Fizika - matematika fanlari nomzodi, kimyo fanlari doktori, Andijon davlat universiteti professori, Turon fanlari akademiyasi akademigi Mo‘ydinjon Mo‘minovich Mo‘minov 1951-yil 14-iyun Andijon viloyatida tavallud topgan. 1967-yilda Andijon davlat pedagogika institutiga qabul qilingan. 1971-yilda fizika-matematika fakultetini tugatib, matematika o'qituvchisi mutaxassisligi bo'yicha imtiyozli diplom olgan. M.Mo‘minov ish faoliyatini 20 yoshida u tugatgan institutning “Oliy matematika kafedrasi”da o‘qituvchiligidan boshlangan. Astronomiya faniga ishtiyoq tufayli 1972- yilning noyabr oyidan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti stajyor tadqiqotchisi sifatida ishini davom ettirdi va 1976-yilga kelib Rossiya Fanlar Akademiyasi Bosh astronomik observatoriyasi (Pulkovo–Sankt-Peterburg) aspiranturasiga qabul qilindi.
Dunyoda taniqli astronomlar akademiklar M.S. Zverov, A.A.Mixaylov, O.A.Melnikov, A.N.Deych kabi olimlar maktabida tahsil olgan. M.Mo'minov 1983- yilda “Perseydagi qo'shaloq tarqoq yulduz to'dalarining astrometrik va astrofizik xususiyatlarini tadqiq qilish” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qildi. Uning tadqiqot natijalari bo'lgan 5055 ta yulduzning astrometrik va astrofizik xarakteristikalarini jamlagan yulduzlar Zidji xalqaro astronomik jamiyat tamonidan Strasburg (Frantsiya) yulduzlar fondiga qabul qilindi. 1980-1983-yillarda O‘zR FA Astronomiya instituti ilmiy xodimi sifatida ish faoliyatini davom ettirib, institutning noyob teleskopi sanalgan “Normal astrograph”ida 100 yillik tarixga ega bebaho astrosuratlarni tadqiq qilish bilan shug'ullandi.
Astronomiya instituti bilan uzviy aloqalarni davom ettirgan holda 1986-yildan Andijon davlat universitetida dosent, “Informatika” kafedrasi mudiri sifatida ishni davom ettirdi. 1997-yilga kelib Toshket davlat universitetiga doktoranturaga qabul qilingan. M.Mo‘minov astronomiyaning nazariy masalalari bilan shug'ullandi. ToshDU tasarrufida O‘zbekiston fan va texnologiyalar qo'mitasining davlat fundamental granti g'olibi bo'ldi va uzluksiz ravishda bu kabi qator ilmiy loyihalarga rahbarlik qildi.
2002-yildan boshlab O‘zbekiston fanlar akademiyasi topshirig'iga ko'ra O'zR FA “Andijon-Namangan” ilmiy markazi direktori sifatida Andijonda faoliyat boshladi. Uning tashabbusi va bevosita rahbarligida fanning qator yo'nalishlari bo’yicha davlat ilmiy grantlari bajarildi. Bu tadqiqotlar o'simliklar zararkunandalariga qarshi kurash, suv oqavalarni biologik tozalash usullari, kemiruvchilarga qarshi kurashning biologik usullari, qayta tiklanuvchi energetika masalalari - Eyxorniya asosida biogaz olishning noan'anaviy usullari, mikroGESlar yaratish, suv oqim kuchi asosida uni yuqoriga ko'tarishning usullari (Gidrotaran va boshqa innovasion qurilmalar) kabi rangbarang yo'nalishlarni o'z ichiga olgan.
2008 yili uning tashabbusi bilan Bog'ishamol balandligida vodiyda yagona astronomik observatoriya tashkil etildi.
2013-2020 yillar davomida ADU dosenti vazifasi bilan bir qatorda M.Mo'minov innovatsion faoliyatini Andijon shahar hokimligi "Innovatsion texnologiyalarni joriy etish markazi" direktori sifatida davom ettirdi. Shu bilan birga O'zbekiston astronomi M.Mo’minov Rossiya va Ukraina yirik ilmiy tadqiqot markazlari hamkorligida "Osmon fotografik obzori" (Фотографический образ неба) xalqaro loyihasining tashabbuskori va rahbari sifatida “13.4 millionli yulduzlar Zidji” ni yaratishga erishdi. Akademik Sh.Egamberdiev va Q.Yuldashevlar ishtirokida yaratilgan. O'zbekistonning bu yulduzlar Zidji xalqaro yulduzlar fondiga qabul qilingan. Ushbu tadqiqotlar natijasida M.Mo'minov hammuallifligida 100 dan ortiq ilmiy maqolalar nufuzli xorijiy nashrlarda chop etilgan.
2019-yilgacha bo'lgan davrda “Innovasion texnologiyalarni joriy etish” markazidagi faoliyati M.Mo‘minovga qator innovasion izlanish olib borishga imkon yaratdi. Bulardan biri “Shifobaxsh o'simliklar va ular asosida dorivor moddalar yaratish” yo‘nalishidir. Xususan, Amarant o‘simligining o‘nlab xorijiy navlarini O‘zbekiston sharoitida introduktsiya qilib va yangi 4 ta navnini yaratib, ularga mahalliy “O'zbekiston”, “Andijon”, “Marxamat”, “Ulug‘nor” nomlarini berish ham M.Mo‘minov ijodiga mansubdir.
Hozirda uning rahbarligida Amarantdan “Biomo‘jiza”, “Biochoy”, “Biodarmon”, “Steviamar ”kabi qator biologik faol moddalar yaratish jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. Prezidentimizning № 4670 qarori ijrosi sifatida bajarilgan dorivor o‘simliklarni tadqiq qilish bo‘yicha innovasion rivojlanish vazirligining uchta Mega-grantlarining bajarilishi va ular asosida olib borilgan izlanishlar natijalari M.Mo‘minovni fanning boshqa qirrasi –“tovarlari kimyosi” bo'yicha chuqur ilmiy tadqiqot olib borishga undadi va u kimyo fanlari doktori ilmiy darajasi olishga muvafiq bo'ldi.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.10.2019 yildagi 884-son qaroriga asosan Andijonda innovatsion rivojlanish vazirligining “Andijon tajriba ko‘rgazma maydoni” tashkil etilib, unga bu markazning tashabbuskori sifatida M.Mo‘minov rahbar etib tayinlandi. Ushbu dargoh hududiy innovasion infrastrukturalarni shakllantirilgan original ilm-innovasiya markazi sifatida faoliyat ko'rsatib kelmoqda.
M.Mo‘minov hozirda Andijon davlat universitetida yoshlariga innovatsion izlanishlar bo‘yicha saboq berib kelmoqda. Talabalar ishtirokida kamqonlik, qandli diabet, jigar hastaliklari bemorlari uchun dorivor o‘simliklardan funktsional shifobaxsh non mahsulotlarini yaratish tashabbuskori. Kimyo kafedrasida fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashi a’zosi sifatida yosh olimlar tayyorlash borasida samarali ishlar olib bormoqda. Universitetning tabiiy fanlar fakulteti tasarrufida “Yashil makon” umummiliy loyihasi faol qatnashchisi sifatida qator xorijiy buta va daraxtlarni hududimizda introduktsiya qilish va ulardan biologik faol dori vositalari yaratish bo‘yicha salmoqli ishlar olib bormoqda. Uning 160 dan ortiq ilmiy maqolalari va patentlari astronomiya, texnika, biologiya, farmasevtika, kimyo kabi fan yo‘nalishlaridagi ilmiy faoliyatini ifoda etadi.