishtirishda faol ishtirok etadi.



  2016-yilda oʻtkazilgan Prezident sayloviga tashrif buyurgan mehmonlarga, mahalliy saylov uchastkalari xodimlariga hamda saylovchilarga K.Abduraxmonov muallifligidagi Janubiy Koreyada hamda Germaniya mamlakatida ingliz tilida chop etilgan “Oʻzbekiston kecha, bugun  va kelajakda” nomli kitobi, oʻzbek tilida “Olamni mahliyo aylagan diyor” nomli kitoblarini esdalik uchun tarqatgani tahsinga loyiq boʻldi.



2017-yilda “Oʻzbekistonda inson omili va manfaatlari - eng oliy qadriyat” nomli kitobi, 2018-yil va 2021-yillarda Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov xotirasiga atab “Buyuklar kahkashonida”, “Oʻzbekiston – dilbar Vatanim” kabi badiiy asarlarni chop etib, butun kitobsevarlar va hukumatimiz oldida yuksak hurmatga sazovor boʻldi.



2023-yil Akademik Qalandar Abdurahmonov tomonidan “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasiga muvofiq hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish va ularni mamlakatimizda keng qoʻllash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash maqsadida “Sun’iy intellekt-barqaror iqtisodiy rivojlanish asosi” nomli monografiyasini chop ettirgan.



K.Abduraxmanov liderlik qobiliyatiga ega tashkilotchi va keng koʻlamda fikrlovchi rahbardir. U katta hayot tajribasiga ega boʻlish bilan birga, yuksak ma’naviyat sohibi, atrofdagilarga namuna, oʻziga va jamoa a’zolariga nisbatan sofdil va talabchan rahbar.



Oilali, 5 nafar farzandi bor. Ulardan 4 nafari fan doktori darajasini egallagan.