Abdurashidov Qobul Sodiqovich 1935-yil 19-martda Toshkent shahrida ishchi oilasida tavallud topdi. 1945-55-yillarda Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 40–sonli maktabda tahsil oldi. 1955-yil Toshkent temir yoʻllar transporti muhandislari institutiga oʻqishga kirdi va uni 1960-yilda bitirib, temir yoʻllar qurilish injeneri kvalifikatsiyasini oldi.
Mehnat faoliyatini 1960-61-yillarda qurilishda oddiy masterlikdan boshlagan. 1961-64-yillarda Respublika Fanlar Akademiyasi “Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi” instituti “Qurilish mexanikasi” laboratoriyasida kichik ilmiy xodim, 1964-yildan katta ilmiy xodim sifatida faoliyat olib bordi. 1965-yil texnika fanlari nomzodi darajasiga ega boʻldi. 1966-82-yillarda esa “Inshootlarni sinash” laboratoriyasi mudiri lavozimlarida ishladi.
1961-82-yillarda OʻzR FA “Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi” institutida bino va inshootlarni seysmik mustahkamligini tekshirish, texnik holatini aniqlash masalalari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qildi.
1966-90-yillarda sobiq Ittifoq hududida sodir boʻlgan zilzilalar oqibatlarini sinchiklab oʻrganib, zilzila ta’sirida bino va inshootlarning shikastlanishi va ularning zilzilabardoshligini ta’minlash boʻyicha izlanishlar olib bordi. Shuning bilan birga, sodir boʻlgan barcha kuchli zilzilalar oqibatlarini muhandislik nuqtai nazardan oʻrganish va tahlil etish Davlat komissiyasi tarkibida faol ishtirok etganlar.
Abdurashidov Q.S. sanoat va turar joy binolari, energetik inshootlar va me’moriy obidalarning mustahkamligi, ustivorligi va zilzilabardoshligini ta’minlash yoʻnalishlarida ilmiy-tadqiqotlar olib bormoqda. Oʻzbekistonda birinchi boʻlib bino va inshootlarni natura holida zilzilaga sinash boʻyicha eksperimental tadqiqotlar olib borganlar.
Oʻzbekistonda birinchi marta tayyorlangan 2.01.03-96 “Zilzilaviy hududlarda qurilish” me’yoriy xujjatni ishlab chiqishda faol qatnashganlar.
1965-yilda “Инструментальный методоценкиде формированности сооружений” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. 1981-yili “Исследование сейсмостойкость всяких зданий и пространственных сооружений типа структур” doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlab, texnika fanlari doktori darajasiga, 1986-yilda esa professorlik unvoniga sazovor boʻldi.
1982-yildan 1991-yilgacha Toshkent Politexnika instituti, 1991-yildan 2010- yilgacha Toshkent arxitektura qurilish instituti “Qurilish mexanikasi va inshootlar zilzilabardoshligi” kafedrasi mudiri lavozimida ishladi.
Talabalarga “Qurilish mexanikasi”, “Inshootlarni sinash” va “Bino va inshootlar zilzilabardoshligi” fanlaridan dars berganlar. 1998-yilda hammualliflikda tayyorlangan “Qurilish mexanikasi” va 2011-yilda “Qurilishda metrologiya, standartlantirish va sifat nazorati” darsliklari chop etilgan.
1993-yildan arxitektura yodgorliklarining texnik holatini aniqlash, instrumental–monitoring kuzatish va ularning umrboqiyligini ta’minlash uchun konstruktiv tadbirlar ishlab chiqish ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar. Ushbu mavzu boʻyicha 4 ta innovatsiya va 5 ta amaliy tadqiqotlar boʻyicha ilmiy ishlar olib borilgan. Olingan natijalar asosida Oqsaroy arkining shikastlangan peshtogʻini mustahkamlash boʻyicha konstruktiv yechim ishlab chiqildi va 2002-yilda bu peshtoq ta’mirlandi. Shuningdek, Samarqanddagi Tilla Kori masjidining ogʻayotgan gʻarbiy devorini mustahkamlash uchun uch bosqichdan iborat tadbir ishlab chiqildi va uni amaliyotda qoʻllashga tavsiya etildi. Arxitektura yodgorliklari muammolari boʻyicha Germaniyaning Veymar instituti mutaxassislari bilan hamkorlik qilinib kelinmoqda. Bajarilgan ilmiy ishlar natijasida “Arxitektura yodgorliklari konstruksiyalarini mustahkamlash usuli” nomli ixtiroga dastlabki patent olindi va “Инженерные проблемы архитектурных памятников“ nomli monografiya chop etildi.
Abdurashidov Q.S. rahbarligida 2 ta doktorlik, 21 ta nomzodlik, 18 ta magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Me’moriy obidalarning zilzilabardoshligini ta’minlash boʻyicha ilmiy maktab yaratganlar.
Q.C.Abdurashidov sanoat va turar joy binolari va GRES tipidagi energetik inshootlar, struktura tipidagi fazoviy konstruksiyalarning hamda me’moriy obidalarning zilzilabardoshligiga bagʻishlangan 300 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar, jumladan, 10 ta monografiya, 2 ta darslik, 10 ta oʻquv qoʻllanma va uslubiy koʻrsatmalar, 250 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifidir. Olingan ilmiy xulosalar 24 ta chet mamlakat (AQSH, Chili, Italiya, Xitoy, Xindiston, Turkiya va boshqalar) larda oʻtkazilgan xalqaro simpozium va konferensiya materiallarida chop etildi.
1986-1995-yillarda 05.23.01 “Qurilish konstruksiyalari, bino va inshootlar” va “Qurilish mexanikasi” ixtisosliklari boʻyicha K067.03.01 sonli birlashgan ixtisoslangan kengash raisi, soʻngra kengash a’zosi sifatida faoliyat yuritganlar.
U kishining koʻp yillik samarali ilmiy-pedagogik faoliyati institut, vazirlik va davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 30-avgustdagi farmoni bilan Shuxrat medali, 2002-yil 26-avgustdagi farmoni bilan esa “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi, 1999-yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan “Oliy va oʻrta ta’lim fidoiysi” nishoni berildi.
Abdurashidov Qobul Sodiqovich - vafodor doʻst, gʻamxoʻr murabbiy, umrini fanga bagʻishlagan olim va juda koʻp yaxshiliklar qilgan inson sifatida har doim doʻstlari, kasbdoshlari va shogirdlari ardogʻida. Domla nihoyatda mehnatsevar, xushmuomala va kamtarlar hamda shogirdlarining mehribon ustozidir. U kishidagi gʻayrat va shijoat barchamiz uchun ibratlidir.