Mirzayev Toʻra – filologiya fanlari doktori, professor, akademik, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi oʻzbek folklorshunosligining rivojlanishiga munosib hissa qoʻshgan va oʻzbek xalq ogʻzaki poetik ijodi namunalarini monografik aspektda tadqiq etgan. Hodi Zarif asos solgan oʻzbek folklorshunosligi maktabining Markaziy Osiyodagi yetakchi ilmiy maktablardan biri darajasida tanilishi va bugungi rivojida fidoiy fan tashkilotchisi, eposshunoslikning fundamental nazariy masalalarini yuksak ilmiy darajada hal qilgan yirik olim Toʻra Mirzayev 1943–1953-yillarda Ibn Sino nomli oʻrta maktabda tahsil oldi. 1953-yili Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro Davlat universiteti) tarix-filologiya fakultetining oʻzbek tili va adabiyoti boʻlimiga oʻqishga kirdi.
1957-yilda institutni imtiyozli diplom bilan tamomlagach, maxsus yoʻllanma bilan Surxon vohasiga ishga yuborilib, 1957–1958-yillarda Jarqoʻrgʻon tumanidagi Kakaydi qishloq fuqarolar yigʻini hududidagi maktablarda oʻqituvchilik qildi. 1961–1964-yillarda OʻzR FA Til va adabiyot instituti (hozirgi OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti) aspiranturasda tahsil olib, atoqli folklorshunos olim H.Zarifov rahbarligida “Alpomish” dostonining oʻttizga yaqin variantlarini qiyosiy tahlil qildi.
Toʻra Mirzayevning aspirantlik davrida oʻzbek-laqaylar folklorini toʻplash hamda baxshilar ijodiyotini jonli ijro jarayonida oʻrganish maqsadida 1963-yil iyun-avgust oylarida Janubiy Tojikistonning Vose’, Dangʻara, Qoʻrgʻontepa, Kolxozobod tumanlari boʻylab oʻtkazgan ekspeditsiyasi, ayniqsa, samarali boʻldi. Bu ekspeditsiya natijasida Dangʻara tumanining Joribqoʻl qishlogʻida yashovchi 80 yashar Toʻla soqi Haybat oʻgʻli repertuarida “Alpomish” dostonining oʻziga xos varianti mavjudligi aniqlandi, Boʻriboy Ahmedovdan “Alpomish” dostonini, Toshrabod qishlogʻida yashovchi 66 yashar Nazar Shukurovdan “Xonoyim”, Dangʻara tumanining Gulbuloq qishlogʻida istiqomat qiluvchi 85 yashar Shomurod soqi Boyman oʻgʻlidan “Avazxonning Girdob koʻliga safari”, Zardolubogʻ qishlogʻilik 68 yashar Moro soqi Jalmatovdan “Goʻroʻgʻlining nobud boʻlishi” dostoni, shuningdek, “Yozi bilan Zebo” dostonidan parchalar, bir necha ertaklar, qoʻshiqlar, termalar va maqollarni yozib oldi. Bundan tashqari, oʻrganilgan hududda Mustafoqul soqi, Ula Haybat oʻgʻli, Bozor Sherov, Boʻron soqi, Avgʻon Rahimov, Qoraxon soqi va boshqa baxshilar yashab, doston kuylayotganliklari aniqlandi. Mazkur ekspeditsiya materiallari tadqiqotchiga Janubiy Tojikistonda yashaydigan oʻzbek baxshilari repertuarini umumoʻzbek dostonchilik an’analari tizimida qiyosiy-tarixiy jihatdan tekshirish, folklorda versiya va variantlilikni oʻrganish, dostonchilikdagi jonli ijrochilik an’analarining saqlanish darajasi va taraqqiyot qonuniyatlarini aniqlash, epik syujetlarning tarqalish doirasi hamda baxshichilik san’atida roʻy berayotgan oʻzgarishlarni tahlil qilish imkonini berdi.
T.Mirzayev 1964-yil apreldan 1966-yil iyul oyigacha Folklor boʻlimining kichik ilmiy xodimi lavozimida oʻz ilmiy tadqiqotlarini davom ettirdi. Oʻzining oʻzbek xalq qahramonlik eposini oʻrganishga doir izlanishlarini umumlashtirib, 1965-yilda “Alpomish” dostonining oʻzbek variantlari” mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Mazkur tadqiqot jahonning koʻplab yirik olimlari, jumladan, XX asrning atoqli filolog olimi akademik V.M.Jirmunskiyning juda yuksak bahosi va munosib e’tirofiga sazovor boʻldi. U dissertatsiya avtoreferati bilan tanishib chiqqach, T.Mirzayevga quyidagi xatni yozgan edi: “Siz mazkur ishingiz bilan eng mashhur oʻzbek dostonlarini barcha variantlari boʻyicha tadqiq qilishdek yangi yoʻnalishga poydevor qoʻygansiz. Bu esa oʻzbek xalq ijodini har tomonlama oʻrganishda juda muhim ahamiyat kasb etadi deb hisoblayman. Oʻzbeklar orasida “Alpomish” dostonining ikki tipi mavjudligini kashf etganligingiz menda katta qiziqish uygʻotdi. Chunki dostonning Boʻri baxshi versiyasi sifatida tavsiflangan tipi menga ma’lum emas edi. Shu bois tadqiqotingizning bu xulosasi men uchun jiddiy yangilik boʻldi”.
Darhaqiqat, nafaqat oʻzbek, balki turkiy xalqlar folklorshunosligida epos nazariyasiga doir ilmiy qarashlarni tubdan oʻzgartirib yuborgan bu dissertatsiya 1968-yilda “Alpomish” dostonining oʻzbek variantlari” nomi bilan kitob holida nashr etildi.
60-yillarning oxiridayoq folklorshunoslar orasida oʻziga xos ilmiy qarashlari bilan tanilib qolgan T.Mirzayev 1966-yilning iyulidan 1971-yil sentyabrigacha OʻzR FA Til va adabiyot instituti Folklor boʻlimining katta ilmiy xodimi vazifasida ishladi. 1971-yil oktyabrdan 1973-yil sentyabrgacha mazkur institutdagi Xalq ogʻzaki badiiy ijodi asarlarini toʻplab, sistemalashtirish va nashr etish boʻlimiga mudirlik qildi. 1973-yil oktyabrdan e’tiboran Folklor boʻlimiga mudir etib tayinlandi. T.Mirzayevning shundan keyingi ilmiy qiziqishlari asosan oʻzbek folklorining janrlar tarkibi, genezisi va badiiyati, eposshunoslik, dostonchilik maktablari va xalq baxshilarining epik repertuari, folklor nazariyasi, folklorshunoslik tarixi, xalq ogʻzaki badiiy ijodi asarlarini toʻplab, sistemalashtirish va nashr etish, folklor matnshunosligi hamda bugungi tarixiy-folkloriy jarayon masalalariga qaratildi.
Akademik Toʻra Mirzayev dunyo folklorshunosligida ilk bor oʻzbek xalq qahramonlik eposining klassik namunasi hisoblangan “Alpomish” dostonini toʻla oʻrganib, bu epik asarning oʻzbek baxshilari repertuarida qayd qilingan barcha variantlarini qiyosiy tadqiq etish asnosida dostonning oʻzbek xalqi epik tafakkuri taraqqiyotida tutgan muhim oʻrnini belgilab berdi. Olim doston syujetining tarixiy asoslari, shakllanish bosqichlari va badiiy rivoji, syujet tizimidagi yetakchi motivlar poetikasini izchil oʻrganib, “Alpomish” dostoni yaratilgan davrni aniqlab berdi.
T.Mirzayev oʻz faoliyati davomida bu dostonni baxshilardan qayta va qayta yozib olib, ilmiy oʻrganishni izchil davom ettirdi, koʻplab variantlarini birinchi boʻlib chop ettirdi, Fozil Yoʻldosh oʻgʻlidan yozib olingan namunaning ilmiy-akademik nashrini amalga oshirdi, doston matnining boshqa tillarga oʻgirilgan tarjimalarini nashr ettirib, oʻzbek xalq qahramonlik eposini dunyo xalqlari madaniyatining benazir badiiy qadriyatlaridan biriga aylanishiga xizmat qildi.
Oʻzbek dostonchiligi maktablarining Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Poʻlkan shoir, Islom shoir, Yorlaqab baxshi, Rahmatulla Yusuf oʻgʻli, Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli, Berdi baxshi, Saidmurod Panoh oʻgʻli, Mardonaqul Avliyoqul oʻgʻli kabi oʻnlab zabardast siymolari ijodiyotining tadqiq va targʻib etilishi ham bevosita T.Mirzayev nomi bilan bogʻliq. U oʻzbek dostonchiligi taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan xalq baxshilari repertuaridagi folklor asarlarini yozib olish, arxivlashtirish, nashr etish va oʻrganish ishiga rahbarlik qilish bilan bir qatorda, oʻzi ham har bir baxshi haqida alohida ilmiy tadqiqotlar yaratdi.
Oʻzbek xalq baxshilarining ijrochilik mahorati va dostonchilik maktablarining epik an’analarini uzoq yillar mobaynida oʻrgangan T.Mirzayev “Dostonchilik maktablari” (1973), “Baxshilar” (1975), “Poʻlkan shoir haqida soʻz” (1976), “Oʻzbek xalq dostonchiligi va Islom shoir” (1978) kabi maqolalarida dostonchilik maktablarining asosiy xususiyatlari, shakllanish tarixi, ular oʻrtasidagi ijodiy aloqalar, xalq baxshilari epik repertuarining shakllanishi qonuniyatlari va baxshi ijrochiligining badiiy hodisa sifatidagi xossalarini keng yoritib berdi. Bu tadqiqotlar yaratilgunga qadar folklorshunoslikda Bulungʻur, Qoʻrgʻon, Shahrisabz, Xorazm dostonchilik maktablari ma’lum edi, xolos. Folklor ekspeditsiyalari davomida toʻplangan yangi materiallarga asoslangan T.Mirzayev yuqorida nomi zikr etilgan dostonchilik maktablaridan tashqari Nurota, Narpay, Sherobod, Qamay, Piskent, Janubiy Tojikiston kabi boshqa baxshichilik maktablari va bir necha xil uslubiy yoʻnalishlar mavjudligini aniqlab, har bir maktabga mansub baxshilar repertuari, ijro usuli, shogird tayyorlash an’analari va oʻziga xos epik asarlar xususida mufassal ma’lumot berganligi oʻzbek folklorshunosligi uchun muhim yangilik boʻldi.
Turkiy folklorshunoslikda birinchi marta baxshi ijrochiligi va ijodkorligining dostonchilik maktablari amaliyotidagi oʻrniga ilmiy-nazariy jihatdan mufassal baho bergan T.Mirzayev baxshilarning epik asarlarni kuylovchi, yaratuvchi hamda folklor an’analarni saqlovchi sifatidagi vazifalarini ochib berdi. Baxshi va tinglovchilar auditoriyasining oʻzaro munosabatlari, baxshining ijro va ijodiy yoʻnalishi, doston aytish usuli va poetik mahorati, epik xotira va epik bilimning badiiy an’ana taraqqiyotidagi ahamiyati kabi masalalar fundamental darajada tadqiq etildi.
Oʻzbek folklorshunosligiga, ayniqsa, eposshunoslik rivojiga benihoya katta hissa qoʻshgan Toʻra Mirzayevning nazariy xulosalari va ilmiy umumlashmalari 1986-yilda himoya qilingan “Oʻzbek xalq baxshilarining san’ati va ular repertuarining asosiy xususiyatlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida oʻz ifodasini topdi. Oʻzbek dostonchiligi an’analarining oʻziga xosligini uning tarixiy taraqqiyoti tizimida tadqiq etishga bagʻishlangan ushbu tadqiqotda folklorshunoslikda birinchi marta baxshilarning epik an’anani shakllantirib, asrlar davomida saqlab keladigan ijrochi tipi sifatidagi funksiyalari hamda ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotdagi oʻrni belgilab berildi. Baxshilik san’atining asosiy tiplari aniqlandi, dostonlar tasnifi, tarixiy taraqqiyoti, yaratilish bosqichlari va rivojlanish tamoyillariga doir yangi nazariy qarashlar bayon etildi.
T.Mirzayev oʻzbek folklorining janrlar tarkibi, folklor ijodkorlari va ijrochilari, tarixiy-folkloriy jarayonning hozirgi holati, ertak, maqol, qoʻshiq, lapar kabi folklor janrlarining poetik tabiati, folklor va yozma adabiyot munosabati masalalariga doir ilmiy tadqiqotlar olib borgan.
T.Mirzayevning ilmiy faoliyatidagi yana bir yoʻnalishi folklorshunoslik tarixini oʻrganish bilan bogʻliqdir. Bu yoʻnalishda ikki kitob, oʻnlab umumlashtiruvchi tadqiqotlar, oʻndan ortiq yetakchi folklorshunoslar faoliyati haqida portret maqolalar e’lon qildi. Oʻzbek folklorshunosligi fanining shakllanish tarixi va taraqqiyot bosqichlari tahliliga doir maqolalarida xalq ogʻzaki badiiy ijodiyoti asarlarini toʻplab, nashr etish hamda tadqiq etish borasida olib borilgan izlanishlarga xolisona baho berdi. Olimning xalq ogʻzaki badiiy ijodiyotining turli masalalarini tadqiq etgan B.Karimiy, H.Zarifov, V.M.Jirmunskiy, M.Afzalov, Q.Ayimbetov, Q.Maqsetov, H.Razzoqov, I.Sagʻitov, M.Alaviya, Sh.Shoabdurahmonov, Z.Husainova, J.Qobulniyozov, Gʻ.Moʻminov, O.Safarov, Yo.Joʻrayev, K.Imomov, S.Roʻzimboyev, H.Abdullayev, M.Abdurahimov, B.Sarimsoqov va boshqa olimlarning ilmiy-ijodiy faoliyati tahliliga doir maqolalari oʻzbek folklorshunosligi tarixining oʻziga xos koʻzgusi sanaladi.
Folklorshunos olim Toʻra Mirzayev 1973–2002-yillar davomida OʻzR FA Til va adabiyot instituti Folklor boʻlimining mudiri sifatida keng koʻlamli ilmiy-tashkiliy faoliyat olib bordi. U oʻzining ulkan tashkilotchilik faoliyati va tadqiqotchilarni fanning dolzarb muammolariga yoʻnaltira oluvchilik qobiliyati tufayli Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining Folklor boʻlimini Markaziy Osiyoning eng nufuzli ilmiy maktablaridan biri darajasiga koʻtardi.
T.Mirzayev Ergash Jumanbulbul oʻgʻli ijodiy merosining “Bulbul taronalari” nomli oʻzbek tilidagi besh tomligi va “Pesni Bulbulya” nomi bilan chiqarilgan ruscha uch tomligi chop ettirilishida mas’ul muharrir hamda nashrga tayyorlovchi sifatida faol ish olib bordi. Uning rahbarligi va bevosita ishtirokida “Oʻzbek xalq ijodi” koʻpjildligining 37 kitobi bosmadan chiqdi. Bu silsilaga kiruvchi “Alpomish” (1979), “Erali va Sherali” (1987), “Yusuf va Ahmad” (1987), “Malika ayyor” (1988), “Oʻzbek xalq maqollari” (1989), “Luqmoni hakim” (1989), “Nurali” (1989) kabi jildlarning chop ettirilishida nashrga tayyorlovchi yoki mas’ul muharrir sifatida ishtirok etdi. Bundan tashqari, “Jonodil” (1970), “Odilxon” (1971), “Avazxonning oʻlimga hukm qilinishi” (1976), “Nuralining yoshligi” (1993), “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” (1994), “Rayhon arab” (1994) dostonlarini T.Mirzayev nashrga tayyorladi. Uning tashabbusi bilan “Oʻzbek xalq dostonlari” koʻpjildligiga kiruvchi oʻnlab xalq ogʻzaki ijodi namunalari kitobxonlarning sevimli asariga aylandi. “Oʻzbek xalq maqollari”ning bir nechta alohida majmua holidagi nashrlari hamda ikki jildlik akademik nashri chop ettirildi. Folklor asarlarini nashr etish borasida katta ijodiy tajriba toʻplagan olim “Alpomish” dostonining 8 ta baxshi varianti va Rahmatulla Yusuf oʻgʻli repertuaridagi “Goʻroʻgʻli” dostonlarining mukammal nashrini tayyorladi.
Toʻra Mirzayev tomonidan tayyorlanib, Sankt-Peterburgda nashr etilgan “Alpamysh” (1982), “Uzbekskaya narodnaya poeziya” (1990) toʻplamlari, Germaniyada chop qilingan “Oʻzbek xalq qahramonlik eposi “Alpomish” (1984) asari, “Alpomish” dostonining nemischa (Boxum, 1984) va turkcha (Anqara, 2000) nashrlari oʻzbek folklorini olamga tanitishda katta ahamiyatga ega boʻldi. U oʻzbek folklorshunosligida birinchi boʻlib har bir folklor ijrochisining ijodiy merosini toʻla nashr etishning ilmiy prinsiplarini ishlab chiqdi. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Rahmatulla Yusuf oʻgʻli, Nurali Nurmat oʻgʻli, Abdugʻafur Shukurov kabi baxshi va ertakchilar repertuaridagi barcha asarlar ana shu ilmiy mezon asosida chop ettirildi.
Akademik T.Mirzayev folklorshunoslikning nazariy-metodologik asoslarini belgilovchi jiddiy ilmiy asarlar yaratish bilan bir qatorda, XX asrning 60-yillaridan e’tiboran OʻzR FA Til va adabiyot institutining Folklor ekspeditsiyasi rahbari sifatida Oʻzbekistonda folklor asarlarini toʻplash va sistemalashtirishdek ezgu ishga ham yetakchilik qiladi. U boshchilik qilgan ilmiy ekspeditsiya mamlakatimizning barcha viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, shuningdek, qoʻshni mamlakatlarning oʻzbeklar istiqomat qiladigan hududlarida ilmiy safarda boʻlib, oʻzbek folklorining barcha janrlariga oid nodir ma’naviy qadriyatlarni toʻpladilar.
Har bir ekspeditsiyada faol ishtirok etgan Toʻra Mirzayev folklorshunoslikdagi ilmiy qarashlarni boyitadigan, yangilaydigan va toʻldiradigan qiziqarli materiallarni toʻpladi. Jumladan, 1963, 1974, 1977-yillarda Janubiy Tojikiston boʻylab oʻtkazilgan ekspeditsiyalar davomida oʻzbek-laqay baxshilarining oʻziga xos dostonchilik an’analari oʻrganilgan boʻlsa, 1972-yil 21–23-iyul kunlari qashqadaryolik Hazratqul baxshi Xudoyberdiyev, Bozor Omonov kabi ijrochilar orqali Qamay dostonchilik maktabiga xos yetakchi epik belgilar aniqlandi. 1969-yilgi folklor ekspeditsiyasining rahbari sifatida Chimkent viloyatiga yoʻl olgan T.Mirzayev Sayram tumanining Qoramurt qishlogʻida yashovchi 34 yashar Qumri Ahmedova, 76 yoshli Qumri Ne’matova, 73 yashar Unsin Gʻoyibova, 65 yashar Toji Rahmatullayeva, Qozigʻurt qishlogʻilik 62 yashar Hasan Noraliyev, Sultonrabot qishlogʻida yashovchi 62 yashar Oyimbuvi Abdurasulova va boshqa ijrochilardan lapar, xalq orasida “haqqonalar”, “koʻhnalar” nomi bilan mashhur boʻlgan qadimiy xalq qoʻshiqlarini yozib oldi.
1973-yilgi folklor ekspeditsiyasi tarkibida Surxon vohasiga ilmiy safar qilgan T.Mirzayev 27-iyul kuni Boysun tumanining Rabot qishlogʻida yashovchi 76 yashar Nurmamat Badalovdan “Yo ramazon” qoʻshigʻi, turli irim-sirim va aytimlar qatori yomgʻir yogʻdirish maqsadida qadimda oʻtkazib kelingan “Soʻz xotin” marosimiga oid qimmatli etnofolkloristik materiallarni yozib oldi.
Akademik T.Mirzayevning keng qamrovli Fan tashkilotchisi sifatidagi faoliyati mahsuli oʻlaroq “Oʻzbek xalq ogʻzaki poetik ijodi boʻyicha tekshirishlar” ruknida yetti kitob chop ettirildi, “Oʻzbek folklori ocherklari” (1988–1989) nomli uch jildlik fundamental tadqiqot yuzaga keldi. U oliy oʻquv yurtlari filologiya fakultetlari uchun moʻljallab yozilgan “Oʻzbek xalq ogʻzaki poetik ijodi” darsligining (1980, 1990) ham mualliflaridan biridir. Shuningdek, olim “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini tayyorlash va nashr etishda faol ishtirok etib, 7 jildini (2015–2020) nashrga tayyorladi. Toʻra Mirzayevning “Oʻzbek sovet ensiklopediyasi”, “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” hamda “Turk dunyosi adabiyotlari ensiklopediyasi”ni tayyorlashda xizmatlari nihoyatda katta. Mazkur ensiklopediyalardagi “Dostonchilik maktablari”, “Bulungʻur dostonchilik maktabi”, “Shahrisabz dostonchilik maktabi”, “Jirmunskiy Viktor Maksimovich”, “Zarifov Hodi Tillayevich”, “Karimov Buyuk”, “Yesemurot Jirov”, “Yorlaqab baxshi”, “Ergash Jumanbulbul oʻgʻli”, “Mardonqul Аvliyoqu loʻgʻli”, “Nurmon Аbduvoy oʻgʻli”, “Badiha”, “Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli”, “Berdi baxshi”, “Rahmatulla Yusuf oʻgʻli”, “Tosh shoir Chorshanba oʻgʻli”, “Usmon Mamatqul oʻgʻli”, “Yodgor”, “Kuntugʻmish”, “Malika ayyor”, “Marosim qoʻshiqlari”, “Mashriqo”,Ravshan”, “Rayhon arab”, “Sohibqiron”, “Terma”, “Urf-odat qoʻshiqlari”, “Folklor”, “Xalfa”, “Yangi dostonlar”, “Аlip Manash”, “Аlpomish”, “Аhmad baxshi”, “Oqin”, “Oʻzbek xalqi ijodi” kabi rang-barang mavzulardagi maqola va ma’lumotnomalar ana shular jumlasidandir. Uning 950 dan ortiq ilmiy, uslubiy, ilmiy-ommabop ishlari e’lon qilingan. Ular orasida 6 ta monografiya, 6 ta darslik va oʻquv qoʻllanmalari, 52 ta kitob va folklor toʻplamlari bor. Mas’ul muharriligida va tahrir hay’ati a’zoligida 176 dan ortiq ilmiy kitoblar nashr etilgan.
Toʻra Mirzayev 1991–1998-yillarda OʻzR FA Adabiyot institutining rahbari, 1998–2010-yillarda OʻzR FA Til va adabiyot institutining direktori, 2001–2006-yillarda OʻzR Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti vazifasini bajaruvchi sifatida mamlakatimizda filologiya ilmining taraqqiyotiga samarali hissa qoʻshdi. 2010-yildan OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutining yetakchi ilmiy xodimi sifatida samarali faoliyat koʻrsatib kelda. Shuningdek, yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash hamda ilmiy kengashlar ishlarini tashkil etishda faol ishtirok etib, uning bevosita ilmiy rahbarligida 7 nafar fan doktori, 24 nafar fan nomzodi hamda 1 nafar filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (ПҳД) tayyorlagan. U uzoq yillar davomida OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi Ixtisoslashtirilgan kengash a’zosi, rais oʻrinbosari, raisi sifatida faoliyat olib bordi.
Uning tadqiqotchilik faoliyati professor (1990) ilmiy unvoni, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Respublika Davlat mukofoti (1973), “Doʻstlik ordeni” (1997), Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi yuksak unvoni (2003), Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligiga (2017, akademiklikka) tasdiqlanishi va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni (2020) berilishida munosib e’tiborini topdi.
2020-yil 29-sentabr kuni Toshkent shahrida vafot etdi.