Raximov Zokir Toshtemirovich kasb-hunar ta’limi metodikasi sohasida yirik tadqiqotlarni amalga oshirgan boʻlib uning muallifligida 10 dan ortiq innovatsion ta’lim texnologiyalari va 20 dan ortiq interfaol ta’lim metodlari yaratilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan mualliflik guvohnomalari olingan. Bundan tashqari, Z.T.Raximov oliy ta’limda kasbiy ta’lim bakalavr ta’lim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining oʻquv-uslubiy ta’minoti va mobil didaktik kontentini yaratishga oʻzining munosib hissasini qoʻshgan pedagog olim hisoblanadi. Uning muallifligida “Kasbiy pedagogika”, “Kasb ta’limi metodikasi”, “Ta’lim texnologiyalari”, “Maxsus fanlarni oʻqitish metodikasi” darsliklari, “Pedagogika”, “Pedagogik texnika”, “Pedagogik texnologiyalar”, “Kasbiy pedagogika”, “Tarbiyaviy ishlar metodikasi”, “Texnik tizimlarda axborot texnologiyalari”, “Ta’lim texnologiyalari” oʻquv qoʻllanmalariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan oʻquv adabiyotining nashr ruxsatnomasi berilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan litsenziya berilgan nufuzli nashriyotlarda nashr qilinib oʻquv jarayoniga tadbiq qilingan. Shuningdek, “Umumiy pedagogika”, “Kasbiy pedagogika”, “Kasb ta’limi metodikasi”, “Ta’lim texnologiyalari”, “Maxsus fanlarni oʻqitish metodikasi”, “Tarbiyaviy ishlar metodikasi” elektron darslik mobil ilovalari, “Ta’lim texnologiyalari” elektron oʻquv qoʻllanma va “Maxsus fanlarni oʻqitish metodikasi” elektron oʻquv-uslubiy majmua dasturlari ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan mualliflik guvohnomalari olingan. Z.T.Raximovning muallifligida 10 ga yaqin respublika va xorijda nashr etilgan monografiyalar, 100 dan ziyod respublika va xorijiy nufuzli jurnallarda ilmiy maqolalar chop qilingan boʻlib, xalqaro e’tirof etilgan bazalarda xirsh indeksi 16 ga koʻtarilgan.
Z.T.Raximov tomonidan bakalavr, magistratura talabalari uchun tayyorlangan va chop etilgan amaliy mashgʻulotlar, mustaqil ishlarni bajarishga oid oʻquv-uslubiy ishlari talabalarga chuqur bilim berishda va samarali mashgʻulotlar olib borishda keng qoʻllanilib, oʻquv jarayonini uslubiy jihatdan ta’minlashda oʻz hissasini qoʻshmoqda. Institutda zamonaviy pedagogik texnologiyalarni dars jarayoniga tadbiq etib, oʻqitadigan fanlaridan oʻquv-uslubiy dasturlar va majmualar tayyorlashda faol ishtirok etib kelmoqda.
Raximov Zokir Toshtemirovich 2018-yilda respublikamizda taniqli pedagog olim Muslimov Narzulla Alixanovich rahbarligida “Ta’limning mobillashuvi sharoitida talabalar oʻquv-bilish faoliyatini rivojlantirish metodikasini takomillashtirish” mavzusida 13.00.05-Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi ixtisosligi boʻyicha (PhD) doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan. Z.T.Raximovga 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining 2019-yil 31-oktyabr 270/1-sonli bayonnomasiga asosan “Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi boʻyicha “dotsent” ilmiy unvoni berildi. 2021-yilda esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining 2021-yil 24-may 298/1-sonli bayonnomasiga asosan “Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi boʻyicha “professor” ilmiy unvoni berildi. 2022-yilda “Innovatsion yondashuv asosida boʻlajak kasb ta’limi oʻqituvchilarining oʻquv-bilish kompetentligini rivojlantirish texnologiyasi” mavzusida 13.00.05-Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi ixtisosligi boʻyicha (DSc) doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, pedagogika fanlari doktori (Doctor of Sciense) ilmiy darajasiga ega boʻldi. 2022-yilning 27-martida Turon Fanlar Akademiyasi Prezidiumining № 1/03-22-sonli Qaroriga asosan Raximov Zokir Toshtemirovichga Akademik ilmiy unvoni berildi.
Raximov Zokir Toshtemirovich 1979-yilda Qashqadaryo viloyati Koson tumanida tugʻilgan. 2004-yilda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida bakalavr bosqichini 2007-yilda Qarshi davlat universitetini magistratura bosqichini kasbiy ta’lim (sohalar boʻyicha) mutaxassisligini muvaffaqiyatli tamomlagan. 2004-2020-yillarda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida kabinet mudiri, assistent, katta oʻqituvchi, “Kasb ta’limi” kafedrasi mudiri kabi turli lavozimlarda samarali faoliyat yuritgan. 2020-2021-yillarda Kasbi oziq-ovqat sanoati texnikumi direktori lavozimida ishlagan. 2022-yildan hozirgi vaqtgacha Shahrisabz davlat pedagogika instituti Pedagogika kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Z.T.Raximov bugungi kunda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻyicha falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqotlarini olib borayotgan bir qator izlanuvchilarga ham rahbarlik qilib kelmoqda. Z.T.Raximov Erazmus+ dasturi “Oliy ta’limda salohiyatni oshirish” “ITEM Project” grant loyihasi hamda Akademik Innovatsiyalar fondi doirasidagi “Oʻzbekistonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida oliy ta’lim tizimida masofaviy ta’limni tashkil etish modeli va texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi xalqaro grant loyihasini bajarishda ham ijrochi sifatida faol ishtirok etgan
Z.T.Raximov oʻz pedagogik faoliyati davomida doimiy ravishda ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yuqori saviyada olib bormoqda. Jumladan, Pedagogika fakulteti va talabalar turar joyida talabalarning ma’naviy ongini mazmunan boyitish va yuksak insoniylik ruhida ta’lim va tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish maqsadida darsdan tashqari vaqtlarda uchrashuvlar tashkil etib, keng qamrovli suhbatlar olib borgan. Bundan tashqari turli bayramlar, buyuk ajdodlarimizning tavallud kunlari munosabati bilan oʻtkaziladigan tadbirlarni tashkil qilgan.
Z.T.Raximov ta’lim sohasidagi islohotlarini belgilab berilgan vazifalarni hayotga tadbiq etishda, xususan, respublikamiz iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda faol mehnat qilish bilan birga oʻquv-uslubiy jarayonni tashkil etish, ta’lim va tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, ilmiy-uslubiy jarayonni tashkil etish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot uzviyligini ta’minlash borasida fidokorona mehnat qilib kelmoqda.