Olim

ALIMOVA XOLIDA ZIKRILLAYEVNA

Filologiya fanlari doktori, professor

1966-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1988-yili Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) sharq fakulteti afg‘on filologiyasi kafedrasini tamomlab, o‘sha yildan hozirgi kunga qadar Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida turli lavozimlarda ishlab kelmoqda: 1991-yildan eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi, 2005-yildan katta o‘qituvchi, 2007-yildan dotsent, 2012-2018-yillar eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi mudiri va hozirda mazkur kafedraning professori.



       Alimova Xolida ilmiy faoliyati davomida dariy va fors tilshunosligi tugun va yechimlari bilan bogliq ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. U eron-afg‘on filologiyasining dolzarb masalalariga bagishlangan ko‘plab ilmiy maqola va oʻquv adabiyotlari muallifidir. X.Alimova universitet, respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy-nazariy va amaliy anjumanlarda ham faol ishtirok etib kelmoqda.



Alimova Xolida Zikrillayevna dariy tili, fors va dariy tillari nazariy grammatikasi, dariy (fors) va o‘zbek (rus) tillari chog‘ishtirma grammatikasi, Afg‘onistonda til vaziyati va siyosati bo‘yicha universitetdagi yetakchi mutaxassislardan. U 80 dan ortiq ilmiy, o‘quv-uslubiy ishlar e’lon qilgan, shulardan 1 ta monografiya, 5 ta darslik, 7 ta o‘quv qollanma, 70 ga yaqin ilmiy maqola chop etgan. X. Alimova tomonidan tayyorlangan darslik va o‘quv qo‘llanmalar Oliy va o‘rta maxsus talim vazirligi Muvofiqlashtiruvchi kengashining grifini olgan. Hozirda bu o‘quv adabiyotlari chop etilib, xorijiy va sharq filologiyasi yo‘nalishida o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan. Shuningdek, uning ilmiy tadqiqotlari yuzasidan 30 dan ortiq ilmiy maqola mamlakatimiz va chet el ilmiy jurnallarida, xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar to‘plamlarida chop etilgan.



X.Z. Alimova 2005-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti huzuridagi Ixtisoslashgan kengashda Dariy tilida somatizmlarning struktur va semantik tasnifi mavzusida 10.02.22  Osiyo, Afrika xalqlari, Amerika va Avstraliya tub xalqlari tillari ixtisosligi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2009-yilda dotsent unvonini olgan.



 



2019-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.Fil.21.01 raqamli Ilmiy kengashda 10.00.05  Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti ixtisosligi doirasida Dariy tilida so‘z yasalishining ichki lingvistik usullari mavzusidagi filologiya fanlari doktori (DSc) dissertasiyasini himoya qilgan. 2022-yilda unga professor unvoni berilgan.



X.Z. Alimova 33 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Filologiya va tillarni oʻqitish (sharq tillari) ta’lim yoʻnalishi bakalavr bosqichi talabalariga Dariy tili, Dariy tili leksikologiyasi, Fors va dariy tillari nazariy grammatikasi, Dariy (fors) va oʻzbek (rus) tillari chogishtirma grammatikasi, Eron tilshunosligi, Mutaxassislikka kirish, Qoʻshma gap sintaksisi, Dariy tilida ish yuritish fanlaridan, Lingvistika (sharq tillari boʻyicha), Tarix (yoʻnalishlar va faoliyat turlari boʻyicha) mutaxassisliklarida Mutaxassislikka oid maxsus adabiyot tahlili, Mutaxassislikning nazariy masalalari, O‘rganilayotgan mamlakatda til vaziyati va siyosati (Afgʻoniston, Eron), Madaniyatlararo muloqot, Ilmiy matn tahlili, “Анализ специальной литературы по специальности (дари)”, “Лингвистическая терминология” kabi fanlardan dars berib kelmoqda. U ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar, seminar-treninglarni olib borish jarayonida zamonaviy o‘qitish usullaridan, pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda multimedia ta’lim resurslaridan samarali foydalanadi.



X.Z. Alimova oʻzi faoliyat yuritayotgan kafedra o‘quv-uslubiy salohiyatini oshirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalari borasidagi faoliyatini kuchaytirish yuzasidan yuqori natijalarga erishmoqda. U pedagog-olim sifatida kafedra tomonidan o‘qitiladigan sharq tillari va mutaxassislik fanlari boʻyicha o‘quv dasturlari va o‘quv adabiyotlarini yaratish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda.



Uning yakka mualliflikda va hammmualliflikda tayyorlagan fan dasturlari, o‘quv-tarqatma materiallaridan TDSHU o‘quv jarayonida foydalanib kelinmoqda. Shuningdek, bir qator o‘quv adabiyotlariga masul muharrirlik, o‘quv adabiyotlari va dasturlari, dissertatsiya, avtoreferat, bitiruv loyiha ishlari va ilmiy maqolalarga xulosa va taqrizlar bergan.



X.Z. Alimova rahbarligida 40 dan ortiq bakalavr, 10 dan ortiq magistr, shuningdek, filologiya fanlari boyicha falsafa doktori (PhD) dissertasiyasi ishlari muvaffaqiyatli himoya qilindi. Ayni vaqtda ham tayanch doktorantlar va magistrlik ishlariga ilmiy rahbar.



U 2006, 2017 va 2020-yillarda Eron Islom Respublikasida “Fors tili va adabiyoti boʻyicha pedagog kadrlar malakasini oshirish” kurslarini, 2020-yili Alloma Tabotaboiy universiteti va Fan, tadqiqot va texnologiyalar vazirligining Xalqaro ilmiy hamkorliklar markazi  hamkorligida “Fors tili tarixi va adabiyoti” onlayn malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli yakunlagan va shuningdek, o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.



X.Z. Alimova oʻzining kasbiy faoliyati bilan bir qatorda bir qancha Ilmiy Kengash va Ilmiy seminarlarda ham faoliyat olib bormoqda. U Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01 raqamli Ilmiy kengash a’zosi va Kengash qoshidagi 10.00.05-Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti, 10.00.06-Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ish-tirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosliklari boʻyicha Ilmiy seminar raisi, Samarqand davlat universiteti huzuridagi DSc.03.30.12.2019.Fil.02.03 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi Bir martalik kengash va ilmiy seminari a’zosi (rais o‘rinbosari)dir. X.Z. Alimova, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.FiI.19.01 raqamli,   O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01 raqamli Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash asosida tuzilgan Bir martalik kengash va uning qoshidagi ilmiy seminarlarda a’zo sifatida ishtirok etib kelmoqda.



X.Z. Alimova ‒ 2018-yil iyun oyidan Prezident tashabbusi bilan ta’sis etilgan “O‘zbekiston-Afg‘oniston” do‘stlik jamiyatining ijrochi direktori. Shu kunga qadar O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari orasidagi madaniy-ma’rifiy, ta’lim-fan sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni tashkillashtirishda faol qatnashib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston-Afg‘oniston do‘stlik jamiyati tomonidan Afg‘oniston mustaqilligining 100 yilligiga bagishlab va keyingi yillarda oʻtkazilgan turkum tadbirlarning (“Mahmud Tarziy-  Afg‘oniston matbuoti va ma’rifatparvarlik adabiyoti asoschisi, yirik siyosiy va madaniyat arbobi”, O‘zbekistonda yashayotgan Afg‘oniston vakillari bilan hamkorlikda “O‘zbekiston-Afg‘oniston aloqalarida yangi bosqich” nomli davra suhbati, “Afg‘on mumtoz adabiyotining buyuk vakillari Xushholxon Xattak va Rahmon bobo ijodida tinchlik, vatanparvarlik va insonparvarlik masalalari” nomli ijodiy kecha va b.) tashkilotchisi hisoblanadi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, “O‘zbekiston-Afg‘oniston” do‘stlik jamiyati Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi “Millatlararo totuvlik va barqarorlikni taminlashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” mavzusidagi 5-tanlovda “O‘zbekiston va Afg‘oniston oʻrtasida madaniy-ilmiy, ta’limiy, gumanitar hamkorlikni kengaytirish va rag‘batlantirish masalalari” loyihasi bilan muvaffaqiyatli ishtirok etib, loyiha doirasida X.Z. Alimova faolligida ikki mamlakat oʻrtasida qadimdan davom etib kelayotgan madaniy-adabiy aloqalarni “O‘zbekiston-Afg‘oniston” do‘stlik jamiyati orqali yanada jonlantirish va O‘zbekiston xalq diplomatiyasini Afg‘oniston xalqlari bilan ta’lim, madaniyat, ilm-fan, san’at va turizm sohalari doirasida har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirildi. Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4892 Qaroridagi Afg‘oniston bilan ta’lim sohasida hamkorlikni yanada kuchaytirish va takomillashtirish zarurati, ikki mamlakat ilm-fan va madaniyat arboblarining yubileylarini nishonlash singari chora-tadbirlar mazmun-mohiyatini jamoatchilik orasida keng yoritishga xizmat qiladi.



X.Z. Alimova, shuningdek, universitet, fakultet, kafedra miqyosida o‘tkaziladigan manaviy-marifiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. U TDSHU Eron-afgʻon filologiyasi kafedrasi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti o‘rtasidagi korporativ hamkorlik doirasida korporativ va innovatsion hamkorlikni samarali rivojlantirishga o‘z hissasini qoʻshib kelmoqda. Jumladan, Respublika oliy ta’lim va oliy harbiy talim muassasalari oʻrtasida fors tilidan (umumkasbiy yoʻnalish) o‘tkazilgan fan olimpiadalarida hay’at raisi (2017-2018), “Harbiy sohada maqsadga yoʻnaltirilgan chet tillarni o‘qitishdagi muammolar va ularni hal etish yo‘llari” (2018), “Oliy talim muassasalarida til o‘qitish zamonaviy usullarining amaliy qo‘llanishi” (2021), “Chet tilini o‘qitishda va o‘rgatishda til koʻnikmalarini rivojlantirishning dolzarb masalalari” (2022) kabi mavzulardagi bir qator respublika ilmiy-amaliy va ilmiy-uslubiy anjumanlarda, “Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari  tinchlik va osoyishtaligimiz garovi”, “Система образования в мире”  mavzusidagi davra suhbatlarida faol qatnashgan.



X.Z. Alimova ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, uni yangi bosqichga ko‘tarishda salmoqli hissa qo‘shishga va ilmiy hayotda yuqori darajalarga erishishga doimo harakatda. U oʻzining samimiyligi, kamtarinligi, mehnatsevarligi, yurtiga boʻlgan mehri bilan keng jamoatchilik orasida obro‘-e’tiborga erishgan.