Olim

NORMURODOV CHORI BEGALIYEVICH

Fizika-matematika fanlari doktori, professor

Chori Begaliyevich Normurodov 1953-yil 4-yanvarda Jarqo‘rg‘on tumanida ishchi oilasida tug‘ilgan. 1960-1970-yillar tumandagi 2-sonli o‘rta maktabda o‘qigan va shu maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan. 1971-1976-yillar Samarqand davlat universitetiga  Amaliy matematika yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirgan, 5-kursda Novosibirsk davlat universitetiga ilmiy safarga yuborilgan. 1976-1977-yillari Samarqand davlat universiteti Amaliy matematika fakulteti Matematik mantiq va dasturlash kafedrasida o‘qituvchi lavozimida ishlagan. 1977-1979-yillar davomida Novosibirsk davlat universiteti stajyor-tadqiqotchisi. 1979-1981-yillar Novosibirsk davlat universiteti ilmiy tadqiqot sektori ilmiy xodimi bo‘lib faoliyat olib borgan. 1981-1984-yillar Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi Nazariy va amaliy mexanika institutida akademik Nikolay Nikolayevich Yanenko ilmiy rahbarligida aspiranturada o‘qigan; 1984-1992-yillar Samarqand davlat universitetida dastlab o‘qituvchi, so‘ngra dotsenti vazifasida faoliyat yuritgan. 1992-yildan buyon faoliyati bevosita Termiz davlat universiteti bilan bog‘langan. 1992-1994-yillar Termiz davlat universiteti Fizika-matematika fakulteti dekani o‘rinbosari; 1994-2005-yillar Termiz davlat universiteti Hisoblash matematikasi va informatika kafedrasi mudiri; 2005-2008-yillar Termiz davlat universiteti Amaliy matematika va informatika kafedrasi mudiri; 2008-2013-yillar Termiz davlat universiteti ilmiy ishlar va axborot texnologiyalari bo‘yicha prorektori; 2013-2015-yillar Termiz davlat universiteti Amaliy matematika va informatika kafedrasi dotsenti; 2015-yildan hozirgi vaqtga qadar Termiz davlat universiteti Amaliy matematika va informatika kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritmoqda. Ch.B.Normurodov 1987-yilda Rossiya Fanlar Akademiyasining akademigi Nikolay Nikolayevich Yanenko ilmiy rahbarligida Rossiya FA Sibir bo‘limi Hisoblash markazida 01.01.07-Hisoblash matematikasi ixtisosligida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. U O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi Faradey Basirovich Abutaliyev ilmiy maslahatchiligida 2008-yilda O‘zR FA Matematika va informatsion texnologiyalar institutida 05.01.07-Matematik modellashtirishning nazariy asoslari ixtisosligi bo‘yicha fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Ch.B.Normurodov 1991-yildan “Hisoblash matematikasi” bo‘yicha dotsentlik ilmiy unvoniga, 2021-yildan “Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui” yo‘nalishida professorlik ilmiy unvoniga ega bo‘lgan.



Ch.B.Normurodov hisoblash matematikasi, sonli usullar, matematik modellashtirish, algoritmlash va dasturlashga oid 250 dan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop ishlar muallifi. 45 dan ziyod darsliklar, monografiyalar, avtoreferatlarga taqrizchi sifatida qatnashgan. 50 dan ortiq doktorlik, falsafa doktorlik (PhD) dissertatsiyalariga rasmiy opponentlik qilgan. Ch.B.Normurodov rahbarligida 1 ta darslik, 4 ta monografiya, 5 ta o‘quv qo‘llanmalar va 20 tadan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlangan. Uning rahbarligida Termiz davlat universiteti Amaliy matematika va informatika kafedrasining 6 nafar tadqiqotchisi fizika-matematika fanlari va pedagogika fanlari (informatika) ixtisosligida falsafa doktorligi (PhD) dissertatsiyalarini himoya qilishgan. Ch.B.Normurodov falsafa doktorligi (PhD) va fan doktorligi D.S.c dissertatsiyalari himoyasi bo‘yicha ixtisoslashgan kengashlar a’zosi va ikkita jurnalning tahririyati a’zosi:




  •  Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universitetidagi D.S.c.27.06.2017.FM.01.02 ixtisoslashgan kengash a’zosi;

  • Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetidagi D.S.c.30.08.2018. FM/T.02.09 ilmiy seminari a’zosi;

  • Termiz davlat universitetidagi PhD.03/30.12.2019.Ped.78.03 ilmiy kengashi va seminari a’zosi;

  • Innovatsiya Vazirligi huzuridagi “Axborotlashtirish va axborot kommunikatsiya texnologiyalari fanlarini rivojlantirish” bo‘yicha ilmiy-texnik Kengashi a’zosi;

  • Innovatsiya Vazirligi huzuridagi “Matematika, fizika va mexanika fanlari” bo‘yicha ilmiy-texnik Kengashi  a’zosi;

  • O‘zR FA Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish institutida nashr etiladigan “Hisoblash va amaliy matematika muammolari” jurnali tahririyati  a’zosi;

  • “Ta’limda innovatsion texnologiyalar” xalqaro jurnali tahririyati a’zosi;

  • Termiz davlat universitetida nashr etiladigan “TerDU xabarlari” jurnali tahririyati a’zosi.



Ch.B.Normurodov “Mustaqillikning 30 yilligi” ko‘krak nishoni sohibi.