Olim

ISAQOV XAYOTILLA

Texnika fanlari doktori, professor

Xayotillo Isaqov Andijon davlat universitetining kimyo kafedrasi professori, texnika fanlari doktori, 1952-yil 22-iyulda Andijon shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan. 1969-yil Andijon shahridagi 23 – o‘rta maktabni tamomlab, shu yili Andijon davlat pedagogika instituti (hozirgi Andijon davlat universiteti)ning kimyo va biologiya fakultetiga o‘qishga kirib, 1974-yilda tamomlab, shu yildan 1981-yillar davomida oliygohning kimyo kafedrasida katta laborant, o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 1981-1984 yillarda Andijon paxta tozalash texnikumida kimyo fanidan o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 1981-yili O‘zbekiston  Respublikasi Fanlar Akademiyasi Kimyo institutining sirtqi aspiranturasiga o‘qishga kirib, uni 1984-yildan kunduzgi bo‘limiga aylantirib, uni 1985-yilda tamomlagan.



1986-yilda O‘zRFA Kimyo institutining ilmiy kengashida texnika fanlari  nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqqiyatli himoya qilgan. 1986-1987-yillar davomida O‘zRFA Kimyo va o‘g‘itlar institutlarida kichik ilmiy hodim, katta ilmiy hodim, laboratoriya mudiri bo‘lib ishlagan. 1998-2007- yillar davomida Toshkent “Agrokim” MChJ da direktor o‘rinbosari, Chirchik “Ximstim” ITM da direktor bo‘lib ishlagan. 2007-2013-yilgacha Andijon viloyati, Oltinko‘l tuman “Oltinkul vodiy sarboni” fermer xo‘jaligini rahbari bo‘lib ishlagan. 2013-yildan esa Andijon davlat universitetining kimyo kafedrasida katta o‘qituvchi, dotsent, 2021-yildan professor bo‘lib ishlamoqda. Umumiy staji 54 yil.



2019-yil 3-oktyabrida O‘zRFA Umumiy va noorganik kimyo institutining ilmiy kengashida texnika fanlari doktorlik dissertatsiyasiyasini muvaffaqqiyatli yoqlagan. X.Isaqov 2020-yilda dotsentlik, 2022-yilda professorlik unvonlarini OAK tomonidan olishga erishgan.



Ilmiy faoliyati davomida 400 dan ortiq ilmiy ishlarga, jumladan, 43 ta ixtiro va patentlar, 10 dan ortiq kitoblari, jumladan: 1 ta darslik, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar hamda ilmiy maqola va tezislarga mualliflik qilgan. Bir nafar nomzodlik dissertatsiya ishiga ilmiy rahbarlik qilgan. Hozirgi kunda shogirdlaridan Sh.To‘raxonov, O‘.Mamatqulova, S.Muxammedovlar kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)  dissertatsiyalarini himoya qilish arafasida turibdi.



Andijon davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc 03/29.10.2021 K/T 60.05 raqamli ilmiy kengash raisi. Farg‘ona davlat universiteti xuzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash a'zosi, Tovarlar kimyosi va Xalq tabobati, SCIENTIFIC PROGRESS va Life Sciences and Agriculture ilmiy jurnallarining tahririyat a'zosi Professor X.Isaqovning 8 ta preparati, jumladan, P-4, XS-2, XS-2` va Darmon kabi preparatlar O‘zbekiston Respublikasi davlat kimyo komissiyasi tomonidan tasdiqlanib, Respublika qishloq xo‘jaligi ekinlaridan paxta va bug‘doylar uchun dorilagich va stimulyatorlar sifatida qo‘llashga ruxsat berilgan. Uni birgina P-4 preparati Respublika paxta dala maydonlarining yarmidan ko‘pida qo‘llanilmoqda. Respublikamizda 2016-2018 yillar davomida 9,685 milliard so‘m (narx-navo o‘sha vaqt xisobida olingan) bo‘lgan P-4 preparati bilan 94584 tonna paxta chigitiga ishlov berilgan va 1 mln 313 ming 800 ga maydonga ekilgan. Qiymati 1,998 mln AQSh dollariga teng 873,69 tonna P-4 urug‘lagichi Tojikiston, Turkmaniston, qo‘shni davlatlarga eksport qilingan. Professor X.Isaqovning hammuallifligidagi karbamid o‘g‘itini tovarlik sifatini yaxshilash bo‘yicha qilgan ixtirosi 1985-yildan buyon Chirchiq elektrokimyo zavodi va Farg‘ona azot zavodida qo‘llanilib kelinmoqda.



Professor X.Isaqov tomonidan ixtirolardan biri Ion-molekula ko‘rgazmali moslamasi bir necha yuz ming nushada chiqarilib, mamlakatimiz hamda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida o‘z o‘quvchilarni topishga erishdi. Qishloq xo‘jaligi fermerlari uchun Qishloq xo‘jalik vazirini dasturiga kirgan 8 ta ko‘rgazmali moslamalari ham bir necha 10 ming nusxada chiqarilib, Respublika fermerlariga tarqatilib, ular tomonidan iliq kutib olindi va ularning yaqin yordamchisiga aylandi.



Professor X.Isaqovning ixtirolari asosida silikat yelimi, elektrod qilingan silikat yelimi, elektrod ishlab chiqarish va ichimlik suvini tozalashda ham amalda qo‘llanilmoqda. X.Isaqov Bobur nomidagi xalqaro fondga birinchilar qatorida 1989-yil 2000 so‘m (3000 AQSh dollori) hadya pulini o‘tkazgan. Uni Z.M. Boburga atab 10 ga yaqin maqolalari Xalq so‘zi, O‘zbekiston ovozi, Pravda vostoka, Toshkent oqshomi, Вечерный Ташкент, kommunist kabi ro‘znomalar va Guliston jurnallarida chop etilgan.



X.Isaqov hammuallifligida sport sohasida ham bir qancha asarlari chop etilgan bo‘lib, “Jahon chempionlari”, “Jahon va Osiyo yo‘lbarslari” va “O‘zbegimning bahodiri” kabi kitoblari bunga misol bo‘la oladi. Jahon chempionlari kitobi 2000–yilning sport yo‘nalishidagi “eng yaxshi” kitobi deb mamlakatda tan olinib, sport vazirining diplomini olishga muyassar bo‘lgan.    Professor X.Isaqov O‘zbekiston Xalq maorifi va Sobiq Ittifoq o‘rta maxsus ta'lim a'lochisi, Butun Ittifoq xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi bronza medali va diplomi bilan taqdirlanib, O‘zbekiston Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasiga qatnashib, diplomini olishdan tashqari Innovatsion vazirligi tomonidan uyushtirilgan 2020 va 2021-yillarda tashkil qilingan ko‘rgazmalarda ham muntazam qatnashib, bir necha bor maqtovnomasini olishga muyassar bo‘lgan.