Olim

ISMAILOV SAYDIG‘ANIXO‘JA IBRAGIMOVICH

Tibbiyot fanlari doktori, professor

Saydigʻanixoʻja Ibragimovich Ismailov taniqli fan arbobi, endokrinolog, jarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Endokrinologik va Diabetik Assotsiatsiyasining raisi, Yevropa Qandli Diabetni Oʻrganish Tadqiqot guruhi, Xalqaro Diabet Federatsiyasi, Xalqaro Endokrin Jarrohlar Assotsiatsiyasi, Amerika Diabetik Assotsiatsiyasi va Amerika Klinik Endokrinologlari Assotsiatsiyasining a’zosi boʻlgan.



Saydigʻanixoʻja Ibragimovich 1948-yilda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tugʻilgan. 1972-yilda Patris Lumumba nomidagi Xalqlar doʻstligi universitetining tibbiyot fakultetini imtiyozli tugatgan. 1972-1975-yillarda mazkur Universitetda aspirantura boʻlimida tahsil olgan. 1975-1976- yillarda Sovet Armiyasi qatorida xizmat qilib qaytgach, aspirantura boʻlimida oʻqishni davom ettirgan. 1977-1978-yillarda Butun Ittifoq Jarrohlik Ilmiy Markazining Toshkent Filialida kichik ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritgan.



1978-yilda Moskva shahrida Patris Lumumba nomidagi Xalqlar doʻstligi universitetida “Erkaklar jinsiy a’zolarining trasplantatsiyasi (Klinik - eksperimental izlanishlar)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlagan.



Ilmiy maktabini Moskva va Xarkov shaharlarida taniqli olim, professor I.D.Kirpatovskiy rahbarligida oʻtagan. Moskvada, aspiranturada oʻqib yurgan yillarida Patris Lumumba nomidagi Xalqlar doʻstligi universiteti qoshidagi andrologiya va endokrin bezlarni koʻchirib oʻtkazish Markazida ish boshlagan. Impotensiyani davolashda moyakni eksperimental va klinik sharoitlarda koʻchirib oʻtkazish muammosi bilan shugʻullangan. Ushbu yoʻnalish ichki sekretsiya bezlarining transplantatsiyasi S.I.Ismailov ilmiy faoliyatining asosiy yoʻnalishini belgilab berdi.



1978-1981-yillarda Oʻrta Osiyo meditsina pediatriya institutining Umumiy jarrohlik kafedrasi assistenti boʻlib faoliyat yuritib kelgan. 1982-1988-yillarda oʻz ilmiy izlanishlarini va mehnat faoliyatini Oʻlka tibbiyot ilmiy tekshirish institutining qalqonsimon bez kasalligining laboratoriyasida katta ilmiy xodim lavozimida ishladi. Eksperimental va klinik izlanishlar natijalari – “Gipotireozni davolash maqsadida qalqonsimon bez kriokonservatsiyasi” doktorlik dissertatsiyasiga kiritilib, 1988-yili Xarkov shahrida muvaffaqiyatli himoya qildi.



Saydigʻanixoʻja Ibragimovich rahbarligida endokrin jarrohlik boʻlimida endokrin bezlarda yiliga 1000 ta operatsiya qilingan. Professor S.I.Ismailov tomonidan joriy etilgan oʻz uslublari qalqonsimon bez, qalqonsimon oldi bezi va buyrak usti bezlari kasallagini tashxis qoʻyish, davolash va oldini olish yangiligi yaratildi.



Professor S.I.Ismailov rahbarligi ostida 25 fan nomzodi va 7 fan doktori tayyorlandi. 590 dan ortiq ilmiy maqolalar, 10 ta mualliflik guvohnomalari va 30 ta monografiya, shulardan bittasi Singapurda ingliz tilida chop etilgan, 87 ta uslubiy qoʻllanma, shuningdek, shogirdlar va keng omma foydalanishi uchun 26 ta chet ellik monografiyalar professor Ismailov tomonidan tarjima qilingan.



Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Endokrinologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori professor S.I.Ismailov tashabbusi bilan 2000-yil sentabr oyida “Diabetik oyoq” boʻlimi “Diabetik makroangiopatiya” boʻlimi negizida tashkil etildi.  



S.I. Ismailov tashabbusi bilan, diabetik oyoq sindromining neyroishemik shaklini davolash va oldini olish uchun boʻlimning V.V. Vohidova nomidagi Jarrohlik markazlari bilan va tez tibbiy yordam markazi hamkorligida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Biokimyo instituti bilan birgalikda diabetik oyoq sindromini tashxislash va oldini olish maqsadida mamlakatimizda podoskop ishlab chiqildi. 2008-2012-yillarda boshqarma xodimlari S.I.Ismoilova respublika fan yutuqlari koʻrgazmasida mahalliy podoskop bilan ishtirok etdi.



Professor S.I.Ismailov rahbarligida 2018-yilda Kamalov Telman Tolyaganovich “Qandli diabet bilan ogʻrigan bemorlarning hayot sifatini hisobga olgan holda pastki ekstremitalarning yarasi paydo boʻlishining oldini olish va amputatsiyani oldini olish usullarini takomillashtirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Professor S.I.Ismailov bilan birgalikda xorijiy nashrlarda chop etilgan 60 dan ziyod maqolalari, jumladan, 10 ta patent, 6 ta uslubiy koʻrsatma, 1 ta monografiya chop etilgan.



Professor S.I.Ismailov bir necha bor endokrin jarrohlik boʻyicha xalqaro konferensiyalarda ishtirok etgan, Oʻzbekistonlik endokrinologlarning Shvetsiya, Avstraliya, Kanadada erishgan yutuqlari haqida ma’lumot bergan. S.I.Ismailov Xalqaro jarrohlar va endokrin jarrohlar uyushmasi, Amerika diabet assotsiatsiyasi, qandli diabetni oʻrganish boʻyicha Yevropa guruhi a’zosi boʻlgan. 1999-yilning fevral oyida Tokio Universiteti, Dokkio va Maybashi Universitetlarida va 2008-yilda Tokioning Yokogama Universitetida oʻzining ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashgan. Ikki hafta mobaynida Tokio Universitetining Endokrinologiya Markazida faoliyat koʻrsatgan.



Angliya olimlari (А.Grossman, М.Powell), Avstraliya olimlari (А.Jenkens) bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar yoʻlga qoʻyilgan. Professor S.I.Ismailov Fransiya endokrin-jarrohlari orasida yaqindan hamkorlikni yaxshi yoʻlga qoʻygan. Bunga Butun Jahon Endokrin-jarrohlari uyushmasi prezidenti Charlz Pruaning 1998-yili Endokrinologiya institutiga tashrif buyurishi misol boʻla oladi. Bu tashrif natijasida hamkorlikda ma’ruzalar va kasallarni maslahat qilish hamda operatsiyalar amalga oshirildi. Bundan tashqari professor S.I.Ismailov boshchiligida bir guruh endokrin-jarrohlar Fransiyaning yetakchi klinikalarida tajriba ortirib kelishdi.



2007-yil e’lon qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni Saqlash vazirligining buyrugʻiga asosan Endokrinologiya ITI va klinik shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy – amaliy tibbiyot Endokrinologiya Markazi (RIIATEM) tashkil etildi. Professor S.I.Ismailov markazning ilmiy, davolash va tashkiliy ishlariga mohirlik va talabchanlik bilan 20 yil davomida rahbarlik qilib keldi.



Shijoatli olim, mehribon murabbiy, sergʻayrat inson Saydigʻanixoʻja Ibragimovich Ismailov oʻz kasbiy mahorati, jarrohlik san’ati, pedagogik ilmi, bemorlarga maslahat berish kabi olijanob ishlari bilan Sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishga hissa qoʻshib, xalqimiz salomatligini mustahkamlash yoʻlida astoydil xizmat qilib keldi.