Olim

RASHIDOVA DILBAR KARIMOVNA

Qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor

Rashidova Dilbar Karimovna (1958.22.06., Toshkent sh, Yakkasaroy tum) millati oʻzbek, ma’lumoti oliy, 1980-yilda Toshkent qishloq xoʻjalik institutini tamomlagan. U 2010-yilda 06.01.05-Seleksiya va urugʻchilik ixtisosligi boʻyicha nomzodlik, 2016-yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan, 2021-yilda professorlik ilmiy unvonini olgan.



1980-1983-yillarda OʻzSSR FA Oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutida laborant, 1983-yilda Toshkent qishloq xoʻjalik institutida kichik ilmiy xodim, 1984-1987-yillarda OʻzSSR FA Oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutida stajer-tadqiqotchi, 1987-1993-yillarda JIIB “Uzselxozximiya”da muhandis, katta agroximik, 1993-1997-yillarda SP “Volfson-Shark Interprayzes” direktor muovini, 1997-2002-yillarda “Spesingeo” firmasi direktor muovini, 2002-2014-yillarda Respublika qishloq xoʻjalik ekinlari birlamchi urugʻchiligi va urugʻshunoslik stansiyasi laboratoriya mudiri lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan. Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida loyiha rahbari faoliyatini 2014-yildan boshlagan. Hozirda ushbu institutda “Oʻsimliklar biokimyosi va fiziologiyasi” laboratoryasida loyiha rahbari lavozimida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.



U Oʻzbekiston Respublikasining “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi, “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi va “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlarining ishlab chiqilishida faol ishtirok etgan.



Professor D.K.Rashidova tomonidan gʻoʻza chigiti va oʻsimligining rivojlanish jarayonlariga Bombx morydan ajratib olingan xitozan va uning xosilalari bilan kapsulalangan  polimer tizimining ta’siri aniqlangan. Keng miqyosdagi laboratoriya va dala tajribalari xitozan va uning birikmalari asosidagi preparatlarni qoʻllashning maqbul va chegaraviy dozalari belgilandi va bu oʻta muhim amaliy va nazariy ahamiyatga ega ekanligi koʻrsatib berildi. Gʻoʻzaning mahalliy UZXITAN polimer preparati bilan kapsulalangan urugʻlarida kechadigan oʻsish va rivojlanish jarayonlari koʻrib chiqildi, fotosintetik jarayonga turli tashqi va ichki omillarning ta’siri oʻrganildi, UZXITAN, karboksimetilxitozan (KMX), va shuningdek mis xitozan metallokompleksini urugʻlarni kapsulalashda qoʻllashning samaradorligi aniqlandi. Nazariy hisob-kitoblar natijasi polimer plenkaning suv bilan toʻyinish darajasi va suvning chigitga yutilish tezligi unib chiqishgacha boʻlgan davrda tajriba natijalariga toʻliq mos kelishini koʻrsatdi. Taklif etilayotgan model suvning urugʻda harakatlanish qonuniyatlarini, polimer preparatlarning gʻoʻza chigitining suv shimish va boʻkishiga, shuningdek ildizning oʻsishiga ta’sirini tavsiflaydi. Kapsulalangan urugʻlarda suvning kirishini polimer plenka boshqarishi toʻgʻrisida ilgari surilgan gipoteza dala va laboratoriya sharoitlarida oʻtkazilgan tadqiqotlar natijasida oʻz tasdigʻini topdi.



Natijada mahalliy UZXITAN preparati Respublikamiz viloyatlarida ekishdan oldin urugʻlarni kapsulalashda ishlab chiqarishga joriy etildi.



Ushbu yoʻnalishning davomi sifatida nanopreparatlarning gʻoʻza, bugʻdoy va soya urugʻlariga ishlov berishda nihollarning oʻsishi va rivojlanishiga ta’sir etish mexanizmi oʻrganildi. Shuningdek, gʻoʻza urugʻlarini yetishtirishda navdorlik va ekish sifatlariga nanopreparatlarning salbiy tasir etmasligi isbotlandi. Urugʻlarni kapsulalash texnologiyasini qoʻllash uchun tarkibida metal nanozarrachalari boʻlgan xitozan va uning hosilalari asosidagi PMKdan foydalanish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.



Tadqiqotlar natijasida PMKCu2+:Аg 7:3 nanopreparati oʻsimliklarning substrat - enzim fermentlar kompleksiga ta’sir koʻrsatishi va biokimyoviy reaksiyalar mis ioni hisobiga faollashishi natijasida kichik ion radiusi va turli xil simmetriya orbitalining (S, P, d) koʻpayishi va ferment ko-faktoriga juda yaqinlashishiga imkon berishini aniqlagan. Olimaning bu sohadagi xulosalari amaliyotda tasdiqlangan.



D.Rashidova koʻp yillik tajribaga ega yuqori malakali olima tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar natijasi ISTA tavsiya etgan urugʻ sifatini aniqlash usullari, urugʻlarni eksport-import orqali standartlashtirishning milliy tizimida qabul qilinishi mumkinligi tasdiqlangan.



Ilmiy faoliyati davomida urugʻlik sifatini aniqlashda xalqaro me’yoriy talablarni joriy etish boʻyicha tadqiqotlar olib borib, uning rahbarligida yangi xalqaro talablarga javob beradigan OʻzDSt 1080:2005 “Urugʻlik paxta va urugʻlik chigit. Namuna tanlab olish usullari”, UzDSt 1128:2006 “Urugʻlik chigit. Unuvchanlikni aniqlash usullari”, UzDSt 663:2017 “Urugʻlik chigit. Texnikaviy shartlar”, UzDSt 3160:2017 “Urugʻlik chigit. Polimer qoplamasi va toʻkilishini aniqlash usullari”, UzDSt 3351:2018 “Urugʻlik chigit. Namligini aniqlash usullari”, UzDSt 3352:2018 “Urugʻlik chigit. Pishganligini aniqlash usuli”, UzDSt 3353:2018 “Urugʻlik paxta va Urugʻlik chigit. Mexanik shikastlanganlikni aniqlash usuli”, UzDSt 3354:2018 “Urugʻlik chigit. 1000 dona chigitni aniqlash usuli” kabi standartlar ishlab chiqilgan.



D.Rashidova boshchiligida Tsh 88.2-15:2007. Texnik shartlar “Kapsulalangan urugʻlik chigit” ishlab chiqilib, Oʻzstandart Agentligi tomonidan tasdiqlangan. “Kapsulalangan urugʻ” ga MGU 15435 raqamli savdo belgisi olingan.



“Urugʻlarni kapsulalash usuli” ishlanmasi uchun (№IAP 03956); “Dastlabki ekish materialida ajratib olish boʻyicha mezonli tartib koʻrsatkichini belgilash bilan yuqori sifatli urugʻlikni aniqlash usuli” ishlanmasi uchun (№IAP 04697); “Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlariga ekishdan oldin ishlov berish uchun kompozitsiya va uni olish usuli” (№IAP20130271), “Qishloq xoʻjaligi urugʻlarini kapsulalash usuli” (№IAP 05894) ixtiroga Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining patenti olingan.



D.K.Rashidova rahbarligida davlat dasturi asosida bir qator ilmiy-amaliy loyihalar jumladan, 25-S “Section”-416 (b) “Xalqaro talablarga javob beradigan qishloq xoʻjalik ekinlari urugʻlariga standartlarni takomillashtirish, kapsulalangan ekish materiallaridan foydalanish mintaqasini kengaytirish” (2004-2006 yy.), “PAXTATOZALASH IIChB” OAJ bilan “Urugʻlik chigitni saralashning har xil parametrlarini ekish va hosildorligiga ta’sirini oʻrganish boʻyicha laboratoriya-dala tadqiqotlarini oʻtkazish” xoʻjalik shartnomasi (2004-2005 yy), QXI-2-22 “Respublika qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida kapsulalangan urugʻlik chigitni joriy etish boʻyicha agrotexnik talablarni ishlab chiqish” (2011-2012 yy.), QXF-5-026 “Nanopolimerlar tizimi ta’sirida gʻoʻza oʻsimligi va urugʻlik chigitning rivojlanish fiziologiyasi qonuniyatini aniqlash” (2012-2016 yy.), KXA-9-047-2015 “Gʻoʻzada urugʻlik chigitlarni kapsulalash jarayonida yangi biopolimer kompozitsiyalarni qoʻllash uslublarini ishlab chiqish” (2015-2017 yy.), I-QX-2017-5-17 “Gʻoʻza urugʻlik chigitining sifatini aniqlash boʻyicha standartlarga qoʻshimcha oʻzgartirish kiritish uchun me’yoriy talablarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish”                 (2017-2018 yy.), MV-KX-A-KX-2018-152 “Qishloq xoʻjaligi ekinlarida hosildorlikni oshirish uchun ekologik xavfsiz polimer nanopreparatlarni qoʻllash, (gʻoʻza, bugʻdoy, soya)” (2018-2020 yy.), I-KX-2019-17 “Xalqaro standartlar talablariga javob beradigan qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlarining nav, genetik va ekish sifatlarini baholash uchun ichki urugʻnazorat xizmatlarini shakllantirishning innovatsion tizimini yaratish va joriy etish” (2019-2021 yy.) loyihalari amalga oshirilgan. 2022-2024-yillarga moliyalashtirilgan IL-402104425 “Gʻoʻzaning yuqori sifatli urugʻlarini yetishtirishda IFOAM asosidagi organik dehqonchilik tamoyillaridan foydalanish” loyihasi boʻyicha izlanishlar olib borilmoqda.Tadqiqotlardan olingan natijalar asosida turli darajadagi ilmiy seminarlarda faol ishtirok etib kelmoqda.



Hozirgi kundagi ilmiy izlanishlariga muvofiq dala va laboratoriya sharoitida urugʻlarda organik preparatlarning oʻsish va rivojlanish regulyatori sifatida qoʻllanilishida ekologik xavfsizligini aniqlash va ekishdan avval urugʻlarga ishlov berish, hamda tuproq, sizot suvlari va atrof muhitni ifloslantirmaydigan, tabiiy tuproq unumdorligiga  asoslangan xolda, oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal etilishini ta’minlashda, ichki va tashqi bozorlarda qishloq xoʻjalik mahsulotlarining raqobatbardoshliligini oshirish, hosildorlikning yuqori samaradorligini aniqlash boʻyicha tadqiqotlar olib bormoqda.



D.K.Rashidovaning ilmiy faoliyati keng qirrali boʻlib, seleksiya, urugʻchilik, urugʻshunoslikva oʻsimliklar fiziologiyasi yoʻnalishlarini qamrab oladi. Olimaning soha muammolarini hal etishga bagʻishlangan 280 dan ortiq nazariy va ilmiy-ommabop maqolalari mahalliy va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Jumladan, 6 ta monografiya 1 tasi chet elda hamda 6 ta tavsiyanoma, 5 ta patent va risolalar chop etilgan va uning rahbarligida 20 ga yaqin Oʻzbekiston davlat standartlari ishlab chiqilgan. Xalqaro va respublika miqyosida oʻtkaziladigan ilmiy-amaliy anjumanlarda oʻz ma’ruzalari bilan qatnashib kelmoqda.



  Tadqiqotlari natijasida D.K.Rashidova tomonidan “Семеноводство и семеноведение сельскохозяйственных культур”, “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tishtirishda polimer shaklli preparatlarning qoʻllanilishi”, “Совершенствование определения качества посевных семян сельскохозяйственных культур”  va “Применение биологически активных полимеров на хлопчатнике” nomli monografiyalar chop ettirgan.



Bugungi kungacha ilmiy faoliyati davomida D.Rashidova rahbarligida 1 ta qishloq xoʻjaligi fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), 1 ta qishloq xoʻjaligi fanlari doktori (DSc), 4 ta magistr, va 8 ta bakalavr muvaffaqiyatli himoya qilgan. Hozirda 2 nafar tayanch doktorant (PhD) 2 nafar doktorant (DSc)ga rahbarlik qilmoqda. Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ITI huzuridagi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi PhD 05.27.02.2020.Qx.42.02 ilmiy kengashining a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Shu bilan bir qatorda 2021-yildan Paxtachilik va donchilik ilmiy-amaliy jurnalining bosh muharrir oʻrinbosari, “Oʻzbekiston polimerlar jurnali”, “Vestnik OshGU”, jurnallarida tahririyat a’zosi vazifasida ham faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston Xitinologlar jamiyatining a’zosi.



Bundan tashqari D.K.Rashidova Respublikamizning turli viloyatlariga elita va dastlabki urugʻchilik xoʻjaliklarida gʻoʻza navlarining brakovkasida faol ishtirok etib, ushbu navlarning urugʻchiligini samarali yoʻlga qoʻyishda hamda paxtachilik bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjaliklarida gʻoʻza agrotexnikasini toʻgʻri oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar berib kelmoqda.



D.K.Rashidova ilm-fan va ishlab chiqarish sohasidagi samarali mehnatini yuksak baholab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-maydagi farmoniga binoan ta’sis etilgan Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi esdalik nishoni va Rossiya Federatsiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Oltin medali” bilanhamda Mustaqil Davlatlar Xamdoʻstligining urugʻchilik masalalari boʻyicha xukumatlararo muvofiqlashtirish kengashi “Urugʻ” assosatsiyasi tomonidan Faxriy yorliq bilan taqdirlangan.



D.K.Rashidova Toshkent viloyatixotin-qizlar “ОLIMA” uyushmasi raisi hamda institutning xotin-qizlar kengashi raisi sifatida ayollarning ilmiy salohiyatini kuchaytirish, yosh olima ayollarni qoʻllab-quvvatlash va bugungi kungacha erishgan yutuqlarini ishlab  chiqarishga, davlatimiz ravnaqini yanada yuksaltirishga oʻz hissalarini qoʻshayotganligini koʻrsata olish imkoniyatini yaratishda yosh olimalarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib kelmoqda.



Oilali, 3 nafar farzandning onasi, 6 nafar nabiraning buvisi.



D.K.Rashidova rahbariyat va yuqori tashkilotlar tomonidan berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida, sifatli va sidqidildan bajaradi. U bir soʻzli, rostgoʻy, xushmuomala, doimo yangilikka intiluvchan, har bir ishga prinsipial yondoshadigan kamtarin, jamoa orasida obroʻ-e’tiborga ega inson, barcha jamoat ishlarida doimo faol qatnashib kelmoqda. Rahbariyat va yuqori tashkilotlar tomonidan berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida, sifatli va sidqidildan bajaradi.