Abdulloyev Shaxobidin Xasanboyevich 1956-yil 7-martda Tojikiston Respublikasi Rudakiy tumanida tavallud topgan.
Abdulloyev Sh.X. 1978-yilda Tojikiston davlat universitetining kimyo fakultetini kimyogar mutaxassisligi bo‘yicha a’lo darajada bitirgan. 1979–1983-yillarda Tojikiston davlat universiteti aspiranturasining sirtqi bo‘limida tahsil olgan. 1986-yil 16- dekabrida O‘zbekiston FA Kimyo instituti qoshidagi Ixtisoslashgan kengashda “3d-metallarning geteroyadroli aralashvalentli oksokarboksilatlarini sintezi va ayrim fizik-kimyoviy xossalari” mavzusidagi Noorganik kimyo ixtisosligi bo‘yicha kimyo fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli yoqlagan. 2002-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Sh.X. Abdulloyevga “Umumiy kimyo” kafedrasi bo‘ycha dotsent ilmiy unvonini bergan. 2021-yildan buyon kimyo fanlari doktori (DSc). Doktorlik dissertatsiyasini Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzuridagi Ilmiy kengashida “Temir(III) asosidagi ayrim geterometallik biologik faol karboksilat kompleks birikmalar va ularni sinflash” mavzusida Tovarlar kimyosi ixtisosligi bo‘yicha himoya qilgan.
Mehnat faoliyatini 1978-yilda Tojikiston davlat universiteti laboranti sifatida boshlab 1979-1983-yillar davomida Tojikiston davlat univesriteti kichik ilmiy xodimi, 1983-yildan katta ilmiy xodim, 1988-yildan Tojikiston davlat koorperatsiya instituti “Umumiy ta’lim predmetlari” kafedrasi assistenti, 1991-yildan Tojikiston koorperatsiya instituti “Tijorat tovarshunoslik” kafedrasi katta o‘qituvchisi, 1993-yildan Andijon davlat universiteti “Fizik va analitik kimyo” kafedrasi katta o‘qituvchisi, 1995-1997-yillarda Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi 13-maktab kimyo o‘qituvchisi, 1997-yilning sentabr-dekabr oylarida Andijon davlat universiteti “Umumiy kimyo” kafedrasi katta o‘qituvchisi, 1997-yil dekabridan Andijon davlat universiteti “Umumiy kimyo” kafedrasi kafedra mudiri, 2006-yildan Andijon davlat universiteti “Umumiy kimyo” kafedrasi dotsenti lavozimlarida ishlagan. 2019-yildan buyon Andijon davlat universiteti “Kimyo” kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Shu kungacha Sh.X.Abdulloyevning bevosita ilmiy rahbarligida kimyo fanlari bo‘yicha 2 nafar falsafa doktorlari (PhD) yetishib chiqqan. Hozirda qator tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilmoqda.
Abdulloyev Shaxobidin Xasanboevich tomonidan 200 dan ortiq ilmiy va metodik ishlar nashr qilingan, shulardan 5 ta o‘quv qo‘llanma, 2 ta monografiya, 4 ta uslubiy qo‘llanma, 11 ta metodik qo‘llanma 45 ta nufuzli xorijiy ilmiy jurnallardagi ilmiy maqolalar, 2 ta ixtiroga mualliflik guvohnomasi, 1 ta foydali modelga patent, 1 ta ixtiroga patent loyihasi uchun ijobiy qaror, 130 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar.
2016-yilda Abdulloyev Sh.X. hammuallifligidagi 3-marta qaytadan nashr etlgan “Kimyo” nomli o‘quv qo‘llanmasi “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” Respublika tanlovida g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston respublikasi Oliy va o‘rta maxsus, Xalq ta’limi vazirliklari hamda “Iste’dod” jamg‘armasining 3-darajali diplomi bilan taqdirlangan.
Sh.X. Abdulloyev Andijon davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi (DSc) DSc.03/29.10.2021.K.60.05 raqamli Ilmiy kengash raisi o‘rinbosari, shu kengash qoshidagi ilmiy seminar a’zosi, Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi (PhD) 27.06.2017.K.05.01 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar a’zosi, O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.K.01.03 raqamli ilmiy kengash asosidagi va Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.K/T.04.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengashlari hamda ularning qoshidagi ilmiy seminarlari a’zosi sifatida attestatsiya ishlarida yuqori faollik bilan qatnashmoqda.