Olimov Shirinboy Sharofovich 1994- yilda Buxoro davlat universitetining "Pedagogika va tarbiyaviy ishlar metodikasi" mutaxassisligini tugatgan va shu yildan boshlab universitet yo‘llanmasi bilan Buxoro industrial-pedagogika texnikumi (hozirgi Buxoro pedagogika kolleji) da pedagogika fani o‘qituvchisi vazifasida ishlagan. U 1994 – 1995-yillarda Buxoro industrial-pedagogika texnikumi pedagogika fani o‘qituvchisi. 1995 -1998-yillarda Buxoro industrial-pedagogika texnikumi sirtqi bo‘lim boshlig‘i. 1998-2000-yillarda Buxoro pedagogika texnikumi sirtqi bo‘lim uslubchisi. 2000-2002-yillarda Buxoro pedagogika texnikumi kunduzgi bo‘lim boshlig‘i. 2002-2007-yillarda Buxoro viloyat o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi. 2007-2010 –yillarda Buxoro tumanidagi Yangi turmush iqtisodiyot kolleji direktori. 2010-2013-yillarda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi dotsenti 2013-2016-yillarda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi professori, 2016 – h.v. Buxoro davlat universiteti “Pedagogika” kafedrasi mudiri lavozimlarida ishlab, o‘quv jarayonidan ajralmagan holda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi va 2002- yilda nomzodlik, 2012-yilda “Kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini ma’naviy-axloqiy tarbiyalash nazariyasi va amaliyoti” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2008-yilda dotsent, 2018-yilda professor ilmiy unvonlariga erishgan.
Sh.Olimov taniqli pedagog, oliy ta’lim sohasida ko‘p yillik tajribaga ega fidoyi ustozlardan biri sifatida mamlakatimizda ilm-ma’rifatni rivojlantirishga, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga, ma’naviy-madaniy saviyasini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. U hayotini pedagogika sohasining dolzarb masalalarini ilmiy jihatdan o‘rganish, yoshlarga o‘rgatish, milliy ta’lim va tarbiya mazmunini jahon miqyosida keng targ‘ib qilishga bag‘ishlab, ma’naviy-axloqiy tarbiyalash nazariyasi va amaliyoti, pedagogikaning dolzarb muammolari, pedagogik mahorat, pedagogik texnologiyalar, pedagogikaning konseptual asoslari bo‘yicha chuqur fundamental tadqiqotlar yaratishga erishdi. Bugungi kunda tadqiqotlarining xalqaro miqyosidagi iqtiboslik darajasi 635, h-indeksi 13, i-10 -indeksi 16 ko‘rsatkichiga ega.
2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Sh.Olimov oliy ta’lim tizimida yuksak iste’dodi, kasbiy mahorati, jonkuyarligi, izlanuvchanligi, mehnatsevarligi, tashabbuskorligi bilan salmoqli natijalarga erishib kelmoqda. Buni uning yangi avlod adabiyotlarini yaratish orqali ta’lim sifatini oshirish yo‘lida hammualliflikda tayyorlagan va vazirlik grifi asosida chop etilib, o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan “Tarbiyaviy ishlar metodikasi” (2018), “Pedagogik va psixologik fanlarni o‘qitish metodikasi” (2022), “Pedagogik deontologiya va kompetentlik” (2022), “Innovatsion pedagogik faoliyatni tashkil etish texnologiyasi” (2022), darsliklari, “Pedagogik texnologiyalarning o‘quv-tarbiya jarayoniga qo‘llash” (2014), “Pedagogika. Ensiklopediya 1-jild” (2015), “Pedagogik mahorat” (2018), “Umumiy pedagogika” (2018), “Pedagogik texnologiya” (2019), “Obshaya pedagogika” (2019), “Pedagogika nazariyasi va tarixi” (2022) o‘quv qo‘llanmalari to‘liq namoyon eta oladi.
Sh.Olimov vatanparvar va fidoyi ustoz murabbiy sifatida o‘qitishning ilg‘or pedagogik texnologiyalarini zamon ruhi bilan uyg‘un bog‘lagan holda talaba va magistrlarga saboq berish barobarida iqtidorli talaba-yoshlarni ilmga yo‘naltirib, 7 nafar shogirdi M.Muxammedjanova (2014), M.Muxammedjanova (2015), M.Nasullaeva (2016), M.Baxramova (2018), D.Hotamova (2018), O.Usmonova (2020), Yu.Saidova (2021) Respublika fan olimpiadasida 1-,2-,3-o‘rinlar g‘olibi va 1 nafar shogirdi D.Hotamova (2019) Navoiy Davlat stipendiyasi tanlovi g‘olibi bo‘ldi. Hozirgacha pedagogika fanining dolzarb ilmiy muammolari tadqiqi bo‘yicha 2012-2022- yillar davomida 17 nafar shogird tayyorlab yetishtirdi. Ulardan 1 nafar pedagogika fanlari nomzodi N.Azimova (2012), 15 nafari pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) – Sh.Samieva (2018), Z.Hasanova (2018), Xakimov X. (2020), A.Raximov (2020), A.Samiev (2021), G‘.Boqiev (2020), T.Olimov (2021), S.Muxamedjanova (2021), N.Sayfullaeva (2022), D.Jabborova (2022), N.Zaripov (2022), M.Jumaeva (2022), F.Turkmenov (2022) I.Hayitova (2022), D.Mamurova (2022), H.Homidov (2022) dissertatsiya himoya qildi. Olim yaratgan ilmiy maktab yildan-yilga kengayib bormoqda.
Olim 2008-yildan buyon Ilmiy kengashlarda dissertatsiyalarga rasmiy opponentlik qilib keladi. 2018-2022 yillarda 2 DSc hamda 19 PhD dissertatsiyaga rasmiy opponentlik qildi.
Ilmiy qiziqishlari serqirra olimning hozirgacha 6 ta monografiyasi (“Kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini ma’naviy-axloqiy tarbiyalash” (2007), “Talabalarda mustaqillik tafakkurini shakllantirish” (2011), “Ma’naviy-axloqiy tarbiya asoslari” (2015), “Jismoniy va ma’naviy-axloqiy tarbiya integratsiyasi” (2020), “Bo‘lajak o‘qituvchilarni ma’naviy-ma’rifiy faoliyatga tayyorlash” (2021), “Oliy hamda malaka oshirish ta’lim turlari orasida uzviylikni ta’minlash texnologiyasi” (2022), vazirlik grifi bilan yuqorida nomlari sanalgan 4 darslik va 7 o‘quv qo‘llanmasi; 7 metodik qo‘llanmasi (“Dars kuzatish va tahlil qilish ta’lim-tarbiya, kasb-hunar o‘rgatish sifatini oshirishning muhim vositasi” (2003), “Hozirgi zamon darsi va uning tuzilishi” (2013), “Yangi pedagogik texnologiyalar: nazariya va amaliyot” (2004), “Oliy o‘quv yurtlarida ma’naviy-ma’rifiy tarbiya asoslari” (2004), “O‘quv yurtlarida sinfdan tashqari ma’naviy-ma’rifiy ishlarning mazmuni va ularni tashkil qilish metodlari” (2006), “Dars tarixi, mazmuni va tahlili” (2015), “Malakaviy amaliyot” (2022); 4 ta elektron darsligi “Andragogik ta’lim diagnostikasi va korreksiyasi fanidan elektron darslik” (2020), “Innovatsion pedagogik faoliyatni tashkil etish texnologiyasi” (2020), “Pedagogik tadqiqotlarni modellashtirish” (2021), Pedagogik texnologiya (2022); 200 ga yaqin ilmiy maqola va tezislari (shundan: 15 tasi xalqaro impakt faktorli, 4 tasi Scopus bazasidagi jurnallarda) e’lon qilingan bo‘lib, soha mutaxassislari uchun muhim qo‘llanma sifatida xizmat qilib kelmoqda.
Sh.Olimov jamoat ishlarida ham faol. 2002-2007-yillarda Buxoro viloyat o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat olib borgan. U o‘quv, o‘quv-metodik, ilmiy tadqiqot ishlarida faol ishtirok etishi bilan birgalikda fakultet ilmiy kengashi va ilmiy seminari a’zosi, universitet ilmiy, o‘quv-metodik va ilmiy-texnik kengashlari a’zosi.
Sh.Olimov faoliyatidagi hikmatli fazilatlardan uning pedagogika fani doirasidagi ilmiy anjumanlarda ishtiroki va ularni tashkil etishdagi xizmatida ko‘rish mumkin. U 10 dan ortiq xalqaro miqyosda o‘tkazilgan ilmiy anjumanlarda o‘z ma’ruzasi bilan qatnashgan. Pedagogika kafedrasi mudiri sifatida hamkasblari bilan hamkorlikda xalqaro va respublika doirasida konferensiyalar tashkil qilib kelmoqda.
Iqtidorli olim respublikamizda ta’lim sohasidagi islohotlar mazmuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, davlat tashkilotlaridagi ma’rifiy o‘qishlarda ma’ruzalar qilib turadi.
Sh.Olimov ibratli va totuv oilaning boshlig‘i, 2 nafar farzandning otasi.
Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashda, uning jahon miqyosidagi obro‘sini yanada oshirishda, Vatanimiz taraqqiyoti va farovonligini yuksaltirishda, yoshlarni ona yurtga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, ma’naviy sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashda, xalqimiz urf-odat va an’analarini ardoqlashda, saqlab qolishda faol xizmat qilib kelayotgan bu jonkuyar ustoz, tashkilotchi va yuksak madaniyatli, dunyoqarashi keng, yurtiga sadoqatli, kamtarin va samimiy inson, mehribon ota el-yurt hurmatiga sazovordir.