Gʻ.R.Rahmonberdiyev 1938-yil 16-mayda Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tavallud topdi. G.R.Rahmonberdiyev 1957-yili oʻrta maktabni medal bilan bitirgandan soʻng Toshkent politexnika institutining kimyo-texnologiya fakultetiga oʻqishga kiradi va uni 1962-yili muvaffaqiyatli bitiradi. Unga kimyogar-texnolog-mutaxassisligi beriladi. Institutni bitirgandan soʻng Gʻ.R.Rahmonberdiyev Sankt-Peterburg shahridagi Rossiya FAga qarashli “Yuqori molekulali birikmalar” institutiga aspiranturaga kiradi. U sellyuloza kimyosi sohasida taniqli olimlar Rossiya FAning muxbir a’zosi N.I.Nikitin, professor G.A.Petropavlovskiy laboratoriyasida saboq oldi.
1968-yilda Sank-Peterburg shahrida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgandan soʻng sobik ittifoq kimyo sanoati vazirligiga qarashli Paxta sellyulozasi kimyosi va texnologiyasi ilmiy-tekshirish institutiga (NIIXTS) kichik ilmiy xodim vazifasiga ishga olinadi. Shu institutda katta ilmiy xodim, sektor mudiri, laboratoriya mudiri va boʻlim boshligʻi vazifalarida ishlaydi. U 1983-yilda "Suvda eruvchan atsyetilsellyuloza va uning hosilalari" mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi.
1991-yili Toshkent kimyo-texnoligiya institutiga “Fizik va kolloid kimyo” kafedrasining mudiri qilib tayinlanadi.
Professor Gʻ.R.Raxmonberdiyev tomonidan paxta sellyulozasining kimyosi sohasida noyob yangi bir yoʻnalish rivojlantirildi: sellyulozaning suvda eriydigan yangi hosilalarini olish usullari ishlab chiqildi, sanoatda va xalq xoʻjaligida ularni ishlatish istiqbollari aniqlab berildi. Birinchi marta sellyuloza efirlarini suvda erish faktorlari va omillari koʻrib chiqildi va aniqlandi. Olingan yangi qonuniyatlar nafaqat sellyulozaning efirlarini balki yuqori molekulali birikmalarni suvda erish sabablarini tushuntirishda katta nazariy ahamiyatga ega boʻldi.
Birinchi marta sellyulozaning bir nechta (10 ga yaqin) suvda eriydigan yangi efirlari olindi va ularga kimyoviy bogʻ bilan kichik molekulali dorivor moddalar ulab virus, rak va sil kasalliklarni tuzatadigan, qon ketishini keskin toʻxtatadigan fiziologik aktiv polimer materiallar olindi.
Moskvadagi Gamaleya nomli mikrobiologiya va epidemiologiya instituti, Oʻzbekiston Milliy universitsti va Oʻzbekiston Onkologiya va radiologiya instituti olimlari bilan hamkorlikda virus (gepatit) kasalligiga qarshi ishlatiladigan modda-interferon induktori "SAVRAS", koʻz rak kasalligini tuzatadigan yangi koʻz pardasi "GLP" va qon toʻxtatadigan polimer formasidagi "Lagoden" moddalari olindi. Olingan moddalar toʻliq toksiko farmakologik tekshiruvlardan oʻtib, tibbiyotga keng qoʻllashga tavsiya etildi.
"SAVRAS". 1998-yilda Moskva shahrida chiqqan "Virusga qarshi preparatlar" ma’lumotda eng yaxshi preparatlar qatoriga kiritildi. (F.I.Yershov. Antivirusnye preparaty. Spravochnik, M.,Medicina" s. 189).
Gʻ.R.Rahmonberdiyev va uning shogirdlari sellyulozani modifikatsiya qilish sohasida ham samarali ishlar olib bormoqdalar. Sellyulozani koʻp asosli kislotalar bilan reaksiyalari oʻrganilib, bu ishlar natijasida hajm sigʻimi katta boʻlgan sorbentlar olindi va ular oksillarni tozalashda, sanoat oqova suvlaridan ogʻir metall ionlarini va radionuklidlarni ajratib olishda ionitlar sifatida ishlatib koʻrildi (NIIXTBAV, Novosibirsk sh.), Moskvaning 1-sonli chit fabrikasida yonmaydigan matolar, Fargʻona kimyo tolasi korxonasida anetilsellyuloza asosida fasonli oʻralgan tolalar olish texnologiyalari sanoatga tadbiq etildi.
2004-yilda prof. Gʻ.R.Rahmonberdiyev tomonidan institutda yangi "Sellyuloza va yogʻochsozlik texnologiyasi" kafedrasi tashkil etildi va unga mudir qilib tayinlandi. Bu kafedra tashkil etilgandan soʻng sellyuloza sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari yanada rivojlanib, bir va koʻp yillik oʻsimliklar chiqindilaridan sellyuloza va uning asosida qogʻoz, qogʻoz mahsulotlari va efirlarini olish texnologiyalari ishlab chiqildi. Jumladan, terak va topinambur (yer noki) poyasidan dunyoda ilk bor kimyoviy qayta ishlashga yaroqli boʻlgan sellyuloza va ular asosida qogʻoz va qogʻoz maxsuloglari va efirlari (karboksimetilsellyuloza, atsyetat va nitrotsyellyuloza) olinib, sanoatga tadbiq etilmoqda. Bu mahsulotlar OAJ "Namangan qogʻozi", OAJ "Karbonam" va Ulugʻ-Jaxon-Baraka" kichik korxonalarida sanoat miqyosida olindi; Topinambur oʻsimligining pastki qismi – tuganagidan inulin va uning hosilalari nitroinulin, karboksimetilinulin va atsyetatinulinlar olish usullari ishlab chiqildi va ularning kimyoviy va fizikaviy xossalari oʻrganildi.
Ekologik muammolarni hal etishda ham prof.Rahmonberdiyev Gʻ.R. oʻz hamkasblari bilan birgalikda chiqindisiz va ekologik toza texnologiyalar yaratish sanoat chiqindilaridan va mahalliy xom ashyolardan unumli foydalanish ustida ham katta ishlar olib borgan. Jumladan, "Navoiazot" ICHB da hosil boʻladigan koʻp ming tonnali sanoat chiqindilaridan rezina – texnika korxonalarida ishlatiladigan texnik uglerodni oʻrnini bosaoladigan atsyetilen qurumini hamda kroton aldegedi asosida korroziya ingibitorlarini olish texnologiyasi yaratildi va sanoatga tadbiq etildi.
Ilmiy ishlari natijasida 5 ta monografiya, 5 ta darslik va 20 dan ortiq oʻquv va uslubiy qoʻllanmlar yaratgan, 600 dan ortiq ilmiy maqola, shu jumladan chet ellarda (AQSH, Ruminiya, Xitoy, Turkiya, Italiya va Shvesariya) chop etgan. 19 ta mualliflik guvohnomasi va 25 ta patent va 3ta xalqaro patentlarini olgan.
Oliy oʻquv yurtlari uchun "Sellyuloza-qogʻoz ishlab chiqarish texnologiyasi va jarayonlari" mutaxassisligi boʻyicha mualliflikda yaratilgan "Qogʻoz texnologiyasi asoslari" darsligi Respublika tanlovida faxrli 2-oʻrinni (2010 y) va "Qogʻoz teхnologiyasi" darsligi 3-oʻrinni (2011y) egallagan. Uning yozgan ma’ruzalar matni Respublika tanlovida faxrli 2-oʻrinni egallagan. Shu munosabat bilan unga "Institutda xizmat koʻrsatgan professor" unvoni berilgan.
Uzoq yillar davomida ilgari Sellyuloza kimyosi va texnologiyasi ilmiy tadqiqot institutda, soʻngra Toshkent kimyo-texnologiya institutda samarali faoliyat koʻrsatib, yuksak vatanparvarlik, fidoiylik va mehnatsevarlik fazilatlari tufayli fan va ta’lim sohalarida ilmiy pedogog kadrlar tayyorlashda va talaba yoshlarni tarbiyalashda katta yutuqlarga erishgan. Jumladan, uning rahbarligida 9 nafar fan doktori, 23 nafar fan nomzodi tayyorlandi, bulardan 5 tasi Hamdoʻstlik mamlakatlarida faoliyat koʻrsatmoqdalar (Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston).
Oʻzining sohasi boʻyicha nafaqat Respublikamizda, balki chet ellarda tanilgan yirik olim.
Gʻ.R.Rahmonberdiyev oʻzining serhosil faoliyati natijasida Respublikada "Eng yaxshi oʻqituvchi" (1996-1997), "Oliy ta’lim a’lochisi" (1998), "Institutda xizmat koʻrsatgan professor" (2004) "Yil olimi" (2006) faxriy unvonlarga sazovar boʻlgan. Qozogʻiston Fanlar Akademiyasining va Nyu-york Fanlar Akademiyasining akademigi. Amerika kimyo jamiyatini a’zosi, Qozogʻiston Xalqlar Doʻstligi hamda A.Yassaviy nomidagi Qozogʻiston-Turkiya universitetlarining faxriy professori.
Rossiya tabiiy fanlar akademiyasi qaroriga asosan kimyo fanini va ixtirochilikni rivojiga qo’shgan xissasi uchun A. Nobel medali (2015-yil) bilan taqdirlangan.
“Mehnat shuhrati” ordeni va “O’zbekiston mustaqilligining 25 yilligi” medali bilan mukofotlangan.