Olim

MO‘MINOV TOLIB MUSAYEVICH

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor

Oʻzbekistonda fizika fanining, jumladan, yadro fizikasining rivojlanishi tarixiga nazar tashlasak bu fanning rivojlanishi mamlakatimizning ikki yirik ta’lim markazlari: Toshkent va Samarqand davlat universitetlarida 20 asrning 40-yillarida yadro fizikasi yoʻnalishida tashkil etilgan oʻquv kafedralaridan boshlangan edi.



Samarqandda mahalliy universitet ogʻir urush davri 1944-yili qayta tiklanib, unga professor Muso Moʻminov rektor etib tayinlangandan soʻng uning tashabbusi va rahbarligida yadro fizikasi yoʻnalishi boʻyicha kafedra tashkil etilgan edi.



kafedralarida tayyorlangan mutaxassis kadrlar Oʻzbekistonda keyinchalik OʻzFA qoshida tashkil etilgan YAFI va FTI va ToshDU qoshida tashkil etilgan AFITI larining asoschilari va yetakchi olimlari boʻlib yetishdilar.



       Professor Muso Moʻminovich haqida toʻxtaladigan boʻlsak, domlaning besh farzandi: uch oʻgʻil va ikki qizlari boʻlib, hammalari taniqli mutaxassislar boʻlib yetishishdi. Oʻgʻillaring har uchchalasi yadro fizikasi sohasini tanlashib, oʻz maqsadlariga erishishdi. Tanlangan yoʻnalishlarida dunyo olimlari oʻrtasida salmoqli va ilmiy natijalarga egadirlar.



Katta oʻgʻil Maqsud Musayevich yadro fizikasining yuqori energiyalari sohasida tanilgan mutaxassis, fizika-matematika fanlari doktori, professor. Uzoq yillar davomida SamDU yadro fizikasi kafedrasi mudiri, professori, fizika fakulteti dekani va oʻquv ishlari boʻyicha prorektor lavozimlarida faoliyat olib borib, 10 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlagan.



Kichik oʻgʻil Kamol Musayevich yadro fizikasining quyi energiyalari sohasida mutaxassis, fizika-matematika fanlari nomzodi. Oʻz vaqtida SSSR FA Kosmik tadqiqotlari institining Oʻzbekistondagi filialini boshqargan, Oʻzbek kosmos Davlat agentligiga rahbarlik qilgan.



        Oʻrta oʻgʻil Tolib Musayevich yadro fizikasining quyi energiyalari sohasida mutaxassis, fizika-matematika fanlari doktori (1979), professor (1981), OʻzFA akademigi (2000), Birlashgan Yadro tadqiqotlari institutining faxriy doktori (2003) va Oʻzbekiston Respublikasi Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati (1977) va Shuxrat ordeni sohibi (2003).



Domlaning rafiqasi Dilorom opa kimyo fanlari nomzodi, Moskva davlat universitetini fizikaviy kimyo yoʻnalishi boʻyicha imtiyozli tamomlagan taniqli mutaxassis. Oʻgʻli Alisher fizika-matematika fanlari nomzodi, nazariy fizika sohasida nufuzli ilmiy maqolalari bilan mutaxassislarga yaxshi tanilgan. Oʻgʻli Iskandar  geografiya mutaxassisligi boʻyicha ToshDUni tamomlab, radioekologiya va geografik informatsiya tizimlari sohalarida 20 dan ortiq nufuzli jurnallarda chop qilingan ilmiy maqolalar muallifi.



Akademik Tolib Musayevichning ilmiy – pedagogik faoliyati 1965-yildan uning Dubna shahrida joylashgan Birlashgan Yadro tadqiqotlari institutiga kelishi bilan boshlanadi. U yerda Tolib Musayevich 1965-1979-yillari mobaynida aspirantlik darajasidan BYATIda faoliyat koʻrsatayatgan SamDU guruhining ilmiy rahbariga aylandi. Guruh uning rahbarligida SSSRda yagona boʻlgan noyob Yer elementlarining neytronlari defitsit boʻlgan yadrolarini fan va ishlab chiqarish uchun muhim boʻlgan xususiyatlarini tadqiq qilish uchun lozim boʻlgan qisqa yashovchi yadrolar nurlarining vaqt-fazo taqsimot korrelatsiyalarini tadqiq qilish imkoniyatini beruvchi qurilmalar majmuasini yaratishga muvaffaq boʻldi. Bu majmua asosida 30 dan ortiq yadrolar nurlanishlarining vaqt-fazo korreleyatsiyalariga oid oʻlchangan va tahlil qilingan spektrlari yadro fizikasining ushbu qismi uchun yangi va muhim hissa boʻlib qolmoqda. Olingan yangi ma’lumotlar uning tomonidan muvaffaqiyatli tarzda BYATI Ilmiy kengashida himoya qilingan nomzodlik (1970) va doktorlik (1979) dissertatsiyalariga asos boʻldi. Neytronlari kamyob boʻlgan yadrolar xususiyatlarini tadqiq qilishga oid ilmiy izlanishlari natijalariga koʻra unga Oʻzbekistonning Beruniy nomidagi Davlat mukofoti berildi (1977).



Doktorlik dissertatsiyasi himoyasidan soʻng Tolib Musayevich ilmiy-pedagogik faoliyatini ToshDUda Yadro va kosmik nurlar fizikasi tadqiqot laboratoriyasida mudir sifatida davom ettirdi va u 1981-yilda ToshDU qoshida uning tashabbusi asosida Fizika fakulteti ilmiy laboratoriyalari negizida tashkil etilgan Amaliy fizika ilmiy tekshirish institutiga direktor lavozimiga tayinlandi. Tez orada, ya’ni 1982-yili uning tashabbusi va taklifi asosida ToshDU AFITIning SamDU qoshidagi filiali (boʻlimi), hozirgi kundagi SamDU YAFLsi tashkil etildi va shu tufayli Respublikamizning ikki yirik oʻkuv va ilmiy markazlari hisoblangan ToshDU va SamDUlarda yadro fizikasi sohasida ilmiy ishlarni rivojlantirish va kengaytirish va hamda malakali kadrlar tayyorlash uchun kerakli sharoitlar yaratildi.



       Oʻtgan yillar ichida Tolib Musayevich rahbarligi va bevosita ishtirokida ToshDU AFITI va SamDU YAFLarida Markaziy Osiyo mamlakatlarida yagona boʻlgan zaryadli zarralar tezlatgichlari, ya’ni CB-50 betatron, EST EG-2 Sokol, MT-22S mikrotron majmuasi yaratilib, majmua asosida yadro fizikasi sohasida jahon miqyosida ham yangi hisoblangan ilmiy natijalar olishga erishildi. Olingan natijalar AQSH, Yevropa va Rossiyaning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etildi va domlaning yozgan monografiyalarida oʻz aksini topdi.



   SB-50 betatronida massa sonlari A = 45-200 boʻlgan yadrolarda energiyasi 30-45 MeV ga teng boʻlgan nurlovchi elektronlar yordamida fotoyadro reaksiyalar mexanizmlari haqida fan uchun muhim boʻlgan yangi natijalarga erishildi va ushbu natijalar gamma-aktivatsiya amaliyatiga joriy qilindi.



EG-2 Sokol elektrostatik tezlatgichida zamonaviy astrofizika muammolarini hal qilishga yoʻnaltirilgan va yulduzlar va quyosh qahrida kuzatiladigan termoyadro reksiyalarning sodir boʻlish tezligini tadqiq qilishga oid muhim ahamiyatga ega boʻlgan izlanishlar olib borilmoqda. Murakkab  namunalar (tuproq, oʻsimlik) element tarkibini rentgeno-spektral tahlil qilishning absolyut, turli shishalarda vodorodning miqdori va chuqurlik boʻyicha taqsimotini tepki yadrolar spektrini oʻlchash orqali aniqlash, oksidli moddalarda kislorodning miqdori va chuqurlik boʻyicha taqsimotini protonlar va alfa – zarralarning elastik va noelastik sochilish spektrlarini oʻlchash orqali aniqlash usullari yaratildi va qoʻllanildi.



   MT-22S mikrotronida muhim davlat dasturiga kiritilgan muammolar rejasi doirasida ob’yektlar tarkibini masofadan turib aniqlash, global konfliktlar sharoitida zarur boʻladigan aloqa turlarini yaratish va yaratilgan aloqa vositalari bilan suv osti kemalarini taminlash va gamma nurlar optikasini tadqiq qilishga bagʻishlangan izlanishlar  oʻtkazilib, 2011-yili shu davrgacha kuzatilishi klassik fizika nuqtai nazaridan mumkin boʻlmagan hodisa – gamma nurlarning mikroskopik silliq sirtlardan toʻla tashqi qaytish hodisasi kuzatildi. Bu natijalar kelajakda gamma nurlar dastalarini boshqarish imkoniyatini beradi va oʻz navbatida ilm va ishlab chiqarish sohasida yangi yoʻnalish gamma-optikani yaratadi.



Yaratilgan yadro fizikasi usullari va Tezlatgichlar majmuasidan foydalanib respublikamiz radioekologiyasiga oid izlanishlar oʻtkazildi va materiallarga protonlar va elektronlar bilan radiatsiaviy ishlov berish usullari ishlab chiqilib joriy qilindi.



          Jumladan radioaktivligi kam va oʻtakam boʻlgan tabiiy va texnogen namunalar tarkibida radionuklidlarni aniqlashning yangi oʻta sezgir gamma – spektrometriya uslublari ishlab chiqildi. Ular asosida tabiiy va texnogen namunalarning 1000 dan oshiq turining element va radionuklid tarkibi haqida yangi natijalar olindi, kremniyli diodlar tezkorligini oʻn barovardan koʻproq oshirish uchun zarur boʻlgan protonlar oqimining dozasi aniqlandi.



Yaratilgan tajriba qurilmalari va uslublar majmuasi quyi energiyali yadro fizikasi, astrofizika, qattiq jismlar fizikasi va materialshunoslik sohalarida amaliy va fundamental tadqiqotlar olib borish va ishlab chiqarishning turli sohalari hamda atrof-muhitni nazorat qilish uchun lozim boʻlgan analitik tadqiqotlarni kengaytirish imkoniyatini beradi.Olingan natijalardan farmakologiya, tuproqshunoslik, konlarni geologik tadqiq va atrof - muhitni muhofaza qilinishida, yarim oʻtkazgichlar, shishalar va yuqori temperaturali oʻta oʻtkazgichlardan mahsulot ishlab chiqarishda foydalanish mumkin.



Oʻtgan asrning 80-yillari oxirida I.V.Kurchatov nomidagi Atom energiyasi institutining topshirigʻi bilan AFITIda Tolib Musayevich rahbarligida Chernobil AES avariyasi tufayli zararlangan hudidlarning yuzasini masofadan turib aniqlashning dozimetrik usuli ishlab chiqildi.



Tolib Musayevich va uning ilmiy maktabi ishtirokchilari tomonidan olingan natijalar asosida 10 kishi doktorlik dissertatsiyalarini, ulardan 4 tasi bevosita uning rahbarligida (B.A.Alikov, U.S.Salixbayev, I.Xolbayev) va 30 dan ortiq yoshlar nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilishdi va ular bugungi kunda Respublikamizning turli oliy ta’lim va ilmiy muassalari va tashqi mamlakatlarda: AQSH, Rossiya va Qozogʻistonda faoliyat olib borishmoqda.



 



Tolib Musayevichning ilmiy va pedogogik faoliyati u chop qilgan 200 dan oshiq ilmiy maqolalar, patentlar, monografiya va oʻquv qoʻllanmalarda oʻz ifodasini topgan. Ulardan 100 oshigʻi AQSH, Yevropa va Rossiya jurnallarida nashr qilingan.



         Tolib Musayevich ilmiy va pedagogik xizmatlari uchun OʻzFA akademigi etib saylandi (2000), uzoq yillar davomida (1981-yildan hozirgi kungacha) doktorlik himoyasi boʻyicha ilmiy kengash a’zosi, OAK fizika ekspert kengashi rahbari, SamDU rektori lavozimi, OʻzR OOʻTV fizika boʻyicha uslubiy kengashi rahbari, BYATI Ilmiy kengashi a’zosi (1992-2013-yillar) sifatida faoliyat olib bordi.



Tolib Musayevichning ilmiy va pedogigik xizmatlari munosib baholandi va mamlakatimiz Prezidenti tomonidan Mehnat Shuxrati ordeni bilan taqdirlandi va Birlashgan Yadro Tadqiqotlari institutinig faxriy doktori etib saylandi.



Tolib Musavich hozirgi kunda ham kuch va gʻayratga toʻla boʻlgan holda ilmiy va pedagogik faoliyatini davom ettirmoqda. Uning bevosita rahbarligida 2 doktorlik va 6 magistrlik dissertatsiyalari bajarilmoqda va domla yadro fizikasining turli yoʻnalishlari boʻyicha OʻzMU va SamDU  magistrlar uchun maruza va amaliy darslarni olib bormoqda.