Olim

MAXMUDOVA GULJAXON NEMATJONOVNA

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Iqtisodiyot fanlari doktori Maxmudova Guljaxon Nematdjonovna 2019-yildan Oʻzbekiston Milliy universiteti “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi professori lavozimida ishlab kelmoqda.



U 1985-yilda Fargʻona viloyati Quva tumanida tugʻilgan. 1992-yilda Fargʻona shahridagi 13-sonli oʻrta maktabga 1-sinfga qabul qilingan. 1998-2000-yillarda esa FarPI qoshidagi 18- litsey internatida oʻqigan. 2000-yili Fargʻona politexnika instituti bakalavriaturasining “Moliya” yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilingan va 2004-yilda imtiyozli diplom bilan tugatgan. 2003-yilda “Ulugʻbek” nomidagi davlat stipendiati boʻlib, 2004-2006-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Davlat moliyasini boshqarish” mutaxassisligi boʻyicha magistraturasini tamomlagan. Soʻngra, 2006-2007-yillarda AT “Paxta bank” Fargʻona viloyat boshqarmasida 1-toifali mutaxassis, bosh mutaxassis lavozimlarida ishlagan. 2007-2010-yillarda Fargʻona davlat universitetining kunduzgi boʻlim aspiranturasida oʻqigan. 2010-yilning 24-dekabrida “Agrar sohani investitsiyalash samaradorligini oshirish yoʻnalishlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2018-yil 29-iyunda Toshkent moliya instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSs.27.06.2017.I.17.01 – raqamli ilmiy kengashda “Iqtisodiyotni modernizatsiyalash modellarining nazariy asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini (DSs.) muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2010-2014-yillarda Fargʻona politexnika instituti “Buxgalteriya hisobi va audit” kafedrasi assistenti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʻona filiali “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta oʻqituvchisi, dotsenti vazifasini bajaruvchisi, kafedra mudiri lavozimlarida ishlagan. 2014-2016-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti “Makroiqtisodiyot” kafedrasi katta ilmiy xodim-izlanuvchisi boʻlib, 2014-2015-yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Menejment va marketing” kafedrasi dotsenti lavozimida, 2015-2016-oʻquv yilida OʻzMU “Makroiqtisodiyot” kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchisi lavozimida oʻrindoshlik asosida, 2017-yildan OʻzMU “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi dotsenti va hozirda mazkur kafedra professori lavozimida ilmiy-pedagogik faoliyat yuritmoqda. Iqtisodiyot fakultetidagi ilmiy darajalar beruvchi Kengash va uning qoshidagi seminar a’zosi, fakultet ilmiy kengashi a’zosi, kafedraning innovatsion gʻoyalar va ularni tijoratlashtirish faoliyatida mas’ul sifatida faoliyat olib boradi.



G.Maxmudova oʻzining ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 140 ga yaqin ilmiy ishlar, jumladan, 6 ta monografiya, shundan 5 tasi xalqaro oxirgi 3-yilda, Raqamli iqtisodiyot fanidan darslik (2022-yil), Innovatsion iqtisodiyot fanidan oʻquv qoʻllanma (2021-yil), 10 ga yaqin oʻquv-uslubiy koʻrsatmalar nashr ettirgan. Uning 100 dan ortiq ilmiy maqolalari Oʻzbekiston, shu jumladan 40 dan ortigʻi MDH mamlakatlari va uzoq chet ellardagi nufuzli davriy ilmiy jurnallarda (8 tasi Scopus va Web of Science bazasida indeksatsiyalangan) chop etilgan.



G.Maxmudovaga 2019-yil 31-yanvarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasi tomonidan dotsentlik unvoni berildi. 2019-yil noyabr-dekabr oylarida Respublika “El-yurt umidi” jamgʻarmasining stipendiati boʻlib, “Raqamli iqtisodiyotga oʻtish sharoitida Davlat boshqaruvida axborot texnologiyalari» yoʻnalishida menejment mutaxassisligi boʻyicha Sankt-Peterburg Politexnika universitetida malaka oshirgan.



2022-yil dekabr oyida Oryol davlat universitetida “Zamonaviy loyihaviy menejment” yo‘nalishi, 2023-yil aprel oyida Sankt-Peterburg Politexnika universitetida “Sanoat iqtisodiyoti va innovatsiyalar”, iyun oyida Oryol davlat universitetida va may oyida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida muqobil tinglovchi sifatida o‘z malakasini oshirgan.



Ustoz Maxmudovaning yaratgan darslik va oʻquv qoʻllanmalaridan oliy ta’lim muassasalari oʻquv jarayonlarida keng foydalanilmoqda. Ular tayyorlagan darslik va oʻquv qoʻllanmalarda iqtisodiyot sohasiga ayni paytda zarur va talab yuqori boʻlgan sohaga oid mavzular yoritilgan. G.Maxmudova bakalavriatura bosqichi talabalariga “Raqamli iqtisodiyot” “Innovatsion iqtisodiyot”, “Iqtisodiyot nazariyasi”, “Makroiqtisodiy tahlil” fanlaridan, magistratura bosqichida esa “Davlat moliyasi” va “Korxonalarni rivojlantirish strategiyasi” kurslaridan ma’ruza va amaliy mashgʻulotlarni zamon talablari darajasida olib boradi.



U Toshkent, Samarqand, Fargʻona, Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Minsk  va boshqa shaharlarda raqamli iqtisodiyot, Sanoat 4.0 va raqamlashtirish jarayonidagi muammo va soha istiqbollari masalalariga bagʻishlangan qator xalqaro ilmiy anjumanlar, konferensiyalar, simpoziumlarning faol ishtirokchisidir.



 Bundan tashqari, qator ilmiy munozaralarda oʻz soʻziga ega olima ayol sifatida e’tirof qozonib kelmoqda.  “Oʻzbekiston 24” telekanalining “Taraqqiyot formulasi” koʻrsatuvida soʻnggi vaqtlarda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar borasida oʻtkazilgan davra suhbatida ekspert, 2022-yil 7-aprel kuni OʻzR Innovatsion rivojlanish vazirligida “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi ilm-fan va innovatsiyalar boʻyicha milliy ma’ruza”ni tayyorlash doirasida moliya sektori boʻyicha ekspert  sifatida ishtirok etgan.



 



Taniqli iqtisodchi olim, i.f.d., prof. G.Maxmudovaning ilmiy rahbarligida 1 doktorlik (DSc) va oʻnga yaqin magistrlik dissertatsiyasi himoya qilingan. Hozirgi vaqtda 5 nafar magistr, 2 ta tayanch doktorant dissertatsiyalari ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Kafedrada “Ustoz-shogird” tizimidagi ishlarni yaxshi yoʻlga qoʻyish barobarida, iqtidorli talabalar bilan samarali ishlar olib boradi. Buning natijasida  2018-yil 30-31-oktabr kunlari oʻtkazilgan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Respublika yosh olimlar kengashining “Respublika yosh olimlarining innovatsion loyihalari” grant tanlovida 3-bosqich iqtisodiyot yoʻnalishi talabalari ishtirok etdilar.



G.Maxmudovaning shogirdlari 2021-yil 20-fevralda Moskva Moliya universiteti tomonidan tashkil qilingan sugʻurta boʻyicha xalqaro olimpiadada esse mavzulari bilan ishtirok etib, faxrli oʻrinni egallashdi. 2022-yil 29-aprelda Buyuk Petr nomidagi Sankt-Peterburg politexnika universiteti tomonidan tashkil qilingan xalqaro tanlovda 1-bosqich magistranti muvaffaqiyatli ishtirok etdi va 2- darajali diplom bilan taqdirlandi.



Alohida qayd etish lozimki, 2022-yilning 6-iyunidan 13-iyuniga qadar Belarus Respublikasining Minsk shahrida boʻlib oʻtgan “Raqamli iqtisodiyot” boʻyicha oʻtkazilgan TIBO koʻrgazmasida va 8-iyun kuni Belarus Respublikasi Prezidenti huzuridagi boshqaruv Akademiyasida boʻlib oʻtgan Raqamli transformatsiyaning Belarus tajribasi boʻyicha seminar-treningda ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. G.Maxmudova. Rossiya, Belorussiya oliy oʻquv yurtlari bilan OʻzMU aloqalarini yanada kengaytirishga munosib hissa qoʻshmoqda.  



G.Maxmudova 2014-2016-yillarda “Iqtisodiyotni modernizatsiyalashning konseptual asoslarini takomillashtirish” fundamental loyihasida a’zo sifatida ishtirok etgan. Hozirda IL-432105796 “YEOII bozorlari raqobatbordoshligini oshirish sharoitida milliy iqtisodiyotni raqamli transformatsilashning ilmiy-metodologik asoslari” nomli  qoʻshma loyiha ishtirokchisi sifatida faol ish olib bormoqda.



Xalqaro RINS bazasiga kiritilgan Buyuk Petr nomidagi Sankt-Peterburg Politexnika Universitetining “π-Economy” va Voronej Davlat texnika universitetining “Organizator proizvodtsva” ilmiy jurnallari redkollegiyasiga a’zo sifatida ilmiy maqolalarga taqrizlar berib kelmoqda.  



2023-yil 27-30-aprel kunlari Buyuk Petr nomidagi Sankt-Peterburg politexnika universiteti (QS-reytingida 393-o‘rinda) Sanoat menejmenti, iqtisodiyoti va savdo instituti 3 – bosqich talabalariga “Zamonaviy sharoitda korxonalarda NBIC texnologiyalarini qo‘llash istiqbollari” mavzusida 12 soatlik ma’ruza mashg‘ulotlarini yuqori saviyada o‘tkazgan.



Pedagog olima – G.Maxmudova Respublikamizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, sohaga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etish, talaba yoshlarga zamonaviy bilim asoslarini oʻrgatish, ularni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi amaliy ishlar bilan mashgʻul boʻlib kelmoqda.



G.Maxmudova pedagogik faoliyat bilan birga, universitet, fakultet va kafedra ma’naviy-ma’rifiy ishlarida ham faol ishtirok etadi. Talabalar turar joylarida siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy mavzularda davra suhbatlari, savol-javob kechalarida qatnashadi. Jumladan, 2021-2022 o‘quv yilida G.Maxmudova O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarida ham faol ishtirok etgan: 2021-yil 27-sentyabr kuni “Ustoz va murabbiylar” kuniga va 2022 yil 25-26 mart kunlari “Navro‘z” bayramiga bag‘ishlab tashkil etilgan ayol professor-o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan shashka musobaqasida faol ishtirok etib, faxrli 3-o‘rinni egallab, universitet kasaba uyushmasining qimmatbaho sovg‘asi bilan taqdirlangan.



Fakultetda 4 mart kuni o‘tkazilgan “Fakultet malikasi” ko‘rik tanlovida jyuri sifatida qatnashib, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida savollar tayyorlagan. 2022 yil 5 aprel kuni Iqtisodiyot fakulteti o‘qituvchi-xodimlari va talaba qizlariga O‘zR Prezedentining “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 87-sonli Farmonining mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida “O‘zbekiston-ayol qadri ulug‘langan yurt” mavzusida ochiq ma’ruza va davra suhbati o‘tkazgan. 2022-2023 o‘quv yilida G.Maxmudova 2022 yil 2 noyabr kuni Kasaba uyushmalari tomonidan “Sport-salomatlik garovi” shiori ostida o‘tkazilgan musobaqaning Oliy ta’lim muassasalari Toshkent shahar bosqichida ayol professor-o‘qituvchilar o‘rtasida shaxmat musobaqasida faol ishtirok etib, “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyasida diplomga sazovor bo‘ldi.



G.Maxmudova bir qator tashkilotlarda tashkil etilgan tadbirlardagi faolligi  uchun tashakkurnomalar va faxriy yorliqlar  bilan taqdirlangan. Shu jumladan 2023-yil 11-mayda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori tomonidan Universitet tashkil etilganligining 105 yilligi munosabati bilan uning rivojiga qo‘shgan hissasi va o‘z  xizmat vazifasiga bo‘lgan sadoqati uchun faxriy yorliq va esdalik nishoni bilan mukofotlandi.