Olim

IRISQULOV MUHAMMADABBOS TURSUNOVICH

Filologiya fanlari nomzodi, professor

Irisqulov Muhammadabbos Tursunovich 1938-yil 11-fevralda Toshkent shahrining O‘rda atrofidagi Eski yakkabozor mahallasida xizmatchi oilasida tavallud topgan. Davrning bo‘lajak olimi 1947-yilda Toshkent shahridagi 8-maktabda, hamda bir vaqtning o‘zida Glier nomidagi Respublika bolalar musiqa maktabida tahsil olgan. M. Irisqulov 1957-yilda o‘rta maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, Toshkent davlat chet tillari pedagogika institutining ingliz tili fakultetiga o‘qishga kiradi, 1962-yili institutni imtiyozli diplom bilan bitiradi.



Talabalik kezlarida Muhammadabbos Irisqulov Osiyo va Afrika yozuvchilarining birinchi konferensiyasida, turli xalqaro kinofestivallar, anjumanlarda tarjimon va tarjimonlar guruhi rahbari sifatida faoliyat olib borgan.                                               



 



Taniqli olimning mehnat faoliyati katta qadamlar bilan boshlandi, ya’ni olim 1962-yili Hindistonga (Madras shtatining Neyveli shahri) ingliz va rus tillari tarjimoni sifatida ikki yillik xizmat safariga yuborildi. 1964-yili Hindistondagi xizmat safarini yakunlab,  Toshkent davlat chet tillari pedagogika institutida o‘qituvchilik qila boshladi. Universitet rahbariyati ilmga chanqoq va o‘z ustida tinmay ish olib borgan yosh o‘qituvchini malaka oshirishi uchun Moskva shahrining Birinchi chet tillari institutiga stajyor-tadqiqotchi sifatida yubordi.



Yosh olim 1967-yilda  ushbu institutning aspiranturasiga o‘qishga kirib, o‘z ilmiy faoliyatini davom ettira boshladi. M. Irisqulov 1971-yili “O‘zbek va ingliz tillaridagi kishilik, egalik va o‘zlik olmoshlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Moskva shahrining Chet tillar pedagogika institutiga stajyor-tadqiqotchi sifatida yuborildi. lmiy ishni yoqlagandan so‘ng olim Toshkent shahriga qaytib, Toshkent davlat chet tillari pedagogika institutida o‘qituvchilik faoliyatini yana davom ettira boshlaydi.



O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshida ilk bor Respublika til o‘qitish markazi ochilgan kezlarda M.Irisqulov direktor etib tayinlangan. Olimning rahbarligida turli kitoblar nashr etilgan, xususan, “Marhamat”, “Tezkor rus tili”, “Inglizcha-o‘zbekcha/O‘zbekcha-inglizcha so‘zlashgich”, Arab Respublikasidan kelgan mutaxassis Ahmad Muhammad Abdulloh va arab tili o‘qituvchisi Kamola Qodirova bilan hamkorlikda “Arabcha-o‘zbekcha-inglizcha lug‘at”, tarjima qilingan kitoblardan “100 buyuk siymo”, hamda Buxoro va Termizning 2500 yillik tarixiga bag‘ishlangan “Amir temur in World History”,  “Jalolidddin Manguberdi”, “Termez”, “Khiva, The City of A Thousand Domes” kabi kitoblar shular jumlasidandir. 2021-22 yillarda uchta ingliz tili darsligi hammualliflikda yozib, chop ettirildi, xususan: “Translation Theory and Practice”, “English for Tourism” va “English for Sports”.



Qo‘shimcha ravishda ta’kidlash kerakki, M. Irisqulov 1998-yilda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijlik mutaxassislar yordamida ingliz tilida “Biznes kurslari”ni tashkil etdi. Ushbu kurslar 2006-yilgacha faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsada, 200 ga yaqin talabalarga tegishli sertifikatlar topshirilgan.



G‘ayrat va shijoatli olim o‘z ilmiy izlanishlarini hamkorlikda ham olib borgan. Misol tariqasida aytish joizki, “Tilshunoslikka kirish”, “Grammatical structures of English, Uzbek and Russian”, “Translation. Theory and practice”, “Yordamchi testlar(ingliz tili)”, “English phonetics”, “Practical English Achievement Tests” kabi darslik va o‘quv qo‘llanmalar M. Irisqulov va boshqa olimlar tomonidan chop etilgan. Bundan tashqari, M.Irisqulov rahbarligi va tashabbusi bilan “Get in touch”(I kurs), “Keep in touch”(II kurs), “Stay in touch”(III kurs) va “Touch the Future”(IV kurs) kabi ingliz tilini o‘qitishga qaratilgan kitoblar nashr etildi.



O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng chet mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishi uchun chet tillariga katta ehtiyoj paydo bo‘ldi. Ushbu mas’uliyatli vazifani ado etishni burchi deb bilgan tilshunos olim “O‘zbekiston ingliz tili o‘q          ituvchilari uyushmasi (Uzbekistan Teachers of English Association, UzTEA)”ga asos soldi. Uyushmada ingliz tilini o‘qitishga qaratilgan turli xil seminarlar, jumladan, darslik va audio-videokassetalardan samarali foydalanishni o‘rgatish, ta’limning interfaol metodlaridan foydalanish, xorijlik mutaxassislarni jalb etish kabilar o‘tkazilgan. Uyushmaning yanada keng va samarali bo‘lishini ta’minlash maqsadida Britaniya Kengashi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilingan. 2000-yildan boshlab M. Irisqulov “O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi”ga rahbarlik qila boshlagan. Markaz o‘z faoliyatini kengaytirganidan so‘ng, olim ushbu markaz filiallarini har bir viloyatda ochish taklifi bilan chiqdi va hozirgi kunda barcha viloyatlarda UzTEA filiallari tashkil etilgan.



2001-yildan boshlab UzTEAda rahbarlik qilishdan tashqari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining I ingliz filologiyasi dekani sifatida ham ishlay boshladi. 2002-yilda fidoyi va jonkuyar rahbar “Yilning eng yaxshi dekani” nominatsiyasi uchun e’lon qilingan ko‘rik-tanlovda g‘olib deya e’tirof etildi va diplom bilan taqdirlandi. Keyinchalik                M. Irisqulov Ingliz tilini interfaol metod asosida o‘qitish kafedrasi mudiri lavozimida, hamda prorektor lavozimlarida ham faoliyat yuritgan.



 



Muhammadabbos Irisqulovning Vatanimiz uchun qilgan xizmatlari hukumat tomonidan munosib taqdirlangan. Tilshunos olim va murabbiy “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’limi a’lochisi”(1998-yil 25-sentabr), “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”(2001-yil 24-avgust), “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 15 yil” esdalik nishoni (2006-yil 19-iyun), “Do‘stlik” ordeni (2006-yil 25-avgust), 2013-yil “Xalq ta’limi a’lochisi”, 2019-yil “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.



 



M. Irisqulov o‘z faoliyati davomida ko‘plab xorijiy mamlakatlarda kasbiy safarda bo‘lgan. Birinchi sayohat Hindostonda bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, keyinchalik tilshunos olim Moskva, Buyuk Britaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Malayziya va boshqa davlatlarda bo‘lgan. Shu o‘rinda aytish lozimki, shijoatli olim Yevropa va Osiyoning 30dan ortiq mamlakatlariga sayohat qilib, u yerdagi ta’lim tizimi, tarixi, madaniyati va urf-odatlari bilan tanishishga muvaffaq bo‘lgan.



Muhammadabbos Irisqulov olim, tilshunos, rahbar bo‘lishdan tashqari musiqaga ham bolalikdan mehr qo‘ygan. Ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida tahsil olganligi sababli musiqa asboblarini ham chalishga qiziqadi.



Olimning alohida ta’kidlanishi joiz bo‘lgan jihatlaridan yana biri shundaki, u shaxsiy hayotda oilaparvar turmush o‘rtoq, mehribon ota va g‘amxo‘r bobo bo‘ldi. U turmush o‘rtog‘i Halima Irisqulovani hayotda erishgan yutuqlarining kaliti deb hisoblaydi. Ularning 3 nafar farzandi Indira, Nodira va Diyora – oliy ma’lumotli, hayotda muvaffaqiyatga erishgan va oilaparvar ayollardir. M. Irisqulovning 6 ta: Fayzulla, Fatxulla, Murod, Firdavs, Malika va Bonu ismli nabiralari bor. Ahamiyatli jihati shundaki, nabiralari ham bobosi izidan bormoqda. Hozirgi kunda olimning nabirasi Fatxulla Irisqulov Toshkentda ochilgan Kanada xalqaro maktabida direktor lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.



         



Muhammadabbos Irisqulov o‘z kasbiy faoliyati davomida 100 dan ortiq magistr va aspirantlarga ilmiy rahbarlik qildi. Ayni damda tayanch doktoranturaning 2-bosqichida tahsil olayotgan shogirdi Subhonova Anora Akmal qiziga ilmiy rahbarlik qilmoqda. Ular birgalikda Maktabgacha ta’limda ingliz tili og‘zaki nutqini shakllantirish masalalari bo‘yicha ilmiy ish olib borishmoqda. Bundan tashqari, Urganch davlat universiteti chet tillari fakulteti o’qituvchisi Masharipova Leninzaning “O’zbek va AQSh madaniyatlarining qiyosiy tahlili” mavzusidagi PhD tadqiqot ishlariga rahbarlik qilmoqda.



G‘ayratli va tinim bilmas olim hozirgi kungacha 20 dan ortiq kitoblar, 10 dan ortiq tarjima kitoblar va 100 ga yaqin maqolalar muallifidir. 2023-yil 11-fevral kuni Muhammadabbos Irisqulov tavalludining 85 yillik yubileyi O‘zbekiston davat jahon tillari universitetida tantanali nishonlandi. “Daraxt bir joyda ko‘karadi” deganlaridek,                      M. Irisqulov 60 yil davomida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ishladi va hatto hozirgi kunda ham yoshlar kabi yangiliklarga intilgan holda o‘z kasbiy faoliyatini yuritib kelmoqda.