Olim

HASANOV MAHMUDJON

Tarix fanlari doktori, professor

Mahmudjon Hasanov (Mahmud Hasaniy) 1943-yilda Andijon viloyatining Marhamat tumanida ziyoli oilada tavallud topgan. Millati oʻzbek. 1968-yilda Toshkent Davlat Universitetining (Hozir Milliy Universitet)ining Sharq fakulteti Eron-afgʻon boʻlimini bitirib, oʻsha yildan buyon OʻzR FA Sharqshunoslik institutida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Dastlab u institutda fotokopiya va mikrofilmlar fondining boshligʻi lavozimida ishladi. 1974-yilda Shreder nomidagi Bogʻdorchilik va uzumchilik institutiga katta ilmiy xodim sifatida ishga oʻtqazildi.  U bogʻdorchilikka oid qoʻlyozmalarni tadqiqi boʻyicha ilmiy ish olib borib, bu sohaga oid bir qancha asarlarni tarjima va tadqiq etdi va  “Ziroatnoma” nomli kitobni  bosmadan chiqardi. 1985-yilda Sharqshunoslik institutiga qaytib, qoʻlyozmalarni tadqiq etish va nashr qilish boʻlimida kichik ilmiy xodim vazifasida ishladi. 1995-yildan esa Sharq qoʻlyozmalari fondi mudirligi vazifasiga tayinlandi hamda  “Dublet fondidagi qoʻlyozmalarni kataloglashtirish” nomli grant rahbari sifatida ham  faoliyat koʻrsatdi. M.Hasanov manbashunos olim sifatida arab, fors va turkiy tillardagi qadimiy manbalarni tarjima va tadqiq  qildi. Hozirgacha uning yuzlab maqolalaridan tashqari 180 ta kitoblari nashr qilingan. U Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, olimning shoir sifatida  bir qancha she’riy toʻplamlari va 2017-yilda esa “Ishq devoni” nomli gʻazallar devoni nashr qilingan. 



 Olim ma’naviyatimiz taraqqiyotiga qoʻshgan  hissasi uchun hukumat tomonidan 2003-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.



M.Hasaniy talabalarni tarbiyalashda koʻp yillardan buyon faoliyat koʻrsatib, 12 yil davomida Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutida oʻrindoshlik yoʻli bilan professor - oʻqituvchi lavozimida ham faoliyat koʻrsatgan. U chet el va Oʻzbekistondagi ilmiy anjumanlarning qatnashchisi. 1997-yilda “Yusufiyning ilmiy  merosi va uning XV asr madaniyatida tutgan oʻrni” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2004-yilda “Fors tilida nazmda yozilgan tabobatga oid  manbalar (IХ- ХIII asrlar)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi.



Olim tabobat, tasavvuf, tarix, fiqh, hadisshunoslik, odob-axloq va     va qadimiy ziroatchilikka oid tadqiqotlar yoʻnalnalishlari boʻyicha  tadqiqotlar olib borib, koʻplab manbalarni nashr qilgan.



 Mashhur tabiblardan Shahobiddin Abdulkari oʻgʻli ( ХIV  asr),  Yusufiy (ХII asr), Davoiy (ХVII asr), Hasrat (ХVIII asr), Bositxon ibn Zohidxon Shoshiy (ХХ asr)ning tibga oid asarlarini tadqiq etgan. Mazkur tabiblar oʻz asarloarini she’rda yozgan boʻlib, olim tomonidan she’riy tarjima qiilingan. Olim tarix fanlari doktori Surayyo Karimova bilan birgalikda Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarini qayta nashrga tayyorladi va u yaqinda bosmadan chiqdi.



Olim mutasavviflardan Abdulxoliq Gʻijduvonimy, Xoja Hasan Andaqiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Husayn al-Xorazmiy, Shayx Odinamuhammad Xorazmiyning tasavvufga oid oʻnlab asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Fiqhga oid Ubaydulloh Mas’udning “Muxtasar ul-viqoya” asariga yozilgan “Majma’ ul-maqsud” asari fiqshunoslar qoʻlida qoʻllanma sifatila foydalanilmoqda. Olimning ziroatchilikka oid “Qadimiy bogʻdorchilikning izohli lugʻati” nomli  kitobi bogʻdorchilik tarixini oʻrganishda muhim manba vazifasini bajarmoqda.



Mahmud Hasaniyning tashabbusi bilan Andijon viloyatining Marhamat tumanida Maxdum Vosiliy nomidagi Ma’naviy Meros Markazi tashkil qilingan.  Vosiliy olimning otasi boʻlib, 1920-1925-yillari Buxorodagi Mirarab madrasasini tugatgan. U yetuk olim va valiy zot boʻlgan. Oʻzidan 44 ta asar yozib qoldirgan. Devoni nashr etilgan. U haqda iikkita magistrlik dissertatsiyasi yoqlangan. Markazda arab, fors va turkiy tillardagi uch mingga yaqin qoʻlyozma va toshbosma kitoblar saqlanmoqda.