Olim

RAHMONQULOV SAIDAKBAR

Biologiya fanlari doktori, professor

Rahmonqulov Saidakbar (1936.05.05., Chimkent vil., Sayram tumani, Sayram q.) – biolog, bioximik, fiziolog, seleksioner olim, OʻzQXFA muxbir a’zosi (1991), biologiya fanlari doktori (1986), professor (1990). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi (1982). Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti agronomiya fakultetini tamomlagan (1958). Butunittifoq gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot institutida kichik ilmiy xodim (1959-61), Ukraina FA Oʻsimliklar fiziologiyasi institutida aspirant (1961-64). 1965-yildan BGʻSUITIning Oʻsimliklar biokimyosi (keyinchalik oʻsimliklar biokimyosi va fiziologiyasi) laboratoriya mudiri (1965-2014), institut direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (1991-95), OʻzPITI Bosh direktori (1995-98), 2014-yildan Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutida laboratoriya mudiri.



S.-A.Rahmonqulov faoliyat davomida gʻoʻza seleksiyasida an’anaviy izlanishlar bilan birga noan’anaviy – tezkor biokimyoviy va biotexnologiya uslublarini ilk bor ishlab chiqqan va uni gʻoʻza seleksiyasi jarayonida tadbiq etuvchi maktabning asoschilaridan biri.



S.-A.Rahmonqulov nazariy jihatdan keng qamrovli boʻlgan gʻoʻza geterozisi nazariyasi uchun yangilik – sitoplazmatik genlarning fotosintez faoliyatini boshqarishdagi tutgan oʻrni hamda geterozisli duragaylar yaratishda onalik va otalik shakllarini fiziologik-biokimyoviy koʻrsatkichlar boʻyicha farqlanishi asosini yaratgan, shuningdek, geterozis hodisasini belgilovchi fiziologik testlarini aniqlagan. Olimning bu sohadagi xulosalari amaliyotda tasdiqlangan.



Olimning rahbarligida gʻoʻzaning turlararo duragaylar olishdagi nomutanosiblik toʻsigʻini bartaraf etish uchun biotexnologiya (embriokultura) uslublari ishlab chiqildi, natijada uzoq turlar chatishtirilib, seleksiya uchun noyob manbalar, ya’ni noqulay sharoitlarga (tuproq shoʻrlanishiga, suv tanqisligiga, viltga, garmsel va yuqori haroratga) bardoshli, tola sifati boʻyicha jahon bozori talablariga javob beradigan duragaylar va ular asosida tizmalar yaratildi. Gʻoʻzaning madaniy G.hirsutum turi bilan yovvoyi  G.sturtii, G.harknessii, G.aridum, G.triphyllum, G.raimondii turlari ishtirokida olingan amfidiploid duragaylar hozirgi kunda tizma va nav darajasiga yetkazilgan.



Ushbu yoʻnalishning davomi sifatida gʻoʻzaning  genomlararo olingan kombinatsiyalarda embrional jarayonlarning qonuniyatlarini oʻrganish boʻyicha izlanishlar olib borilishi natijasida uzoq turlararo duragaylar (yovvoyi turlar G. incanum, G. davidsonii, G.klotzschianum, G.gossypioides, G.laxum, G.australe, G.nelsonii, G.bickii ishtirokida) yaratilib, ular ustida ilmiy tadqiqotlar davom ettirilmoqda.



Professor S.A.Rahmonqulov tomonidan gʻoʻza chigiti magʻzidagi moy miqdorini seleksiya yoʻli bilan oshirish va oqsil moddasidan markyor sifatida foydalanish ustida keng miqyosda oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlarining natijalari ham nazariy va amaliy ahamiyatga ega. Gʻoʻza chigitini yanchmasdan, uning tarkibidagi moy miqdorini aniqlovchi tezkor uslub ishlab chiqildi va chigitlarni sogʻlom va butun qolishi hamda ulardan yuqori moylilarini ekib koʻpaytirish imkoniyatlari yaratildi. Seleksion-genetik tadqiqotlarda mazkur uslubdan keng foydalanish natijasida gʻoʻza duragaylarida moydorlikni irsiylanish qonuniyatlari ochib berildi hamda moydorlikni boshqa qimmatli seleksion belgilar bilan oʻzaro bogʻliqlik tomonlari aniqlandi. Natijada sermoyli sanoatbop yangi gʻoʻza navlarini yaratish yoʻnalishi asosini yaratdi va bir qator jahon bozori andozalari talablariga javob beradigan navlar olindi.



Ular ichidan Istiqlol-14 (2016-yilda rayonlashgan), S-2118, S-2120, Mangʻit-1, Mangʻit-2, SSB-Klaster-1kabi gʻoʻza navlari hozirgi kunda ishlab chiqarishda keng maydonlarda ekilmoqda hamda ularning urugʻlari elita-urugʻchilik xoʻjaliklarida koʻpaytirilmoqda. Ushbu navlar sanoatbop va sermoyli (19-20%) boʻlib, tola chiqimi 36-40%, sifati esa ИВ va В tip talablariga toʻliq javob beradi. Olim 13 ta gʻoʻza navlariga patent olgan.



Ustoz tomonidan oqsil moddasini markyor sifatida foydalanish istiqbollari oʻrganilib, turlar ichidagi navlar va ularni chatishtirish natijasida olingan duragaylarni bir-biridan boʻlgan farqini biokimyoviy uslublar orqali ajratish mumkinligi koʻrsatilgan. Bu esa oqsil markyorlari orqali seleksion-genetik ashyolar va gʻoʻza urugʻlarini tozaligini tekshirib, tanlab olishga xizmat qiladi.



Olim Oʻzbekiston vakili sifatida Manila shahrida boʻlib oʻtgan (Filippin, 1995-y.) Xalqaro Paxtachilik Kengashi Qoʻmitasining 54-plenar yigʻilishida “Oʻzbekistonda paxtachilikni rivojlanishi” mavzusida ma’ruza qilgan. U yana bir qator xorijiy mamlakatlarda safarlarda boʻlib, Oʻzbekiston fanining vakili sifatida ishtirok etgan. Shu jumladan, Fransiyaga (1991-y.) delegatsiya rahbari sifatida, Chexoslovakiyaga (1976-y.), SUAR – Sinszyan Uygʻur avtonom  respublikasiga (Xitoy, 1990-y.), Xitoyga (Pekin, 1995-y.) yuborilgan delegatsiyalar tarkibida xizmat safarlarida boʻlgan.



Mustaqillik yillarida Respublika Fan va texnologiyalar Markazi tomonidan e’lon qilingan tanlovlarda gʻolib topilib, GNTP-17 dasturi boʻyicha 17.59 (2003-2005 yy.), A-11- 109 (2006-2008 yy.), QXA-9-049 (2009-2011 yy.) va QXI-1-14/2 (2011-2012 yy.), QXA-8-109-2015 (2015-2017 yy.), QXI-5-066-2014 (2014-2015 yy.), QX-A-QX-2018-202 (2018-2022 yy.)raqamli, hamda AQSH qishloq xoʻjaligi departamenti tomonidan moliyalashtirilgan Сеcтион-416 dasturi boʻyicha loyihalarga rahbarlik va bir qator mahalliy hamda xorijiy loyihalarga maslahatchi sifatida faoliyat koʻrsatib kelgan.  



Professor S.-A. Rahmonqulov ilmiy-tadqiqotchilik faoliyatini pedagogik ishlari bilan bogʻlagan holda olib borgan. U 2002-2009-yy. Toshkent davlat agrar universitetining “Qishloq xoʻjaligi ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urugʻchiligi” kafedrasida professor lavozimida ishladi.



Shu bilan birga koʻp yillar davomida turli ixtisoslashgan ilmiy kengashlarni raisi va a’zosi sifatida ham faol ishtirok etgan.



Fandagi samarali va halol xizmatlari, hamda yuqori malakali olimlar tayyorlashdagi mehnatlari uchun olim 1972-yilda Oʻzbekiston Oliy Sovetining “Faxriy yorligʻi”, 1982-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi’, 1986-yilda “Mehnat faxriysi” medali bilan taqdirlandi. U “Qishloq xoʻjaligi a’lochisi”, “Mustaqillikning 20 yilligi”, “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi fidoyisi”, “1-darajali murabbiy” koʻkrak nishonlari va bir qancha musobaqalar gʻolibi kabi koʻkrak nishonlari bilan mukofotlangan. Shuningdek, Oʻzbekiston Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy ishlab chiqarish Markazi, viloyat va tumanlar, Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutining koʻplab faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.