Olim

BABAYEV YASHIN AMANOVICH

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor

Babayev Yashin Amanovich 1967-yil 26-mart kuni Buxoro viloyati, Romitan tumani, Chilongʻu MFY Toshmaschit qishlogʻida ziyoli oilasida tugʻilgan. Toshkent qishloq xoʻjaligi institutining agronomiya fakultetini tamomlagan (1991y.). Umumiy mehnat staji 39-yil. Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi sohasida mehnat staji 31-yil. 1992-1993-yillarda Oʻzbekiston Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot instituti “Tezpishar va past boʻyli gʻoʻza navlari seleksiyasi” laboratoriyasi laboranti, 1993-2001-yillarda ushbu laboratoriyaning kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, 2001-2005-yillarda shu institutning ilmiy kotibi, 2005-2006-yillarda institutning bosh direktori vazifasini bajaruvchi, 2007-2012-yillarda institutning “Gʻoʻza urugʻchiligi va urugʻshunosligi” laboratoriyasi mudiri, 2012-2013-yillarda institut direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, 2013-2014-yillarda institutning “Gʻoʻza urugʻchiligi va urugʻshunosligi” laboratoriyasi mudiri, 2015-2016-yillarda Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti “Intensiv tipga mansub gʻoʻza navlari sseleksiyasi” laboratoriyasi mudiri, 2016-2020-yillarda Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy kotibi, 2021-yildan Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining “Intensiv gʻoʻza navlari seleksiyasi” laboratoriyasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.    



Qishloq xoʻjalik fanlari doktori, professor Ya.A.Babayevning olib borgan ilmiy-tadqiqot faoliyatida quyidagi ilmiy va amaliy natijalar olingan:



- analitik, transgressiv va konvergent seleksiya usullarini qoʻllash hamda ularni takomillashtirish asosida intensiv, tezpishar, yuqori mahsuldor, vertitsillium va fuzarium vilt zamburugʻlarining yangi virulent patogenlariga bardoshli, tola chiqimi yuqori (38-40%) va sifati IV-V tipga javob beradigan yangi gʻoʻza navlarini yaratish boʻyicha ilmiy faoliyat olib borilgan;



- tezpisharligi 95-115 kun, yirik koʻsakli (6,0-7,0 g.), koʻsaklarni ochilish sur’ati yuqori, hosildor, tola chiqimi (38,0-40,0 %) va sifati IV-V tipga mansub boʻlgan gʻoʻzaning rayonlashgan      S-8290 va S-8294, istiqbolli S-8295 va S-8296 hamda yangi S-8292 va S-8297 gʻoʻza navlari va qator noyob tizmalar yaratilgan. 115 dan ortiq  ilmiy maqolalar va tezislar hamda 1 ta risola chop etilgan. Gʻoʻzaning rayonlashgan S-8290, S-8294, istiqbolli S-8295, S-8296 va yangi S-8292 hamda S-8297 navlari muallifi. Intelektual mulk agentligida  ushbu navlarga patent olingan.



-yaratilgan gʻoʻza navlari Respublikaning Fargʻona, Namangan, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida jami 100 ming gektardan ortiq maydonda ekilmoqda.



Yaratilgan  navlar tezpishar va tupi determinant shaklda ekanligi (vegetatsiya yakunida oʻsuv nuqtasi tabiiy holda oʻsishdan toʻxtashi) chilpish (chekanka) kabi agrotexnik jarayonlarini bartaraf etilishiga imkoniyat yaratadi. Bu har gektariga ketadigan 450-500 ming soʻm atrofida mablagʻni iqtisod qilishga olib keladi, mahsulot tannarxi pasayadi, daromad oshadi.



Bugungi kungacha uning rahbarligida 1 ta qishloq xoʻjaligi boʻyicha falsafa doktorlik dissertatsiyasi hamda 3 ta magistrlik diplom ishi muvaffaqiyatli himoya qilingan. Ya.A.Babayev Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi va 2019-yilda esa Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi fidoyisi koʻkrak nishonlari bilan hamda bir necha marta institut faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan. Jamoa orasida katta hurmatga ega.