1958-yilda tugʻilgan. Millati oʻzbek, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (23.12.2016), professor (13.12.2019). 1980-yil Toshkent qishloq xoʻjalik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi, yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida (sobiq SoyuzNIXI, OʻzPITI) boshlagan. 1980-1990-yillari Butunittifoq paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti kichik ilmiy xodimi, 1990-1994-yillari Oʻzbekiston paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti Oʻgʻitlar boʻlimi katta ilmiy xodimi, 1994-1997-yillari Yalpi tahlillar laboratoriyasi mudiri, 1997-1998-yillari Yangi va istiqbolli gʻoʻza navlari agrotexnikasi boʻlimi mudiri, 1998-2002-yillari Oʻgʻitlar boʻlimi mudiri, 2002-2006 va 2012-2014-yillarda OʻzPITI ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari, 2015-yili katta ilmiy xodim izlanuvchi. 2017-yildan- 2021-yilgacha Mineral, mahalliy, noan’anaviy oʻgʻitlarni qoʻllash texnologiyalarini ishlab chiqish va ommaviy tahlillar laboratoriyasi katta ilmiy xodimi, loyiha rahbari. 1-fevral 2022-yildan Agrokimyo va yalpi tahlillar laboratoriyasi mudiri. Katta ilmiy xodim (1994). Ilmiy staji – 42-yil va pedagogik staji –42-yil.
1989-yil “Paxtachilikda yangi mulchalash usulining samaradorligi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2016-yilda “Paxtachilikda organik va organo-mineral oʻgʻitlarni qoʻllash texnologiyasini takomillashtirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Ilmiy tadqiqotlari yuzasidan jami 230 ta ilmiy ish, jumladan, milliy jurnallarda 80 ta, xalqaro jurnallarda 10 ta ilmiy maqola, shuningdek, ilmiy anjumanlarda 85 ta ma’ruza va tezislar nashr etilgan. Ilmiy ishlarining 50 tasi dissertatsiya himoyasidan keyin chop etilgan. Dissertatsiya himoyasidan keyin ilmiy jurnallarda 25 ta ilmiy maqola hamda 8 ta tavsiya chop etilgan. Shundan 6 ta ilmiy maqola xorijning nufuzli jurnallarida chop etilgan.
6 ta davlat granti (DITD-P.11.1.35; A-7-052; QXA-7-015; QXA-7-010; KA-7-004 MV-QX-A-QX-2018-182) asosida ilmiy izlanishlar olib borgan. Tadqiqotlardan olingan natijalar va yaratilgan ishlanmalar asosida har yilgi Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasida va turli darajadagi ilmiy seminarlarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Ilmiy izlanishlari organik va organo-mineral oʻgʻitlarni mineral oʻgʻitlar bilan paxtachilikda qoʻllash samaradorligi boʻyicha izlanishlar oʻz ichiga oladi.
Tadqiqotlar natijasida quyidagi ilmiy-amaliy natijalar olingan:
Ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etilgani: Salohiyatli olim tomonidan tuproq unumdorligi va gʻoʻza hosildorligini oshirishda organik va organo-mineral oʻgʻitlarni qoʻllash texnologiyasini takomillashtirish boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar asosida fermer xoʻjaliklariga qoʻllanma sifatida "Paxtachilikda ma’dan va mahalliy oʻgʻitlarni qoʻllash boʻyicha tavsiyalar"(2003), "Past navli Toshqoʻra fosforitlari asosida organo mineral oʻgʻitlar tayyorlash va ulardan qishloq xoʻjaligida foydalanish boʻyicha tavsiyalar"(2003), Markaziy Qizilqum fosforitlari asosida olingan yangi fosforli oʻgʻitlar va ulardan qishloq xoʻjaligida foydalanish boʻyicha tavsiyalar (2006), "Ekinlarni oziqlantirishda mineral va mahalliy oʻgʻitlardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar"(2009), "Paxtachilikda mineral oʻgʻitlarni qoʻllash boʻyicha tavsiyalar"(2017), "Paxtachilikda mahalliy silvinit qazilmalaridan tayyorlangan yangi turdagi kaliyli oʻgʻitni qoʻllash boʻyicha tavsiyalar"(2017), Paxtachilikda nitrokalsiyfosfat –NKFU (Nitrofos) oʻgʻitini qoʻllash boʻyicha tavsiyanoma”(2018), "Gʻoʻza va kuzgi bugʻdoyda oʻgʻitlarni qoʻllash boʻyicha tavsiyalar"(2019), "Gʻoʻzani bargdan oziqlantirishda azotli oʻgʻitlar va stimulyatorlarni qoʻllash boʻyicha tavsiyalar"(2019), "Mahalliy fosforitlardan tayyorlangan mikroelementli (Cу, Мо) superfosfat oʻgʻitini gʻoʻzada qoʻllash boʻyicha tavsiyalar"(2021) va "Paxtachilikda sanoat chiqindilari asosida tayyorlangan mikroelementli suyuq hamda kalsiy va magniyli granula holdagi azotli oʻgʻitlarni qoʻllash boʻyicha tavsiyanoma" (2021) ishlab chiqilgan. Tuproq unumdorligini tiklashda mineral oʻgʻitlarning samaradorligi, qishloq xoʻjalik ekinlari hosildorligini oshirish, ayniqsa, mahsulot sifatini yaxshilashda organik oʻgʻitlarning ahamiyati, ularni saqlash, toʻplash va gʻoʻzada qoʻllash boʻyicha samarali natijalarga erishilgan.
Shuni alohida aytish kerakki, B.I.Niyazaliyev yosh mutaxassis-kadrlarni tayyorlashga, ularning malakasini oshirishga, ilm-fanning eng oxirgi yutuqlaridan foydalanib, dunyo ilmini egallashiga doimo yordamlashib keladi. Shular qatorida 1 nafar nomzodlik ilmiy darajasini, 3 nafar falsafa doktorlik (PhD) ilmiy darajasini olgan oliy malakali mutaxassis tayyorlagan. Shular bilan bir qatorda, hukumat yigʻilishlarida chigitni ekishga tayyorlash va vegetatsiya davridagi agrotexnik tadbirlardan mineral, organik oʻgʻitlardan samarali foydalanish hamda dala ishlari boʻyicha tavsiya berib boradi.
B.I.Niyazaliyev Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi koʻkrak nishoni, shuningdek bir necha marta institut faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.