Qanatbay Abdreymovich Ismaylov 1959-yili 26-fevralda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida tug‘ilgan.
1976-yili Nukus tumanidagi 3-sonli o‘rta maktabni bitirib, shu yilning o‘zida Toshkent davlat universitetining (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) fizika fakultetiga o‘qishga qabul qilinadi va 1981-yili shu universitetning “Yarimo‘tkazgichlar va dielektriklar fizikasi” mutaxassisligini muvaffaqiyatli tamomladi.
U 1982-1983-yillar oralig‘ida Ukraina SSR Fanlar Akademiyasi yarimoʻtkazgichlar fizikasi institutida avval stajyor-tadqiqotchi lavozimida ishladi, so‘ng 1983-yili Ukraina SSR FA Yarimo‘tkazgichlar fizikasi institutiga maqsadli kvota asosida aspiranturaga o‘qishga qabul qilinadi va 1986-yilda joriy institutni muvaffaqiyatli tamomladi.
1986-1991-yillar davomida Nukus davlat universiteti (hozirgi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti) Fizika fakultetining “Muammoli” ilmiy tekshirish laboratoriyasida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib bordi.
1988-yilda Kiyev shahridagi Ukraina FA Yarimo‘tkazgichlar fizikasi institutining Ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashida «Влияние внешних воздействий на характеристики лавинно – пролетных диодов» mavzusida atoqli fizik, fizika-matematika fanlari doktori, professor, fan va texnika boʻyicha Ukraina davlat mukofoti sohibi Txorik Yuriy Aleksandrovich va texnika fanlari doktori, ikki marta Ukraina Davlat mukofoti sohibasi Konakova Raisa Vasilevnalar rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
U 1992-1994-yillar davomida Ukraina Milliy Fanlar Akademiyasi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi instituti doktoranti, 1994-1995-yillari Qoraqalpoq davlat universiteti yarimo‘tkazgichlar fizikasi kafedrasi dotsenti lavozimida faoliyat yuritdi.
1995-yili Toshkent shahrida O‘zR FA “Quyosh – Fizikasi” Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi huzuridagi Fizika-texnika institutining ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashida “Сильнополевые и радиационные эффекты в арсенид галлиевых приборных структурах” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muddatidan oldin muvaffaqiyatli himoya qildi. Qanatbay Abdreymovich Ismaylov “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” sohasi bo‘yicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida birinchi fan doktoridir.
U 1995-1998-yillar oraligʻida Qoraqalpoq davlat universitetida ilmiy, ma’naviy va ma’rifiy ishlar boʻyicha prorektor lavozimida faoliyat olib bordi. 1998-2005-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi FA Qoraqalpogʻiston boʻlimi “Tabiiy fanlar kompleksi” instituti direktori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmita raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari va Qoraqalpoq davlat universiteti oʻquv ishlari boʻyicha prorektor lavozimlarida faoliyat yuritdi. 2005-2011-yillarda Fizika fakulteti dekani va 2011-yildan boshlab hozirgi kungacha “Yarimo‘tkazgichlar fizikasi” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
Q.A.Ismaylov 400 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi, shu bilan bir qatorda, 3 ta monografiya, 2 ta darslik, 4 ta o‘quv qo‘llanma, 8 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma va ilmiy kashfiyotlari uchun 4 ta mulliflik guvohnomasi sohibi hisoblanadi.
A.Teshaboyev, S.Zaynobidinov, Q.Ismaylov, Sh.Ermatov, V.Abduazimovlar hammuallifligida 2014-yili “Tafakkur boʻstoni” nashriyotida chop etilgan “Nanozarralar fizikasi, kimyosi va texnologiyalari” oʻquv qoʻllanmasi 2015-yili “Yilning eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi”, Respublika tanlovining gʻolibi deb topildi va I darajali diplom bilan taqdirlandi.
Shuningdek, u bir nechta Respublika miqyosidagi ilmiy jurnallarning tahririyat a’zosi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi OAK fizika yoʻnalishi ekspert kengashi a’zosi. Ikki marta 1994-1999 va 1999-2004-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati boʻlib saylangan.
Uning tadqiqotlarida Shottki barerli strukturalarga bir vaqtning o‘zida gamma nurlari va kuchli elektr maydoni taʼsirida mikroplazmalarning kamayish effekti tajribada kuzatiladi va bu effektning nazariyasi yaratiladi, tajribada Shottki baryerining qarshiligini o‘lchashdan olingan natijalarni takomillashtirish yoki p–n o‘tishlarning nazariy modeliga asoslanib, mikroplazmalarning parametrlarini aniqlash metodi taklif etilgan. Ionlovchi radiatsiya taʼsirida GaAs ning yuza qatlamlaridagi nuqsonlar (defektlar)ni – strukturaviy va kimyoviy qayta joylashtirish yo‘li bilan, metall – GaAs asosida yaratilgan qurilmalar strukturasining elektrofizik xususiyatlariga yo‘naltirilgan o‘zgaruvchi jarayonlardagi mexanik kuchlanishning roli tajribada o‘rganildi.
Q.A.Ismaylov keyingi 10-15 yilda I.Karimov nomidagi Toshkent Davlat Texnika Universiteti “Raqamli elektronika va mikroelektronika” kafedrasi bilan shartnoma asosida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Ilmiy tadqiqot ishlarining yoʻnalishi bugungi kundagi aktual masalalardan hisoblangan Quyosh elementlarining FIK ini oshirishga bag‘ishlangan. Ustozi marhum akademik M.K.Bahodirxonovning shogirdlari bilan birgalikda effektiv quyosh elementlarini yaratishda oʻz hissalarini qoʻshib kelmoqda.
Shuningdek, Q.A.Ismaylov yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga ham alohida eʼtibor qaratib kelmoqda, jumladan, bevosita Q.A.Ismaylovning ilmiy rahbarligida 1 ta doktorlik, 4 ta nomzodlik va 3 ta fizika-matematika fanlari boʻyicha falsafa doktori dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi va uning shogirdlari hozirgi vaqtda Respublikamizning oliy taʼlim muassasalarida, ilmiy tadqiqot markazlarida faoliyat olib bormoqdalar. Shu bilan birga, ayni vaqtda Q.A.Ismaylov bir doktorantga ilmiy konsultant va uch bazaviy doktorantlarga ilmiy rahbardir.
Uning kamtarona mehnatlarini hisobga olgan holda olim 2009-yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq ta’lim a’lochisi koʻkrak nishoni bilan, 2019-yili “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovi Respublika bosqichining tabiiy fanlar ta’lim sohasi boʻyicha 2017-yilning “Eng yaxshi pedagog-tadqiqotchi”si nominatsiyasida gʻolib boʻlgan. 2001-yili “Oʻzbekiston mustaqilligining 10 yilligi” koʻkrak nishoni, 2017-yilda “Oʻzbekiston konstitutsiyasiga 25 yil” va 2022-yili “Oʻzbekiston konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.
Oilali, 4 nafar (2 tа oʻgʻil, 2 tа qiz) farzandlarning otasi, 7 nafar nevaralarning bobosi.