Olim

MATYAKUBOVA PARAXAT MAYLIYEVNA

Texnika fanlari doktori, professor

Texnika fanlari doktori, professor Matyakubova Paraxat Mayliyevna 1961-yilda Xorazm viloyati, Urganch shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. Millati oʻzbek. 1985- yil Toshkent elektrotexnika aloqa institutini “Avtomatik elektr aloqa” ixtisosligi boʻyicha tamomlagan.



Mehnat faoliyatini 1983-yilda Xorazm viloyati Urganch shahar Aloqa boʻlimi muhandisi lavozimida boshlagan. 1991-yildan Urganch davlat universitetida katta oʻqituvchi va dotsent, keyinchalik, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filialida dotsent, ilmiy kotib lavozimlarida mehnat qilgan. 2010-yil Toshkent davlat texnika universiteti dotsenti, 2012-yildan mazkur ta’lim muassasasining professori, 2013-yildan kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.



N.R.Yusupbekov rahbarligida Toshkent Davlat Texnika universiteti (TDTU) “Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish” kafedrasiga aspiranturaga kirib oʻz ilmiy izlanishlarini olib bora boshladi va 2000-yil texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun 05.11.13 – “Tabiiy muhit, moddalar, materiallar va mahsulotlarni nazorat qilish asboblari va usullari” ixtisosligi boʻyicha “Don mahsulotlarini elektrofizik parametrlarini nazorat qilish tizimlarini aniqlik tavsiflarini yaxshilash” mavzusida dissertatsiya ishini himoya qilgan. 2009-yilda esa texnika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun 05.11.13 – “Tabiiy muhit, moddalar, materiallar va mahsulotlarni nazorat qilish asboblari va usullari” ixtisosligi boʻyicha “Don mahsulotlarini namlik-issiqlik bilan qayta ishlashda parametrlarni nazorat qilish usullari va texnik vositalari” mavzusida dissertatsiya ishini himoya qilgan.



P.Matyakubova rahbarligida Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Kanada, Belorussiya, Ukraina, Latviya, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Fransiya, Qozogʻiston va Turkiya davlatlarida oliy ta’lim muassasalari bilan memorandum tuzilgan boʻlib, anjuman simpozum tanlovlarda muntazam ishtirok etib, chet ellik olimlar bilan hamkorlikda oʻquv – uslubiy majmualar tayyorlanmoqda. Oliy oʻquv yurtlarida ta’lim tizimini takomillashtirishga moʻljallangan xalqaro loyihalarda, jumladan, AQSH professor-oʻqituvchilari almashinuvi yuzasidan  “Fulbright” loyihasida ishtirok etgan. Birqancha xalqaro tashkilotlar a’zosi, Jumladan, Amerika Qoʻshma Shtatlarining “Akkreditatsiya va sertifikatlashtirish boʻyicha E36 qoʻmitasi” faol a’zosi sanaladi.

P.M.Matyakubova pedagogika, ilm-fan sohasidagi xizmatlari uchun 2019-yilda “Doʻstlik ordeni” bilan mukofatlangan.

Paraxat Matyakubova Janubiy Koreya Respublikasida oʻtkazilgan “КIWIE - 2018”, “КIWIE - 2019”, “КIWIE - 2021”, “КIWIE - 2022” larda muntazam Oʻzbekiston Respublikasi ixtirochi ayollari nomidan oʻz ixtirolari bilan ishtirok etib 4 karra oltin medal sohibi va 2021-yilda grand-pri sohibasiga aylandi.



P.M.Matyakubova Kanada davlatining Toronto shahrida IV Xalqaro ixtirochilar innovatsion koʻrik-tanlovi - “The 4th International Invention Innovation competition in Сanada, ICAN 2019 Toronto Intenational Society of Innovation and Advanced Skills (TISIAS) ICAN 2019” ishtirok etib, Oltin medal sovrindori boʻlib “Yil mutaxassisi” deb tan olindi.



P.Matyakubova asbobsozlik, metrologiya, avtomatlashtirish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish boʻyicha 450 dan ziyod ilmiy va ilmiy uslubiy ishlarning muallifi (jumladan, 9ta monografiya, 11 ta darslik, 9 ta oʻquv qoʻllanma, 27 ta oʻquv uslubiy qoʻllanma, 10 ta patent, ilmiy jurnallarda 88 ta maqolalar va 115 ta ma’ruza tezislari) hisoblanadi. P.Matyakubova 10 dan ortiq davlat budjeti tomonidan moliyalashtirilgan ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalar rahbari, 160 dan ortiq bakalavriat bosqichi talabalarining bitiruv malakaviy ishlariga, 50 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilgan. Hozirgi kunda 10 nafar doktorantning ilmiy ishlariga rahbarlik qilmoqda. P.M.Matyakubova rahbarligida 2019-2022-yillarda 3 nafar shogirdi (Masharipov Sh.M., Boboyev Gʻ.Gʻ. va Kuluev R.R.) falsafa doktori (PhD) ilmiy unvonini olishdi.



Turon Fanlar Akademiyasining akademigi. 2022-yilda “Yilning eng faol olima ayoli” nominatsiyasi gʻolibi boʻlgan.



Oilali, uch farzandning onasi. 6 nafar nabiralarning suyukli buvijonisi, turmush oʻrtogʻi Avezov Ibadulla Xodjayevich xususiy tadbirkor, qizi Avezova Xurshida Ibadullayevna – Oʻzbekiston Milliy banki auditor boʻlimi mutaxassisi lavozimida ishlaydi, qizi Avezova Nazokat Ibadullayevna – Toshkent Davlat Texnika Universiteti 1-bosqich doktorant, oʻgʻli – Avezov Gʻulomjon Ibadullayevich Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi ofitseri, Hozirgi kunda Toshkent davlat texnika universiteti, “Metrologiya, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va sertifikatsiyalashtirish” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.