Olim

ABDUSHUKUROV ANVAR KABIROVICH

Kimyo fanlari doktori, professor

Abdushukurov Anvar Kabirovich 1942-yil 7-iyul kuni Toshkent shahrida ziyoli oilada tavallud topgan.



A.K.Abdushukurov Oʻzbekistonda “Organik kimyo” fanining rivojiga va uning muammolarini hal qilish, mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy siyosatini targʻib qilishda va Respublikamizning yoshlarini ma’naviy marifiy barkamol boʻlishiga va yetuk mutaxassis boʻlib yetishishiga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan  kamtar, fidoyi,  kimyogar olim hisoblanadi.



U Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Kimyo fakultetining Organik kimyo kafedrasini 1969-yilda tugatib, shu kafedrada assistentlikdan professorlikgacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan.



A.K. Abdushukurov kadrlar tayyorlash milliy dasturini hayotga samarali tadbiq etishga oʻzining hissasini qoʻshmoqda. U kimyo yoʻnalishidagi bakalavrlar va magistrantlar uchun bir nechta maxsus kurslarning muallifi hisoblanadi. U organik kimyo yoʻnalishi mutaxassisliklari boʻyicha Davlat ta’lim standartlari va oʻquv rejalarini ishlab chiqish hamda ularni takomillashtirishda faol ishtirok etadi.



Olingan nazariy bilimlarni amalda qoʻllash koʻnikmalari darajasini oshirish maqsadida malakali mutaxassislarni tayyorlashning muhim komponentlari – pedagogik amaliyot va ilmiy – tadqiqot ishlari takomillashtirildi. Boʻlajak oʻqituvchilarning tarbiyaviy faoliyatga qobiliyatlarini rivojlantirishga katta ahamiyat berildi.



A.K.Abdushukurov darslarni tashkil etishda yangi pedagogik texnologiyalar va interfaol usullardan keng va unumli foydalanadi va talabalarning mavzularni puxta oʻzlashtirib olishlariga erishadi.



Fakultetning kafedralari qoshida toʻgaraklar tashkil qilingan. Bu toʻgarakda yosh olimlar, magistrant va bakalavrlarning olib borgan ilmiy tadqiqot ishlari yetakchi olimlar boshchiligida muhokama qilinadi va ularga yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatiladi.



Fakultetda talabalarga olib borilayotgan oʻquv darslarining sifatini va saviyasini oshirish maqsadida “Vazirlar mahkamasining buyrugʻi” asosida va oʻzaro kirish darslari reja boʻyicha tashkil qilinadi va oʻtkaziladi va oʻqituvchilarning darslari uslubiy kengash va sifat komissiyasi a’zolari bilan birgalikda muhokama qilinadi.



A.K.Abdushukurov Oʻzbekiston Milliy universitetida pedagogik faoliyatini davom ettirish bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq ta’limini rivojlantirishga ham katta hissa qoʻshgan olimlardan hisoblanadi. U 1982-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Xalq ta’limi qoshidagi kimyo fani boʻyicha Ilmiy Metodik kengash a’zosi hisoblanadi. U shu davr ichida kimyo fani boʻyicha viloyat, shahar va respublika olimpiadalarida hakamlar raisi yoki a’zosi sifatida qatnashib keladi.



Maktab oʻquvchilarining “Yozgi maktabi” ni tashkil qilishda, ular oʻrtasida proforiyentatsiya ishlarini olib borishda  va oʻquvchilarni olimpiadaga tayyorlashda faol qatnashadi.



A.K.Abdushukurov Respublika televideniyasi orqali sirtdan ta’lim oladigan talabalar uchun ma’ruzalar oʻqigan, maktab oʻquvchilarining kimyo fanidan televizion musobaqasini tashkil qilishda, musobaqa gʻolibini aniqlashda katta xizmat qilgan. U maktab oʻquvchilari va oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun kimyo fanidan tayyorlangan darsliklarning sifatli chop qilinishiga taqrizchi sifatida oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Uning iqtidorli maktab oʻquvchilari va talabalar uchun chiqargan 15 dan ortiq qoʻllanmalari bir necha marta chop qilingan va Oʻzbekiston respublikasi boʻyicha maktab oʻquvchilarini olimpiadalarga tayyorlashga xizmat qilmoqda.



A.K.Abdushukurov “Ustoz-shogird” tizimi boʻyicha talabalarga murabbiy sifatida ma’naviy ma’rifiy ishlarni amalga oshirishga, ularni Vatanimizning sodiq farzandi va yetuk mutaxassisi boʻlib yetishishiga katta hissa qoʻshib kelayotgan fidoiy olimdir.



A.K.Abdushukurov shu davrga qadar Respublika fan-texnologiyalari qoʻmitasining 4ta (reg.№: 01940002918; №81053538; №P-17.35; №OTF-3-116) grantiga rahbarlik asosida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.



A.K.Abdushukurov “Aromatik birikmalarni xloratsetillash” mavzusida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan va xloratsetillash mahsulotlari asosida yangi, adabiyotda noma’lum boʻlgan 200dan ortiq ketoefirlarni sintez qilish metodikasini ishlab chiqqan va ularning tuzilishlarini aniqlagan.



A.K.Abdushukurov ilmiy - tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga qoʻllash maqsadida sintez qilingan moddalarning biologik faolligini “Oʻsimliklarning eksperimental biologiyasi”, “Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi” institutlari olimlari bilan hamkorlikda oʻrgangan. Sinov natijalariga koʻra, bu moddalarning gerbitsidlik va fungitsidlik xossalarga ega ekanligi birinchi bor aniqlangan va ХI-Mendeleyev s’yezdida biologik faollikka ega boʻlgan yangi sinf aniqlanganligi jahon olimlari tomonidan e’tirof etilgan.



Fenollarni xloratsetillash mahsulotlari asosida yangi preparat “Fentsetat”- sintez qilingan va uning gʻoʻzaning gommoz va ildiz chirish kasalligini yoʻqotishi aniqlangan va bu modda uchun patent olingan. Hozirda shu preparatni respublika paxta dalalarida  amaliyotga qoʻllash boʻyicha ishlar Oʻzbekiston Milliy universiteti qoshidagi Yuqori Texnologiyalar Markazi mutaxassis olimlari bilan hamkorlikda olib borilmoqda.



A.K.Abdushukurov rahbarligida 2 ta doktorlik, 6 ta nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan, hozirgi kunga qadar 52 ta “Malakaviy bitiruv ish”ga, 25 nafar magistrantlarga ilmiy rahbarlik qilgan.



A.K.Abdushukurov 3 ta katta ilmiy xodim-izlanuvchilarga, 3 ta tayanch doktarantlarga ilmiy maslahatchi hisoblanadi. U 500 dan ortiq ilmiy va ilmiy- pedagogik ishlar nashr qilgan, shu jumladan, 15 dan ortiq “Avtorlik guvohnomalari”, Oʻzbekiston va Rossiya patentlari olingan, 25 ta metodik qoʻllanma, 180 dan ortiq maqola va tezislar Oʻzbekiston va chet el (Rossiya, Pokiston, Avstraliya, Kanada, Turkiya, Qozogʻiston) jurnallarida chop qilingan.



A.K.Abdushukurovning xalq xoʻjaligiga joriy qilishga moʻljallangan 4 ta ilmiy ishlanmasi 2009-yildan beri “Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi”da namoyish qilinmoqda va faxriy yorliq bilan taqdirlangan. Shuningdek, uning ishlanmalari  Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti innovatsion gʻoyalar “Katalogi”ga kirgan.



A.K.Abdushukurov kimyo fakulteti kasaba uyushmasi qoʻmitasining byuro a’zosi va raisi (1975-1999), ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha dekan muovini (2000-2006), Oʻzbekiston Milliy universitetining gumanitar ta’lim yoʻnalishi kengashi, OʻzMU metod kengashlari a’zosi, fakultet  uslubiy kengashi raisi, kimyo fakulteti kengashi a’zosi, OʻzMU, ChDPU, TDPU qoshidagi fan doktori ilmiy darajasini berish boʻyicha Birlashgan ixtisoslashgan Ilmiy Kengashlari a’zosi, “Organik kimyo” ilmiy seminarining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi ta’lim markazida metod kengash a’zosi sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.



A.K.Abdushukurov Oʻzbekiston respublikasi boʻyicha “Oʻqituvchilar malakasini oshirish institutlari faoliyatini tekshirish boʻyicha (2008y.), Oʻzbekiston respublikasi prezidentining Farmoni asosida (2011y.) Respublika xalq ta’limi, Oliy ta’lim, kollej va litseylarning oʻquv sistemasini oʻrganish boʻyicha, respublikadagi katta ilmiy xodim –izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar faoliyatining samaradorligi monitoringini oʻtkazish (2015-noyabr) komissiyasi tarkibida ishlagan va oʻquv sifatini takomillashtirish va ilmiy-tadqiqot ishlarni rivojlantirish uchun koʻplab takliflarni bergan.



Professor A.K. Abdushukurov oʻzining 48 yil Oʻzbekiston Milliy universiteti kimyo fakultetidagi ish faoliyatida jonajon respublikamizning minglab oʻquvchilar va talabalarini ma’naviy jihatdan yetuk, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga, ularga kimyoning sehrli olamini singdirishga erishdi. U oʻzining oʻquv, ilmiy-tadqiqot va jamoatda olib borgan sermazmun va ibratli hayoti bilan ularning qalbiga yoʻl topdi. Hozir uning shogirdlari Respublikamizdagina emas, Rossiya, Turkiya, Amerika, Pokiston kabi chet davlatlarda ham mehnat qilayotgani buning dalilidir.



A.K.Abdushukurov ilmiy maktab yaratgan va ilmiy-tadqiqotlari bilan organik kimyo faniga katta hissa qoʻshgan dunyoga mashhur akademik I.P.Sukervanikning oʻquvchisi va shu maktabning davomchisi boʻlib, u shu yoʻnalishdagi ishlarni kengaytirishga, ularning amaliy ahamiyatini oshirishga, ilmiy natijalarni xalq xoʻjaligiga joriy qilishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Olimning organik kimyo faniga qoʻshgan hissasi yuqori boʻlib, 2016-2017 yillarda uning olib borgan ilmiy-tadqiqot ishi “Davlat mukofoti”ga taqdim qilingan.



Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining 105 yilligi munosabati bilan faxriy yorliq va universitet iftixori nishoni taqdim qilingan.



A.K. Abdushukurov tabiatan kamtar, mas’uliyatli, adolatli, irodali, fidoyi mutaxassis boʻlib, uning mehnati Respublikamizning Oliy ta’lim vazirligi, Xalq ta’lim vazirligi, Oʻzbekiston Milliy universiteti va kimyo fakulteti rahbariyati tomonidan koʻplab faxriy yorliq va diplomlar bilan taqdirlangan. U “Xalq ta’limi a’lochisi”, birinchi darajali "Mehnat faxriysi" nishonlari sohibi.