B.S.Kamilov Toshkent viloyati Qibray tumani 1950-yil 21-avgustida xizmatchi oilasida tugʻilgan. Oliy ma’lumotli, 1972-yili Toshkent Davlat Universitetining Biologiya-tuproqshunoslik fakultetini tuproqshunos-agroximik ixtisosligi boʻyicha tamomlagan. 1974-yilda harbiy xizmatni oʻtagandan keyin Paxtachilik (sobiq SoyuzNIXI) ilmiy tadqiqot institutida akad.S.N.Rijov rahbarligidagi “Tuproqlar va oʻsimliklar suv rejimi” laboratoriyasida ilmiy faoliyatini boshlagan.
U mazkur institutda laborant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, ilmiy kotib, laboratoriya mudiri lavozimlarida samarali mehnat qilgan. 1975-1988-yillarda Markaziy Fargʻona yerlarini oʻzlashtirish, unumdorligini saqlash, agromeliorativ holatini yaxshilash, gʻoʻza va unga izdosh ekrinlarni hosildorligini oshirish maqsadida akademik Q.Mirzajonov rahbarligida tashkil etilgan ekspeditsiyada ilmiy xodim boʻlib dala ilmiy tajribalarini olib borgan.
Koʻp yillik ilmiy izlanishlari natijasida, taniqli olimlar akademik Q.Mirzajonov hamda q.x.f.n. N.I.Zimina ilmiy rahbarligida “Melioratsiya va sugʻorma dehqonchilik” ixtisosligi boʻyicha (1987 y) qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi ilmiy darajani olgan. Shuningdek, olimning uzoq yillarda olib borgan serqirra ilmiy, amaliy va pedagogik faoliyatlari natijasida unga katta ilmiy xodim (1992y) hamda professor (2023y) ilmiy unvoni berilgan.
B.S.Kamilovning ilmiy faoliyati, Respublikaning turli tuproq-iqlim sharoitlarida gʻoʻza, gʻalla va takroriy ekinlarni parvarishlash texnologiyasi, tuproqlarning morfologiyasi, agrofizikaviy, suvfizikaviy, agrokimyoviy xossalari, meliorativ xolati, ularni yaxshilash, oʻsimlikni suv bilan samarali ta’minlash yoʻllari, sugʻorishning maqbul muddatlari, me’yorlari, sugʻorish texnikasi elementlarini baholash va boshqa shu kabi bir qator agrotexnologik jarayonlarni oʻrganish hamda ishlab chiqarishga ilmiy asoslangan takliflar va tavsiyalarni taqdim etib borish masalari bilan chambarchas bogʻliq.
Olimning koʻp yillik ilmiy amaliy faoliyati natijasida 150dan ziyod ilmiy asarlari, shu jumladan monografiyalari 2ta, darsliklari 2ta, oʻquv qoʻllanmalari 2ta hamda koʻplab tavsiyalari va ilmiy maqolalari mahalliy va xorijiy rasmiy nashrlarda chop etilgan.
Shuningdek, B.S.Kamilovning ilmiy rahbarligida 4 nafar yosh olimlar qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi ilmiy darajasini olganlar, 10dan ziyod magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan.