Olim

MAMADAZIMOV MAMADMUSO

Pedagogika fanlari doktori, professor

Taniqli  astronom, serg‘ayrat, taniqli metodist olim, pedagogika fanlari doktori, professor, Turon FAsi akademigi Mamadmuso Mamadazimov  Nizomiy nomli  Toshkent davlat  pedagogika  universitetida qariyb yarim asr faoliyat olib bordi.  Ustoz M.Mamadazimovni pedagogik mahorati,  ilmiy va ilmiy-metodik salohiyati bilan olim sifatida nafaqat Respublikamizda chet el davlatlarida ham e’tirof etilgan.



Mamadazimov Mamadmuso, 1942-yili Toshkent viloyati, Xovos tumaniga qarashli Balandchaqir qishlog‘ida (hozirgi Jizzax viloyati, Yangiobod tumani markazi) ziyoli  oilada tug‘ildi. M.Mamadazimov 1948-yildan 1958-yilgacha Balandchaqir qishlog‘idagi A.Navoiy nomidagi 1-o‘rta maktabda o‘qib, uni bitirgach, o’sha yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining fizika – matematika fakultetiga o‘qishga kiradi.



Mamadazimov 1963-yildan 1966-yilgacha Balandchaqir qishlog‘idagi o‘rta maktabda fizika, matematika va astronomiya o‘qituvchisi bo‘lib ishladi. 1966-yili Nizomiy nomidagi TDPI “Nazariy fizika” kafedrasining mudiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Rahmatilla Xolmurodovich Mallin (Mallaboyev) tomonidan kafedraga ishga taklif etilib,  mazkur kafedra qoshida stajorlik va aspiranturani o‘tash uchun Leningraddagi sobiq Ittifoq FAning  Bosh astronomik observatoriyasiga (Pulkovoga) stajirovkani davom ettirish uchun yuborildi. U yerda aspiranturaga kirib, uni yakunlagach, 1972-yilning boshida  “Dvijeniye plazmennix massv oblasti poluteni solnechnix pyaten” mavzusida, Pulkovo observatoriyasining direktori, sobiq Ittifoq FAning muxbir a’zosi V.A.Krat rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.



Olimning Quyosh fizikasiga oid  o‘nlab ilmiy ishlari, sobiq Ittifoq va chet el ilmiy jurnallarida chop etilib, mazkur yo’nalishda u tadqiqot ishlari bilan mashg‘ul chet ellik va hamdo‘stlik mamlakatlari ko‘plab olimlarining e’tiborini  qozondi. 1971-yili  M.Mamadazimov oliy o‘quv yurtida, o‘z pedagogik faoliyatini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi professor R.X.Mallin rahbarligidagi nazariy fizika kafedrasida boshladi. Mazkur kafedrada u dastlab o‘qituvchi keyin katta o‘qituvchi, dotsent va 1985–1989 yillari kafedra mudiri lavozimlarida ishladi. 1997-yildan “Umumiy fizika” kafedrasining mudiri sifatida faoliyat ko‘rsatdi.



Mazkur pedagogika universitetining dargohidagi 50-yildan ortiq ko‘rsatgan   xizmat faoliyati davomida M.Mamadazimov  Quyosh fizikasi hamda maktabda va oliy o‘quv yurtlarida astronomiyani o‘qitishning samaradorligini  oshirishga qaratilgan 200 ga yaqin ilmiy va ilmiy metodik maqolalar chop ettirdi.



M.Mamadazimov Respublikamiz o‘rta umumta’lim maktablarida astronomiya o‘qitishni takomillashtirishga salmoqli  hissa qo‘shgan metodist olim sanaladi. U hamdo‘stlik mamlakatlari va respublikamiz pedagogika oliy o‘quv yurtlarida  Astronomiya o‘qitish metodikasi   predmeti  bo‘yicha asosiy qo‘llanma hisoblangan B.A.Voronsov-Velyaminov, M.M. Dagayev va boshqalarning 18 bosma taboqli  «Metodika prepodavaniya astronomiiv sredney shkole» o‘quv metodik kitobini o‘zbek tiliga tarjima qilib, 1991-yilda  nashrdan chiqardi. B.A.Voronsov -Velyaminovning 11-sinflar uchun «Astronomiya» darsligi,  oxirgi 10 yillar ichida (2000-yilga qadar), uning tahriri ostida chop ettirildi. 



Ohirgi  yillarda olim  maktabda  astronomiya ta’limning aktual masalalariga  bag‘ishlangan «O‘quvchilarning astronomiyadan  olgan bilimlarini   tekshirish» (1980, hammuallif B.Kenjayev), «Maktabda  astronomiya o‘qitish» (1990), Fizika va astronomiyani o‘qitishning  metodologik  va dunyoqarash aspektlariga bag‘ishlangan    «Maktabda fizika va astronomiyani o‘qitish» (1994. hammualliflar bilan, M.Mamadazimov tahriri  ostida) o‘quv qo‘llanmalari, «Maktabda  astronomiya ta’limi» (1994, astronomik  ta’limni gumanitarlashtirishga  bag‘ishlangan) monografiyasi «O‘qituvchi» nashriyotida  chop ettirdi.



2005-yilda “Теоретические основы содержание астраномии и методики ее преподавания в системе непрерывного образования” mavzusida 13.00.02 – “Теория и методика обучения” ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Samarali pedagogik faoliyati va sermahsul ilmiy ijodini inobatga olib, 2007-yilda unga professor  ilmiy  unvoni berildi.



M.Mamadazimov 1981–1985-yillari  sobiq Ittifoq Maorif vazirligi qoshidagi ilmiy-metodik Kengashning a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatdi.



M.Mamadazimov faoliyatining eng salmoqli hisoblangan yana bir qirrasi -  uning fan yutuqlarini, birinchi navbatda, tabiiy fanlar erishgan yutuqlari bilan keng ommani tanishtirishdagi  ulkan xizmatidir. Bu borada  olim maktab o‘quvchilari, keng kitobxonlar ommasi uchun «O‘qituvchi», «O‘zbekiston» va « Fan»   nashriyotlari orqali  o‘ndan ortiq ilmiy ommabop  kitoblar va broshyuralar nashr ettirdi. Uning «Quyosh»(1976), «Quyosh sistemasi haqida ocherklar» (1980), «Astronomiyadan o‘qish kitobi» (1990) deb nomlangan kitoblari va  «Tanishing yulduzlar» (1987), «Kvazarlar  va  pulsarlar» (1979), «Dumli  yulduzlar» (1981), Quyosh sistemasining tuzilishi» (1978), «Kosmik kelgindilar va uchar tarelkalar» kabi  risolalari astronomiya ishqibozlarining sevimli adabiyotlaridan  sanalanadi.



XX asrning oxirgi 20-yillar (1971–1990 yy.) davomida M. Mamadazimov hay’at raisi, o‘rinbosari yohud uning a’zosi lavozimlarida maktab o‘quvchilarining fizikadan olimpiadalarining respublika turini o‘tkazishga rahbarlik qildi. Bu  orada u ikki marta olimpiadaning Toshkentda o‘tkazilgan sobiq Butunittifoq turida hay’at a’zosi sifatida ishtirok etdi.



Serqirra ijodkor, respublikamizda taniqli metodist olim, fizika va astronomiya fanlarining tolmas targ‘ibotchisi M.Mamadazimov, Olimning  Respublikaning ommaviy axborot  manbalari (matbuot  sahifalari, radio va TV) orqali yoshlarni  fizika, matematika va astronomiya fanlari yutuqlarini keng targ‘ib qilish yo‘lidagi xizmatlarini inobatga olib, sobiq Ittifoq va Respublika “Bilim” jamiyatlari bosh boshqarmalarining bir necha bor faxriy yorliqlari bilan mukofotlagan.



Ta’limdagi ko‘p yillik xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Oliy va maxsus ta’lim vazirliklari M.Mamadazimovni bir necha bor faxriy yorliqlar va 1978 yilda “Xalq maorifi a’lochisi”, 1997 yilda esa  “Akademik Siddiq Rajabov”, 2015 yilda “O‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.



Shuningdek olim, Respublikamizda Quyosh dog‘lari fizikasi  va astronomik ta’limni tashkil etish va rivojlantirish sohasidagi xizmatlarini uchun, Yevropa astronomik jamiyati (EAS) va Xalqaro Astronomiya Ittifoqi (IAU) ta’lim komissiyasilarining a’zosi etib saylangan.



Serqirra ijodkor, buyuk olim, buyuk qalb sohibi, vatanparvar, jonkuyar pedagog, shogirdlarining mehribon ustozi bo‘lgan fidoiy inson M.Mamadazimov 2019-yilda Turon Fanlar Akademiyasining akademigi unvoniga sazovor bo‘lgan.