Olim

NISHONOV MIRKOZIMJON

Texnika fanlari nomzodi, professor

Nishonov Mirkozimjon 1971- yilda Andijon viloyati Izboskan tumanidagi Z.M.Bobir nomli 51-o‘rta maktabni tamomlagandan so‘ng, Farg‘ona davlat pedagogika instituti (hozirgi kunda Farg‘ona davlat universiteti) tabiiyot-geografiya fakultetining “Kimyo-biologiya” mutaxassisligi bo‘yicha o’qishga qabul qilindi. 1976-yili shu institutni nomdor stipendiat bo’lib, imtiyozli diplom bilan  bitirgandan so‘ng, Farg‘ona shahridagi “Plastmassa” ilmiy tekshirish institutida kichik ilmiy xodim lavozimida ishga qoldirildi. 1976-yil 22-noyabrdan 1977-yil 1-oktyabrga qadar harbiy xizmatni o‘tadi. 1977-yil 1-dekabrdan Farg‘ona davlat pedagogika instituti(hozirgi Farg‘ona davlat universiteti) “Kimyo” kafedrasiga o‘qituvchi lavozimiga ishga taklif qilindi.



1979-yilning 15-noyabridan 1982- yilning 15-noyabriga qadar A.R.Beruniy nomidagi Toshkent politexnika instituti kimyo-texnologiya fakulteti “Anorganik moddalar texnologiyasi” kafedrasida kunduzgi aspiranturada tahsil oldi.



1983-yilning 24-iyunida texnika fanlari doktori, professor F.M.Mirzaev va texnika fanlari nomzodi, dotsent ( hozir  texnika fanlari doktori,professor) A.T.Dadaxodjaevlar  ilmiy rahbarliklarida   “Nitrat kislota ishlab chiqarishi chiqindi gazlarini azot oksidlaridan past foizli palladiyli  katalizatorlarda katalitik tozalash” mavzuida “Noorganik moddalar  texnologiyasi” mutaxassisligi bo‘yicha   texnika fanlari  nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladi.



1986-yildan dotsent vazifasini bajaruvchi, 1988-yilda  kimyo kafedrasi dotsenti lavozimlarida faoliyat  ko‘rsatib keldi. 2019-yil 30-dekabrda  O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan  “Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi” ixtisosligi  bo‘yicha  professor ilmiy unvoni berildi.



Shu kungacha Farg‘ona Davlat universiteti  umumiy kimyo va kimyo o‘qitish metodikasi kafedrasida  dotsent, kafedra mudiri, tabiiyot markazi direktori o‘rinbosari, tabiiyot-geografiya fakulteti dekani o‘rinbosari, 2005-yildan kimyo kafedrasi  mudiri, dotsent, professor lavozimlarida ishlab kelmoqda.



Mirkozimjon Nishonov  yuqori ilmiy salohiyatli kimyogar va  metodist   olim, katta tajribaga ega bo‘lgan malakali mutaxassis, mohir pedagog.



U o‘z faoliyati davomida salmoqli yo‘lni bosib o‘tdi.



2018-yil 28-iyundan    Farg‘ona davlat unversiteti  huzuridagi ilmiy daraja beruvchi   PhD  27.06.2017.K.05.01 raqamli ilmiy kengash  ilmiy kotibi, 2022 yildan ilmiy kengash a’zosi va   bir vaqtda  Farg‘ona  davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi 03/30.11.2021.Ped.05.07  raqamli ilmiy kengashning a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatib  kelmoqda.



Mirkozimjon Nishonov  Respublikamizda kimyo va kimyo o‘qitish metodikasi fani bo‘yicha yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash ishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Uning  ilmiy rahbarligida J.Mamajonov (1997-yil ), SH.Mamajonov (2005-yil)lar pedagogika fanlari nomzodi, A.Jumanov(2022-yil),O.O’rinova (2023 yil)    pedagogika fanlari bo‘yicha  falsafa doktori, I.Qo’qonboev (2008-yil) texnika fanlari nomzodi,M.Mamatqulov(2023-yil) kimyo  fanlari bo‘yicha  falsafa doktori  ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlab, olimlar safiga qo‘shildilar. O‘ndan ortiq magistrantlar uning ilmiy  rahbarligida magistrlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli  himoya  qilib, magistr akademik ilmiy darajasini olishga  muvaffaq  bo‘ldilar.



Mirkozimjon Nishonov Respublikamizda amalga oshirilayotgan kimyo ta’limi tizimini isloh  qilish ishlarida ham faol ishtirok etib kelmoqda. U o‘rta maktab kimyo fani Davlat standarti, namunaviy dasturi hamda 7,8,9-sinflar kimyo darsliklari va oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun yaratilgan “Kimyo o’qitish metodikasi” darsligining  mualliflaridan biridir.



Uning ishtirokida  150 dan ortiq ilmiy, ilmiy-metodik maqolalar, 10 dan ortiq darslik va qo‘llanmalar, 2 ta monografiya  chop etilgan bo‘lib, ularning aksari kimyo fani  hamda  o‘rta va oliy maktabda kimyo fanini o‘qitishga bag’ishlangan.



M.Nishonovning S.Teshaboev va boshqalar bilan hammualliflikda chop etilgan eng muhim darslik va qo‘llanmalari:  Kimyo o‘qitsh metodikasi “O’qituvchi” Toshkent, 2002. 80 b, Anorganik  kimyo . 8 sinf uchun darslik. “O‘qituvchi”. Toshkent, 1997. 223 b. Anorganik  kimyo  7-sinf uchun darslik. “O‘qituvchi”. Toshkent 2000, 222 b. Organikalыk emes ximiya. 8- sinf Qiriz tilida. “O‘zbekiston”. T.1998. 237 b.  Anorganik  kimyo  . 9-sinf uchun darslik “O‘qituvchi” Toshkent, 2000 173 b. Anorganik    kimyo  . 8-sinf uchun qo‘llanma . 5-nashr. “O‘qituvchi” Toshkent, 2005 179 b. Maktabda kimyodan amaliy ishlar 8-11. “O‘qituvchi” Toshkent 1992, 133 b. Maktabda kimyodan laboratoriya ishlari. “O‘qituvchi” Toshkent. 1995 103 b. Совершенствование преподование химии в высшей и средней школе. Изд. МГПИ. Москва 1987.88 с.    Kimyo o‘qitish metodikasi  “Fan va texnologiyalar”  Toshkent,2019. 180 bet , “Kimyo o‘qitish metodikasi” “Fan va texnologiyalar”  Toshkent,2022. 404 bet.



Mirkozimjon Nishonov O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan Britaniya kengashi o‘rtasidagi “Umumta’lim maktablari uchun darslik va o‘quv adabiyotlarini nashr qilish tizimini takomillashtirish” loyihasini amalga oshirishda ishtirok etib, 2000-yilning 18-noyabridan 9-dekabrga qadar Buyuk Britaniyadagi London universiteti (Qirol kolleji) da malakasini oshirib keldi.



Mirkozimjon Nishonov  hozirgi kunda  1 nafar doktorant  va 5 nafar mustaqil izlanuvchilarning (PhD) ilmiy darajasi , 6 nafar  magistrantlarning esa  magistr akademik  ilmiy darajasini olish uchun  bajarayotgan dissertatsiya ishlariga  ilmiy rahbarlik qilmoqda.



Uning kafedra mudiri   sifatidagi faoliyati mobaynida  2019-yili  1  nafar talaba kimyo  fanidan respublika  olimpiadasida birinchi  o‘rinni olishga muvaffaq bo‘ldi. 2019-yil mart  oyida  kafedra va “Kimyo”  yo‘nalishi davlat  attestatsiyasi va akreditatsiyasidan o’tdi.



Uning bevosita rahbarligida 2021- yilda 1 nafar “Ulubek”  nomidagi davlat stipendiati(A.A.Ibrohimov)  tayyorlangan. 



Mirkozimjon Nishonov  kimyo o‘qitish metodikasi sohasida shogirdlari bilan olib borayotgan ilmiy tadqiqot ishlari  natijalarini xalqaro anjumanlarda   ishtirok etib , dunyo ahliga tizimli ravishda yetkazib bermoqda.



2021 va 2022-yillari Qozog‘iston Respublikasi Olmota shahrida dunyoning nufuzli 1000 talik oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritilgan Abay nomli Qozog’iston Milliy pedagogika universitetida  o‘tkazilgan “Kimyo fani va kimyo ta’limining zamonaviy jihatlarii: nazariya va amaliyot” mavzuida o‘tkazilgan I va II - xalqaro ilmiy anjumanlarida ishtirok etdi. Anjumanning yalpi yig‘ilishlarida “O‘zbekison Respublikasida kimyo ta’limining  rivojlanishi”,  “ Обучение студентов  в процессе преподавания химии” mavzularida ma’ruza qildi.



Qozog‘iston  Milliy  pedagogika universiteti rektorining buyrug’iga asosan 2022  yili   professor Mirkozimjon Nishonov  dunyo oliy o’quv yurtlari reytinggini aniqlash  bo’yicha xalqaro ekspert qilib   tayinlangan.



Mirkozimjon Nishonov “Oliy  ta’lim  a’lochisi”  ko‘krak  nishoni sohibidir. U o‘zining samimiyligi, kamtarinligi, mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, mo‘tabarligi, o‘z  kasbiga qo‘ygan  e’tiqodi va atrofini o‘rab turgan insonlarga bo‘lgan mehri bilan oilasi, mahallasi  va faoliyat ko‘rsatayotgan oliy ta’lim muassasida  katta hurmat qozongan.



          U uch qiz, bir o‘g‘ilning otasi    va  o‘n   nabiraning  bobosidir.