Qodirov Umarali Do‘stqobilovich 1974-yil 16-oktabrda Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan, millati o‘zbek. 1991-yilda Muzrabot tumanidagi 7-o‘rta maktabni kumush medal bilan bitirib, Termiz davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetiga o‘qishga kirgan va 1996-yilda Termiz davlat universiteti o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetini o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli tugatgan. 2002-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida aspiranturani, 2011-yilda doktorantura bosqichini tamomlagan. 2015-2016-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan.
2002-yilda O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Ilmiy kengashda “Badiiy ijodiyotda ijtimoiy-psixologik va etnopsixologik muammolar talqini (Аbdulla Qodiriy romanlari asosida)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2020-yilda Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Dsc.28.03.2019.psi.26.02 raqamli Ilmiy kengashda “Yoshlarni destruktiv g‘oyalar taʼsiridan himoyalashning ijtimoiy-psixologik xususiyatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. U. Qodirov 1991–1996-yillarda Termiz davlat universiteti talabasi; 1996–1998-yillarda Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasiga qarashli 10-maktab internat o‘qituvchisi; 1998–2002-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti aspiranti; 2002–2008-yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ichki nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i; 2009–2010-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining mas’ul xodimi; 2008–2011-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti doktoranti; 2012-yilning yanvaridan oktabr oyigacha O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi mudiri; 2012–2014-yillarda Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi yetakchi ilmiy xodimi; 2014-yil 26-fevraldan 2017-yilgacha Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti rektori; 2017–2018-yillarda Surxondaryo viloyati hokimligi tashkiliy- nazorat guruhi rahbari; 2018–2022-yillarda Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori, 2022-yil 20-iyuldan Surxondaryo viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi direktoridir.
U.Qodirov o‘qitishning zamonaviy usullari, zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda multimedia taʼlim resurslaridan foydalangan holda anʼanaviy, masofaviy malaka oshirish hamda qayta tayyorlash taʼlimi tinglovchilari, Termiz davlat universiteti, Termiz davlat pedagogika instituti, Аndijon davlat pedagogika instituti, Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti talabalari uchun yuqori ilmiy va o‘quv-uslubiy saviyada maʼruza kurslarini, magistratura talabalariga ilmiy rahbarlik faoliyatini olib bormoqda.
Psixologiya fanlari doktori, professor U.Qodirov 2008-yili Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ilmiy xizmat safarida bo‘lgan. 2005-yildan hozirgi kunga qadar 2 ta ilmiy-amaliy va fundamental loyihada rahbar, 6 ta loyihada ishtirokchi sifatida faoliyat yuritgan. Uning 200 dan ortiq ilmiy ishlari respublikamiz hamda Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya, Chexiya, Аvstriya singari davlatlarda nashrdan chiqqan. U 2021-yilning 28–29-oktabr kunlari Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida o‘tkazilgan MDHga aʼzo davlatlar taʼlim tizimi xodimlarining 6-syezdida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi aʼzosi hamda I Xalqaro pedagogik mahorat festivalining ishtirokchisi sifatida ishtirok etgan.
U.Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ustoz” jamg‘armasi granti sovrindori, Xalqaro “Аntik dunyo” – “Antique world” akademiyasining akademigi, “Turon” Fanlar akademiyasining akademigi va prezidiumi aʼzosi, Yevropa ilmiy va sanoat konsorsiumi tomonidan taʼsis etilgan “Yevropa sifati” oltin medali sohibi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi, O‘zbekiston Respublikasi OАK ro‘yxatidagi “Zamonaviy taʼlim” – “Современное образование” ilmiy jurnali Bosh muharrir o‘rinbosari, “Xalq taʼlimi: muammolar, izlanishlar, yechimlar”, “Psixologiya”, “Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti axborotnomasi”, Rossiya Federatsiyasida nashr etiladigan “Вестник современной науки”, “Интернаука”, Kanadaning Toronto shahrida nashr qilinadigan “Intellectual archive” ilmiy-nazariy jurnallarining tahrir hayʼati aʼzosidir. U.Qodirov tomonidan ikki yuzga yaqin ilmiy va publitsistik maqola, 3 ta darslik, 1 ta monografiya, 16 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma va dastur chop qilingan.
Umarali Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan tan olingan “Destruktiv xulq psixoprofilaktikasi” nomli ilmiy tushuncha (№003467 raqamli guvohnoma, 2021-yil 30-aprel), “O‘qituvchining psixologik kompetensiyasi” nomli atama (№003910 raqamli guvohnoma, 2021-yil 5-noyabr) muallifidir. U.Qodirovning “Huquqshunoslik faoliyati psixologiyasi”, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga kasbiy-psixologik tanlov”, “Harbiylik – sharafli kasb”, “Sharqona oila”, “Yoshlarni destruktiv taʼsirlardan himoyalashning psixologik jihatlari”, “Oilaga psixologik yordam ko‘rsatish”, “Ochiq axborot tizimlarida axborot-psixologik xavfsizlik”, “Sog‘lom bola shakllanishining ayrim ijtimoiy-psixologik jihatlari”, “Oilaga psixologik yordam ko‘rsatish asoslari”, “Oilaviy hayotga tayyorlash”, “Oilada bo‘lajak notiqni tayyorlash”, “Boshlang‘ich taʼlimni modernizatsiyalashda kompetensiyaviy yondashuvlar texnologiyasi”, “Oilada notiqlik ko‘nikmalarini shakllantirish”, “Kasb psixologiyasi”, “Sport psixodiagnostikasi va psixokorreksiya”, “Psixologik xizmat nazariyasi va amaliyoti” singari darslik, monografiya, o‘quv, uslubiy qo‘llanmalari chop etilgan bo‘lib, ulardan qiziquvchilar, ilmiy tadqiqotchilar foydalanib kelishmoqda.
Uning ilmiy rahbarligida bir necha tadqiqotchilar psixologiya va pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilganlar. U.Qodirov hozirgi vaqtda o‘ndan ortiq tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlik va maslahatchilik faoliyatini amalga oshirmoqda.
U.Qodirov Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Buxoro davlat universiteti psixologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashlari huzuridagi Ilmiy seminarlar raisi, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi psixologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi o‘rinbosari, Tojikiston Respublikasi Xo‘jand davlat universiteti huzuridagi bir martalik psixologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash, O‘zbekiston Milliy universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Buxoro davlat universiteti, Toshkent Islom universiteti hamda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi psixologiya fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashlar aʼzosi sifatida faoliyat yuritgan. U ayni vaqtda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va Buxoro davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengash va ilmiy seminarlar a’zosi hisoblanadi.
U “Coursera Workforce Recovery” dasturi doirasida tashkil etilgan “Coursera” onlayn kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, pedagogika, psixologiya, taʼlim texnologiyalari yo‘nalishida dunyoning rivojlangan davlatlarida, xususan, АQSh, Kanada, Аvstraliya va ko‘plab Yevropa mamlakatlarida tan olinadigan 41 ta sertifikatni qo‘lga kiritgan.
U.Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining maxsus Ishchi guruhi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi eksperti sifatida ham faoliyat yuritgan.
U o‘z faoliyati davomida Xalq taʼlimi vazirligi va viloyat hokimligining faxriy yorliqlari, bir necha xorijiy ta’lim vazirliklari hamda xalqaro tashkilotlarning tashakkurnomalari bilan taqdirlangan.