Ilm-fan va texnologiyalarning jadal rivojlanishi, global dunyoda raqobatning ortishi sharoitida har bir davlat va jamiyatning bu jarayonda raqobatbardoshligi yoshlarning intellektual rivoji hamda ularning iste’dodi va qobiliyatlarini toʻliq amalga oshirishga e’tibor berishga bogʻliq boʻladi. Shuning uchun bu masala har doim davlatlarning uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan barcha strategiyalarda aks ettirilgan. Oʻzbekiston Respublikasining 2017-2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasi ham bu borada istisno boʻlmadi. Unda alohida boʻlim davlatning yoshlar siyosatini takomillashtirishga bagʻishlangan. U Oʻzbekistonning 10 million fuqarosi yoki mamlakat aholisining 31 foizini tashkil etuvchi yoshlarga nisbatan davlat siyosatining samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator ustuvor vazifalarni qamrab oladi. Ayniqsa, davlatimizning yoshlar siyosatini amalga oshirishda “Yoshlar - kelajak quruvchisi” shiorining tanlanganligi ham bejiz emas. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, jamiyatda yoshlarni siyosiy faol qatlamga aylantirish hamda ularning siyosiy-huquqiy bilim va koʻnikmalarini amalda boyitish masalalari xattoki hukumat e’tiboridagi jiddiy masalalardan biri sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bilan hamkorlikda amalda oshirilayotgan ishlarda ham oʻz aksini topmoqda.
Davlatimiz va hukumatimiz tomonidan yoshlarga nisbatan shunday yuqori darajadagi e’tibor qaratilayotgan ekan, oʻz navbatida bu jarayonlarning roʻyobga chiqishida yoshlarimiz ham oʻzlarining ma’naviy, ilmiy va intellektual salohiyati bilan javob berishlari amalga oshirilayotgan ijtimoiy va siyosiy islohotlarning naqadar toʻgʻriligini koʻrsatib bermoqda.
Ana shunday xislatlarga ega yoshlarimizdan biri Oʻzbekistonimizning eng yosh olimlaridan biri sifatida nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlar mutaxassislari tomonidan ham e’tirof etilgan va ayni vaqtda pedagoglik faoliyati bilan shugʻullanayotgan Diyorjon Abdullayevdir. Shu oʻrinda Diyorjonning bugungi kungacha boʻlgan oʻqish va ilmiy tadqiqot jarayonlaridagi faoliyatiga nazar tashlasak.
Abdullayev Diyorjon Nodirjon oʻgʻli 1995-yil 19-yanvarda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tugʻilgan. 2000-2008-yillarda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 260-sonli umumta’lim maktabini a’lo baholarga tamomlagan. 2008-2011-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qoshidagi akademik litseyda Ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishida oʻqishni davom ettirgan.
Keyinchalik oʻzining tarix faniga boʻlgan qiziqishi boʻyicha oʻqishga kirib, 2011-2015-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Tarix fakulteti “Tarix oʻqitish metodikasi” yoʻnalishida tahsil oldi. Aynan, tarix fani va tarixiy jarayonlarning tahlili hamda tadqiqiga boʻlgan qiziqishlari ortidan ustozlar nazariga tushdi va talabalik yillarida barcha fanlarni chuqur oʻrganish bilan birga ilmiy izlanishlar olib borish, ilmiy konferensiyalarda oʻz maqolalari bilan ishtirok etishda faol talabalar qatoridan oʻrin oldi. Diyorjon Abdullayev bakalavr ilmiy darajasini olishda “Oʻzbekiston iqtisodiyoti jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida va oʻrta maxsus ta’limi tizimida mavzuni oʻqitishning ta’lim texnologiyalari” mavzusida bitiruv malakaviy ishini himoya qilgan. Talabalik yillarida 10 ga yaqin ilmiy maqolalarni nashr ettirgan.
D.Abdullayev talabalik davrida erishgan natijalarini yanada yaxshilash, tarix ilmini yanada chuqurroq oʻzlashtirish maqsadida 2015-2017-yillarda Tarix fakultetining “Ijtimoiy-gumanitar fanlarni oʻqitish metodikasi (tarix)” yoʻnalishi boʻyicha
magistraturada tahsilni davom ettirgan. U magistratura bosqichida ta’lim olgan yillar ilmiy tadqiqot bilan bir qatorda bir qator ilmiy anjumanlarda oʻzining fan sohasidagi qarashlari, ilmiy yutuqlari aks ettirilgan ilmiy ma’ruzalari bilan respublikamizda va xorijda oʻtkazilgan xalqaro konferensiyalarda, xususan, 2016-yil Buxoro shahri, 2017-yil Orenburg shahri (Rossiya Federatsiyasi)da boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyalarda oʻz ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. Shuningdek, xalqaro almashinuv dasturlari doirasida universitetning eng intellektual faol magistranti sifatida 2017-yil oktabr oyida Janubiy Koreya Respublikasi (Seul shahri)da joylashgan bir qator oliy ta’lim muassasalariga tashrif buyurib, tajriba oshirgan.
Abdullayev Diyorjon Tarix fakultetida tahsil olgan yillarda oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi, Oʻrta Osiyo xonliklari davri, Rossiya imperiyasi hukmronlik qilgan yillarda Turkiston oʻlkasi kabi tarixiy davrlarda sodir boʻlgan voqea va hodisalarni ishtiyoq bilan oʻrganishga harakat qildi. Bu borada u akademik A.Asqarov, professor-olimlar E.Nuriddinov, S.Valiyeva, S.Toʻrayev, V.Ishquvatov, N.Quvvatov, Z.Ilhomov, A.Abdazimov, X.Jamaldinov, M.Xujamov kabi professor-oʻqituvchilardan olgan bilimlari asosida ilmiy dunyoqarashini shakllantirib bordi.
Olgan bilimlari oʻz natijasini koʻrsatib, Diyorjon Abdullayev 2018-yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tayanch doktoranturasiga qabul qilindi va ilmiy izlanishlarni davom ettirdi. Oʻzbekiston tarixiga boʻlgan chuqur ilmiy qiziqishi natijasida “Oʻzbekistonda xayriya va homiylikning rivojlanish tarixi (ХIX asr oxiri - ХХI asr boshlari)” mavzusida tadqiqot ishini Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Ismailova Jannat Hamidovna rahbarligida izlanish olib bordi. Doktorantura davrida bir qator xalqaro va respublika konferensiyalarida qatnashib, mavzusi yuzasidan tadqiqot ilmiy yangiligini asoslashda ishtirok etdi. Xususan, 2018-yil Malta davlati Gozo shahrida Erasmus tashkiloti tomonidan “Drug abuse prevention (Giyohvandlikning oldini olish)” mavzusida boʻlib oʻtgan trening kurs, 2019-yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasi Bryansk shahrida boʻlib oʻtgan “Великая Победа, добытая единством” mavzusidagi xalqaro forumda oʻz ma’ruzalari bilan qatnashgan.
Diyorjon Abdullayev tayanch doktorantura davrida 10 ga yaqin xalqaro va respublika konferensiyalarida ishtirok etib, tadqiqot mavzusiga doir 20 ga yaqin ilmiy maqola va tezislar nashr ettirgan. Tinimsiz ilmiy mehnat va izlanish natijasida muddatidan oldin 2019-yil 25-sentabrda Oʻzbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017.Taр.01.04 – raqamli ilmiy kengashda “Oʻzbekistonda xayriya va homiylikning rivojlanish tarixi (ХIX asr ikkinchi yarmi – ХХI asr boshlari)” mavzusida falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qilgan va Respublikadagi tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini qoʻlga kiritgan eng yosh olimga aylandi.
Dissertatsiya mavzusi ustida ilmiy tadqiqot ishlarini yakunlagan boʻlsada, Diyorjon Abdullayev tarix fanining turli dolzarb masalalari yuzasidan oʻzining ilmiy qarashlarini bayon qilgan holda, turli ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2020-yilning 20-yanvar - 5-fevral kunlari Moskva shahri Svyato-Tixonov pravoslav gumanitar universitetida ХХХ an’anaviy Xalqaro konferensiyada “Turkiston oʻlkasida xayriya faoliyatining rivojlanishi va rus xayriya jamiyatlarining oʻrni va roli (ХIХ asr oxiri – ХХ asr boshlari)” mavzusida, 2020-yil 11-aprelda Qozogʻiston Respublikasi Nur-Sulton shahridagi L.N.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universitetida “ǴYLYM JÁNE BІLІM—2020” ХV – Xalqaro ilmiy konferensiyada “Oʻzbekiston siyosiy partiyalari faoliyatida metsenatlik harakatiga munosabat” mavzusida oʻz ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. Bundan tashqari, Diyorjon Abdullayev oʻzi ham bir qator respublika va xalqaro darajadagi ilmiy konferensiyalarni tashkillashtirish va oʻtkazishda ham faollik koʻrsatib, 2020-yil 9-aprelda Toshkent davlat pedagogika universitetida tashkil etilgan bir qator jumladan, “Sohibqiron Amir Temurning jahon tarixidagi oʻrni” mavzusidagi respublika, 8-may kuni “Ikkinchi jahon urushi davrida oʻzbek xalqining front ortidagi jasorati” mavzusidagi xalqaro, 11-may kuni “Oʻzbekistonda xayriya va homiylik harakati: tarixi, holati va istiqbollari” mavzusidagi respublika masofaviy onlayn konferensiyalarini moderator sifatida olib borgan.
Yosh boʻlishiga qaramasdan Diyorjon Abdullayev “ustoz-shogird” an’analari boʻyicha ham faollik koʻrsatib, Tarix fakulteti talabalari bilan ilmiy va ma’rifiy ishlarda ustoz-shogird an’anasini davom ettirib kelmoqda. Jumladan, 2020-yil fevralda D.Abdullayev rahbarligida talabasi Oʻtkirov Abdulazizbek Rossiya Federatsiyasi Penza shahrida boʻlib oʻtgan “Лучшая студенческая статья” XVII Xalqaro ilmiy-amaliy tanlovida “Героизм Узбекского народа во второй мировойвойне” nomli maqolasi bilan ishtirok etib, fahrli 1-oʻrinni egalladi. Diyorjon Abdullayevning shogirdi Abdulazizbek Oʻtkirov 2021-yil Navoiy nomidagi davlat stipendiasi sohibiga aylandi.
Diyorjon Abdullayev 2021-yil OAK tomonidan Oʻzbekiston tarixi ixtisosligi boʻyicha dotsent ilmiy unvonini olgan. Mazkur yil doktoranturada ilmiy izlanishlarini davom ettirib, 2023-yil 16-yanvarda tarix fanlari doktori, professor Ismailova Jannat Hamidovna rahbarligida “Oʻzbekistonda mukofotlash tizimining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari” mavzusidagi fan doktori (DSc) dissertatsiya ishini himoya qildi. Natijada, Oʻzbekistonda tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olgan eng yosh (27 yosh) olimga aylandi.
Diyorjon Abdullayevning bugungi kunga qadar 100 ga yaqin ilmiy ish, jumladan 3 ta monografiya, 2 ta hammualliflikdagi darslik, 3 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 40 dan ortiq xorijiy va respublika jurnallarida ilmiy maqolalar, 50 dan ortiq respublika va xalqaro konferensiyalarda tezis va maqolalari nashr etilgan. Ilmiy va kasbiy ishlari davomida xorijning Rossiya Federatsiyasi (Moskva, Sankt-Peterburg, Bryansk, Volgograd, Orenburg, Samara shaharlari), Janubiy Koreya, Malta, Filippin, Birlashgan Arab amirliklari, Turkiya kabi davlatlarda ma’ruzalar bilan ishtirok etgan. Shuningdek, uning maqola va tezislari Rossiya, AQSH, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Polsha, Chexiya kabi halqaro davlatlarda nashr etilgan. Turli sertifikatlar bilan taqdirlangan.
Hozirda Diyorjon Abdullayev Toshkent davlat pedagogika universiteti Tarix fakulteti “O`zbekiston tarixi” kafedrasida professor v.b. sifatida ishlamoqda. U oʻz kasbiy faoliyati mobaynida oʻquv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ilgʻor, yetuk, intelektual shaxs sifatida kamol topishida yangi zamonaviy ta’lim berish usullari hamda innovatsion gʻoyalar asosida oʻquv, ilmiy va metodologik faoliyatni olib borishda oʻz xissasini qoʻshmoqda.
Yosh olim mas’uliyatli, tirishqoq, intiluvchan va ishchan mutaxassis sifatida jamoasi va tengdoshlari oʻrtasida hurmat qozongan. Oʻzining bilim-koʻnikmasi va hayotiy tajribasida orttirgan yutuqlari bilan mamlakatimiz ijtimoiy, ma’naviy-madaniy hayoti rivojiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshib kelmoqda. Oilali, ikki nafar farzandning otasi.
Diyorjon Abdullayev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlarni yosh avlod ongiga singdirishning jonkuyar targʻibotchisi hisoblanadi. U mehnat faoliyati davomida oʻz kasbiga munosibligi va yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish jarayonida malakali mutaxassis ekanligini namoyon eta olgan umidli mutaxassislardan sanaladi. Universitetda oʻtkaziladigan barcha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va jamoat ishlarining faol ishtirokchisi boʻlishi bilan birga ularning tashabbuskori hamdir.