Olim

AXMEDOVA ZAXRO RAXMATOVNA

Kimyo fanlari doktori, professor

Axmedova Zaxro Raxmatovna 1955-yili Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida tugʻilgan, millati oʻzbek, oilali, “Milliy tiklanish” partiyasi a’zosi.



Z.R.Axmedova 1976-yili Toshkent Davlat Universiteti “Biologiya-tuproqshunoslik” fakultetini a’lo baholarga tamomlab, shu yili OʻzR Fanlar Akademiyasi huzuridagi Mikrobiologiya bo’limi rahbariyati tarafidan ishga taklif qilingan hamda shu kungacha, qariyb 47 yildan buyon mazkur Institutda ilmiy-amaliy, ijtimoiy – siyosiy, pedagogik faoliyatini yuritib kelmoqda.



Ilmiy faoliyatini dastlab stajer tadqiqotchilikdan boshlab, 1977-1978-yillari Rossiya FA huzuridagi Biokimyo institutida “Ferment preparatlari” laboratoriyasi mudiri, prof. A.M. Bezborodov rahbarligida ilmiy saviyasini oshirish boʻyicha izlanishlar olib borgan. 1979-1981-yillarda aspiranturaga kirib, prof. A.M.Bezborodov va prof. K.D.Davranov rahbarligida zamburug‘larning lipolitik fermentlari va ular faolligini ingibirlovchi oksillarni izlash, topish, tavsiflash ishlari natijasida  biologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya ishini 1984-yilda muvaffaqiyatli himoya qilgan.



1989-yili Rossiya FA huzuridagi  G.K.Skryabin nomidagi “Mikroorganizmlar fiziologiyasi va biokimyosi” Institutiga stajirovkaga yuborilgan. 1991-yili  O‘zbekiston Mustaqilligining dastlabki yillarida Respublika va FA rahbariyati hamda Prezidenti tavsiyasiga binoan  Mamlakatimiz ravnaqi va taraqqiyoti uchun fan doktorlari tayyorlash dasturiga binoan Mamlakatimizning 40 nafar yosh olimlari, iqtidorli yoshlari qatorida Rossiya FA tasarrufidagi ushbu institutga maqsadli doktoranturaga yuborilgan.



Tinmay izlanishlar, doimiy tajribalar va nufuzli xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar e’lon qilinishi, xalqaro anjumanlarda ma’ruzalar qilishi natijasida  Z.R.Axmedova  akad. I.S.Kulayev va prof. K.D.Davranov hamrahbarligida doktorlik dissertatsiyasini 1999-yili biokimyo va biotexnologiya ixtisosliklari  boʻyicha tutash fanlari bo‘yicha “Bazidial zamburugʻlarning tselyulolitik ksilanolitik, ligninolitik ferment sistemalari va ularning lignotsyellyuloza substratlari gidrolizidagi oʻzaro munosabatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Ushbu dissertatsiya ishi dolzarbligi hanuzgacha  o‘z natijasini berib, O‘zbekiston sharoitlarida keng tarqalgan bazidial zamburug‘larning ferment sistemalaridan foydalanib, bir qator enzimatik faol biopreparatlar yaratishga  muvaffaqiyatli  asos sola oldi va hozirgi kungacha samarali foydalanib kelinmoqda.



Z.R.Axmedovaning tayyorlagan kadrlari, ixtiro patentlari, xalqaro anjumanlar va nufuzli xorijiy jurnallarda chop etilgan ilmiy maqolalari, Mamlakatimiz nomidan xorijiy davlatlarda qilgan ilmiy ma’ruzalari natijasida UzR OAK  tarafidan  unga 2007-yilda professor ilmiy unvoni berilgan. .  



Prof. Z.R.Axmedova 2003-yildan 2021-yilga qadar “Mikroorganizmlar fermentlari” laboratoriyasi mudiri, 2021- yildan shu kunga qadar esa “Tabiatni muhofaza kilish biotexnologiyalari” laboratoriyasi mudiri lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.



Ilmiy-amaliy, ijtimoiy-siyosiy, pedagogik faoliyati davomida Z.R.Axmedova mustaqillik yillaridan buyon 10 dan ortiq (fundamental, amaliy, innovatsion, startap)  loyihalar rahbari boʻlib, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, ekologiya, bijgʻish sanoati maxsulotlari, hamda sanoat va qishloq xoʻjaligi ekinlari biokonversiyasi kabi bir qator  sohalarning eng dolzarb muammolarini yechish borasidagi ko‘plab loyihalarga rahbarlik qilgan. 47 yillik mehnat staji mobaynida u mikrobiologiya, biokimyo, biotexnologiya, ekologiya, atrof-muhit himoyasi boʻyicha yirik mutaxassis darajasiga yetishgan va o‘z nufuziga ega olimadir.



Uning asosiy ilmiy yoʻnalishi qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, tibbiyot, farmatsevtika sanoatining barcha tarmoqlarini biologizatsiya yoʻnalishiga oʻtkazish, oziq-ovqat va inson salomatligini saqlash borasida bioxavfsizlikni ta’minlash, kimyoviy vositalar, moddalar, mineral oʻgʻitlar sarfini kamaytirish yoki batamom voz kechish, atrof-muhit himoyasi va ekologik muvozanatni saqlash, mikroorganizmlar va ulardan olinadigan noyob biologik moddalarni tahlil qilish va ishlab chiqarish, amaliyotga keng tatbiq etishdan iboratdir.



Ilmiy faoliyatining daslabki yillaridanoq Z.R. Axmedova tarafidan dunyo miqyosida birinchi marotaba tabiiy oqsil+oqsil oʻzaro ta’siri, munosabatlari, oʻrganilib, ularning mikrob hujayrasida  yogʻni parchalovchi lipaza fermentining turli formalarini hosil boʻlish mexanizmi ochib berilgan va ushbu nazariya kasallangan inson toʻqimalaridagi nekrotik hujayralarni, jarroxlik septik yaralarini davolash uchun  proteolitik fermentlar ingibitorini yaratishga asos soldi.



2015-2017-yillarda Andijon biokimyo zavodi sharoitlarida FA-T 128 “Mikrozim” biopreparatlarining  sanoat reglamentini yaratish va paxta yetishtirishda amaliyotga joriy etish texnologiyasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasi doirasida tayyorlangan 66 tonna biopreparatning sanoat – tajriba variantlari  Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari qishloq xo‘jaligi boshqarmalari va fermer xoʻjaliklariga 22 tonnadan begʻaraz yetkazib berildi va ushbu hududlarda tuproqlarning, atrof-muhit va ekologiya  holatiga ijobiy ta’sir etishi bilan birgalikda, paxtadan qoʻshimcha 3,8-6,7 s/ga qoʻshimcha hosil olishga erishildi. Viloyat hokimliklari  tarafidan e’tirof etilib, tashakkurnomalar va ishlab chiqarishga joriy etish dalolatnomalari va ularning samaradorligi yuqori baholandi.



Olingan natijalar, yuqori samaradorlik, fermer xoʻjaliklari va iste’molchilarning yuqori bahosi va minnatdorchiligi tufayli   va beg‘araz yetkazib berilgan  ekologik xavfsiz biopreparatlarning jonboz muallifi, loyiha rahbari Axmedova Z.R.  2018-yili “Mehnat shuhrati” ordeni olishga sazovor bo’ldi.



U 2019-yili O‘zR Xotin-qizlar qo‘mitasi tarafidan e’lon qilingan  “O’zbekiston xotin-qizlarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihalari” Respublika tanlovida faol ishtirok etib, “Eng yaxshi  va samarali sanoat namunasi” nominatsiyasida eng  1-chi  o‘rinni egallab, tanlov vimpeli va qimmatbaho mukofot bilan taqdirlandi.



U 2020-yili o‘zining tinmay olib borgan izlanishlari, qishloq xo‘jaligi sanoat tarmoqlari uchun tayyorlagan ishlanmalari va ularning natijalari, chop etilgan ilmiy ishlari, tayyorlagan malakali kadrlari e’tiborga olinib,  “2020-yilning eng yaxshi olima ayoli” nominatsiyasida tan olinib,  hokimiyatlar, SSV va Xotin-qizlar qo‘mitasi tarafidan taqdirlandi.



2022-yilda Vazirlar Mahkamasi, Innovatsion rivojlanish Vazirligi va “Olima ayollar” uyushmasi tarafidan “Eng samarador loyiha muallifi” nominatsiyasi  gʻolibi deb topilib, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlandi.



2021-yili Davlat buyurtmasi asosida  Z.R.Axmedova rahbarligida olib borilgan A-FA-2021-123 “Tabiiy ofat yuz bergan hududlarda qishloq xoʻjaligi ekinlari  hosildorligini oshirish va kasalliklarni oldini olishda ekologik xavfsiz biopreparatlar va ularning kompozitsiyalarini  qoʻllashning yangi agrotexnologiyalarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida Sirdaryo viloyatning Sardoba suv ombori toshqinidan  eng koʻp aziyat chekkan Oqoltin, Sardoba, Mirzaobod tumanlarida 150 gektar g‘alla va 301 gektar paxta dalalarida hosil yetishtirish uchun 8,5 tonna “Mikrozim-1” va “Mikrozim-2” enzimli ugit-biostimulyator preparatlari beg‘araz tayyorlanib yetkazib berildi.  Bunda g‘alladan olingan qo‘shimcha hosil 12-18 s/ga, paxtadan esa qo‘shimcha 4,3-5,7 s/ga tashkil qildi. Natijada, g‘alla samaradorligi ortib, qo‘shimcha  160 tonna g‘alla, paxtadan esa qo‘shimcha 147 tonna tola olish imkonini berdi. Biopreparatlarni 3-marotaba ishlatish orqali  mineral o‘g‘itlar sarfi 50% qisqartirildi, tuproq unumdorligi ortib, biologik faolligi va yuvilgan qavat strukturasi yaxshilandi.  



Uning rahbarligida va bevosita ishtirokida ekin dalalarida jonbozlik ko‘rsatib olib borgan mazkur ishlari natijasida  Sardoba, Oqoltin tumanlari va Sirdaryo viloyati hokimiyatlari tarafidan Fanlar akademiyasi, Mikrobiologiya Instituti  va loyiha ishtirokchilariga alohida minnatdorchilik bildirilib, rasmiy tashakkurnomalar  yuborildi. 



Prof. Z.R. Axmedova 1995-yildan buyon OʻzMU, Toshkent kimyo texnologiyalari, Farmatsevtika, Toshkent pedagogika Universiteti, Buxoro Davlat oziq-ovqat va yengil sanoati, Jizzax politexnika  va Jizzax Pedagogika universiteti, Toshkent davlat texnika Universiteti bakalavr va magistrlari va mustaqil izlanuvchi ilmiy xodimlari bilan mikrobiologiya, biotexnologiya, ishlab chiqarish ekologiyasi va muammolari yoʻnalishlari boʻyicha dissertatsiya ishlari rahbari va maslahatchisi sifatida beg’araz yordam berib kelmoqda.



U Respublikamiz va qo‘shni, hamdo‘stlik davlatlari (Qozog‘iston, Qirg‘iziston) uchun malakali kadrlar tayyorlash ishlarida oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Uning bevosita rahbarligi ostida 11 nafar fan nomzodi tayorlangan, hozirda 5 nafar fan doktori ilmiy darajasiga talabgor yosh olimlarga rahbarlik qilmoqda. Pedagogik faoliyati davomida tayyorlagan 45 dan ortiq bakalavrlar va 34 dan ortiq magistrlar Respublikamizning turli oliy oʻquv yurtlari,  ishlab chiqarish korxonalari va nufuzli lavozimlarda qizgʻin faoliyat yuritmoqdalar.



Prof. Z.R. Axmedova 550 dan ortiq ilmiy maqolalar, 3 ta oʻquv qoʻllanma, 4 ta  monografiya, 1 ta darslik, 6 ixtiro patenti muallifi, 170 dan ortiq ilmiy ishlari nufuzli xorijiy jurnallar, Scopus va Web of Science bazalariga kiruvchi jurnallarda chop etilgan va u xalqaro platformada yuqori Hirsh indeksiga ega oʻzbek olimasidir.



Prof. Z.R. Axmedova koʻplab mahalliy va nufuzli xorijiy anjumanlar tashkil etishda, plenar ma’ruzalar bilan chiqishda faol ishtirok etadi, ilmiy baxs va munozaralarda uning fikrlari, xulosalari tan olinadi, koʻplab mamlakatlar olimlari orasida oʻz oʻrni va hurmatiga egadir.



AQSH, Kanada, Angliya, Fransiya, Bolgariya, Xitoy, Gon-Kong, Belorussiya, Chexiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Gruziya, Tojikiston, Qirgʻiziston, Isroil, Latviya, Rossiya, Qozogʻiston, Ukraina, Hindiston, Avstriya kabi mamlakatlari olimlari bilan xalqaro aloqalar oʻrnatib, ilm fan sohasida nazariy, amaliy ilmiy-pedagogik ishlarni davom ettirmoqda.  



Z.R. Axmedova Institut qoshida faoliyat yurgizayotgan NNT “Oʻzbekiston Mikrobiologlar jamiyati” ning rais oʻrinbosari 2004-yil-2015-yillar, raisi vazifalarida 2015-2022-yillardan buyon ishlab kelmoqda. 2014-yilda “Bolalarga sogʻlom muhit” loyihasi NNT  Respublika tanlovi gʻolibi boʻldi. Institut ilmiy Kengashi qoshidagi Ixtisoslashgan Kengashi a’zosi, OʻzR VM huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi eksperti, OʻzR Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining eksperti (2010-2014), Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy ta’lim Davlat komissiyalarda, VM huzuridagi hisob palatasi (2021-2022) a’zo sifatida, biologiya va kimyo yo’nalishi bo’yicha Respublika olimpiada ishlarida komissiya a’zosi, appelyatsiya raisi sifatida muntazam faoliyat yuritib kelmoqda.



U 2022-yili Zomin milliy tabiat bogʻida yuz bergan yongʻin asoratlarini bartaraf etish borasida VM tarafidan tuzilgan Davlat komissiyasi tarkibida analitik-tahliliy ishlar olib borib, hozirda  ayrim laboratoriya tajribalarini beg‘araz o‘tkazib, o‘rmon tuproqlari va o‘simliklar kasalliklari holatlarini to‘g‘ri baholash va qutqarish uchun biologik vositalarni qo’llash ishlarini olib bormoqda.  



Nazariy, amaliy va innovatsion loyihalarga rahbarlik qilish, olib borish bilan bir qatorda prof. Z.R.Axmedova Respublikamizda faoliyat  yuritayotgan “Mahoratli pedagog”, “Ekologiya xabarnomasi” mahalliy jurnallarda va xorijiy AQSH Xalqaro “American Journal of Interdisciplinary Research and Development” jurnallarining tahrir hay’ati a’zosi sifatida chop etilayotgan maqolalar va ilmiy natijalarning haqqoniyligi,  dolzarbligi, yaroqli yoki yaroqsizlik kabi oʻta mas’uliyatli ishlarni bajarib, oʻzbek olimalarining xalqaro nufuzini oshirishda doimiy fidokorona mehnat qilib kelmoqda.



Hozirda OʻzR Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida begʻaraz faoliyat yuritayotgan “Biotexnologiyalar”, hamda  “O‘rmon xo‘jaligi, o‘simliklarni himoya qilish, tuproqshunoslik” ilmiy texnik Kengashlari a’zosi sifatida tanlov ishlariga kelib tushayotgan biologiya, farmatsevtika, tibbiyot, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, tuproqshunoslik sohalari loyihalarini muhokamasida faol ishtirok etib, tanlov ishida haqgo‘ylik, shaffoflik, qat’iylik va yorqin, beg‘araz yondashuvi va fikri orqali to‘g‘ri baholash borasida o‘z fikr va mulohazalari bilan alohida o‘rin egallab kelmoqda.  



Z.R.Axmedova Fanlar Akademiyasi, Ekologiya va atrof muhit himoyasi Davlat qo‘mitasi, Institut jamoa ishlarida faol: ko‘plab ilmiy ishlarga opponent, retsenzent, maslahatchi, Institut xotin-qizlar qo’mitasi raisi vazifalarini bajarib kelmoqda. Madaniyat va ma’rifat TV kanallarida oila, yoshlar, ayollar, ta’lim va tarbiya masalalari, Oilaviy TK “Minbar” tok-shousi, O’zbekiston-24 TV , Toshkent TK, Mahalla TK doimiy ravishda ilmiy yangiliklar, salomatlik profilaktikasi, gender tenglik, yoshlarni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sog‘lom ona – sog‘lom muhit, ekologik muammolar va yechimlari haqida chiqishlari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.



U 2022-yili Mustaqilligimizning 31-yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini ko’tarinki rux va birlikda o‘tkazish uchun O’zR Prezidenti huzuridagi ma’rifat – axborot xizmati, Fanlar akademiyasi tavsiyasiga binoan Respublikamiz olimlari ishlarining, ilm-fan targ‘iboti guruhida 22.08.2022-yil  va 25.08.2022 kunlari Toshkent va Sirdaryo viloyatlari aholisi, yoshlari, turli qatlam xizmatchilari oldida Mamlakatimiz salohiyati, Yangi O‘zbekistonda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar, o‘zbek olimlari ishlarining ahamiyatlari, xorijga ketib qolayotgan va o‘z yo‘lini topishda adashgan yo‘llarga kirishga molik yoshlarning  tarbiyasi, ta’limi-odobi borasida yorqin va ko‘tarinki ma’ruzalar bilan qatnashib, vatanimiz sarhadlari, oilani asrash, yosh avlod kamoli, qariyalar hurmati, kichiklar izzati va inson faktorining naqadar mamlakatimizda ulug‘ligini sharaflovchi chiqishlari bilan aholining qizg’in tahsiniga sazovor bo‘ldi.



Z.R.Axmedova oqkoʻngil, bilimdon, oʻziga va oʻzgalarga talabchan, ishchan, mohir tashkilotchi, gʻamxoʻr murabbiy, mas’uliyatli `xodim, izchil va sergʻayrat, serqirra, nafaqat jamiyatda, mamlakatimizda, balki xorijda ham yuksak nufuz va katta hurmatga ega  yetuk olima ayoldir. Oilali, 2 nafar farzandning onasi va 6 nafar nabiraning g‘amxo‘r buvisidir.