Olim

SAIDAXMEDOVA NODIRA ILXOMOVNA

Iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent

Saidaxmedova Nodira Ilxomovna 1974- yil 29-noyabrda Jizzax shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan. 1990-yilda Jizzax shahridagi 8-sonli o‘rta maktabni Oltin medal bilan muvaffaqiyatli o‘qib bitirgan. 1996 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, 2009-2010-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olgan.



 Saidaxmedova N.I. Jizzax politexnika institutida 1996-yildan 2022-yilga qadar assistent o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, Ichki nazorat va monitoring bo‘limi boshlig‘i, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor, dekan va 2007-2011yillarda Jizzax tumani ijtimoiy iqtisodiyot kasb hunar kolleji direktori lavozimlarida mehnat faoliyatini olib borgan. Hozirgi kunda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Ta’lim menejmenti” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat olib bormoqda.



Saidaxmedova N.I. 2006-yilda Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha D.067.06.01 raqamli Ixtisoslashgan ilmiy kengashda “Iste’mol tovarlari marketingi tizimida tovar siyosatini shakllanishi”  mavzusida nomzodlik dissertatsiya ishini, 2020-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.01.2020.I.10.03 raqamli  Ixtisoslashgan ilmiy kengashda “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning nazariy jihatlari va ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida doktorlik (DSc) dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.



Saidaxmedova N.I. jamiyatimiz taraqqiyot yo‘lini rivojlantirishda o‘z ish faoliyati davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar va yurtimizda kechayotgan ijtimoiy–siyosiy jarayonlar, Vatanimiz ma’naviy–madaniy hayotidagi yangilanishlar va voqealarida faolligi, yosh avlodni har tomonlama yetuk, sog‘lom etib tarbiyalash, ularga ixtisoslik fanlari bo‘yicha chuqur bilimlarni berish, ta’lim jarayonida ilg‘or pedagogik texnologiyalar, zamonaviy axborot vositalarini qo‘llash,  ustoz-shogird tizimi asosida olib borayotgan ijodiy faoliyati va ilmiy tadqiqot ishlari orqali iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishda o‘z hissasi bilan ishtirok etib kelmoqda.



Saidaxmedova N.I. o‘z ilmiy-ijodiy faoliyati davomida xalqaro, respublika miqyosida umume’tirof etilgan jurnallar va ilmiy konferensiyalar to‘plamlarida 150 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar e’lon qilingan, shu jumladan, 20 dan ortiq o‘quv adabiyotlar, 4 ta monografiya, 3 ta patent guvohnomasi muallifi.



Saidaxmedova N.I. jamiyatning faol a’zosi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi Boshqaruv kengashi a’zosi, Xalq deputatlari Jizzax viloyat kengashi deputati, Jizzax viloyati Ixtirochi ayollar uyushmasi raisi, Jizzax viloyati hokimligi Innovatsion faoliyat va texnologiyalar transferi markazi rahbari sifatida samarali mehnat qilgan.



Saidaxmedova N.I. tashabbusi bilan boshchiligida yosh olimlar, magistrant va bakalavr talabalar, akademik litsey va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchi yoshlari o‘rtasida o‘zaro ilmiy-ijodiy hamkorlik muhiti,  kelgusida ilmiy mintaqada ilmiy salohiyatli kadrlar “Oltin fondi”ni shakllantirish, o‘zaro fikr-mulohaza va tajriba almashishlari uchun sharoit yaratish va ularni fan-texnika taraqqiyoti yo‘lida birlashtirish maqsadida “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni amaliyotga tadbiq etish muammolari”,  “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash masalalari” va “Ilm-fan yutuqlari –taraqqiyotning muhim omili”, “O‘zbekistonda uchinchi renesans uyg‘onish davri boshlanayotganida yoshlarning o‘rni”  mavzularida 10 ga yaqin respublika va mintaqa  miqiyosida ilmiy-texnik konferensiyalar yuqori saviyada o‘tqazilgan va konferensiya materiallari to‘plamlari hamda Jizzax viloyati olimlari va iqtidorli yoshlari tomonidan yaratilgan Innovatsion ishlanmalar katalogi chop etilgan.



Uning rahbarligida Jizzax viloyati olimlari va iqtidorli yoshlari tomonidan yaratilgan innovatsion ishlanmalar natijalarini iqtisodiyoti tarmoqlariga joriy etish maqsadida Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar innovatsion yarmarka va ko‘rgazmalarda 150 dan ortiq innovatsion ishlanmalar namoyish etilgan va ularning natijalarini tijoratlashtirishga hamda Jizzax viloyatida mavjud ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish, uni rivojlantirish, ilmiy hajmdor mahsulotlar va xizmatlarning yangi turlarini  kengaytirish maqsadida o‘nlab davlat granti asosida yosh olimlar amaliy fundamental, innovatsiya yo‘nalishida davlat granti asosidagi loyihalarni amalga oshirilishida ko‘maklashilgan va loyihalarda ishtirok etgan.



Saidaxmedova N.I.  rahbarligidagi fakultetda institutga chet el investitsiyalar kiritilgan, jumladan, fakultet professor-o‘qituvchilar Yevropa ittifoqining Xalqaro TEMPUS xalqaro dasturi doirasida № CR-JEP 530244 -2012 “Modernizing higher engineering education in Georgia, Ukraine and Uzbekistan to meet the technology challenge (ENGITECH)” mavzusida (summasi 110.000 yevro), № CD-JEP 544061-2013 “Curriculum development: Highway/Road Construction Engineering and Vehicle Engineering (HIGHVEC)” mavzusida (summasi 122.000 yevro) va ERASMUS+ xalqaro dasturi doirasida №586292-EPP-1-2017-1-PL-EPPKA2-CBHE-J “Intelligent Transport Systems: New Ict-Based Master's Curricula in Uzbekistan (INTRAS)” mavzusida (summasi 135.000 yevro) qatnashib, Oliy muhandislik ta’limi tizimini yangilash, magistratura, doktorantura dasturini modernizatsiyalash, Yevropadagi ilg‘or o‘qitish usullarini amalga joriy etish bo‘yicha Angliya, Shvesiya, Italiya, Gruziya, Ukraina, Ispaniya davlatlaridagi 13 ta oliy dargohlar hamda 4 ta ishlab chiqarish muassasasi bilan hamkorlikda ijodiy izlanishlar hamda 2021 yilda Rossiya Federatsiyasining SIMETRA kompaniyasi bilan shartnoma asosida (407 million so‘mlik) tadqiqot ishlari olib borilgan.



 Saidaxmedova N.I. o‘nlab magistratura mutaxassisligi, bakalavriatura ta’lim yo‘nalishining bitiruvchi talabalariga ilmiy rahbarlik qilgan, hozirda uning ilmiy rahbarligida ilmiy tadqiqotchilar “Menejment”, “Tadbirkorlik va kichik biznes iqtisodiyoti”, “Marketing”, “Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti” va “Ta’lim menejmenti” ixtisosliklari bo‘yicha doktorlik dissertatsiya ishlari ustida ilmiy izlanishlar olib borib, ilmiy tadqiqot ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilmoqdalar. Uning faoliyati davomida Nomli davlat stipendiyalar tanlovlari, respublika tanlovi hamda musobaqalari g‘olib yoshlar yetishib chiqqan.



Hozirgi kunda Saidaxmedova N.I. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining yangi tashkil etilgan “Ta’lim menejmenti” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat olib borish davomida kafedraning ilmiy salohiyatini ko‘tarish, iqtidorli talabalarni aniqlash, ularning ilmiy ijodiy ishlariga ko‘maklashish, ustoz-shogird tizimini yo‘lga qo‘yish orqali talabalarning iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish, o‘quv jarayoni sifatini oshirish va professor-o‘qituvchilar tarkibini malakasini oshirish, o‘quv adabiyotlar yaratish, ilmiy tadqiqot izlanishlariga jalb etish va xorijiy tillarni bilish darajasini ko‘tarish, kafedraning xalqaro hamkorlik, ta’lim va amaliyot integratsiyasini rivojlantirish   barkamol avlodni tarbiyalash   borasida salmoqli hissa qo‘shib faol mehnat qilmoqda.  



Saidaxmedova N.I. –ishbilarmon, tashkilotchi, o‘z mustaqil fikriga ega, tashabbuskor, izlanuvchi, olima rahbar sifatida tanilgan bo‘lib, o‘zining 30 yilga yaqin serqirra mehnat faoliyatini mamlakatimiz ta’lim, ilm-fan sohasining rivojiga, yoshlarning malakali kadr bo‘lib yetishishiga va xalqiga xizmat qilishga bag‘ishlab kelmoqda.



Bu davr mobaynida Saidaxmedova Nodira Ilxomovnaning ilmiy salohiyati, tashabbuskorligi va samarali mehnatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Jizzax viloyati hokimligi, Jizzax politexnika instituti rahbariyati, Respublikadagi bir necha oliy ta’lim muassasalari rahbariyatining faxriy va maqtov yorliqlari, Jizzax politexnika instituti “Eng yaxshi dekan” naminatsiyasi diplomi sohibi hamda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligi esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.