Xoʻjamurod Jabborov 1954-yilning14-aprelida Chiroqchi tumanidagi Taragʻay qishlogʻida oddiy ishchi oilasida tavallud topgan.
1971-yilda Qarshi Davlat pedagogika institutining Tarix-filologiya fakultetida oʻqishga kirib, mazkur institutni 1975-yilda tamomlagan va oʻzbek tili va adabiyot oʻkituvchi mutaxassisligini olgan. 1981-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutiga kirib, 1986-yilda mazkur institutni gidromelioratsiya ixtisosligi boʻyicha injener-gidrotexnik mutaxassisligi sohibi boʻlgan.
Mehnat faoliyatini 1975- yilda Qarshi shahridagi 42-hunar texnika bilim yurtida ona tili va adabiyot oʻqituvchisi sifatida boshlagan. 1975-1976-yillarda harbiy xizmatda boʻlgan. 1977-1980-yillarda Qarshi shahar 42-hunar texnika bilim yurtida oʻqituvchi, komsomol sekretari, 1980-1984-yillari Qashqadaryo viloyati komsomol qoʻmitasida lektorlar guruhi boshligi, 1984-1987-yillari Koson tumani komsomol qoʻmitasining birinchi kotibi lavozimda faoliyat koʻrsatgan. 1987-1988-yillar viloyat kasaba uyushmasi tashkiliy ishlar boʻlimi mudiri vazifasida ishlagan.
1988-1993-yillar Qarshi davlat universiteti oʻzbek tilshunosligi kafedrasining oʻqituvchisi, U bu davrda , ya’ni 1991 yilning yanvar-mart oylarida Moskva shahrida sobiq SSSR Fanlar Akademiyasining uch oylik Turkologiya va Mongolistika boʻlimida mustaqil tadqiqotchi sifatida akademik Edgem Rahimovich Tenishev ilmiy maslahatchiligida tadqiqot ishlari olib bordi. 1993-2002-yillarda katta oʻqituvchisi. 1996-1998-yillarda “Oʻzbek filologiyasi” fakulteti oʻquv ishlari boʻyicha dekan oʻrinbosari, 2002-2004-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasi mudiri vazifasini bajaruvchi, 2004-2007-yillarda oʻzbek tilshunoslign kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi. 2007-2009-yildan boshlab oʻzbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti. 2009-2015 yillar oʻzbek tilshunosligi kafedrasining mudiri, 2015-yildan 2017-yilgacha kafedra dotsenti, 2017-yilning martidan boshlab oʻzbek tilshunosligi kafedrasida professor lavozimida ishlab kelmoqda.
X.Jabborov 1996-yili Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Tilshunoslik institutida “Oʻzbek tilining sugʻorish leksikasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya kilgan. U 2017-yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Oʻzbek tilining dehqonchilik leksikasi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 2022-yilda professor ilmiy unvoniga sazovor boʻldi.
Ilmiy tadqiqot ishlarining natijasida 220 dan ortik, ilmiy, ilmiy-ommabop mavzularda kitoblar va maqolalar nashr ettirgan. Ularning 4 tasi monografiya, 2 tasi oʻquv-uslubiy qoʻllanma, 2 tasi oʻquv qoʻllanma, 2 ta izohli lugʻat, 90 tasi ilmiy maqola, 27 ta ilmiy maqolasi xorijiy mamlakatlarda chop etilgan. 2020-yilda Turkiya davlatida chiqarilgan “Turk dunyosi turkologlari” ilmiy toʻplamida tarjimai holi va nashr ettirgan kitob va maqolalari bibliografiyasi bilan e’tirof etildi.
X.Jabborov oʻz ilmiy-pedagogik faoliyati davomida oʻzbek tilini milliy tabiatidan kelib chiqqan holda zamonaviy usullarda tadqiq etish, ona tilini rivojlantirish, ta’lim oluvchilarda kommunikativ kompetentlikni oshirish, maktablarda ona tili oʻqitish muammolari, umuman, mamlakatimizda til siyosati borasida olib borilayotgan islohotlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Uning muallifligida 4 ta monografiya (“Oʻzbek tilining sugʻorish leksikasi”. Qarshi. Nasaf. 2004. 155 bet, “Oʻzbek tilida suv leksemasining lugʻaviy-ma’noviy xususiyatlari”. Qarshi. Nasaf, 2005. 156 bet, “Oʻzbek tilining dehqonchilik leksikasi” Toshkent. Fan, 2011. 150 bet, “Земледельская лексика узбекского языка” LAP LAMBERT Akademic Publishing RU, ISBN: 978-620-4-98424-7, 2022), 2 ta oʻquv qoʻllanma (“Tilshunoslikka kirish”, 2022; “Ona tili (akademik litseylarning И bosqich oʻquvchilari uchun )”, 2022), 2 ta oʻquv lugʻat: “Dehqonchilik soʻzlarining qisqacha izohli lugʻati”, 2016, Uning “Oʻzbek tili dehqonchilik soʻzlarining qisqacha izohli lugʻati”, “Qishloq xoʻjalik terminlarining qisqacha izohli lugʻat”lari mutaxassislarning ta’kidlashicha oʻzbek leksikografiyasiga qoʻshilgan munosib hissa boʻldi.
2021-yilda X. Jabborovning “Qishloq xoʻjalik terminlarining qisqacha izohli” lugʻati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta ta’lim vazirligi tomonidan oliy ta’lim muassasalarining professor-oʻqituvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Ona tili – millat gʻururi” ilmiy-ijodiy ishlar respublika tanlovining ”Eng yaxshi oʻquv va atamalar lugʻati” yoʻnalishida 1-oʻrinni egallaganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta ta’lim vazirligining 1 darajali diplom va pul mukofoti bilan taqdirlangan.
X.Jabborovning bevosita rahbarligi va ma’sul muharrirligida talabalar lugʻatlar tuzib kitob holida nashr ettirdi: 1. Absoatov D. 3-kurs talabasi Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asaridagi antroponimlar (qisqacha lugʻat) (Qarshi: Qarshi davlat universiteti bosmaxonasi. 2019. 7, 05 b. t.), 2. Kenjayeva Z. Oʻzbek xotin-qizlar ismlarining qisqacha izohli lugʻati (Qarshi: Qarshi davlat universiteti bosmaxonasi. 2019. 4, 64 b. t).
X.Jabborov zamonaviy pedagogik va elektron texnologiyalardan, shuningdek, elektron ta’lim resurslaridan samarali foydalangan holda 5120100 – Filologiya va tillarni oʻqitish (oʻzbek tili) ta’lim yoʻnalishi talabalariga “Davlat tilida ish yuritish”, “Oʻzbek terminologiyasi” va “Oʻzbek leksikografiyasi” 60230700 – Amaliy filologiya ta’lim yoʻnalishi talabalariga “Davlat tilida ish yuritish”, 70230101 – Lingvistika (oʻzbek tili) magistratura mutaxassisligi talabalariga “Matn tilshunosligi” “Oʻzbek adabiy tili tarixi”, “Tilshunoslikka kirish, “Turkiy filologiyaga kirish”, “Tarixiy grammatika”, “Qadimgi turkiy til” kabi fanlardan saboq berib kelmoqda. Magistratura mutaxassisligi boʻyicha “Matn tilshunosligi”, bakalavr ta’lim yunalishida “Qadimgi turkiy til”, “Oʻzbek terminologiyasi”, “Davlat tilida ish yuritish”, “Oʻzbek terminologiyasi va leksikografiyasi” kabi fanlarning oʻquv va ishchi dasturlarini ishlab chiqqan.
U talabalarga oʻzbek tili, til ilmining murakkab tomonlarini oʻrgatishda doimo koʻmakdosh. Universitetdagi barcha jamoat ishlarida faol qatnashib keladi.U jamoa orasida katta hurmatga ega, toʻgʻri soʻz, ma’suliyatli, talabchan, kasbdoshlariga nisbatan mehribon va gʻamxoʻr domla sifatida obroʻ-e’tiborga ega.
X.Jabborov ilmiy-pedagogik mahoratini oshirish maqsadida bir qancha xorijiy va respublika ilmiy-amaliy anjumanlarida ma’ruzalar bilan ishtirok etgan. Amerika, Sankt-Peterburg, Moskva, Boku, Toshkent, Andijon, Samarqand, Navoiy, Fargʻona va boshqa shaharlarda oʻtkazilgan ilmiy-nazariy konferensiyalarda oʻzining ilmiy maqolalari va ma’ruzalari bilan qatnashgan. Jumladan, olimning “Ona tilim-jonu dilim”, “Tilimizning sofligini saqlaylik”, “Hayrov nima?”, “Kat nima degani?”, “Soʻzlarni toʻgʻri qoʻllaylik”, “Taragʻaymi, Toʻragʻaymi?” kabi maqolalari dolzarb mavzularga bagʻishlanganligi bilan alohida ajralib turadi.
Xorijiy va respublika ilmiy jurnallarida maqolalari bilan chiqish qilgan, oʻquv va uslubiy qoʻllanmalari amaliyotda keng joriy qilingan. U talabalarda aqliy jarayonlarni faollashtirish va ularda kreativ yondashuvni amalga oshirish uchun oʻz mashgʻulotlarida zamonaviy pedagogik texnologiyalarning interfaol usullaridan, ya’ni modellashtirish texnologiyasi, aqliy hujum, muammoli savollar, bahs-munozara metodlaridan keng foydalanmoqda. Talabalarning mustaqil ravishda ijodiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, ularni haqqoniy (obyektiv) boʻlishga oʻrgatish hamda ularda nazariya va amaliyotni uzviy bogʻlay olish koʻnikmalarini shakllantirish uchun seminar va amaliy mashgʻulotlarda yelpigʻich, tarmoqlar, keys stadi metodlaridan foydalanib kelmoqda. Darslarni ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida zamon ruhi, milliy istiqlol gʻoyasi tamoyillari bilan uygʻun bogʻlagan holda yuksak saviyada oʻtadi.
U xalqaro va respublika ilmiy-nazariy konferensiyalarning faol qatnashchisi va ma’ruzachisi: 2018-yildagi Qarshi shahrida oʻtkazilgan “Oʻzbek tilshunosligi – XXI asrda” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani, 2018-yil 11-12-maydagi Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Jahon Turkologiyasida oʻzbek tilining oʻrni va xalqaro hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy anjumani ishtirokchisi va ma’ruzachisi sifatida qatnashgan. 2018-yil 5-6-aprel – Qashqadaryo viloyatning Chiroqchi tumanidagi Taragʻay qishlogʻida Oʻzbekiston Respublikasi “Press klub” i tomonidan uyushtirilgan Amir Temur tavalludining 682 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Amir Temur qadamjolari boʻylab” tadbiri qatnashchisi, 2018-yil 8-aprel - Qashqadaryo viloyat televideniyasida “Taragʻay soʻzining ma’nosini bilasizmi“ mavzusidagi eshittirish ma’ruzachisi va qatnashchisi, 2018-yil 18-oktabr – Qarshi shahar televideniyasida oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berilganligiga 27 yilligi munosabati bilan “Xalq bilan ochiq muloqot” koʻrsatuvi ishtirokchisi, 2018-yil 11-14-oktabr – “Turkiy onomastika: ibtidosidan hozirgi kungacha” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ma’ruzachisi va ishtirokchisi. 2018-yil 8-11-noyabr – Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Mahmud Zamaxshariy, Mahmud Koshgʻariy, Alisher Navoiyning lingvistik merosi hamda uning turkiy tillarni oʻrganishdagi oʻrni” mavzusidagi Xalqaro Ilmiy konferensiyasi ishtirokchisi va ma’ruzachisi, 2018-yil 21-dekabr – Toshkentdagi “Devonu lugʻoti-t-turk - turkiy xalqlarning noyob yozma yodgorligi” mavzusidagi Xalqaro ilmiy anjuman ishtirokchisi va ma’ruzachisi, 2018-yil 16-dekabr – Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasi tomonidan Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar” xiyobonida uyushtirilgan “A.Oripov maktabi” oʻquvchilari bilan suhbat tadbiri ishtirokchisi. Ushbu eshittirish teleradiokompaniya tomonidan 5 marta televizor ekranlarida koʻrsatildi. 2021-yil 23-25-noyabr kunlari Navoiy shahrida oʻtkazilgan “Alisher Navoiy ijodiy merosining ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarida ishtirokchi va ma’ruzachi sifatida qatnashgan.
X.Jabborov 2017 yil 7-noyabr oyidan buyon Qarshi davlat universiteti oʻzbek tilshunosligi kafedrasi professor sifatida kafedrada ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Kafedra ilmiy salohiyatini oshirish, mustaqil izlanuvchilar, magistr va iqtidorli talabalarga ilmiy ishlarini tashkil qilishda yaqindan yordam berib kelmoqda. Bevosita uning kafedra mudirligi davrida (2009-2015-yillar) fakultet iqtidorli talabalaridan 2009-yilda Sh.Islomova, 2015-yilda B.Sulaymonov kabi talabalar Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohiblari boʻlishgan. 2017-yildan buyon kafedra qoshida tashkil etilgan ilmiy seminar raisi sifatida faol xizmat qilib kelmoqda. Uning bevosita ishtirokida xoʻjalik shartnomalari asosida mablagʻ topish ham yoʻlga qoʻyilgan.
Fakultet professor-oʻqituvchilari bilan birgalikda muntazam talabalar turar joylarida, universitet miqyosida talabalar bilan odob-axloq, milliy qadriyatlar, ota-ona hurmati, oiladagi mehr-oqibat, doʻstlar va Vatanga sadoqat mavzularida davra suhbatlari oʻtkazib keladi, olim boʻlib yetishishi uchun inson uchun zarur boʻlgan barcha insoniy fazilatlar haqida gapirib beradi, yoshlarni faqat komillikka yetaklash yoʻlida turli pand-nasihatlari bilan oʻrnak boʻluvchi ma’ruzalar qiladi. Shuningdek, ushbu tadbirlarda u oʻz vatanimizda yetishib chiqqan va shu zaminda ijod qilgan, buyuk alloma va mutafakkirlar, sarkarda va davlat arboblarining dunyo fani taraqqiyoti va davlat boshqaruvi rivojlanishiga qoʻshgan yuksak merosi haqida mazmunli ma’ruzala oʻqiydi. Oʻzbek tilshunosligi kafedrasi professori X. Jabborov fakultetda oʻtkaziladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlarda faol qatnashib kelmoqda.
Uning rahbarligida ayni paytga qadar 1 ta filologiya fanlari doktori, 4 ta filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, 10 ta magistrlik dissertatsiyasi himoya qilingan: Begimov Odil Toʻxtameshovich. “Janubiy Oʻzbekiston oronimlarining tarixiy-lisoniy tadqiqi” doktorlik, Moʻminova Nilufar Abdirahmonovna “Temuriylar davri antroponimiyasining leksik-semantik xususiyatlari”, Rajabov Feruz Umarqulovich “Zahiriddin Muhammad Bobur asarlaridagi onomastik birliklarning leksik-semantik va lingvopoetik xususiyatlari”. Ibrohimova Dilshoda Toʻrayevna “Ingliz va oʻzbek tillarida antroponimik birliklarning lingvistik xususiyatlari”, Saydullayeva Ra’no Ibadovna. “Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asari onomastikasi” mavzularida ilmiy tadqiqot ishlari olib borib, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga muvaffaq boʻlishdi.
Ayni paytda 3ta filologiya fanlari doktori va 4 ta filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori dissertatsiyalariga rahbarlik qilmoqda: Ergasheva Ra’no Toʻrayevna, Nafasova Vazira Toʻrayevna, Kenjayeva Sabohatlar doktorlik; 3ta falsafa doktori Saidova Zuhra, Omonova Maxfurat Berdimurodov Adham Musurmonovich, Joʻrayeva Yulduzlar esa oʻz dissertatsiyalari ustida ish olib borishmoqda
X.Jabborov oliy ta’lim va oliy oʻquv yurtidan keyingi ta’lim tizimidagi attestatsiya jarayonida faol ishtirok etib kelmoqda. U jamoatchilik asosida bir qancha vazifalarni bajarib keldi va bajarmoqda:
Oʻz ixtisosligi boʻyicha 1 ta Ilmiy kengash raisining oʻrinbosari, ya’ni Qarshi davlat universiteti huzuridagi filologiya fanlari boʻyicha ilmiy daraja beruvchi DSc.03/30.12.2021.Фил.70.01 raqamli ilmiy kengash raisi oʻrinbosari, Qarshi davlat universiteti huzuridagi filologiya fanlari boʻyicha ilmiy daraja beruvchi DSc.03/30.12.2021.Фил.70.02 raqamli ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar raisi, Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.30.12.2021.Фил.70.01. raqamli ilmiy kengash a’zosi va shu universitet huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Фил.02.03 raqamli ilmiy kengash qoshidagi Ilmiy seminar rais oʻrinbosari vazifalarini sidqidildan bajarib kelmoqda.
Shuningdek, X. Jabborov kafedra professor-oʻqituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar va magistrlarning “Oʻzbek onomastikasining dolzarb mummmolari”, “Milliy lugʻatchilikning nazariy va amaliy masalalari” mavzularidagi doimiy faoliyat yurituvchi seminarning faol a’zosi hamdir.
X.Jabborov Samarqand davlat universitetining “Til Ta’lim tarjima” Xalqaro ilmiy maslahat kengashi a’zosi hamda Qashqadaryo viloyatida nashr etilayotgan “Sohibqiron yulduzi” ijtimoiy-tarixiy, ilmiy va ommabop jurnalining tahrir hay’ati a’zosidir.
Fakultetdagi “Ta’lim sifati” komissiyasining a’zosi sifatida jamoatchilik ishlari bilan kafedra, fakultet va universitetning ma’naviy-ma’rifiy hayotiga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.
X.Jabborov 2022-yilning 16-iyul sanasida Qashqadaryo viloyati xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori asosida amalga oshirilayotgan ishlarda NNT va FJBI faol ishtirokini ta’minlash” mavzuida davlat grantlari 3-tanlovi “Qashqadaryo viloyatida uch avlod orasidagi ma’naviy va ijtimoiy aloqalarni, avlodlar oʻrtasida vorisiylikni kuchaytirishda fuqarolik institutlari faoliyatini takomillashtirish” nominatsiyasi boʻyicha Viloyat tatar-boshqirdlarning milliy madaniy markazi “Qashqadaryo viloyatida uch avlod orasidagi ma’naviy va ijtimoiy aloqalarni, avlodlar oʻrtasida vorisiylikni maxsus ma’naviy-ma’rifiy risola chiqarish orqali kuchaytirish” loyihasida (2021-yil 7-dekabrdagi 21-11/3t-11-sonli davlat granti ajratish toʻgʻrisidagi shartnoma) konsultant va tarjimon sifatida eshtirok etgan.
Oilali, 7 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan mehribon va gʻamxoʻr ota hamdir. Farzandlarining 7 nafari oliy ma’lumotli, shundan 1 tasi tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, 1 nafari doktorant. 5 nafari magistraturani a’lo baholar bilan tugatib, ishlab chiqarishning turli jabhalarida samarali faoliyat olib borishmoqda