XX–XXI asr oʻzbek adabiyotshunosligida, ayniqsa navoiyshunosligida akademik, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Oʻzbekiston xalq maorifi a’lochisi hamda jamoat arbobi, Azizxon Poʻlatovich Qayumovning xizmatlari katta. XX asr navoiyshunosligining shakllanishi va rivojolanishida katta oʻrin tutgan Oybek, V.Zohidov, Gʻ.Gʻulom, H.Olimjon, sharqshunos olimlar Ye.E.Bertels, V.V. Bartold, A.Semenov kabi zabardast olimlar ishini davom ettirib, bu sohaning yanada takomillashib borishida ulkan ishlarni amalga oshirdilar. Zamondosh olimlar bilan yelkama yelka turib, Navoiy, Z.M.Bobur, Maxmur, Nodira, Furqat, Hoziq, Gʻoziy va boshqalarning ijodini mukammal ilmiy tadqiq qilish, targʻib qilish ishlariga bevosita rahbarlik vazifalarini ham bajarib keldilar. Navoiy asarlarini tadqiq qilish, ilmiy oʻrganish va nashrga tayyorlash, ularni tarqatish va targʻib qilish, ayniqsa yoshlar orasida Navoiy ijodini kengroq targʻib qilish boʻyicha olib borgan ishlari muhim ahamiyat kasb etadi. Azizxon Poʻlatovich Navoiyning “Xamsa” dostonlarini keng kitobxonlar ommasiga moʻljallab sharhlagan holda sodda, ravon tilda talqin qildilar, Navoiy ijodini yoritib, tushuntirib beruvchi maqolalar, ilmiy-tadqiqot ishlari yaratdilar. Navoiy yubileylarini tayyorlash va nishonlash jarayonlarida ham bosh-qosh boʻlganlardan biri, Navoiy ijodini mukammal bilgan inson, olim sifatida aholi orasida turli vositalar orqali targʻibot ishlarini ham olib bordilar.
A.P.Qayumov 1926-yil 19-yanvarda oʻsha davrning koʻzga koʻringan Xalq oʻqituvchisi, ilm fidoiysi, koʻplab yoshlarning ustozi Poʻlatjon domla va Adolatxon aya xonadonlarida dunyoga keldi. Onalari-Adolatxon ayaning hozirgi zamonning oliy oʻquv yurtlariga oʻxshash biror bir ilm dargohida ta’lim olmagan boʻlsalarda, oʻta zukko, savodli, ancha-muncha ilmlardan xabardor, oʻsha paytdagi mahalla ayollariga savodsizlikni tugatish va bitirish kurslarida dars beruvchi faol ayollardan boʻlganligini domla koʻp marotaba soʻzlab berganlar. Farzand kamolida uning haqiqiy inson boʻlib yetishuvida birinchi galda onaning xizmati katta. Buni Adolatxon aya timsolida koʻrish mumkin. Laziz Poʻlatovich va Aziz Poʻlatovichning taniqli olim, komil inson boʻlib yetishuvlarida, Oʻzbekiston fani va ilmida alohida oʻringa ega boʻlishlarida, albatta, onalari - Adolatxon ayaning xizmatlarini hech bir narsa bilan oʻlchab boʻlmaydi.
Oila muhiti, oiladagi tarbiya, qolaversa ustozlarning oʻgiti, ular bergan bilimlar natijasida Aziz Poʻlatovich 1949-yildan boshlab Sharq qoʻlyozmalarini oʻrganish institutida kichik ilmiy xodim, Sharqshunoslik institutida ilmiy kotib, Til va adabiyot institutida, H.Sulaymonov nomidagi Qoʻlyozmalar institutida direktor, Toshkent Davlat madaniyat institutida rektor, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlarining vazir oʻrinbosari, vazir, Oʻzbekiston Kinematografiya Davlat qoʻmitasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat xodimlari Kasaba uyushmasi raisi, Oʻzbekiston hukumati idoralarida mas’ul lavozimlarda ishladilar. 1954-yilda fan nomzodligi, 1961-yilda fan doktorligi uchun dissertatsiyalarni himoya qilganlar. Adabiyotshunoslikda hali hech kim qoʻl urmagan mavzularda ilmiy-tadqiqot ishini olib borib, fanga yangi ma’lumotlarni olib kirdi. 1989-yil Oʻzbekiston FAning muxbir a’zosi, 1995-yilda akademigi unvoniga ega boʻldi.
Azizxon Poʻlatovichning ilmiy va ijodiy mehnatlari, jamoatchilik ishi “Oʻzbekiston Xalq maorifi a’lochisi”, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi”, Oʻzbekiston kinematografiya a’lochisi, bir qator orden va medallar bilan taqdirlandi. Aziz Poʻlatovichning gʻayrat va shijoatlari bilan 10 tomlik “Asarlar” toʻplami 12 kitobda nashr etildi. Bir qator risolalari, maqolalari kitobxonlar qoʻliga borib yetdi. Keyingi yillarda ham shoira, ham olima, professor Dinara Azimova bilan birgalikda birinchi marta rus tilida Alisher Navoiyning “Nazm ul-javohir” va “Xamsat ul mutaxayyiriyn” asarini tarjima qilib nashr etdilar. Bu asarlarni Navoiy ijodini mukammal bilgan, ma’no va mazmunini oʻz tilida sharhlab bera oladigan, ham rus tilida mukammal tushuntirib, izohlab berishga qodir kishilarning tarjima qilgani albatta katta yutuq.
Aziz Poʻlatovich tomonidan Alisher Navoiy “Xamsa”sining ilmiy jihatdan tadqiqi natijasida koʻplab ilmiy asarlar yaratildi. 5 ta dostonning mukammal ilmiy-ommabop nashrlari keng kitobxonlar ommasiga yetib bordi va navoiyshunoslikka qoʻshilgan ulkan yutuq sifatida tan olindi.
Ustozning yana bir savobli ishlari oʻzlarining ustozlari va safdoshlari haqida yaratgan asarlaridir. Ular avval kichik risolalar koʻrinishida nashr etilgan boʻlsa, keyinchalik “Oʻzbekiston akademiklari” nomi bilan nashrdan chiqdi. Bu kitobdan “oʻzlari parvarish topgan moʻ’tabar va fozil zotlar”, hamkasb va hammaslaklaridan Habib Muhammedovich Abdullayev, Toshmuhammad Niyozovich Qori-Niyoziy, Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek, Vohid Yoʻldoshevich Zohidov, Xadicha Sulaymonova, Yahyo Gʻulomov, Ahmadali Asqarov, Rahima Aminova, Ubaydulla Karimovlar haqidagi qiziqarli ma’lumotlar joy olgan. Ularning hayoti va ijodi har birimiz uchun maktab, oʻrnak olsa boʻladigan saboq. Ustozning fikricha, kishilarimiz oʻzlariga zamondosh boʻlgan buyuklar haqida ham bilmoqlari, ularni hurmat bilan tilga olmoqlari kerak. Shu ma’noda ular haqida ularni bevosita bilgan, hamfikr, hammaslak boʻlganlar tomonidan aniq faktlar bilan yozilgan asarlar barkamol avlod tarbiyasida muhim oʻrin tutadi.
Azizxon Poʻlatovich Qayumov ijodining qirralari juda koʻp. Koʻplab mumtoz adabiyotimiz namunalari, Z.M.Bobur, Nodira, Maxmur, Uvaysiy, Naqshbandiy, Mahzuna, Gʻoziy, Hoziq, Furqat, Xuvaydo, Muqimiy asarlari ularning tahririda, muharrirligida tayyorlandi va nashr etildi. Oʻzbek kitobxonlari, ayniqsa sogʻliqni saqlash sohasidagi barcha mutaxassislar Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarini 1954-yildayoq oʻz ona tillarida bir qator olimlar qatorida Aziz Poʻlatovich tarjimasida oʻqishga erishdilar. Aziz Poʻlatovich adabiyotga 1938-yildan boshlab, hali oʻquvchilik davridayoq oʻz she’rlari bilan kirib kelganlar. 16 yoshidanoq Navoiy gʻazallariga muxammaslar bitganlar. Ana shu ijod natijasida 2 qismdan iborat “Navoiyga ta’zim” toʻplami Aziziy taxallusida nashr etildi. Toʻplamdan Alisher Navoiyning ayrim gʻazallariga bitilgan 109 ta muxammaslar joy olgan. Bu muxammaslar Aziz Poʻlatovichning nafaqat olim, balki nozikta’b va juda katta shoir ekanliklarini anglatadi. Toʻplamlarni ustozning sadoqatli shogirdlari filologiya fanlari nomzodi Ma’mura Rashidova bilan ilmiy xodim Fotima Ikromovalar tayyorlashgan va S.Hasanov muharrirligida nashrdan chiqqan. Ustoz toʻplamga kirish soʻzlarida ijod samaralarining bir chetda qolib ketmay, biror bir kitobxonga nafi tegishini, ulardan oz boʻlsada bahra olishini nazarda tutib, toʻplam tuzganlarini ta’kidlaydilar.
Koʻp yillik mehnatlari natijasida Abu Rayhon Beruniyning “Kitob al-Jamohir fi-Ma’rifat al-Javohir” (Mineralogiya) asari A.Qayumov tarjimasida 2017-yil Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat nashriyotida nashr etildi.