Olim

RUSTAMOV ALIBEG

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori, professor

A.Rustamov (Alibeg Rustamiy) oʻz ilmiy faoliyatini Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hoz. Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning oʻzbek tilshunosligi kafedrasida laborant vazifasidan boshlagan (1956-57). Soʻng ushbu kafedra aspiranti (1957-59), nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganidan keyin oʻqituvchi (1959) boʻlgan. Shundan soʻng Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi (1959-61), Toshkent davlat universiteti Sharq fakulteti dotsenti (1961-65), Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika instituti umumiy tilshunoslik kafedrasining mudiri (1965-90), Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hoz. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) oltoy tillar (turkiyot, turkiy tillar) kafedra mudiri (1991-1998), professori (1998-2013) lavozimlarida faoliyat olib bordi.



Filologiya fanlari doktori (1968), professor (1968), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1995) A.Rustamovning ilmiy merosi umumiy tilshunoslik, turkiyshunoslik hamda mumtoz adabiyotning nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan. Uning oʻzbek filologiyasi, sharqshunosligi, matnshunosligi nazariyasining dolzarb masalalariga bagʻishlangan monografiyalari va tadqiqotlari, koʻplab ilmiy-publitsistik maqolalari keng jamoatchilikka yaxshi ma’lum. Olimning “Mahmud Zamaxshariy” (1971), “Aruz haqida suhbatlar” (1972), “Qofiya nima?” (1975), “Navoiyning badiiy mahorati” (1979), “Navoiy tilining grammatik xususiyatlari” (1984), “Soʻz xususida soʻz” (1987), “Hazrati Navoyiyning ma’naviy olami” (2014) kitoblari oʻzining chuqur ilmiyligi bilan ajralib turadi.



Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning bebaho merosini chuqur oʻrganish, uning ijodidagi yuksak gumanistik gʻoyalarni keng targʻib qilishda A. Rustamovning hissasi alohida e’tiborga molik. U “Yoshkuch” jurnalida “Navoiyxonlik” (1987-1988) rubrikasi, “Gulxan” majallasida “Ali bobo oʻgitlari” (1987-1988) rubrikasi va Oʻzbekiston televideniyesida “Navoiyxonlik” rubrikasida turkum suhbatlar olib borgan. Bu suhbat va maqolalar xalqning buyuk allomalar merosiga, ayniqsa, hazrat Alisher Navoiyning adabiy merosiga boʻlgan qiziqishini qayta jonlantirishga, xalq orasida targʻib qilishga omil boʻlgan.



A.Rustamov, shuningdek, ilmiy va badiiy tarjima bilan ham shugʻullangan. Masalan, Atoulloh Husayniyning “Badoyius-sanoyi” asarining fors tilidan oʻzbekchaga, XИИ asr mashhur tilshunos olimi Mahmud Koshgʻariyning “Devon u lugʻotit-turk”, Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarlarining rus tiliga qilingan tarjimalari shular jumlasidandir. Shuningdek, A. Rustamov “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ni (1981) tuzishda ishtirok etgan.



Olim oʻzining koʻp yillik izlanishlari samarasi sifatida “Oʻzbek sovet ensiklopediyasi” nashriyoti bilan yaqindan hamkorlik qilib, oʻtmish allomalarimiz haqida “Javhariy”, “Jamoliddin Turkiy”, “Jamoliddin Ibodiy”, “Jamol Qarshiy”, “Kanzul-kanz” maqolalarini, soʻzshunoslik va lugʻatshunoslik boʻyicha “Soʻz”, “Til”, “Tilshunoslik”, “Turkiy til”, “Turkshunoslik”, “Toli Imoniy Xiraviy” kabi turkum maqolalar tayyorlab, ensiklopediyaga kiritgan.



A.Rustamov oʻz faoliyati davomida koʻplab shogirdlar tarbiyaladi. Uning bevosita rahbarligida oʻnlab nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.



A.Rustamov xalqimizga islom dini, aqidasi, koʻrsatmalarini yetkazishda turli nashrlarni chop ettirdi. Bular: “Shifoduosi” (1992), “Bismilloh”ning ma’nosi” (1993), “Rustamiy tafsiri. Fotiha surasi” (2004), “Hazrati Navoyiyning e’tiqodi” (2010), “Hazrati Navoyiyning “mastialasti” (2012), “Hazrati Navoyiyning ma’naviy va suvariy sharoblari” (2013), “Hazrati Navoyiyning ma’naviy olami” (2014) kabi risolalar, “Soʻz gavhari. “Basmala”, “til”, “adaba”, “odoba” soʻzlari (2002), “Hazratning diyonati” (2011), “Masnaviy i ma’naviydagi “nayu “nayiston”ga Jomiyning sharhi” (2007), “Mysli i aforizm. Sufii: vosxojdeniye pritch i aforizmov” (2008) kabi maqolalar hamda ukalari Botirbek, Karimbek, Saidbek Hasanovlar bilan hamkorlikda tayyorlagan “Alisher Navoiy. Arba’in” (1991); “Husayn Boyqaro” (1991); “Alisher Navoiy. Siroju-l-muslimiyn” (1993); “Fitrat. Oʻzbek klassik musiqasi va uning tarixi” (1993); “Nuri Muhammadiy va Nurnoma” (1996) risolalaridir.



A.Rustamovning tilshunoslik, manbashunoslik, matnshunoslik, mumtoz adabiyot tarixi, xususan, Alisher Navoiy ilmiy va adabiy asarlarining til xususiyatlari va badiiyatini yoritishga bagʻishlangan asarlari hozirgi kunda ham ahamiyatga ega. Bugungi kunda olimning ilmiy merosini qayta nashr qilish ustida ishlar olib borilmoqda.