Olim

HASANOV BOTIRBEK RUSTAMOVICH

Filologiya fanlari doktori, professor

Botirbek Hasanov navoiyshunos olim, filologiya fanlardoktori, professor. 1940-yilning 14-dekabrda Yangiyoʻl shahrida tugʻilgan.



Botirbek Hasanov maktabni tugatgach, 1957-yili Toshkent Davlat universitetining sharq fakultetining arab boʻlimiga oʻqishga kiradi. Mazkur fakultetni 1962-yilda bitirib, shu yildan 1970-yilgacha arab tiliga ixtisoslashgan oʻrta maktabda arab tilidan dars bergan.



Olim boshlangʻich maktablar uchun arab tili darsliklari yaratish ustida izchil ish olib borgan. Darsliklar ham qayta-qayta chop etilgan. 1970-yildan OʻzRFA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida avval kichik ilmiy xodim keyinchalik boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishlagan. Botirbek Hasanov boshchiligida Respublikamizning turli viloyatlariga uyushtirilgan ilmiy arxeografik ekspeditsiyalarda oʻzbek adabiyoti yodgorliklarini xalq orasidan toʻplash, qoʻlyozmalar fondini boyitish, qoʻlyozma merosni oʻrganish, qoʻlyozma va toshbosma asarlarni toʻplash, ularni birlamchi ishlovdan oʻtkazish, ilmiy tavsifini tuzish ishlari amalga oshirilgan. Natijada, muzey fondiga minglab qoʻlyozma va toshbosma asarlar toʻplandi. Ularning ilmiy kataloglari chop etildi.



Botirbek Hasanov 1974-yilda “Alisher Navoiyning “Sab’atabhur” lugʻati (filologik tadqiqot)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.



1990-yilda “Prinsipy sostavleniya rukopisnyx slovarey k sochineniyam Alishera Navoi” mavzusida doktorlik ishini himoya qilgan. Bu yirik tadqiqotda Alisher Navoiy tili boʻyicha tuzilgan lugʻatlarning har biri oʻz oʻrni va ahamiyatiga ega ekanligi koʻrsatilgan.



“Fan” nashriyoti tomonidan 1993-yilda nashr qilingan “Navoiy asarlari uchun qisqacha lugʻat” kitobi oʻzining ilmiyligi va keng kitobxonlar uchun zarur boʻlgan qoʻllanma sifatida alohida diqqatga sazovordir. Ushbu lugʻatga Botirbek Hasanov Alisher Navoiy asarlarida eng koʻp uchraydigan va shuning bilan birga hozirgi zamon oʻquvchisi uchun tushunilishi qiyin boʻlgan qadimiy turkiy, arabcha va forscha soʻzlarning ma’nolariga izohlar bergan.



Botirbek Hasanovning bilimdon sharqshunosligi va serqirra iste’dodning yorqin namunasini uning qator lugʻatlari orqali ham bilsa boʻladi. Bular orasida “Movarounnahr” nashriyoti tomonidan 1996-yilda chop etilgan “Arabcha – oʻzbekcha boshlangʻich lugʻat” va Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti tomonidan 1995-yilda nashr qilingan “Qur’oni Karim soʻzlarining arabcha



 



– oʻzbekcha koʻrsatkichli lugʻati” kitoblari olimning sharqshunoslik ilmiga qoʻshilgan katta hissasi sifatida ma’lum ahamiyat kasb etadi.



Arabcha – oʻzbekcha boshlang‘ich lugʻat arab adabiy tilining keng iste’moldagi soʻzlarini oʻz ichiga qamrab olgan boʻlib, oʻquvchi undan adabiyotni oʻqib tushunish uchun zarur soʻzlarning hammasini topadi. Bu lugʻat arabshunoslar uchun moʻljallangan boʻlib, undan soʻzning ma’nolarinigina emas, balki darsliklardan oʻzlashtirilishi qiyin boʻlgan ma’lumotlarni ham olish mumkin.



Botirbek Hasanov tomonidan tuzilgan “Qur’oni Karim soʻzlarining arabcha-oʻzbekcha koʻrsatkichli lugʻati” oʻzbek tilida birinchi bor yaratilgan lugʻat boʻlib shu yoʻldagi ilk qadamdir.



Bu kitobning muhim tomoni shundaki, unda Qur’oni Karimda keltirilgan barcha soʻzlarning ma’nolari berilishi bilan birga bu muqaddas kitobda oʻz ifodasini topgan har bir soʻz necha bor takrorlangan boʻlsa, ularning qaysi surada va qaysi oyatda necha bor kelganligi raqamlar orqali qayd etilgan. Bu lugʻatdan turli fan sohalari mutaxassislari va keng kitobxon ommasi oʻz oldiga qoʻygan vazifasiga qarab iste’foda qilishi mumkin.



Botirbek Hasanov Xalqaro Islom akademiyasi qoshida tashkil etilgan Xalqaro Islom tadqiqoti markazida ilmiy tadqiqot ishlari olib borib Qur’on ilmlari turkumiga kiruvchi bir qator qoʻllanma va risolalar yaratdiki, ularda talabalarni Qur’oni Karimni toʻgʻri va chiroyli ohang bilan oʻqishni oʻrgatuvchi tajvid va qiroat qoidalari oʻziga xos uslubda bayon etilgan.



2000-yil Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti orqali “Risolayi Aziza”— “Sabot — ul ojizin” sharhi kitobini chop ettirdi. Bu kitobda islom aqidalari Qur’oni Karim va sunnat talablari asosida, bayon qilingan. Soʻfi Olloyorning “Sabot —ul  ojizin” asarining hozirgi zamon tilida keng kitobxonlar ommasi tushuna oladigan holatdagi sharhi amalga oshdi. Olim vafotidan soʻng amalga oshirgan izlanishlari uchun Xalqaro Babtin mukofoti (Quvayt Davlati) bilan mukofotlandi.



Olimning oʻzbek mumtoz adabiyotiga oid yaratgan asarlari hozirgi va kelajak avlodga katta bilimlar xazinasi sifatida xizmat qiladi.