Olim

NURULLAYEVA SHAXLO OʻKTAMOVNA

Pedagogika fanlari doktori, professor

Shaxlo Nurullayeva 1973-yil 14-noyabrda Qarshi shahrida ziyoli oilasida dunyoga kelgan. Otasi – Nurullayev Oʻktam Xaitovich, viloyatdagi mas’uliyatli vazifalarda ishlagan. Onasi – Nurullayeva Salimaoy Rashidovna, uy bekasi.



Nurullayeva Shaxlo Oʻktamovna 1980-yili Qarshi shahridagi 19-umumiy oʻrta ta’lim maktabiga borgan va 1990-yilda Qarshi shahridagi 25-umumiy oʻrta ta’lim maktabini tugatib Qarshi davlat universitetining Pedagogika va Boshlangʻich ta’lim metodikasi fakultetiga Boshlangʻich ta’lim ixtisosligi boʻyicha oʻqishga qabul qilingan. 1994-yilda Qarshi davlat universitetini shu ixtisoslik bilan tugatib, boshlangʻich sinflar oʻqituvchisi mutaxassisligiga ega boʻlgan. Oliy ma’lumotli.



Mehnat faoliyatini 1994-yilda Qarshi shahridagi 39-umumiy oʻrta ta’lim maktabida boshlangʻich sinf oʻqituvchisi vazifasidan boshlagan. 2000-yildan Qarshi davlat universitetining aspiranturasida tahsil olib, 2002-2005-yillarda Boshlangʻich ta’lim kafedrasida assistent-oʻqituvchi, 2005-2009-yillarda katta oʻqituvchi, 2009-2014-yillarda Boshlangʻich ta’lim kafedrasi mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.



2014-2021-yillarda universitetning Pedagogika fakulteti dekani sifatida fakultet jamoasini boshqargan. Sh.Nurullayeva rahbarlik qilgan davda jamoa a’zolari xalqaro va Respublika tanlovlarida faol ishtirok etib gʻolib boʻlishgan. Jumladan, fakultet jamoasidan iborat “Ziyo sadolari” ansambli 2015-2020-yillar davomida Respublika miqyosida oʻtkazilgan “Yagonasan, muqaddas Vatan!” tanlovida birinchi oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldi. Shuningdek, iqtidorli talabalar Prezident stipendiyasi, I.Karimov nomidagi stipendiya hamda Navoiy stipendiyasi laureati boʻlishgan.



2021-yildan buyon esa boshlangʻich ta’lim kafedrasi dotsenti, 2022-yildan kafedra professori vazifasida ishlab kelmoqda.



Sh.Nurullayeva 2007-yilda TDPU huzuridagi Ixtisoslashgan kengashda T.Gʻafforova rahbarligida 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (oʻzbek tili) ixtisosligi boʻyicha “Boshlangʻich sinf ona tili darslarida oʻquvchilarni mustaqil fikrlashga oʻrgatish metodikasi” mavzusidagi dissertatsiyasini himoya qilib pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.



Shaxlo Oʻktamovnaga Oʻzbekiston Respublikasi OAK ning 2012-yil 26-yanvardagi 183/1 raqamli bayonnomasiga muvofiq dotsent ilmiy unvoni berildi.  



2021-yilda Qarshi DU huzuridagi Ixtisoslashgan kengashda R.Shodiyev Ilmiy maslahatchiligida “Boʻlajak boshlangʻich sinf oʻqituvchilari pedagogik tayyorgarligini modellashtirish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini oldi.



Sh.Nurullayeva boshlangʻich ta’lim tizimini malakali pedagogik kadrlar bilan ta’minlash hamda metodik ta’minotini takomillashtirish borasida izlanishlar olib bormoqda. U T.Gʻafforova bilan hammualliflikda tayyorlagan “Oʻqish kitobi” 2-sinf uchun darsligi Respublikamiz umumiy oʻrta ta’lim maktablarida darslik sifatida 2012-yildan 2021-yilga qadar qoʻllanilib kelindi.



Shuningdek, Sh.Nurullayeva tomonidan 3 ta darslik, 2 ta oʻquv qoʻllanma, 2 ta monografiya, 5 ta uslubiy qoʻllanma nashr ettirdi. Uning 100 dan ortiq ilmiy maqola va tezislari Respublikamiz jurnallarida hamda ilmiy-amaliy konferensiyalari metriallari toʻplamlarida nashr etildi. Jumladan, 50 ga yaqin ilmiy maqolalari Respublikamiz jurnallarida hamda Rossiya Federatsiyasi, Belgiya, Germaniya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklaridagi jurnallarda e’lon qilingan.



2020-yildan Qarshi DU huzuridagi Ixtisoslashgan Ilmiy kengash a’zosi, 2022-yildan Ixtisoslashgan kengash huzuridagi ilmiy seminar raisi. Uning rahbarligida 4 nafar tadqioqtchi dissertatsiya himoya qilib pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega boʻldilar.



            Sh.Nurullayeva Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi Faxriy yorligʻi (2015-yil) hamda “Xalq ta’limi a’lochisi” koʻkrak nishoni (2016-yil) bilan taqdirlangan.