Olim

MAXMARAIMOVA SHOXISTA TUXTASHEVNA

Filologiya fanlari doktori, professor

Mahmaraimova Shohista To‘xtashevna 1976-yilda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilgan.



1993-1998-yillarda Toshkentdagi P.P.Benkov nomidagi Respublika rassomchilik bilim yurtida “Rang-tasvir” yo‘nalishida ta’lim olgan va uni rassom-pedagog ixtisosligi bo‘yicha bitirgan.



1998-2000-yillarda “Jarqo‘rg‘on” gazetasida to‘liq shtatli muxbir vazifasida faoliyat yuritgan.



2000-2006-yillarda Termiz davlat universiteti filologiya fakulteti o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida tahsil olgan.



2006-yildan 2016-yilga qadar Termiz davlat universiteti Boshlang‘ich ta’lim metodikasi kafedrasida katta o‘qituvchi vazifasida ishlagan. Hozirda Termiz davlat universitetining O‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori vazifasida ishlab kelmoqda.



1990-yilda Qrimda “Yer – umumiy uyimiz” nomli mavzuda o‘tkazilgan ijodiy tanlov g‘olibi.



1991-yilda tasviriy san’at bo‘yicha ijod namunalari bilan Italiyaning Polermo shahrida o‘tkazilgan bolalar xayriya auksionida muvaffaqiyatli ishtirok etgan.



2000-yil 6-martda O‘zbekiston Respublikasi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureati.



2002-yilda Zomindagi ijodkor yoshlar Respublika 6-an’anaviy anjumanining nasr va adabiy tanqidchilik yo‘nalishi bo‘yicha g‘olibi.



2002-yilda Navoiy nomidagi davlat stipendiati.



2007-yilda Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha g‘olibi.



2004-yilda Termiz davlat universiteti Filologiya fakultetining o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limining bakalavriat bosqichini, 2006-yilda shu universitetning magistratura bo‘limi 5A120102-Lingvistika (o‘zbek tili) yo‘nalishini lingvistika ixtisosligi bo‘yicha tugatgan.



Maxmaraimova Shoxista Tuxtashevna 2018-yil 17-noyabrda O‘zbekiston Qarshi davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.30.05.2018.Fil.70.01 raqamli Ilmiy Kengashda 10.00.01 – O‘zbek tili ixtisosligi bo‘yicha “Olamning milliy lisoniy tasvirida teomorfik metaforaning kognitiv aspekti” mavzusidagi falsafa doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.



Maxmaraimova Shoxista Tuxtashevna 2020-yil 2-dekabrda Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi  DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03 raqamli Ilmiy Kengashda 10.00.01 – O‘zbek tili ixtisosligi bo‘yicha “O‘zbek tili metaforalarining antropotsentrik tadqiqi (nominativ aspekt)” mavzusidagi filologiya fanlari doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Mazkur  tadqiqotlar metaforaning olam ilmiy manzarasidagi o‘rni va o‘zbek tilida terminlar  hosil  bo‘lishining  metaforik  omilini  freym-tahlil  usulida  tekshirish,  termin-metaforalarning terminologik  tizimdagi  konseptual    asosini  ochib  berish; metaforani  til  korpusi  uchun  semantik  razmetkalashning leksik  birliklarini  qidirish  va  umumiy  saralash  usulini kontekstual  aloqadorlik  tamoyili  asosida  yoritish;  o‘zbek siyosiy-ijtimoiy,  publitsistik,  badiiy,  ilmiy  diskurslari misolida  metaforadagi  nominativ  xossaning  inson  kognitiv strukturasi  bilan  uzviy  bog‘liqligini  neyrolingvistik usulda  asoslash;  metaforaning  antropotsentrik  tabiatini tabiiy  va  sun’iy  intellektning  axborotni  qayta  ishlash qobiliyatini  zidlash  usuli  asosida  isbotlash;  o‘zbek tilshunosligida yangi leksik-semantik sath – metaforologiyani o‘z  tadqiq  obyektiga  ega    mustaqil  soha  sifatida  e’tirof etishga doir masalalarni qamraydi.



2023-yilda Maxmaraimova Shoxista Tuxtashevnaga Termiz davlat universiteti Kengashining tavsiyasiga ko‘ra professor ilmiy unvoni berildi.



Sh.Maxmaraimovaning tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari va ularning dolzarb masalalariga doir darslik, o‘quv qo‘llanmalari, monografiyalari, izohli lug‘atlari, ona tilini o‘qitishning modulli texnologiyasiga bag‘ishlangan uslubiy qo‘llanmalari chet el va respublika nashriyotlarida, tadqiqot ishiga oid 100 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari xalqaro indeksatsiyalangan ilmiy jurnallar tizimlarida (Web of Science, Scopus), xususan, Rossiya, Angliya, AQSh, Chexiya, Qozog‘iston, Hindiston, BAA davlatlarida,  shuningdek, respublika ilmiy jurnallari va konferensiyalar to‘plamlarida chop etilgan. Korpus lingvistikasi, interaktiv elektron darsliklari O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining guvohnomalari bilan tasdiqlangan. 1 ta darslik, 2  ta  o‘quv  qo‘llanma,  4  ta  monografiya,  1  ta  elektron darslik (hammualliflikda), 1 ta konseptual lug‘at, 1 ta ilmiy risola,  1  ta  biografik  kitob,  uslubiy  qo‘llanmalar,  100  ga yaqin  ilmiy  maqola,  50  dan  ortiq  ijtimoiy-maishiy,  siyosiy mavzudagi  maqolalar,  qator  feletonlar,  hikoyalar, tarjimalar  muallifi.



Bugungi kunda magistratura bosqichi 5A120102-Lingvistika (o‘zbek tili) yo‘nalishi talabalarining magistrlik hamda 10.00.01-O‘zbek tili ixtisosligi, shuningdek, 10.00.06-Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligidan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlanayotgan tadqiqot ishlariga rahbarlik qilib kelmoqda. Bugungi kunga qadar uning rahbarligida 5 nafar falsafa doktori o‘z dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar.



Maxmaraimova Shoxista Tuxtashevna 2019-yildan o‘zbek tilshunosligi kafedrasi qoshida seminarlar tashkil etib, yosh o‘qituvchilar va talabalarni ilm-fan yangiliklari bilan muntazam tanishtirib borishda faollik ko‘rsatib kelmoqda.



Muntazam ravishda professor-o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan monografiya, o‘quv-qo‘llanma, o‘quv-uslubiy qo‘llanma va ishchi-o‘quv dasturlariga hamda talabalar tomonidan tayyorlangan bitiruv malakaviy ishlari, magistrlik dissertatsiyalariga, falsafa doktori avtoreferatlariga o‘z taqrizlarini berib kelmoqda.



2019-yildan o‘z pedagogik faoliyatini Termiz davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi katta o‘qituvchisi vazifasida davom ettirayotgan Shohista Maxmaraimova kafedra va fakultetda faoliyat yuritib kelayotgan yosh ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik faoliyatiga ko‘maklashib kelmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-maydagi PF-4997-sonli «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30-yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi 2019-yil 4-oktyabrdagi Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqyeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni va 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasiga bog‘liq tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.  



Maxmaraimova Shoxista Tuxtashevna 2023-yili 3-8-yanvar kunlari Hindistonda o‘tkazilgan ASIAN society for academic researchning “Linguistics and English Literature Linguistics” mavzusidagi konferensiyada ma’ruza qildi hamda 22-29-aprel kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkazilgan SAARD international conference (Dubai, april, 2023) tomonidan o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ham ma’ruza qildi.



Maxmaraimova Shoxista Tuxtashevna 2021-yili tashkil etilgan Termiz davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD. 03/31.03.2021.fil.78.04 raqamli ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar raisi sifatida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, Samarqand davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash a’zosi hisoblanadi.



Mazkur sohadagi 17 yillik ilmiy-pedagoglik faoliyatida ustoz-shogird mezoniga amal qilib, fanlarni o‘tishda yangi pedagogik texnologiyalar va so‘ngi ilm-fan yangiliklarini joriy etishga harakat qilib kelmoqda.