Mirsaidov Mirziyod Mirsaidovich “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” (TIQXMMI) Milliy tadqiqot universitetining “Mexanika va kompyuterli modellashtirish” kafedrasining mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
U 1948-yilda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani Kavordon qishlogʻida tugʻilgan. Shu qishloqdagi oʻrta maktabning 8-sinfini tugatib, 1963-yilda Toshkent aviatsiya texnikumida “Samolyot va aviadvigatellar ekspluatatsiyasi” yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga kirib, uni 1966-yilda a’lo baholar bilan tamomlagan. Yoshligidan oliy ma’lumot olishga boʻlgan qiziqiy va intilishlari sabab 1971-yilda Toshkent politexnika institutining injener-mexanik ixtisosligi, 1986-yilda Toshkent davlat universitetining matematika ixtisosligi boʻyicha tamomlagan. Oʻzining mehnat faoliyatini 1971-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida muhandislik lavozimidan boshlab, 1976-1980-yillarda kichik, katta ilmiy xodim, 1980-1986-yillarda yetakchi ilmiy xodim, 1986-1990-yillarda bosh ilmiy xodim, laboratoriya mudiri lavozimlarida ishlagan. M.Mirsaidov oʻzining ilmiy izlanishlarga boʻlgan qiziquvchanligi va intilishlari sababli 1973-1976-yillarda Moskva elektron mashinasozlik institutining aspiranturasida tahsil oldi. 1976-yilda “Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” ixtisosligi boʻyicha “Oʻqqa nisbatan simmetrik boʻlgan qovushqoq elastik qobiqlardagi chiziqsiz tebranishlarni baholash” mavzusida shu institutdagi ilmiy kengashda fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun oʻzining dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli ximoya qildi.
1986-yilda Sobiq ittifoq FA Sibir boʻlimi (Novosibir shaxri) ilmiy kengashida “Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” ixtisosligi boʻyicha “Tekis va fazoviy tizmlar dinamikasida energiyaning ichki dissipatsiya va toʻlqin koʻrinishida yutilishini hisobga olgan holda baholash” mavzusida texnika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiya ishini himoya qildi. 1986-yilda shu ixtisoslik boʻyicha katta ilmiy xodim, 1991-yilda esa professor ilmiy unvonlarini oldi.
1990-1991-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Madaniyat, fan va xalq ta’limi qoʻmitasining Fan boʻyicha kichik qoʻmita raisi lavozimida ishlagan.
M.Mirsaidov va uning shogirdlari tomonidan deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi ixtisosligi boʻyicha olingan ilmiy natijalar, ishlab chiqilgan nazariya va uslublar texnika fanlari sohasidagi tadqiqotlarning asosini tashkil qiladi. Shuningdek, M.Mirsaidov tomonidan katta ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan yangi istiqbolli ilmiy yoʻnalishlar yaratilib, jumladan:
- birinchi boʻlib, inshootlar dinamikasini baholashda energiyaning toʻlqin koʻrinishida inshoot asosidan chiqib ketishini hisobga oluvchi yangi nazariya va hisoblash usuli ishlab chiqilgan;
-dinamikaning uch oʻlchovli masalasini yechishda chiziqsizliklarni va gruntli toʻgʻonlarning suv bilan oʻzaro ta’sirini hisobga oluvchi uslub ishlab chiqilgan;
-gruntli inshootlarning mustahkamligini 4 ta mezon asosida baholash va mustahkamligini oshirish uchun seysmobelbogʻlarni qoʻllash mumkinligi nazariy jihatdan koʻrsatib berilgan.
.Mirsaidov respublikamiz va xorijiy mamlakatlar uchun ilmiy – pedagog kadrlar tayyorlashga oʻzining munosib xissasini qoʻshib kelmoqda. Uning ilmiy rahbarligida 17 nafar fan nomzodlari, 4 nafar fan doktorlari tayyorlangan va ular hozirgi kunda Respublikamizning turli sohalarida faoliyat koʻrsatib kelmoqdalar.
M.Mirsaidov 400 dan ortiq ilmiy ishlar, 27 kitob, jumladan 7 ta monografiya, 20 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalar, 40 tadan ortiq avtorlik guvohnomalarning muallifidir.
U tomonidan chop etilgan darslik va oʻquv qoʻllanmalarning 6 tasi Qozogʻiston Respublikasida qozoq tiliga tarjima qilinib, ular shu davlatda oʻquv jarayonida qoʻllanilib kelinmoqda. Olib borgan ilmiy tadqiqot ishlarining natijalari boʻyicha oxirgi uch yilda 50 dan ortiq ilmiy maqolalar chet ellarda (Yaponiya, Singapur, Italiya, Avstriya, Hindiston, AQSH, Xorvatiya, Rossiya, Ve’tnam va Ukraina davlatlarida) ingliz tillarida chop qilingan.
M.Mirsaidov 1991-yildan to hozirgi kungacha TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetining “Mexanika va kompyuterli modellashtirish” kafedrasiga rahbarlik qilish bilan birga oʻzining pedagogic faoliyatini muntazam ravishda davom ettirib kelmoqda.
Iqtidorli talabalarni qoʻllab – quvvatlash, ularni sohaga yanada qiziqishlarini orttirish maqsadida universitetda kafedrada oʻtiladigan nazariy mexanika, materiallar qarshiligi, qurilish mexanikasi kabi fanlardan yiliga fan olimpiadalarini tashkil etib kelinishiga boshchilik qiladi. Bularning natijasida kafedrada oʻqitiladigan fanlardan koʻplab talabalar respublika fan olimpiadalarining gʻoliblari boʻlishga erishishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari faoliyatini yanada takomillashtirish va ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4907 sonli Farmoniga muvofiq M.Mirsaidov Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xaqiqiy a’zosi etib tasdiqlandi.
Akademik M.Mirsaidov bugungi kunda respublikada mexanika soxasidagi olimlarni birlashtirdi. Oliy oʻquv yurtlariaro “Mexanika muammolari” respublika ilmiy seminarini tashkil etib, unda muntazam ravishda doktorantlar, ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanayotgan barcha mutaxassis va yosh olimlarning dissertatsiya va tadqiqot ishlarini muntazam ravishda muxokama qilish, mexanikaning zamonaviy dolzarb muammolarini va ularning yechimini birgalikda hal etish boʻyicha ilmiy seminarning doimiy ishini tashkil etdi. Ushbu seminarga xozirda xorijda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan vatandosh yoshlar ham katta qiziqish bilan qoʻshilib kelmoqda.
Shu bilan birga M.Mirsaidov oʻzining grafik-rejasi asosida Namangan, Andijon, Fargʻona, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlaridagi texnika OTMlarida boʻlajak muxandislar, yosh olimlar va tadqiqotchilar bilan muntazam uchrashuvlarini tashkil etib, ularga sohadagi ilmiy tadqiqotlar boʻyicha maslahatlar berishni yoʻlga qoʻygan. M.Mirsaidov OTMlar bilan birga ishlashdan tashqari shu viloyatlardagi 40 ga yaqin umuta’lim maktablarining yuqori sinf oʻquvchilari bilan ham qator uchrashuvlarni tashkil etib, oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirishga doir davra suxbatlarni tashkil etib kelmoqda.
Shuningdek M.Mirsaidov raxbarligida Respublikamizda mexanika soxasini rivojlantirish uchun 2020-2021-yillarda TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetining “Mexanika va kompyuterli modellashtirish” kafedrasi qoshida yangi “Mexanika va matematik modellashtirish” boʻyicha bakalavriat ta’lim yoʻnalishi ochilib, qishloq va suv xoʻjaligi soxasi uchun ushbu yoʻnalishda kadrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Uning muallifligida chop etilgan 2011-yildagi “Materiallar qarshiligi” fanidan darslik, 2012-yildagi “Nazariy mexanika” fanidan oʻquv qoʻllanma va 2014-yildagi “Inshootlar zilzilabardoshligi” fanidan oʻquv qoʻllanmalari Respublikamizda eng yaxshi darslik va oʻquv qoʻllanma deb tan olingan.
M.Mirsaidov asosiy vazifasidan tashqari jamoat ishlarida ham faol qatnashadi. U 1990-1995-yillarda OʻzR Oliy Kengashining Xalq deputati, OʻzR Oliy kengashining Fan va ekologiya qoʻmita a’zosi, 1991-1997-yillarda OʻzR Oliy Attestatsiya komissiyasining texnika fanlari boʻyicha ekspert kengashi raisi hamda 1995-2011-yilgacha OʻzR OAK Ilmiy kengashining a’zosi. OʻzR FA Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti qoshidagi nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinadigan ixtisoslashgan kengash raisi (2009-2012-y.y., 2017-2023-y.y.). Hozirgi kunda OʻzR Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi “Fan va texnologiya respublika kengashi”ning a’zosi. Shu bilan birga u “Applied Sciences” (Shvetsiya), “Строительство уникальных зданий и сооружений” (Rossiya), OʻzR FA “Mexanika muammolari” va “Irrigatsiya i melioratsiya” (Oʻzbekiston) ilmiy jurnallarining taxririyat a’zosidir.
M.Mirsaidov 2021-yilda “Doʻstlik ordeni”, 1992 va 2011-yillarda “Mustaqillik” uchun ta’sis etilgan koʻkrak nishoni, 2000-yilda OʻzR Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy va oʻrta maxsus ta’lim fidoyisi” nishonlari bilan va 2006-yilda OʻzR Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligining faxriy yorligʻi bilan mukofotlangan.
M.Mirsaidov oilali. Uning 3 nafar farzandi va 5 nafar nabirasi bor. Turmush oʻrtogʻi – Rasulova Tojixon, tibbiyot fanlari nomzodi. Katta oʻgʻli U. Mirsaidov - fizika – matematika fanlari doktori, kichik oʻgʻli N.Mirsaidov- tibbiyot fanlari doktori.