Olim

SIROJIDINOV BEHZOD ARABDJONOVICH

Biologiya fanlari doktori, professor

Sirojidinov Behzod Arabdjonovich 1985-yil 20-sentabrda Oltinkoʻl tumani Jalabek qishlogʻida tugʻilgan. Millati-oʻzbek. 2003-yilda Andijon davlat universiteti Biologiya fakultetiga oʻqishga qabul qilinib, 2008-yilda imtiyozli tamomladi. 2004-2009-yillarda Andijon viloyati IIB YOXB da yongʻin oʻchiruvchi lavozimida ishlagan. 2009-2010-yillarda Andijon davlat universiteti Ekologiya va botanika kafedrasida laborant lavozimida ishlagan. 2011-2012-yillarda Andijon davlat universiteti Ekologiya va botanika kafedrasida assistent lavozimida ishlagan. 2012-2013-yillarda Andijon davlat universiteti Ekologiya va botanika kafedrasi stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchisi. 2013-2014-yillarda Andijon davlat universiteti Ekologiya va botanika kafedrasi katta ilmiy xodim izlanuvchisi. 2015-2016-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti Gʻoʻza sistematikasi va introduksiyasi laboratoriyasi katta ilmiy xodimi.



B.A.Sirojidinov 2013-2016-yillarga moʻljallangan FA-F5-T024 raqamli “Gossypium L. turkumining polimorf turlarining turichi va turlararo bioxilma-xilliklarining filogenetik qarindoshlik darajasi” va 2017-2020-yillarga moʻljallangan TA-FA-F-5-015 “G.mustelinum Miers ex Watt. turining Karpas Raf. kenja turkumi vakillari bilan filogenetik munosabatlari va uning genetik potensialidan navlarning kommersiyaviy koʻrsatkichlarini yaxshilashda foydalanish” mavzusidagi fundamental tadqiqotlar loyihalarida ishtirok etgan.



B.A.Sirojidinov 2016-yil OʻzR FA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti miqyosida oʻtkazilgan “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovining “Yilning eng faol yosh olimi” nominatsiyasi boʻyicha II darajali faxriy yorliq bilan taqdirlangan.



2017-2018-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Gʻoʻza genofondi” noyob ob’yekti mudiri (rahbar) sifatida faoliyat olib borgan.  U tomonidan Gʻoʻza genofondi kolleksiyasi zamonaviy raqobatbardosh navlar yaratilishiga asos boʻlib xizmat qiluvchi noyob germoplazmali duragay manbalari bilan boyitilgan va yangi, noyob duragay shakllarni foydali belgili donorlar sifatida amaliy seleksiyada foydalanish uchun tavsiya etilgan.



2019-2020-yillar davomida Andijon davlat universiteti Tabiiy fanlar fakulteti ilmiy ishlar va innovatsiya boʻyicha dekan oʻrinbosari lavozimida Universitetda jamoat ishlarida faol qatnashishi va tashkilotchilik qobiliyati bilan alohida e’tiborga sazavor boʻlgan.



2020-yildan buyon biologiya fanlari doktori (DSc). U falsafa doktorlik (PhD) dissertatsiyasini 2017-yil 31-oktabrda Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti, Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.29.08.2017.V.53.01 raqamli ilmiy kengashda “Avstraliya va Hindi-Xitoy gʻoʻza turlarining filogenetik munosabatlari” mavzusida 03.00.09 – Umumiy genetika ixtisosligi boʻyicha himoya qilgan. Fan doktorlik (DSc) dissertatsiyasini 2020-yil 06-noyabrda Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.02/30.12.2019.V.53.01 raqamli ilmiy kengashda “Gʻoʻza navlarining genotiplarini boyitishda turli genomli turlardan foydalanish” mavzusida 03.00.09 – Umumiy genetika ixtisosligi boʻyicha himoya qilgan.



Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi 696-sonli qarorining16-bandiga muvofiq oʻqish muddati tamom boʻlishidan 2-yil oldin fan doktorlik (DSc) dissertatsiya ishimni muvaffaqiyatli himoya qilganligi munosabati bilan 112 000 000 soʻm bilan taqdirlangan.



B.A.Sirojidinov fakultet, universitet va viloyat ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarida faol qatnashadi. Andijon davlat universitetida yoshlar masalalari va ma’naviy ishlar, amalga oshirilayotgan islohatlar natijadorligini oʻrganishni amalga oshiruvchi monitoring guruhi rais oʻrinbosarligi kabi bir qator amaliy ishlarni amalga oshirgan.



Uning rahbarligi ostida Ekologiya va atrof muhit muhofazasi yoʻnalishi 3-kurs talabasi Omonov Doniyor “Ekologiya va atrof muhit muhofazasi” fanidan 2019-yil 13-14-may kunlari oʻtkazilgan respublika fan olimpiadasining II bosqichida “Eng faol ishtirokchi” nominatsiyasi gʻolibi boʻlganligi uchun diplom bilan taqdirlangan.



2021-yilda 03.00.09 – Umumiy genetika ixtisosligida dotsent ilmiy unvonini olgan (03 № 010075 2021-yil 30-yanvar 291/1-son bayonnomasi).



2022-yildan Andijon davlat pedagogika instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor lavozimida ishlab kelmoqda.



Bundan tashqari B.A.Sirojidinov Respublika miqyosida oʻtkazilayotgan Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkalarida ishtirok etib keladi. Shuningdek, Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.02/30.12.2019.Б.53.01 raqamli ilmiy kengash tarkibi a’zosi, Agricultural research Communication Center (Qishloq xoʻjalik ilmiy-tadqiqot aloqa markazi) da tahririyat a’zosi va taqrizchisi (https://www.arccjournals.com/completeReviewer/BJapiWzou) hisoblanadi.



Sirojidinov Behzod Arabdjonovich tomonidan 80 dan ortiq ish e’lon qilingan, shulardan 1 ta xorijiy monografiya (Lambert Academic Publishing, Germany), 3 ta monografiya, 1 ta darslik, 3 ta oʻquv qoʻllanma (muharrirlik), 3 ta uslubiy qoʻllanma, 1 ta ixtiro patenti, 1 ta guvohnoma, 80 dan ortiq nufuzli ilmiy jurnal va konferensiyalarda maqola va tezislari nashr etilgan.



B.A.Sirojidinov tomonidan koʻp yillik olib borilgan tadqiqotlarning amaliy ahamiyati asosida bir-biridan uzoq boʻlgan gʻoʻza turlarini turlararo duragaylash va eksperimental poliploidiya uslublari asosida olingan noyob introgressiv duragay rekombinantlar, oilalar va tizmalar yaratilgan. Bugungi kunda navdorlik belgilari boʻyicha barqaror ekanligi qayd etilgan “Gʻalaba” navi muallifi hisoblanadi.



Shu bilan bir qatorda B.A.Sirojidinov institut miqyosida oʻtkazilayotgan turli tadbirlarda oʻzini mehnatsevar, ijrochi, savodli ilmiy-pedegog xodim ekanligini koʻrsatib kelmoqda. U bilimga chanqoqligi, xushfe’lligi, samimiyligi va odobliligi bilan hurmat topgan.



Respublikamizda yoshlarga qaratilayotgan katta e’tibor tufayli yosh mutaxassislarni ilmiy faoliyat olib borishlari uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Sirojidinov Behzod ham ana shunday iqtidorli va ma’suliyatli ilmiy kadrlardan biri boʻlib, respublikamiz ilm-fani rivojlanishiga munosib hissasini qoʻshadigan yetakchi olimlardan biridir.