A’lamjon Ibragimov 2021-yili “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni, xuddi shu yili “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Umumiy mehnat staji – 32 yil. Samarqand viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o’rgatish milliy markazi direktori, pedagogika fanlari doktori, dotsent. Samarqand davlat universiteti huzuridagi pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi Phd.03/30.01.2020. Ped.02.06 raqamli ilmiy kengash raisi.
Ibragimov A’lamjon Amrilloyevich 1996-yil Samarqand davlat universitetini tamomlagan hamda ilk faoliyatini shu universitetda boshlagan. 1996 – 1998-yillarda Samarqand davlat universiteti umumtexnika fanlari kafedrasi katta laboranti, 1998–2003-yillarda shu kafedra o‘qituvchisi, 2003–2011-yillarda Samarqand davlat universiteti maxsus sirtqi bo‘limi dekani o‘rinbosari, 2011–2012-yillarda Samarqand viloyati pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti jismoniy tarbiya, san’at va mehnat ta’limi kafedrasi katta o‘qituvchisi, 2012–2014-yillarda ayni shu institutning o‘quv-metodik ishlar bo‘yicha prorektori, 2015–2017-yillarda T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlar ilmiy tadqiqot instituti doktoranti, 2018–2019-yillarda Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi (hozirgi Samarqand viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi) o‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 2018-yil 5-dekabrda Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyasini himoya qildi va ilmiy darajaga ega bo’ldi. 2019-yildan hozirgi vaqtgacha Samarqand viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi direktori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
A.Ibragimovning boshqaruvdagi samarali islohotlari sababli bugungi kunga kelib, Pedagogika markazi faoliyatida shaffoflik va sifat nazorati raqamli texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ilmiy-metodik, tashkiliy metodik ishlar yangicha yondashuv asosida olib borilmoqda. 2019–2022-yillar davomida 4 ta xalqaro, 8 ta respublika konferensiyalarini tashkil etdi. Ilmiy-tadqiqot ishlari uchun yaratilgan sharoitlar natijasida ilmiy salohiyat 18 % dan 40 % oshdi. Keyingi uch yilda Pedagogika markazining 18 nafar professor-o‘qituvchilari ilmiy unvon hamda darajaga ega bo‘lishgan. 2022-yilda 11 ta pedagog xodimlar ilmiy-tadqiqot ishlarini yakunlab dissertatsiya himoya qilishgan va shulardan 4 nafari fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lishgan.
Shuningdek, bugungi kunda A.Ibragimov Samarqand davlat universiteti huzuridagi Ilmiy kengash hamda shu kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengash (DSc) raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Keyingi bir yilda respublikada Pedagogika ixtisosligidagi kengashlarda 20 ga yaqin dissertatsiyalarni rasmiy opponent sifatida taqrizlagan bo‘lsa, bundan tashqari ilmiy-metodik seminarlarda dissertatsiya ishi uchun hamda 30 dan ortiq avtoreferatlarda taqrizchi sifatida ishtirok etgan. 2022-yilning 8-sentabrida pedagogika fanlari doktori (DSc) doktorlik dissertatsiyani muvaffaqiyatli yoqlagan va hozirda 10 dan ortiq ilmiy-tadqiqotchilarga rahbarlik qilib kelmoqda.
U tadqiqotchi sifatida zamonaviy ilg‘or yondashuvlarni targ‘ib qilayotgan olim, jumladan, “Xalq ta’limi xodimlarini malakasini oshirish tizimini modernizatsiyalash parametrlari”, “Pedagoglarni uzluksiz kasbiy rivojlantirishning kognitiv asoslari” nomli monografiyalar, “Malaka oshirish kurslarida amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish va o‘tkazish”, “Pedagogning individual ta’lim trayektoriyasini loyihalash va amalga oshirish”, “Malaka oshirish ta’limida muammoga asoslangan o‘qitish texnologiyasini qo‘llash” kabi 10 dan ortiq uslubiy qo‘llanmalar hamda 130 ga yaqin ilmiy-uslubiy ishlar muallifi bo‘lib, shulardan ellikka yaqini keyingi 3 yilda chop etilgan. Milliy pedagogikada kognitiv ta’lim texnologiyalari va o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga doir o‘ziga xos qarashlari, o‘qituvchilar malakasini oshirish jarayoniga tatbiq etayotgan metodikasi bilan ushbu fan tarmog‘i va tizimning davr bilan hamnafas bo‘lishiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda.
Ayniqsa, uning maktab ta’limi tizimini kognitiv strategiyalar bilan boyitish, muammoga asoslangan o‘qitishga doir izlanishlari malaka oshirish o‘quv jarayoni amaliyotida yangicha yondashuvni tatbiq etayotgani bilan ahamiyatlidir. U mehnatsevarligi, ishchanligi, tashkilotchiligi, talabchanligi, topshiriqlarni tez va o‘ta mas’uliyat bilan bajarishi, jamoatchilik ishlarida juda faol bo‘lganligi sababli Pedagogika markazi pedagog xodimlari, viloyat va shahar hokimliklari hamda oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari orasida o‘zining e’tiborli o‘rnini topa oldi.