Olim

RASULOV BAXTIYOR MAHMUDJONOVICH

Tarix fanlari doktori, professor

Rasulov Baxtiyor Maxmudjonovich 1966-yil 4-yanvarda Andijon shahrida tavallud topgan. 1990-yilda Toshkent davlat universitetini tarix mutaxassisligi, 2001-yilda Namangan davlat universitetini huquqshunos-pedagog ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1988-yilda A.P.Xlebushkina nomli 22-bolalar uyida bolalar bosh yetakchisi vazifasidan boshlagan. U 1990-2021-yillarda Andijon viloyat o‘lkashunoslik muzeyi ilmiy xodimi, Andijon davlat pedagogika instituti laboranti, Andijon davlat universiteti aspiranti, katta o‘qituvchisi, dekani o‘rinbosari, kafedra mudiri, doktoranti, bo‘limi boshlig‘i, fakultet dekani, prorektori kabi lavozimlarda faoliyat yuritib, yetarli tajriba orttirgan.



 2018-2021-yillarda Andijon davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimida ishlagan davrda universitet ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohasidagi faoliyati samarasi natijasida keyingi 3 yilning o‘zida universitetning ilmiy salohiyati ortdi, jumladan, 89 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Shulardan 14 ta fan doktori (DSc), 75 ta falsafa doktori (PhD) ni tashkil etdi va ilmiy salohiyat qariyib 3% ga ko‘tarilishiga erishilib, 30,1% ga yetkazildi. 2020-yilning o‘zida 4 nafar tayanch doktorant va 2 nafar mustaqil izlanuvchining muddatidan avval falsafa doktorligi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgani universitetning ilmiy yo‘nalishdagi muhim yutug‘i sifatida baholangan. Uning bevosita rahbarligida 6 nafar talaba Ulug‘bek nomidagi, 2 nafar talaba Islom Karimov nomidagi O‘zbekiston Respublikasi nomdor stipendiantlari bo‘lgan. Shu bilan birga, universitetda so‘nggi uch yilda 14 ta xalqaro va respublika fan olimpiadalari g‘oliblari tayyorlandi.



B.Rasulovning universitetda ilmiy-tadqiqot va ilmiy-tashkiliy ishlarni samarali tashkil etishi natijasida 2018-2020-yillarda davlat ilmiy-texnikaviy dasturlar orqali mablag‘lar va xalqaro grantlarni jalb etish avvalgi yillarga nisbatan 3 barobar oshirishga erishildi. 2020-yilda loyiha qiymati 6 mlrd. so‘mlik “Tarjimashunoslik va lug‘atshunoslik innovatsion markazi va sun’iy ong uchun matn tarjimoni maqsadli amaliy loyihasi va loyiha qiymati 1 mlrd. so‘mlik “Pottery Lab - badiiy kulolchilik san’atini rivojlantirish innovatsion laboratoriyasi” startap loyihasi bajarilmoqda. Ayni vaqtda, universitetda 4 ta xalqaro grant va boshqa dasturlar orqali 245,7 ming AQSh dollaridagi investitsiya jalb qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatgich respublikada eng yuqori hisoblangan. Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish borasida tuzilgan shartnomalar salmog‘i 2018-2020-yillarda o‘tgan yillarga nisbatan 2 barobarga ortdi. 2021-yilda universitet olimlarining tijoratlashtirishga tayyor bo‘lgan umumiy qiymati 2750,0 mln. so‘mlik 5 ta ilmiy-innovatsion ishlanmalari Andijon viloyat hokimligi tomonidan moliyalashtirilishida uning hissasi kattadir.



B.M.Rasulov 80 dan ortiq ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlar muallifi, shu jumladan, 5 ta o‘quv qo‘llanma, 2 ta darslik, 3 ta monografiya, 3 tomlik (O‘rta Osiyo qishloqlari tarixiga oid) hujjat va materiallar to‘plami muallifi. O‘zbekistondagi musulmon maktab va madrasalari tarixidan (XIX asr oxiri - XX asrning 20-yillari) mavzusida nomzodlik, va O‘zbekistonda kollektivlashtirish jarayonidagi siyosiy qatag‘onlar va surgun qilingan dehqonlar ahvoli (1929-1959-yy.) mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2 ta fan doktorlik va 5 ta falsafa doktorlik dissertatsiyasi bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan yosh olimlarga ilmiy rahbarlik qilmoqda. Andijon davlat universiteti va Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi Tarix fanlar bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi ixtisoslashgan Kengash a’zosi, Andijon davlat pedagogika instituti huzurida 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi, 13.00.02- Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (ijtimoiy-gumanitar fanlar) ixtisosliklarida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.03/05.05.2023.Ped.166.01 raqamli Ilmiy kengash raisi hisoblanadi.



Yurtimizni Ma’naviy-ma’rifiy ishlarida o‘z hissalarini qo‘shib kelayotganini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining   2020-yil 9-yanvar kungi 1-sonli buyrug‘i bilan «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi», O‘zbekiston Respublikasi  Mustaqilligining    25          yilligi,  O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan  ko‘krak nishonlar bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, Respublika va viloyat miqyosidagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlarning faol ishtirokchisi. 2019-yil 22-dekabrda o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda 9-Andijon okrug saylov komissiyasi raisi, 2021-yil 24-oktyabrda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida 2-Andijon okrug saylov komissiyasi a’zosi sifatida mas’uliyatli vazifani muvaffaqiyatli uddalay olgan.



B.Rasulov 2021-yilning 15-iyulda Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti direktori lavozimiga tayinlangandan so‘ng, o‘tgan qisqa davr ichida institutni professor-o‘qituvchilar, ishchi-texnik xodimlar jamoasini shakllantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, o‘quv adabayotlar bilan ta’minlash va institutga ilmiy salohiyatli yosh kadrlarni jalb qilishda jonbozlik ko‘rsatdi.  Andijon viloyati Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi va kasbiy ta’limni rivojlantirish boshqarmalari bilan shartnomalarni imzolagan holda, hamkorlik aloqalarini rivojlantirdi va mobil metodik guruhning barchasini 16 ta tumanda faoliyat olib borishini yo‘lga qo‘ydi. Andijon shahridagi Prezident maktabi bilan hamkorlikda Kembrij ta’lim texnologiyalariga asoslangan qo‘shma darslar tashkil etilishini tizimli yo‘lga qo‘ydi. Xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS) va STEAM standartlarini o‘rganish markazi tashkil etildi.



Bugungi kunda Rasulov Baxtiyor Mahmudjonovich Andijon davlat pedagogika instituti rektori lavozimida faoliyat olib bormoqda. Uning tashabbusi bilan institutni ilk marotaba “ADPI ilmiy xabarnomasi” ilmiy jurnali tashkil etilib, o‘z ish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. B.M.Rasulovning sa’yi-harakatilari bilan 2021-yilning dekabr oyida foydalanilmay turgan 450 o‘rinli talabalar turar joyi Andijon viloyati mahalliy byudjetining 4 (to‘rt) milliard so‘mlik mablag‘i hisobidan 840 o‘rinli qilib kapital ta’mirlandi. Oliy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasining 3,2 mlrd. so‘mlik mablag‘i hisobidan to‘liq jihozlangan va 2021-2022- o‘quv yilida institutning 100 % qizlari, 84 %  o‘g‘il bolalari yotoqxona bilan ta’minlandi. Ijarada turuvchi talabalarga Davlat tomonidan oylik to‘lov pullarini berish tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘i hisobidan institutning nogiron va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan talabalariga 2021-2022-yillardan 656 mln. so‘m sarflangan. Shuningdek, talabalar bandligi ta’minlash bo‘yicha 42 nafar talaba institutning o‘ziga ishga qabul qilingan, 50 nafari ijaradagi korxona, muassasalarga joylangan. Bo‘sh turgan binolarni bepul ijaraga berish orqali yana 50 dan ziyod talabalarni ish bilan bandligi ta’minlangan. Muhim natijalardan biri institut hududida 160 o‘rinlik tikuvchilik korhonasi bunyod etilgani bo‘lib, u 2 smenada ishlaganda qariyib 300 nafar talabani ish bilan band qilish imkoniyati yaratilgan.



B.M.Rasulov institutning xalqaro aloqalarni yanada kuchaytirishdagi ishlarida bevosita ishtirok etib, o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelmoqda. Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasida stajirovka o‘tagan. Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlarida xizmat safarida bo‘lgan. Safar davomida 9 ta oliy o‘quv yurtlari bilan ilmiy va o‘quv sohasidagi xamkorlik shartnomalar imzolangan. Top-1000 talikka kiruvchi Qozon Federal universiteti Pedagogika va psixologiya hamda Filologiya va madaniyatlararo institutlari, Chuvash davlat pedagogika instituti bilan faol xamkorlik aloqalari davom etmoqda. 2022- yilning o‘zida B.M.Rasulov rahbarligida “O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari Kengashining 4-yig‘ilishi doirasidagi erishilgan kelushuvlarni amalga oshirish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)ning 25-bandini ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qirg‘izistonning 5 ta oliy ta’lim muassasi bilan ilm-fan sohasidagi hamkorlik, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolangan va institut qoshida Chingiz Aytmatov nomidagi Qirg‘iz tili va madaniyati markazi tashkil etilgan.



Rasulov Baxtiyor Mahmudjonovich o‘ziga va qo‘l ostidagilarga talabchan. Unga yuklatilgan barcha ishlarga vijdonan yondashadi, u mehnatsevar, ma’suliyatli va intiluvchan hamda istiqbolli ishlarni to‘g‘ri rejalashtirib bajara oladi. Tashkilotchilik qobiliyatiga ega, jamoani birlashtira oladi va boshlangan ishni mas’uliyat bilan mantiqiy yakuniga yetkazish bilan jamoatchilik oʻrtasida hurmat va e’tiborga ega.