Olim

BOLTABOYEV HAMIDULLA UBAYDULLAYEVICH

Filologiya fanlari doktori, professor

Andijon viloyati Andijon shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan, shahardagi 32-umumta’lim maktabini tamomlagan. 1972–1977-yillarda ToshDU (hozirgi O‘zMU) Filologiya fakultetini tamomlagan. 1977-1983-yillarda Toshkent davlat xalq xo‘jaligi institutida tayyorlov kursi mudiri, o‘qituvchi bo‘lib, 1983-1998- yillari Cho‘lpon nomidagi Andijon davlat tillar pedagogika institutida dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida ishlagan.  1998- yildan O‘zbekiston Milliy universitetida professor, kafedra mudiri lavozimlarida ishlamoqda. 1983-yilda “Hozirgi o‘zbek nasrida uslubiy izlanishlar” mavzuida nomzodlik, 1996-yilda “XX asr boshlari o‘zbek adabiyotshunosligi va Fitratning ilmiy merosi” mavzuida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.



1985-yildan dotsent, 2000-yildan professor. 2008-yildan “MUMTOZ SO‘Z” nashriyoti ta’sischisi va direktori. 18–mart universiteti (Chanoqqal’a, Turkiya) faxriy doktori (2009). Xalqaro Estetika va erkin san’at ijtimoiy akademiyasi (Rossiya FA, 2011), Yevropa Xalqaro Gumanitar forumi (2014), Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqko‘l forumi (2018) a’zosi. “Revi of Central Asian Studies” (Koreya), “Академические тетради” (Rossiya FA), “Kitabşünasliq və redaktor sənəti” (Ozarboyjon) kabi xalqaro ilmiy jurnallar tahririyati a’zosi.



Prof. H.Boltaboyev Ozarboyjon Milliy ilmlar akademiyasining “Yil olimi” (2019) unvoni bilan, 2021-yili hukumatning “Ma’naviyat fidoiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.



“Adabiyot ensiklopediyasi” (2007-2011), “Adabiyotshunoslik tarixining fundamental tadqiqi” (2012-2016) kabi fundamental va “O‘zbek jadid adabiyoti manbalari” (2006-2008),  “Alisher Navoiy asarlaridagi tasavvuf istilohlari lug‘ati” (2012-2013) kabi fundamentlal va amaliy davlat grantlariga rahbarlik qilgan, ular natijasida “Adabiyot ensiklopediyasi” 1-2 jild (H.Boltaboyev, 2015, 2019), “Adabiy-estetik tafakkur tarixi” 1-2 jild (H.Boltaboyev, M.Mahmudov, 2012, 2016), “Jahon adabiyotshunosligi tarixi” (H.Boltaboyev, 2020) kabi monografiya va darsliklar chop etildi.



O‘zbek nasrida adabiy uslub muamolari bilan shug‘ullangan, ushbu yo‘nalishda “Talant va uslub” (1982), ”Nasr va uslub” singari risola va monografiyalar chop ettirgan. Zamonaviy o‘zbek adabiyoti muammolari bilan mashg‘ul bo‘lgan muallif sifatida yuzga yaqin adabiy-tanqidiy maqolalar e’lon qilgan. Faol munaqqid sifatida 2011–2013-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi Tanqid va adabiyotshunoslik Kengashi raisi vazifasida faoliyat yuritgan.



“Fitratning ilmiy merosi” (1996), “Fitrat – adabiyotshunos (1996) monografiyalarida XX asr boshlarida turkiy adabiyotshunoslikning taraqqiyotiga oid tadqiqotlar yaratgan, jumladan, prof. Fitratning ilmiy merosini izchil ravishda tadqiq etib, adabiyotshunoslik tarixidan mustahkam o‘rin olishiga erishgan. Fitratning 5 jilddan iborat “Tanlangan asarlar”ini (“Ma’naviyat”, 2000-2010) nashrga tayyorlab chop ettirgan.



“Mumtoz so‘z qadri” (2004) kitobidan mumtoz adabiyotning shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va navoiyshunoslik muammolarini yoritgan. Jumladan, kitobdan Navoiyning kam o‘rganilgan “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Nazmu-l-javohir” v.b. asarlariga doir  tahliliy maqolalari o‘rin olgan.



“Islom tasavvufi manbalari” (2005) kitobi orqali Qur’oni karim va hadislar islom tasavvufining bosh manbai ekanini asoslagan, tasavvuf tarixiga doir Boyazid Bistomiydan tortib Majzub Namangoniyga qadar o‘tgan tasavvuf adabiyoti vakillarining eng muhim asarlardan namunalar keltirib, ularga ilmiy sharhlar yozgan. Navoiyning tasavvufshunos sifatidagi faoliyatini “Sittai zaruriya”, “Nasoyimu-l-muhabbat” kabi asarlarini sharhlash orqali ochib bergan.



“Sharq mumtoz poetikasi” (2006, 2008) kitobida mumtoz poetikaning shakllanish manbalarini tahlil qilib, arab-fors-turk poetikasiga doir 40 da ortiq manbalarni fors va boshqa tillardan tarjima qilib to‘plamga kiritgan, Navoiyning “Xamsa”, “Mezonu-l-avzon”, “Muhokamatu-l-lug‘atayn”, Boburning “Aruz risolasi” asarlarining tahlili Sharq mumtoz poetikasining boyish manbalarini asoslagan.



 “Fitrat va jadidchilik” (2007) kitobida o‘zbek jadidchilik harakati va jadid adabiyotini XX asr boshlari Sharq adabiyoti kontekstida o‘rgangan, o‘zbek adabiyotshunosligining shakllanishida Fitrat ilmiy merosining o‘rnini ko‘rsatib bergan va uning keyingi davr adabiyotshunosligi va navoyshunosligiga ta’sir doirasi belgilangan.



“Adabiy-estetik tafakkur tarixi” (M.Mahmudov hammuallifligida; 1-2-kitob, 2013, 2016) kitobida jahon esttetik tafakkurining vujudga kelish manbalarini aniqlagan, o‘rta asrlar Sharq va G‘arb Uyg‘onish davri mutafakkirlarining adabiy-estetik merosini ilk martaba o‘zaro uyg‘unlikda tadqiq etgan. Ushbu kitobda estetik tafakkur tarixida Navoiy qarashlarining ahamiyati asoslangan va Dante, Shekspir, Rable singari Yevropa Uyg‘onishi vakillarining estetik merosi bilan qiyoslangan.



“Adabiyot ensiklopediyasi” (1-2 jild, 2015, 2019)da ilk marta o‘zbek tilida adabiy qomus yaratgan, uning tarkibiga kirgan 500 dan ortiq lug‘at-maqolalar orqali adabiyot nazariyasi, tarixi, tanqidi, matnshunoslik va manbashunoslik fanlariga oid birlamchi ma’lumotlarni to‘plagan, o‘zbek adabiyoti tarixining ulug namoyandalari (Navoiy va Bobur kabi)ning adabiy, ilmiy va falsafiy-tasavvufiy merosiga oid asarlariga alohida ahamiyat qaratgan.



“Tazkiralar zikri” (2012), “O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi” (2019) qo‘llanmasida o‘zbek adabiyotshunosligining shakllanish manbalari ko‘rsatilib, Markaziy Osiyoda yaratilgan risola va tazkiralarni xronologik tartibda tadqiq etgan. Tazkirachilik tarixidagi muhim manbalar tarkibiga kirgan ijodkorlar ismlari va asarlarini nomma nom keltirish orqali adabiyotshunoslik tarixida o‘zbek mumtoz adabiyotshunosligining muhim o‘rni va roli borligi asoslangan.



Adabiyotshunoslik (o‘zbek adabiyoti) magistratura mutaxassisliklari uchun yaratilgan “Jahon adabiyotshunosligi tarixi” (2020) darsligida antik davr va o‘rta asrlar Sharq va G‘arbiy Yevropa adabiyotshunosligi manbalari bilan qiyoslanib, ular orasida Navoiy va Bobur adabiy-ilmiy merosining jahoniy ahamiyati ko‘rsatilgan.



Oliy ta’lim tizimini umumta’lim maktablari bilan aloqadorligini ta’minlash maqsadida “Adabiyot. 8-sinf” (hammuallif Q.Yo‘ldoshev; 2000-2010) chop ettirgan darslik-majmuada “Qutadg‘u bilig”, Lutfiy va Navoiyning lirik merosi, zamonaviy o‘zbek adiblari ijodidagi sara asarlar maktab o‘quvchilarga tushuntirilgan. Lutfiy, Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Mashrab, Ogahiy ijodidan mumtoz she’riyatimiz nodir namunalari tahlil va talqin qilgan (“Guliston” jurnali, 2016-2020).



Prof. H.Boltaboyev 1000 ga yaqin ilmiy va adabiy-tanqidiy maqolalar muallifi. O‘zbek adiblari haqidagi maqolalari AQSh, Niderlandiya, Yaponiya, Rossiya, Turkiya, Koreya, Hindiston, Ozarboyjon va boshqa mamlakatlardagi nufuzli ilmiy jurnallarda chop etilgan.



O‘zbekiston Milliy universitetidagi faoliyati davomida “Adabiyotshunoslik va struktural metodlar”, “Jahon adabiyotshunosligi tarixi”, “Mumtoz tarixiy poetika”, “Nazariy poetika”, “Tizimli tahlil” singari fanlarning ta’lim tizimidan o‘rin olishini asoslash barobarida bu fanlardan dastur, darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratgan. Ustoz sifatida 10 ga yaqin fan doktori (DSc) va 30 ga yaqin fan nomzodi hamda falsafa doktorligi (PhD) ishlariga ilmiy rahbarlik qilgan.



O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbek filologiyasi fakultetini qayta shakllantirishda va Milliy universitetning 105 yillik tarixini yaratishda faollik ko‘rsatgan, 2022-yilning noyabrida O‘zMU Ilmiy kengashining Qarori, 2023-yil 4-fevralda universitet rektorining 01-28 buyrug‘iga ko‘ra fakultet dekani vazifasini bajarish prof. H.Boltaboyevga topshirilgan.