Amanturdiyev Alisher Balkibayevich (18.04.1961 Toshkent viloyati OʻzR) -agronom-olim qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (2018), professor (2023). Xalqlar doʻstligi orderli Toshkent qishloq xoʻjalik institutining agronomiya fakultetini tamomlagan (1983). Butunittifoq gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot institutining kunduzgi boʻlim aspiranti (1983-1986), ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri (1987-1998), Respublika qishloq xoʻjalik ekinlari birlamchi urugʻchiligi va urugʻshunoslik stansiyasi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (2000-2006), Oʻzbekiston Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy tadqiqot instituti bosh direktori (2006-2013), bir vaqtning oʻzida institutning “Suv tanqisligi va shoʻrga chidamli gʻoʻza navlari seleksiyasi” laboratoriyasi mudiri (2011- hozirgacha), Oʻzbekiston Qishloq Xoʻjalik Vazirligi tassaruffidagi Respublika gʻoʻza urugʻchiligi markazi boshligʻi (2017-2018).
Seleksiyaner olim gʻoʻzaning ertapishar “Omad”, S-8286, S-8290, S-6560, S-8284, S-8294, Sirdaryo-1 gʻoʻza navlarining asosiy mualliflaridan biri hamda suv tanqisligi va shoʻrga kompleks chidamli, yirik koʻsakli, tola chiqimi va sifati yuqori Guliston, S-5706, S-5707, S-5709, S-5710, S-5712, S-5713 navlarining muallifi, 20 dan ortiq patent egasi, 6 ta monografiya va 212 ta xorijiy va mahalliy ilmiy maqolalari chop etilgan.
Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi boʻyicha bir qancha doktorant va magistrlarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilib kelgan. A.B.Amanturdiyev Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti huzuridagi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi PhD.05/27.02.2020.Qh.42.02- raqamli 06.01.05 – “Seleksiya va urugʻchilik” ixtisosligi boʻyicha Ilmiy kengash a’zosi, Ilmiy kengash huzuridagi ilmiy semenar raisi, hamda institutning Ilmiy va Uslubiy kengashlar a’zosi. Sirdaryo viloyati “Politex” va “Sardoba universal sluster” paxta toʻqimachilik klasterlari qoshidagi Ilmiy markaz kengashining raisi (2021- hozirgi vaqtgacha).