Olim

AVTONOMOV VIKTOR ALEKSANDROVICH

Kimyo fanlari doktori, professor

Viktor Aleksandrovich Avtonomov 1955-yil 9-mayda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1972-yilda 98-sonli oʻrta maktabni tamomlab, Toshkent qishloq xoʻjaligi institutining agronomiya fakulteti talabasi sifatida oʻqishga qabul qilingan. V.Avtonomov 1977-yilda ushbu institutni tugatgach, G.S.Zaytsev nomidagi Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot institutiga yuborilib, katta laborant lavozimida faoliyat boshlagan. 1978-1982-yillarda N.I.Vavilov nomidagi Oʻsimlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutining aspirantura boʻlimida tahsil olgandan  soʻng Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy- tadqiqot institut (GʻSUITI)da kichik ilmiy xodim boʻlib ishni davom ettiradi. 1984-yilda 06.01.05 “Seleksiya va urugʻchilik” mutaxassisligi boʻyicha qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Hukumat topshirigʻiga koʻra paxta seleksiyasi va urugʻchiligi bilan bogʻliq ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga birodarlik yordami koʻrsatish maqsadida yosh olim-seleksioner 1986-1988-yillarda bosh mutaxassis etib Afgʻoniston Respublikaga yuborilgan va ushbu xizmatlari uchun "Saur inqilobiga 10-yil" medali bilan taqdirlangan.



  1989-yildan GʻSUITIga qaytgach, V.Avtonomov boʻlim mudiri lavozimlarida faoliyat olib borgan. Hozirgi kunda “Atrof-muhitning biotik omillariga chidamli gʻoʻza navlari seleksiyasi” laboratoriyasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda. 2003-yildan hozirgi kunga qadar gʻoʻzaning genetika, fitopatologiya, seleksiya va urugʻchilik sohalaridagi muammolar boʻyicha davlat loyihalarida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.



Viktor Aleksandrovich Avtonomov tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalariga koʻra 2010-yilda “Vilt va qora ildiz chirishiga chidamliligi uchun gʻoʻzaning tur ichidagi geografik uzoq duragaylanishi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va 2016-yilda professor ilmiy unvoni berildi.



Olim ilmiy va pedagogik faoliyati davomida 3 nafar fan doktori, 3 nafar fan nomzodi, 4 nafar falsafa doktori va 7 nafar magistrlik dissertatsiyasiga rahbarlik qilgan.



Professor V.Avtonomovning mamlakatimizda, yaqin va uzoq xorijda 500 dan ortiq ilmiy nashrlari chop etilgan, jumladan, paxtachilikning genetika, seleksiya va urugʻchiligi boʻyicha 11 ta monografiya, 2 ta tavsiyanoma va 2 ta uslubiy qoʻllanmalari ilmiy sohada faoliyat olib borayotgan tadqiqotchilar tomonidan foydalanilmoqda.



V.A.Avtonomov 2020-yilda Belgiyada chop etilgan “Vilt kasalliklariga chidamli gʻoʻza navlarini yaratish” monografiyasida ilk bor molekulyar genetika va fitopatologiya usullarini an’anaviy seleksiyada qoʻllagan holda Fusarium va Verticillium patogenlariga bardoshli boʻlgan oʻrta tolali C-6570, C-6577 va C-6585 gʻoʻza navlarini yaratish bosqichlari toʻliq keltirilgan.



Olim 2021-yilda Germaniyada nashr etilgan “Oʻzbekistonda madaniy paxta turlarining zamonaviy navlarini koʻpaytirish” monografiyasida oʻrta tolali gʻoʻzaning C-6575, C-6580, C-6601 va C-6602 navlarini tezpisharligi, tola chiqimini 40% va undan yuqoriligi, paxta xoma-ashyo hosildorligi 50 sentnerdan yuqoriligi, tola sifati ИВ tip, qora ildiz chirishi, Fusarium va Verticillium kasalliklarga chidamliligi nazariy asoslab bergan va amaliy jihatdan isbotlagan.



C-6575 navi 2022-yildan davlat reyestriga kiritilgan boʻlsa, shu yildan boshlab yangi “C-6580” navi Namangan viloyatida istiqbolli deb topildi.



2019-yilning 16-oktabr kuni Surxondaryo viloyatining Angor tumanida davlat rahbarining mutaxassislar va olimlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Buning natijasi sifatida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-yanvardagi 47-son qarorida Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlari sharoitida ingichka tolali paxta navlarini joriy etish va ekish maydonlarini kengaytirish belgilandi.



Natijada V.Avtonomovning Surxon-103 paxta navi 2020-yildan boshlab Surxondaryo viloyatida ishlab chiqarishga joriy etilib, keng maydonga ekilgan. Shu bilan birga, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miramonovich Mirziyoyev bir necha bor ta’kidlaganlaridek, paxtaning oʻrta tolali navlarida paxta xomashyosining hosildorligi 23 sentnerni tashkil etdi, bu Oʻzbekistonning janubiy viloyatlarida ingichka tolali navlarini yetishtirishning yuqori rentabelligini yana bir bor tasdiqladi.



2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-fevraldagi 5009-sonli qaroriga asosan selektsioner V.Avtonomovning bevosita ishtirokida Surxondaryo viloyatida ingichka tolali gʻoʻza navlarining 4 ta elita urugʻchilik xoʻjaligi tashkil etilgan boʻlib, ulardan biri tola sifati IV tip boʻlgan “Surxon-103” navi boʻlib, Surxondaryo viloyati uchun yetarli miqdorda nav tozaligi yuqori original urugʻlik ashyolari yaratilgan.



V.Avtonomov ilk marta marta Surxondaryo viloyati sharoitida oʻziga xos “Surxon-100”, “Surxon-101” navlarini ikkilamchi ekin sifatida yetishtirish imkoniyati mavjudligini amaliy isbotladi. Tezpisharligi 100-115 kun, hosildorligi 45 s/ga, tola sifati 1-A tipi va tola hosildorligi 34-35% boʻlgan bir qancha ingichka tolali goʻza navlari yaratdi.



Th.basicola qoʻzgʻatuvchisi bilan sun’iy zararlangan fonlarda birinchi marta foydalangan holda, shuningdek “dala-fitotron-dala” texnologiyasidan foydalanib, seleksiya jarayonini bir necha barobar qisqartirgan holda ingichka tolali “Surxon-104”, “Surxon-105”, “Surxon-106” va oʻrta tolali C-6577, C-6585 navlar yaratildi.



 



2014-yildan boshlab bir qator mamlakatlarning tabiiy rangli tolaga ega navlarga boʻlgan ehtiyoji va organik dehqonchilik texnologiyasini qoʻllash tufayli u novvot rang, jigarrang, yashil kabi tabiiy rangdagi tolaga ega, turli rangdagi navlarni koʻpaytirishni yoʻlga qoʻydi, boy urugʻlik materialini yaratdi.



Professor V.A.Avtonomov oʻz ilmiy faoliyati davomida genetika, biokimyo, fitopatologiya sohasidagi zamonaviy jahon yutuqlaridan foydalanib, qora  ildiz chirishi va gommoz patogenlari bilan sun’iy yoʻl bilan yuqtirilgan fonlarni yaratish bilan birgalikda seleksiya va urugʻchilikning tezlashtirilgan sxemasini ishlab chiqdi, shuningdek, u tomonidan ishlab chiqilgan dala-fitotron-dala texnologiyasi, seleksiyaning dastlabki bosqichlarida yangi navlarning sof, original materialini ajratib olish va yaratish imkonini berdi. Natijada gʻoʻzaning 40 ga yaqin yangi navlari yaratilib, ularning barchasi mahalliy, 5 tasi xorijiy patentlar bilan himoyalangan. V.A.Avtonomov tomonidan yaratilgan 9 ta nav Oʻzbekiston Respublikasi davlat reyestriga kiritilgan va turli davrlarda ishlab chiqarishda keng qoʻllanilmoqda, bular “Surxon-9”, “C-6541”, “Namangan-34”, “C-6550”, Namangan-102, C-6565, C-6570, Surxon-103 va C-6575 navlaridir.



V.Avtonomov oʻzining asosiy ilmiy ishlaridan tashqari, sof saralangan, oʻziga xos material yaratish bilan bogʻliq boʻlgan urugʻchilik boʻyicha mualliflik nazoratini olib boradi, bu esa yuqorida qayd etilgan navlarni nafaqat respublikada 30-yildan ortiq vaqt davomida ekish imkonini berdi, balki chet elda ham. V.A.Avtonomov oʻz faoliyatining muhim qismini C-6524 va Namangan-77 navlarini yetishtirish uchun agrotexnologiyani ishlab chiqarishni rivojlantirishga bagʻishladi, bu esa koʻplab fermer xoʻjaliklariga erta, sifatli, toʻliq xom ashyo sentabr oyida 40 s/ga va undan ortiq paxta hosili olish imkonini berdi. Yuqoridagi navlar Oʻzbekiston paxtakorlari tomonidan 1989-2021-yillar davomida jami 15 million gektardan ortiq maydonga ekilgan boʻlib, bu oʻz navbatida fermerlarga paxta xom-ashyosining nafaqat erta terib olish, balki uning yuqori sifati tufayli ham daromad olish imkonini berdi.



V.A.Avtonomovning paxta seleksiyasi va urugʻchiligi sohasidagi mahalliy fanni rivojlantirishdagi xizmatlari bir necha bor hukumat mukofotlari bilan taqdirlangan:



2006-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.



 2011-yilda professor V.A.Avtonomov, PSUEAITI ilmiy kengashi tomonidan eng yaxshi “Institut yil olimi” deb topildi.



2016-yilda “Oʻzbekiston mustaqilligiga 25-yil” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.



2021-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.