Qo‘ysinov Odil Almurotovich 1979-yil 31-yanvarda Toshkent viloyati Piskent tumanida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. U Toshkent viloyati, Piskent tumanidagi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabida va 7-sonli litseyda 1986-1996-yillari ta’lim olgan. 1996 – 2000-yillarda Nizomiy nomidagi TDPUning “Kasb ta’limi” fakultetida tahsil olib, imtiyozli diplom bilan tugatgan. 2000-2002 yillarda mazkur universitetning magistratura hamda 2002-2005 yillarda aspirantura bo‘limlarida o‘qigan.
Uning pedagog sifatida yuqori kasbiy layoqatga ega ekanligini inobatga olgan holda, universitetning “Kasb ta’limi metodikasi” kafedrasida 2002 yildan o‘rindosh o‘qituvchi, 2006-yildan asosiy shtatda o‘qituvchi, 2008- yildan dotsent v.b., 2010 yildan dotsent va 2012 yildan kafedra mudiri v.b., 2012 - 2015 yilgacha kafedra mudiri hamda 2015 yildan 2020 yilgacha universitetda ma’anaviy-ma’rifiy ishlar (yoshlar bilan ishlash bo‘yicha) bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan. Shuningdek universitetda iqtidorli talabalar akademiyasi prezidenti sifatida bir qancha talabalarning ilmiy va ijodiy yutuqlarga erishishida o‘z xissasini qo‘shgan. 2020- yildan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Kasbiy faoliyati davomida umumiy o‘rta ta’lim maktabida texnologiya fani o‘qituvchisi, kasb-hunar kollejida maxsus fanlar o‘qituvchisi va malaka oshirish va qayta tayyorlash institutlarida texnologiya fani o‘qituvchilariga o‘rindoshlik asosida dars bergan.
Qo‘ysinov Odil Almurotovich rahbarligida universitet talabalari respublika fan olimpiadalarida munosib ishtirok etishgan va g‘oliblari sifatida e’tirof etilishgan.
2008-yil “Kasb ta’limi yo‘nalishi bakalavr o‘qituvchilarni tayyorlashda mustaqil ta’limning ilmiy-metodik asoslari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 2010-yilda dotsent unvoni sohibi bo‘lgan.
2019-yilda “Kompetentli yondashuv asosida bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy-pedagogik ijodkorligini rivojlantirish texnologiyalari” mavzusidagi pedagogika fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasini himoya qilgan va 2022-yil professor unvoniga ega bo‘lgan.
Uning matbuotda 200 ga yaqin ilmiy maqolalari va o‘quv adabiyotlari e’lon qilingan. Shulardan 5 ta monografiya, 7 ta darslik, 33 ta o‘quv metodik qo‘llanma, 10 ta elektron darslik hamda elektron ta’lim resurslari uchun patent idorasidan olingan guvohnoma, nufuzli xorijiy jurnallarda 10 ta, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi OAK ro‘yxatidan o‘tgan jurnallarda 22 dan ortiq ilmiy maqolalari e’lon qilingan. Ko‘pgina xalqaro (Chexiya, Rossiya, Yaponiya, Xitoy, Ruminiya va Hindiston) va respublika miqyosida o‘tkazilgan ilmiy anjumanlarda ma’ruzalar bilan ishtirok etgan. 2015-yilda O.A.Qo‘ysinov “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovida ishtirok etib universitet bosqichida 1-o‘rin va respublika bosqichida 2-o‘rin sohibi bo‘lgan.
2006-yilda Yaponiyaning JICA xalqaro agentligi tomonidan AICHI universitetida (Nagoya shahri, Yaponiya) “Industrial technology education” mavzusidagi tashkil etilgan malaka oshirish kursida hamda 2013- yilda Hindistonning ITEC tashkiloti tomonidan NITTTR institutida (Chennai shahri, Xindiston) “Developing Technical Education to Meed Global Needs” mavzusidagi tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida ishtirok etib, maxsus sertifikat sohibi bo‘ldi. 2017-yil Xitoyning Shansi provinsiyasidagi pedagogika institutida hamda Xux-Xato shahridagi Ichki Mangoliya pedagogika universitetlari bilan memorandum imzolash va xalqaro xamkorlik doirasida ijobiy natijalarga erishgan. 2019-yilda Ruminiyada tashkil etilgan “Stand against Drags” mavzusida tashkil etilgan seminarda hamda 2022-yil YuNESKO xalqaro tashkilotining Marokash davlatida o‘tkazilgan “Yettinchi Xalqaro Kattalar Ta’limi konferensiyasi”da ishtirok etgan. Ushbu malaka oshirish kurslarida tayyorlagan hisobotlari ta’lim sifati va samardorligini oshirishga qaratilgan ilmiy ishlar ekanligi bilan diqqatga sazovordir.
2014-yilda O.A.Qo‘ysinov bilan hammualliflikda tayyorlangan “Mehnat ta’limi” nomli darsligi “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” Respublika tanlovida faxrli 2-o‘rin sohibi bo‘ldi. 2015-yilda “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovida oliy ta’lim muassasalari uchun “Mehnat ta’limi metodikasi va kasb tanlashga yo‘llash”darsligi faxrli 1-o‘rinni egallagan.
O.A.Qo‘ysinov 2015-yilda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5-sinfi uchun “Mehnat ta’limi” darsligining hamda 2017- yil
6-7-sinflari uchun “Texnologiya”, hamda 2022- yil 6-sinflar uchun va 2022-yil 7-sinflar uchun Texnologiya fanidan darsliklar hammualifidir. O.A.Qo‘ysinovning rahbarligida bugungi kunga qadar 40 dan ortif bitiruv malkaviy ishlar, 10 dan ortiq magistrlik va 10 nafar pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktorlik (PhD) dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan.
2009-2011-yillarga mo‘ljallangan “Kasb ta’limi o‘qituvchilarini tayyorlashning samarali zamonaviy o‘quv-metodik majmuasini ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish” mavzusidagi hamda 2012-2014- yillarga mo‘ljallangan “Kasb ta’limi mazmunini modernizatsiyalash asosida o‘qituvchilar kasbiy kompetentligini shakllantirish texnologiyasi” mavzusidagi loyihalarda yetakchi ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan. 2015-2017-yillarda amalga oshirilgan “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida mehnat ta’limi fanini mazmunan modernizatsiyalash hamda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish texnologiyalari” mavzusidagi amaliy loyiha rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
2015-yil “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi bo‘lgan. 2018 yil Xitoyning “Shansi Normal University” faxriy professori unvonlari sohibi bo‘lgan.
2018-2019-yillarda tashkil etilgan respublika miqyosidagi istiqbolli boshqaruv kadrlarni tanlab olish bo‘yicha “Tarqqiyot” tanlovida “Ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi nominatsiyasida” faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. 2022-yil “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni sohibi.Faoliyati jaryonida Xalqaro va Respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy-uslubiy va ilmiy-amaliy anjumanlarda ma’ruzalar bilan qatnashadi.
Hozirda Finlandiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xalqaro Nordik universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo`yicha prorektor vazifasida faoliyat ko`rsatmoqda. O.A.Qo‘ysinov xorijiy hamkorlik aloqalarini kuchaytirish maqsadida har chorakda pedagogika oliy ta’lim muassasalarining rahbariyati va professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiyalarni Finlandiya va Shvetsiya davlarlariga malaka oshirish kurslariga rahbarlik qilmoqda.
O.A.Qo‘ysinov oilali, 3 nafar farzandi bor.