Olim

QURBONOVA MUNAVVARA ABDUJABBOROVNA

Filologiya fanlari doktori, professor v.b.

Qurbonova Munavvara Abdujabborovna 1982-yil 25-aprelda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. 2001-yilda Toshkent shahridagi ko‘zi ojiz bolalar maktab-internatini imtiyozli guvohnoma bilan tamomlab, Respublika fan olimpiadasi g‘olibi sifatida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti O‘zbek filologiyasi fakultetiga imtiyozli qabul qilingan. 2004-yilda Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiasi, 2005-yilda “Kamolot” stipendiyasi sovrindori bo‘lgan. 2005-yilda bakalavriat bosqichini imtiyozli diplom bilan tamomlab, Davlat stipendiyasi sovrindori sifatida magistratura bosqichiga imtiyozli qabul qilingan. 2007-yilda magistratura bosqichini imtiyozli diplom bilan tamomlab, aspirantura bosqichiga qabul qilingan. 2009-yilda “O‘zbek bolalar nutqi leksikasining sotsiopsixolingvistik tadqiqi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muddatidan ilgari himoya qilgan. M.Qurbonova 2011-2013-yillarda “Bir safda” jurnali muharririyati etakchi mutaxassisi, 2013-2015-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida o‘qituvchi, 2015-2016-yillarda dotsent vazifasini bajaruvchi, katta ilmiy xodim-izlanuvchi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2016-2017-yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida doktorantura bosqichida tahsil olgan.  2018-yilda “O‘zbek bolalar nutqining pragmatik xususiyatlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2018-2022-yillarda ToshDO‘TAU O‘zbek tilshunosligi kafedrasida dotsent lavozimida ishlagan. 2022-yildan buyon mazkur kafedrada professor vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat olib bormoqda.



M.Qurbonova  2010-yilda filologiya fanlari nomzodi, 2018-yilda filologiya fanlari doktori ilmiy darajalari, 2016-yilda dotsent ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan.



2015-2017-yillarda M.Qurbonova rahbarligida bajarilgan “Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish” davlat amaliy granti loyihasi doirasida yetakchi olimlar muallifligidagi 3 ta darslik, 8 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanmaning audiokitob shaklidagi nusxalari, tilshunoslikka oid dissertatsiyalar, monografiyalar va maqolalar mazmunini aks ettiruvchi 3 ta audioma’lumotlar to‘plami tayyorlanib, ta’lim tashkilotlari, axborot-resurs markazlari, “ZiyoNet” portali, https://t.me/filologiya_mediya_manbalar  telegram kanali orqali ommalashtirilgan. 2018-2020-yillarda uning rahbarligida bajarilgan “Ko‘zi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, matnlarni o‘qish va yozish imkonini beruvchi o‘zbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy ta’minot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish” davlat amaliy granti loyihasi doirasida O‘zbekistonda birinchi marta sun’iy intellekt texnologiyasi asosida  o‘zbek tilidagi elektron matnlarni adabiy talaffuz me’yorlariga muvofiq tarzda ovozli xabarga aylantiruvchi “UzNutq sintezator kompyuter dasturi” yaratilib,  http://uznutq.com/ veb-sahifasi va “@ttsuzbot” telegram boti orqali keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilingan.



 



2014-yilda M.Qurbonovaning “O‘zbek bolalar nutqi leksikasining sotsiopsixolingvistik tadqiqi”, 2018-yilda “O‘zbek bolalari nutqining lingvopragmatik aspekti” monografiyalari, 2015-yilda “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” fanidan laboratoriya ishlari (ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun mo‘ljallangan)” o‘quv qo‘llanmasi, 2015-yilda “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” fanidan kurs ishlarini yozish metodikasi (ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun mo‘ljallangan)”, 2016-yilda “O‘zbek tili va adabiyoti” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlik dissertatsiyasini yozishga qo‘yiladigan talablar (ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun mo‘ljallangan)”uslubiy ko‘rsatmalari, 2021-yilda “O‘zbek tili o‘zlashma so‘zlarining urg‘uli lug‘ati” o‘quv uslubiy lug‘ati nashr etilgan. M.Qurbonova   Google play platformasidan o‘rin olgan “Bolalar assotsiativ lug‘ati” mobil ilovasi (2022)ning mualliflaridan biridir. U 6 ta dasturiy mag‘sulot, 3 ta audiokitob, 1 ta o‘quv-uslubiy lug‘at  uchun mualliflik guvog‘nomalarini olgan (2017-2022). 130 dan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari Respublika miqyosida, shuningdek, AQSH, Angliya, Makedoniya, Polsha, Ukraina, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Qozog‘iston kabi xorijiy mamlakatlarda e’lon qilingan (2004-2023).



M.Qurbonova  “Ko‘zi ojizlar uchun kompyuter saboqlari” o‘quv qo‘llanmasi (2011), “Bolalar assotsiativ lug‘ati” (2022)ga mas’ul muharrirlik qilgan. U “O‘ZBEKISTON: til va madaniyat (Lingvistika)”, “Bir safda” jurnallari tahrir hay’ati,  ToshDO‘TAU Ilmiy-texnikaviy kengashi, ko‘zi ojiz abiturientlardan Oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarini qabul qilish komissiyasi, fan olimpiadalari,  talabalar ilmiy-amaliy anjumanlari hakamlar hay’ati a’zosi, nazariy-metodologik seminar, ilmiy ishlar va innovatsion loyihalar tanlovlari  eksperti, (2007-2023) sifatida muntazam ishtirok etib keladi.



M.Qurbonova O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar Jamiyatining faol a’zolaridan biridir.  U tashabbuskorligi, ilmiy salohiyati bilan jamiyatdoshlari orasida alohida ajralib turadi. M.Qurbonova shu kunga qadar ma’naviy-ma’rifiy sohadagi xizmatlari, tinimsiz ilmiy izlanishlari natijasida ko‘plab yutuqlarga erishgan. “Innovatsion g‘oyalar etakchisi” ko‘krak nishoni (2019), Alisher Navoiy” medali (2023), “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” I Respublika tanlovida “Ta’lim sohasidagi eng samarali loyiha” nominatsiyasi (2017-2018), “Inno Week.Uz-2021 Xalqaro innovatsion haftaligi” doirasida tashkil qilingan Xalqaro interaktiv yarmarkada “Ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishidagi eng yaxshi innovatsion loyihalar ko‘rgazmasi” nominatsiyasi (2021),  “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligi doirasida o‘tkazilgan “Ixtirochi ayol - 2022” tanlovida “AKTni rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi innovatsion loyiha  (EHM uchun yaratilgan dastur va ma’lumotlar bazasi)” nominatsiyasi (2022) bo‘yicha 1-o‘rin sovrindori bo‘lgan.  “Respublika ilmiy ishlar tanlovi, “Bir safda” jurnali  tahririyati tomonidan e’lon qilingan maqolalar tanlovi (2007)”Lui Brayl tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan maqolalar tanlovi (2009), “Yilning eng yaxshi monografiyasi muallifi” tanlovi (2015)da g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. “WOMEN INVENTORS – 2019” Forumida innovatsion ishlanmalar bilan ishtirok etib, Koreya Xotin-qizlar assotsiatsiyasi prezidenti tomonidan xalqaro sertifikat bilan taqdirlangan. “IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi” (2016), “Yoshlarning innovatsion g‘oyalari va texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlash yarmarkasi” (2018), “Ixtirochi xotin-qizlar innovatsion tadbirkorlik haftaligi”, “Ixtirochi ayollar – 2019” ko‘rgazmasi, “INNOWOMENWEEK” innovatsion haftaligi (2019), 11 fevral - “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan xotin-qizlarning ilm-fan va innovatsion rivojlantirish sohalarida mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hamda “Olima ayollar” tanlovi (2022), “Jamiyatda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalarning barqaror rivojlanishida xotin-qizlarning o‘rni” xalqaro forumi (2023), “Oila mustahkamligi uchun mas’ulmiz” (2018)  “Ma’rifatparvar ayollarning ibratli hayot yo‘llari” (2022) mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardagi faol ishtiroki, ko‘zi ojiz shaxslarga mo‘ljallangan dasturiy mahsulotlar, audiokitoblar ta’minoti  uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi,  Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, ta’lim tashkilotlari, axborot-resurs markazlari rahbariyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy Boshqaruvi raisi, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar kengashi raisi, Toshkent shahar  Olmazor tumani hokimligi tomonidan sertifikat, diplom, faxriy yorliq hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlangan.



Uning shogirdlari xalqaro va respublika konferensiyalari, fan olimpiadalari, ilmiy ishlar, startap loyihasi tanlovlarida faol qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqdalar.



M.Qurbonova jamoat ishlarida faol, yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalash borasida erishilgan yutuqlarga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. U samimiy, kamtarin, mehnatsevar, insonparvar, irodali, qat’iyatli, fidoyi, mas’uliyatli, izlanuvchan olima sifatida keng jamoatchilik orasida katta hurmat qozongan.