Olim

ASQAROV IBROHIM RAHMONOVICH

Kimyo fanlari doktori, professor

Asqarov Ibrohimjon Rahmonovich 1949-yil 6-oktyabrda Andijon viloyati Jalaquduq tumanida tavallud topgan. Shu kungacha uning bevosita ilmiy rahbarligida kimyo, tibbiyot va texnika fanlari bo‘yicha 17 nafar fan doktorlari, 33 nafar fan nomzodlari va falsafa doktorlari (PhD), dotsent va professorlar yetishib chiqqan.



1965-1970-yillarda Andijon davlat pedagogika instituti (hozirgi Andijon davlat universiteti) Kimyo-biologiya fakultetini tamomlagan. 1975-1987-yillarda Andijon davlat tibbiyot institutining kimyo kafedrasida assistent, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1987-1993-yillar Andijon davlat pedagogika instituti (hozirgi Andijonda davlat universiteti) kimyo kafedrasining mudiri, kimyo-biologiya fakulteti dekani, Andijon davlat Universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori lavozimlarida ishlagan. 1991-yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, kimyo fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 1992-yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.



Dunyoda kimyo fanlari tizimida 20 ta ixtisoslik bo‘lib, ularning 19 tasi Yevropa mamlakatlari va AQSH da yaratilgan. Yigirmanchi ixtisoslik –“02.00.09– Tovarlarni kimyoviy tarkibi asosida tasniflash va sertifikatlash” (hozirda “Tovarlar kimyosi”) ixtisosligi O‘zbekistonda, 1997 yilda I.R.Asqarov va T.T.Risqiyevlar tomonidan yaratilgan. Ushbu fan boʻyicha kimyo va texnika fanlaridan ilmiy darajalar, hamda ilmiy unvonlar berilishi belgilangan.



 



I.R.Asqarov Xalq tabobati sohasida ham ulkan ishlarni amalga oshirgan va yuqori natijalarga erishgan. Ma’lumki, tibbiyot fanlari tizimida 40 dan ortiq ixtisosliklar mavjud boʻlib, 41-ixtisoslik – “14.00.41 – Xalq tabobati” ixtisosligi 2019-yilda professor I.R.Asqarov va Tibbiyot fanlari doktori, professor N.S.Mamasoliev hammuallifligida yaratilgan. Ushbu ixtisoslik bo‘yicha tibbiyot, kimyo va farmatsevtika fanlaridan ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar berilishi ko‘zda tutilgan. I.R.Asqarov hammuallifligida yaratilgan ushbu fanlar O’zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi tomonidan rasmiy roʻyxatga olingan. Mazkur fanlar boʻyicha dunyo miqyosida koʻplab tadqiqotchilar ilmiy taqqiqot ishlari olib bormoqdalar.



I.R.Asqarov ilmiy faoliyati davomida 30 dan ortiq  ixtirolari uchun patent olgan va ularni amaliyotga joriy qilgan, shuningdek, 1100 dan ortiq ilmiy maqolalari Respublika va Xalqaro nufuzli ilmiy jurnallarda chop etilgan. Ko‘plab magistrlar, ilmiy xodimlar, mustaqil tadqiqotchilar, doktorantlarga ilmiy rahbarlik qilgan. Hozirgi kunda professor I.R.Asqarov O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi kimyo, kimyoviy texnologiya, farmatsevtik tadqiqotlar va xalq tabobati fanlari bo‘yicha ekspertlar kengashi raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.



I.R.Asqarovning mamlakatimizdagi yoshlarga kimyo fanini o‘qitish boʻyicha ko‘rsatayotgan xizmatlari alohida ahamiyatga ega. I.R.Asqarov tomonidan umumta’lim maktablari 7-, 8-, 9-sinf o‘quvchilari uchun yozilgan “Kimyo” fanidan bir necha million nusxada o‘zbek, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, qoraqalpoq  tillarida chop etilgan darsliklar, uning umumiy tahriri ostida yozilgan 10-sinf oʻquvchilari uchun yangi nashrdagi “Kimyo (organik kimyo)” darsligi, “Organik kimyo”, “Tovarlar kimyosi”, “Fitoterapiya”, “Dalillarga asoslangan xalq tabobati usullari”, “Kimyo (Anorganik kimyo. Akademik litseylar uchun chuqurlashtirilgan kimyo fanidan darslik)” kabi darsliklar, “Kimyo asoslari”, “Kimyodan test”, “O‘zbekistonlik kimyogar olimlar”, “Tabobat Qomusi”, “Sirli tabobat”, “Tovarlar kimyosi va xalq tabobati”, “Anemiya va uni xalq tabobati usullari bilan davolash” kabi 70 dan ortiq monografiyalar va o‘quv-qo‘llanmalardan oliy o‘quv yurtlari talabalari, umumta’lim maktablari va akademik litsey o‘quvchilari samarali foydalanib kelmoqda. I.R.Askarov ta’lim sohasida amalga oshirgan yuksak mehnati va erishgan yutuqlari uchun 1992-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi”, 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.



I.R.Asqarov tashabbusi bilan 2018- yilda O‘zbekiston tibbiy-ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar “Tabobat” Akademiyasi tashkil qilingan bo‘lib,  ushbu Akademiyaga I.R.Asqarov rais etib saylangan. Hozirgi kunda O‘zbekiston “Tabobat” Akademiyasida 400 dan ortiq tabiblar, taniqli shifokorlar va tibbiyot hodimlari rasmiy ro‘yxatga olingan bo‘lib, ular o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritmoqdalar.



I.R.Asqarov Malayziya, Yaponiya, Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Ozarbayjon, Rossiya kabi rivojlangan mamlakatlar ilmiy tadqiqot tashkilotlari va yetuk olimlari bilan kimyo va xalq tabobati sohasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Buning natijasida, 2020 yilda I.R.Asqarov, kimyo fanlari doktori, professor R.Nuriddinov, hamda bir qator chet ellik olimlar – Kanadaning Toronto Universiteti professori F.Polyak, hamda Latviya Fanlar Akademiyasi prezidenti, akademik I.Kalvinshlar bilan hamkorlikda o‘simlik moddalari asosida virusli kasalliklar profilaktikasi uchun “AC-CURCUMIN”,  “ANTICOVIR”, “ANTIVIR 101”, “ACKOROVIR” va “NONI ANTIVIR” kabi yangi biologik faol oziq-ovqat qo‘shilmalarini ixtiro qildilar. Ushbu kuchli ta’sirga ega bo‘lgan biologik faol oziq-ovqat qo‘shilmalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ma’qullanib, mahaliy farmatsevtika korxonasida ishlab chiqarilmoqda va virusli kasalliklarni oldini olish amaliyotida qo‘llanilmoqda.



 



Shu bilan birga, professor I.R.Asqarov tomonidan o‘simlik moddalari asosida ixtiro qilgan, saraton, gepatit, kamqonlik, psoriaz, farzandsizlik, qandli diabet kabi kasalliklarni davolashda samarali ta’sir qiluvchi “Astosh”, “Askalsiy”, “Asshifo”, “Shifoi Marxaboxon”, “Majmui Raxmoniy”, “Asdavo”, “Oltin Vodiy”, “Alkaman” kabi 40 dan ortiq tabiiy biologik faol oziq-ovqat qo‘shilmalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida rasmiy ro‘yxatga olingan va amaliyotda qo‘llanilib kelmoqda.



I.R.Asqarov tomonidan 2019 –yilda “Xalq Tabobati Plyus” ilmiy, ilmiy-ommabop jurnali, 2022-yilda har bir maqolasi toʻliq o‘zbek, rus, ingliz tillarida chop etiladigan, “Google scholar”, “Researchgate”, “Crossref” xalqaro ilmiy bazalarga kiritilgan “Tovarlar kimyosi va Xalq tabobati” ilmiy jurnali tashkil etilgan, hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi OAK tomonidan rasmiy ro‘yxatga olingan.



Bugungi kunda, I.R.Asqarov kimyo va tibbiyot fanlari tizimida yangi fanlarni kashf etganligi, yuksak darajadagi ilmiy yutuqlarga erishganligi bilan dunyoga tanilgan o‘zbek olimi sifatida alohida e’tirof etilmoqda.