Olim

ABDURASULOV RUSTAM ABDURAIMOVICH

Psixologiya fanlari doktori, professor

Rustam Abdurasulov barkamol avlod tarbiyasiga qoʻshgan xizmatlari uchun 1991-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” koʻkrak nishoni, Jizzax viloyat hokimligi va xalq ta’lim vazirligini hamda Jizzax davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet) rektoratining bir qancha faxriy yorliklari bilan taqdirlangan. Oʻzbekiston Respublikasi ma’rifatparvarlar jamiyati a’zosi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Buxoro davlat universiteti huzuridagi psixologiya fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.



R.Abdurasulov oʻz faoliyatini 1983-yilda Jizzax shahar “Yosh kuch” koʻngilli sport jamiyati instruktori vazifasida boshlagan. 1985-yilda Jizzax viloyat “Yosh kuch” koʻngilli sport jamiyati katta instruktori, 1986-1996-yillarda Jizzax viloyat pedagoglarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash  instituti “Jismoniy tarbiya”  kabineti mudiri, 1996-2004-yillarda Jizzax viloyat pedagog xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash  instituti “Pedagogika-psixologiya” kafedrasining mudiri, 2004-2005-yillar Jizzax davlat pedagogika instituti “Yoshlar pedagogikasi va psixologiyasi” kafedrasi dotsenti, 2005-2007-yillari Jizzax davlat pedagogika instituti Pedagogika-psixologiya, musiqa boʻlimi oʻquv ishlari boʻyicha boʻlim boshligʻi oʻrinbosari va “Maktabgacha ta’lim nazariyasi va uslubiyati” kafedrasi dotsenti, 2007-2008-yilda “Defektologiya, maxsus psixologiya nazariyasi va texnologiyalari” kafedrasi dotsenti, 2009-2011-yillarda Jizzax viloyat pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rektori, 2011-2013-yillar Jizzax davlat pedagogika instituti “Maktabgacha ta’lim nazariyasi va uslubiyati” kafedrasi mudiri, 2013-2016-yillarda Jizzax davlat pedagogika instituti “Pedagogika-psixologiya” fakulteti dekani, 2016-2019-yillarda Jizzax viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti Pedagogika va psixologiya, ta’lim menejmenti kafedrasi dotsenti, 2019-yildan beri Jizzax davlat pedagogika instituti Pedagogika-psixologiya fakulteti umumiy psixologiya kafedrasi professori v.b. lavozimida ishlab kelmoqda.



R.Abdurasulov bugungi kunning dolzarb sohalaridan boʻlgan psixologiya, sport psixologiyasi, pedagogika-psixologiya mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha malakali kadrlar, yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash yoʻlida fidokorona mehnat qilib, mamlakatimizni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishga munosib hissa qoʻshmoqda.



2015-yilda Oʻzbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligining “Demokratik va huquqiy jamiyatni ma’naviy-ahloqiy va madaniy rivojlantirish, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish” dasturi grantida ishtirok etib, “Umumiy oʻrta ta’lim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishning ijtimoiy-psixologik muammolari” mavzusida grant gʻolibi boʻlgan.



 



100 ga yaqin ilmiy-uslubiy ishlari e’lon qilingan, 2 ta monografiya va 7 ta metodik qoʻllanma muallifidir. Maqolalaridan 2 tasi xorij, 7 tasi Rossiyaning nufuzli jurnallarida, 4 ta maqolasi Xalqaro ilmiy konferensiyalari ilmiy toʻplamlarida chop etilgan.



R.Abdurasulov tomonidan tayyorlangan “Maktabda psixologik xizmat” (1999 y), “Shaxs psixodiagnostikasi”(2000 y)  “Maktab psixologining kundalik kitobi”(2005 y), “Boshqaruvga oid psixologik tavsiyalar” (2013y), “1001 savolga psixologning 1001 javobi (hammualliflikda)” (2014, 2023 y) kabi uslubiy qoʻllanmalari, “Sharq yakka kurashi va shaxs takomili” (2008 y), “Oʻquvchi shaxsini shakllantirishda sport mashgʻulotlarining oʻrni” (2013y), “Psixologik maslahat”, “Psixologik trening asoslari” oʻquv qoʻllanmalari ta’lim tizimida amaliyotchi psixologlari tomonidan amaliyotda qoʻllanib kelinmoqda.



Shuningdek, “Oʻquvchi shaxsini shakllantirishda sport mashgʻulotlarining ahamiyati (Milliy kurash misolida)” (Ta’lim muassasalarida oʻquvchi va talaba shaxsini rivojlantirishning dolzarb psixologik-pedagogik muammolari”. Respublika nazariy va ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. Buxoro, 2006, И-kitob), “Мотивы учащихся-спортсменов в спортивной деятельности” (Юбилейная международная научно-практическая конференция. Сборник материалов.Самара, 2008), “Интересы учащихся к занятиям восточными единоборствами и боксом” (Юбилейная международная научно-практическая конференция. Сборник материалов. Самара, 2008), “Sportchi shaxsining psixik jarayonlarini oʻrganish metodlari” (“Psixologiyada shaxs individualligi shakllanishining dolzarb muammolari”. Toshkent,  2012), “Shaxsni shakllantirishda sharq yakkakurashi mashgʻulotlarning xususiyatlari” (Yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy tizimi - Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim sharti. Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi materiallari. Toshkent, 2013), “Влияние педагогических способностей на формирование взаимоотношений между  учителем и учеником”(III-Международная научная конференция: Психологические науки: теория и практика. Москва, 2015) kabi ilmiy maqolalari chop  etilgan.



R.Abdurasulovning ilmiy izlanishlari natijasida 2003-2008-yillarda Jizzax viloyatining Jizzax va Paxtakor tumanlaridagi 12 va 13 maktablarida boks sinflari tashkil qilindi, ushbu maktabning boks sinfi tarbiyalanuvchilari bir necha bor oʻz yosh toifalari boʻyicha Respublika birinchiligida faxrli oʻrinlarni egalladilar. Boks sinfi murabbiylari davlatimiz mukofotlariga sazovor boʻldilar.



R.Abdurasulov shogirdlaridan 2 nafari 2006 va 2015-yillarda “Yil psixologi” Respublika koʻrik tanlovida ishtirok etib, ikkinchi oʻrinni egalladilar. Shu bilan birga bitta talabasi 2015-yilda “Alisher Navoiy” nomli davlat stipendianti nomzodi boʻldi.



R.Abdurasulovning Jizzax viloyat xalq ta’limi tizimida amaliy psixologlarni faoliyatlarini tashkil qilinishida katta hissasi bor. Jumladan uni boshchiligida viloyatda birinchi boʻlib amaliyotchi psixologlarni ish faoliyatlarini oʻrganish va tajribalarini oʻrganish borasida  2000-2003-yillarda Viloyat miqyosida “Yil psixologi” koʻrik-tanlovini tashkil qilindi, bu tanlov 2004-yildan boshlab Respublika miqyosida tashkil etilishiga sabab boʻldi va bunda uning hissasi bor.



R.Abdurasulov fidoyi va kamtarin inson, jonkuyar olim, tajribali pedagog va psixolog, chuqur bilim va dunyoqarashga ega ma’rifatli inson sifatida respublikamiz ziyolilari va viloyat ta’lim faollari orasida hurmat qozongan.